Qashqadaryo viloyatining yalpi hududiy mahsulot hajmi 9,8 foizga o‘sdiDavlatimiz rahbari Islom Karimovning shu yil 8 fevralda Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari tahlil qilinib, 2008 yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.
Qashqadaryo viloyati faollarining shu masalaga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uni viloyat hokimi N.Zayniyev boshqardi.
Qashqadaryo viloyatida o‘tgan yili yalpi hududiy mahsulot hajmi 9,8 foizga o‘sdi. Ishlab chiqarish sanoatda 14,3, qishloq xo‘jaligida 8,1, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida 18,1, chakana savdo aylanmasi 12,9 foizga oshdi.
Sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish va sohada olib borilgan tarkibiy o‘zgarishlar tufayli mahsulot ishlab chiqarish hajmi ko‘paymoqda. Xususan, 53 ta sanoat korxonasi 55 milliard so‘mlik investitsiya hisobiga modernizatsiya qilindi. Yil davomida iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida 830 milliard so‘mlik, shu jumladan, 136,4 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bu ijobiy o‘zgarishlar tashqi iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham o‘z ifodasini topmoqda. 2007 yili eksport hajmining o‘sish sur’ati qariyb 2 martaga ortgani buning yaqqol dalilidir.
Bandlik dasturiga muvofiq 54,2 mingta yangi ish joyi yaratildi. Ularning 90 foizi qishloqlarda tashkil etilib, 30 mingga yaqin xotin-qiz ish bilan ta’minlandi. Hisobot davrida 788,8 ming kvadrat metr uy-joy, 19 ta yangi maktab binosi qurildi, 43 maktab kapital rekonstruksiya qilindi, 18 ta kasb-hunar kolleji, 2 ta akademik litsey foydalanishga topshirildi. Shuningdek, 28,2 kilometr gaz va 188,8 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari barpo etildi.
Faollar yig‘ilishida viloyatga xorijiy investitsiyalarni olib kirish, eksportga yo‘naltirilgan va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada viloyatning dotatsiyadan chiqa olmayotgan Qamashi, Dehqonobod, Yakkabog‘, Kitob, Chiroqchi tumanlarida har tomonlama puxta o‘ylangan aniq investitsiya dasturlarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. Ayni vaqtda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha dastur ijrosini ta’minlash kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa bo‘lib qolmoqda.
Yig‘ilishda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar va joriy yildagi ustuvor vazifalar belgilandi.
Faollar yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.Shoismatov so‘zga chiqdi.
Manba:
www.uza.uz