Buyuk ma'naviy murshid Xoja Ahror Valiy  ( 59362 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 15 B


Ansora  22 Aprel 2010, 13:07:14

Ma’lumotlarga ko’ra, Shayx Xovandi Tahur o’z fikrlarini faqat nasriy tarzda bayon qilgangina emas, balki shoirlik qobiliyatiga ega bo’lganligi uchun she’riy tarzda ham ifoda etgan ekan. Shunisi ham borki, Shayx Xovandi Tahur tasavvuf ahli — Abu Sayd Abulxayr, Abdulloh Ansoriylar singari She’rning to’rtlik — ruboiy janriga murojaat qilgan. Ana shunday to’rtlik ruboiylaridan biri quyida keltirilgan:

Mahbub ba juz habib zebo nabuvad,
Har bog’cha joi tamosho nabuvad.
Dilro ba kase madeh, ki dar olami ishq,
Har jo, ka ravad raxti varo jo nabuvad.

Mazmuni:

Sevikli sevguchigagina go’zal ko’rinur,
Har bog’cha ham tamosha joyi bo’la olmas.
Ko’ngilni birovga bermagilki, ishq olamida,
Qayga borsa ham u qo’nim topa olmas.

(2-baytni shunday ham tushunmoq mumkin: ishq olamida qayga borsa ham u qo’nim topa olmas).
Falsafiy-tasavvufiy mazmunni ifoda etuvchi bu to’rtlik Shayx Xovandi Tahurning nasrda bayon etgan mulohazalari bilan hamohang bo’lganligi jihatidan diqqatni o’ziga tortadi.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:07:42

Shayx Xovandi Tahur tarjimai holiga doir boshqa masalalar hali aniqlanmagan bo’lsa-da, ammo shu narsa ayonki, u Xoja Ahror tug’ilganga qadar olamdan ko’z yumgan va hozir Toshkentdagi Shayxontahur deb ataladigan maqbarada dafn qilingan.
Shayx Xovandi Tahurning otasi Umar Bog’istoniy bo’lib, bu shaxs Bahovuddin Naqshband tomonidan nihoyat hurmat qilingan va e’tirof etilgan siymolardan bo’lgan. Shayx Umar Bog’istoniyning tarjimai holi va faoliyatiga doir ma’lumot hozircha bizning qo’limizda yo’q. (Ammo uning XIV asrda umr kechirgani va faoliyat ko’rsatgani aniq). Bu xonadonning vakillari sifatida qonunshunoslik (fiqh) sohasida mashhur bo’lgan Mavlono Tojiddin Darg’amiy, mavlono Muhammad Pushog’uriylar ham tilga olinadi.
Shunday qilib, Xoja Ahror mansub bo’lgan xonadon tasavvuf sohasida faoliyat ko’rsatib, ko’zga ko’rinarli murshidlarni yetkazgani bilan e’tirof etilgan edi. Xoja Ahror ana shu xonadonda, Toshkandda, 806 hijriy yilning ramazon oyida, ya’ni 1404 melodiy yilning mart oyida dunyoga keldi. Bu tarixni isbotlovchi yana bir muhim xabarni Muhammad Qozi shunday hikoya qiladi: «Xoja Ubaydulloh Xoja Ahror shunday hikoya qilganlar: Men bir yillik bo’lganimda sochimni oldirib to’y beribdilar. Ammo shu vaqtda Amir Temurning vafoti haqida xabar kelgach, to’y tarqalib, tayyorlangan oshlarni yemabdilar va qozonlari bilan birga toqqa olib chiqibdilar». Bu maraka Bog’istonda o’tkazilgan ekan, deb qo’shib qo’yadi Muhammad Qozi. Chunki bu oilaning makoni, bog’lari Bog’istonda ham bor edi. Ma’lumki, Amir Temur 1405 yilning 18 fevralida vafot qilib, bu xabar ma’lum vaqt sir tutilgan, keyinchalik esa yashin tezligida tarqalgan edi. Demak, bu 1405 yilning mart oyiga to’g’ri keladi. Bundan ayon buladiki, Xoja Ahror 1404 yilning mart oyida dunyoga kelgan. Xoja Ahrorning asl nomi Xoja Ubaydullohdir. Uning bolalik va yoshlik yillari Toshkandda o’tgan. O’sha vaqtning udumiga ko’ra u maktabga borgan, savod chiqargan, She’riyat va tarix bilan qiziqqan, shu bilan birga u yoshligidan tasavvuf namoyandalari faoliyati bilan ko’proq shug’ullangan. Bu holni Xoja Ahror keyinchalik shunday eslaydi: «Yoshlik davrida azizlar suhbatida ko’p bo’lardim. Menda ularning har biridan o’ziga xos kayfiyatlar bo’lardi. To bir tariqani Belgilab olguncha ko’p mashaqqatlar chekildi. Buning sabablarini keyinchalik angladim: bu bilan azizlar tariq — yo’lni tanlash oson emasligini, maqsad sari — to’g’ri yo’lni (tariqatni) topish yo’lida intilmoq lozimligini nazarda tutgan ekanlar. Biz ham shunday qildik va nimaga erishgan bo’lsak ana shuning natijasida erishdik».

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:08:04

Xoja Ahror Toshkandda dafn etilgan ko’pgina azizu ulamolar, jumladan, Abu Bakr Qaffol, Shayx Zayniddin Ko’yiorifon, Shayx Xovandi Tahurlarning oromgohlarini ziyorat qilar, ularning faoliyati va asarlari bilan tanishardi hamda buning orqali o’zidagi fazilatlarni sayqallashtirib borardi. Shu jihatdan uning quyidagicha hikoya qilishlarini ko’zdan kechirish masalani oydinlashtirar degan umiddamiz:
«Kichik yoshimda Menda vahima-qo’rqish hissiyoti kuchli edi. Bir o’zim uydan tashqariga chiqolmasdim. Bir kechasi qornim toqat qilib bo’lmaydigan darajada og’ridi, chiday olmadim-da, ixtiyorsiz ravishda uydan tashqariga chiqdim. Shunda Abu Bakr Qaffolning nurli maqbarasini ziyorat qilish fikri paydo bo’ldi. U yerga bordim. Shundan so’ng Shayx Xovandi Tahur mazorini ziyorat qilish ishtiyoqi ham paydo bo’ldi. U yerga ham bordim... Ana shu vaqtlarda Menda vahima-qo’rqish alomatlari sezilmadi. Shundan so’ng Toshkandning bir-biridan ancha uzoq bo’lgan mazorotlarini bir kechada aylanib chiqadigan bo’ldim».
Yana bir hikoya: «Yoshligimda hazrat Shayx Abu Bakr Qaffol Shoshiyning nurli mazorotlariga borganimda tushimda hazrati Isoni ko’rdim. Hazrati Iso aytdilar: g’am yema, biz sening tarbiyangni o’z zimmamizga olganmiz. Tushimning ta’birini ayrimlardan so’radim. Ular aytdilar: sening tushingni salomat-sog’lom bo’lgaySen, deb ta’bir qilurmiz. Men bu ta’birdan rozi emasdim. Ularga shunday Dedim: sizning ta’biringiz menga ma’qul emas. Men uni boshqacha ta’bir qilaman: Hazrati Iso uyg’otish-tiriltirish mazharidirlar. Qaysi bir avliyoda uyg’otish-tiriltirish sifatlari uchrasa, ularni isaviy mashrab debdurlar. Hazrati Iso mening tarbiyamni o’z ixtiyoriga olgan ekanlar, Demak Menda o’lik qalblarni qayta uyg’otish-tiriltirish sifati namoyon bo’lgay. Tez orada aytganlarim ikki marta tasdiqlangach, ko’pgina odamlar undan bahramand bo’ldilar».
Xoja Ahrorning valiyligini belgilab, uning Xoja Ahrori Vali deb atalishiga bois bo’lgan bu sifatlarni Abdurahmon Jomiy ta’kidlab o’tgan edi:

Zada ashobi Xoja halqa ba ham,
Chun niginand halqa dar xotam
Xabbazo, halqaye, ki favji malak
Halqa dar go’shi on ast avji falak.
Filmasal, gar hazor dil murda,
Az havoi nafs afsurda
Bigzarad az harimi mahfilashon
Zinda gardad zi murdagy dilashon.
Yodi vaqte, ki vaqti man xush bud,
Davlatam so’yashon inonkash bud.
Girdashon gashtame va har ro’za
Kardame qatra-qatra daryuza.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:08:31

Mazmuni: Xoja va uning suhbatdoshlari uzuk va unga qadalgan ko’zga o’xshaydilar, go’yo malikalar yig’inida falak xizmatlariga Bel bog’lab turgandek. Agar nafsga berilish tufayli ko’ngli o’lik mingta kishi bu manzil yaqinidan o’tsa, ularning ko’ngillari tiriladi. Men ul hazratning xizmatida bo’lgan baxtli damlarni har vaqt eslayman, chunki men ul kishi atrofida, parvonadek aylanib, har kuni ularning sifatlaridan qatra-qatra bahramand bo’lardim.
Bundan ravshan bo’ladiki, Xoja Ahror «nafsga berilish tufayli o’lgan qalblarni tiriltiruvchi» sifatiga ega bo’lar ekan, kishilarning nafsga, mol-mulkka, boylikka va amalga berilish natijasida ma’naviy jihatdan qashshoqlanishi, ko’ngilning o’lishini nazarda tutib, ularni ana shu holatdan xalos qilish — ma’naviy jihatdan kamolga erishtirishni, Haq taoloni ko’nglida jo qilib, yaramas o’y-xayollardan qutilish va olijanob niyatlar manzilgohiga aylantirib, insonlarda insoniylikni tiriltirish — uyg’otishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan. Ana shu maqsad yo’lida butun umri davomida faoliyat ko’rsatdi va obro’-e’tibor qozondi. Xoja Ahrorning yoshlik davri o’qish va tabarruk joylarni ziyorat qilish bilangina o’tgan emas. Shuning bilan birga, u ro’zg’or va dehqonchilik ishlariga ko’maklashgan, mehnat ham qilgan. Bu haqda o’zi shunday hikoya qiladi: «Avvallari otamning ekin yerlari Kelesda edi. Bir vaqt g’alla o’rilgach, bir turk orqali uni uyga jo’natdilar. Men g’allani joylashtirish bilan bandligim vaqtida g’alla olib kelgan turk bo’shatilgan qoplarni olib, jo’nab qopti. Birdan uning ketib qolishini sezib, Menda kuchli bir iztirob yuz berdi. Chunki men u kishiga mulozamat qila olmay, minnatdorchilik bildirmay qolgan edim. Bu holat meni qiynadi. G’allani shunday qoldirdimda, uni axtarib ketdim. Men uni shahar yo’lining yarmida uchratdim. Men unga uzrlar aytib, Kechirishni so’radim, toki shu munosabat bilan Haq taolo menga rahm qilib, ishlarim yurishib Ketsa. Ul turk mening harakatlarimni ko’rib, iltimosimni eshitib taajjublandi va aytdi: sen turk mashoyixlari aytganlari kabi, ya’ni «har kim ko’rsang Xizr bil va har tun ko’rsang qadr bil» amal qilmoqdasan. Chunki Men bir oddiy kishiman va hatto zaruratdagina qo’l-betimni yuvaman. Men o’zimning kimligimni ham bilmayman. Shunga qaramasdan mening iltimoslarimni eshitib, unda bir kayfiyat uyg’onib, qo’l ko’tarib mening haqimda duo qildi. Men uning duolaridan o’zimda yengillik sezdim».
Bu hikoya Xoja Ahror yoshligidan boshlab, har kimda o’ziga xos fazilat bor, uning hurmatini, albatta, joyiga keltirmoq lozim, degan tushuncha bilan yashaganligini ko’rsatadi. Bu esa nihoyatda muhim bo’lib, oddiy mehnatkash kishilarni hamisha ulug’lash va kishining o’zi ham kamtar bo’lishi kerakligi g’oyasi bilan sug’orilgandir.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:08:42

Xoja Ahror maktabda o’qish jarayonida o’sha davr taomiliga ko’ra «Chor kitob», «Haftiyak», «Qur’on» va Hadislarni hamda maktabda o’qitiladigan boshqa fanlarni o’qigan, tasavvuf sohasida yaratilgan asarlarni mutolaa qilishga kirishgan. Uning xotirasi yoshlikdan mustahkam bo’lib, o’tgan voqealar, suhbatlarning mazmunini keyinchalik qiyinchiliksiz esga olardi. Jumladan, Qozi shunday yozadi:
«(Xoja Ahror) aytur edilarki, Men kichik edim va maktabga borardim. Yo’lda ikki kishining o’zaro gaplashib turganini ko’rdim. Ularning biri ikkinchisiga shunday der edi: agar qopag’on itga duch kelib qolsang, undan qutulishing qiyin bo’ladi. Bu vaqtda itning egasini yordamga chaqirib, uning panohida qopag’on itdan qutulish mumkin. Endilikda zolimlar zulmidan qutulish yo’li yo’q ekan, yagona tadbir bu Haq taologa murojaat qilib, undan zolimlardan qutulishga ko’maklashishni iltimos qilib so’ramoqdir».
Xoja Ahror tug’ilgan xonadon vakillari o’qimishli kishilar bo’lishgan. Ana shulardan biri Xoja Ahrorning tog’asi Xoja Ibrohimdir. Xoja Ibrohimning tarjimai holidan ayrim lavhalar bizga ma’lum. Jumladan, Xoja Ibrohim XIV asr oxiri — XV asr boshlarida Samarqanddagi Egu Temur nomi bilan yuritiladigan madrasada ta’lim olgan va shu yerda istiqomat qilgan (bu madrasa hozir saqlanmagan va qayerda joylashgani ham aniqlanmagan). Xoja Ibrohim o’sha zamonning mashhur olimlaridan bo’lmish va shu madrasada yashovchi Sayyid Sharif Jurjoniydan (1377—1411) ta’lim olgan. Shu bilan bir qatorda samarqandlik ulamolardan Xoja Alouddin Attorlarning suhbatlaridai bahramand bo’lgan. keyinchalik esa bu ulamo avlodidan bo’lmish mavlono Muhammad Attor Samarqandiy, uning o’g’li mavlono Hasanlar haqida Xoja Ahror nihoyat samimiyat bilan so’z yuritadi. Jumladan, mavlono Muhammad Attor va uning o’g’li Mavlono Hasanlarning xojagon tariqatining aziz va sodiq davomchilari ekanliklari qayd qilinib, ularning asosiy marom va maqsadi xalqqa foyda Keltirishga intilish ekanligi uqtiriladi. Ular o’z muridlariga aytar edilarki, «bir musulmonga naf’ yetkazish uchun intilmoq kerak». Shu maqsadda mavlono Muhammad Attor har yili shahar darvozabonlariga meva va turli xil shirinliklar yetkazib berar ekan. Bundan maqsad agar biror faqirning ishi ularga tushib qolsa, yordamlari tegar, deb o’ylar ekan. Aytishlaricha, Xoja Alouddin Attor, mavlono Muhammad Attor va Hasanning qabrlari shayx Attor Samarqandiy nomi bilan shahardagi xon Sayyid imom qabristonida ekan. Bularning hayoti va faoliyati davri XIV asr oxiri va XV asrlarga mos keladi.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:08:52

Shunday qilib, Xoja Ahrorning tog’asi Ibrohim Samarqandda Egu Temur madrasasida ekanligi vaqtida zamonasining mashhur allomalari bilan muloqotda bo’lib, o’zi ham e’tiborli shaxslardan biriga aylangan. Shuning uchun u jiyani Xoja Ubaydulloh (Xoja Ahror)ning ham ana shu muhitda bo’lishini, ma’lumotini oshirishini istar edi. Bu haqda Xoja Ahror keyinchalik shunday hikoya qilgan ekan:
«Tog’am o’qishni davom ettirishimni juda ham istar edilar. Shu maqsadda meni Shoshdan Samarqandga olib keldilar». Ayrim ishoralarga ko’ra bu voqea Xoja Ahrorning 23—24 yoshligi vaqtida, ya’ni 1427 yilda sodir bo’lgan ekan. Ma’lumki, bu davrda Samarqandda Mirzo Ulug’bek tashkil etgan ilmiy-adabiy muhit nihoyatda shuhrat qozonib, o’sha zamonning mashhur allomalari Qozizoda Rumiy, G’iyosiddin Jamshed, Fazlulloh ibn Abdulvohid Abulays, Sa’diddin Qoshg’ariy mavlono Sakkokiy, Bisotiy, Amir Sayyid Qosim Anvor kabi shoir va adiblar ilm-fanning turli sohalarida faoliyat ko’rsatar edilar. Shu bilan bir qatorda bu alloma va adiblar o’sha davrdagi Samarqandda mavjud bo’lgan Ulug’bek madrasasi, amir Shohmalik madrasasi, Egu Temur madrasasi, Firuzshoh madrasasi, Saroymulkxonim madrasasi (madrasai xonim), mavlono Qutbiddin sadr madrasasi, Fazlulloh Abulays xonaqosi kabi ilm dargohlarida ta’lim olayotgan tolibi ilmlarga dars aytib, ma’ruzalar qilib, yosh avlodni ilm-fanning sirlaridan xabardor qilardilar. Bundan tashqari, Mirzo Ulug’bekning tashabbusi bilan qurilayotgan turli xil imoratlar (Chinixona, Rasadxona), bog’larni bino qilishda donishmand me’morlar, mohir naqqoshu rassomlar, zarkorlar ham to’plangan edilar. Shuning natijasida o’sha davrda Samarqand ilmu fan va turli xil hunarmandchilikning markaziga aylanib, ilmiy-ijodiy va go’zallik yaratishga ishtiyoq jarayoni keng miqyosda davom etardi.
Xoja Ubaydulloh — Xoja Ahror tog’asi xoja Ibrohim bilan birinchi marta Samarqandga kelganida ana shu muhitning guvohi bo’lgan edi. Xoja Ibrohim jiyani Ubaydullohni shahardagi mavlono Qutbiddin madrasasiga joylashtirdi, Xoja Ubaydulloh shu madrasa hujralaridan birida yashab, o’qishni boshladi. Tog’asi har zamon undan xabar olar, o’qishga astoydil kirishish zarurligini uqtirib turardi. Xoja Ubaydulloh mavlono Qutbiddin sadr madrasasida o’qishni boshlash bilan birga boshqa ilm dargohlari — madrasalarda yashaguvchi alloma va tolibi ilmlar bilan tanishadi. Ana shunday allomalardan biri Sa’diddin Qoshg’ariy edi.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:09:06

Sa’diddin Qoshg’ariy (vafoti 1456 yil, Hirot shahrida) naqshbandiya tariqatining ko’zga ko’ringan namoyandalaridan bo’lib, xuddi shu davrda Samarqandda edi. Fazlulloh Abulays xonaqosida yashab, undan fiqh, arabiyatdan bahramand ham bo’lar edi. Xoja Ubaydulloh bu alloma bilan munosabatda bo’lib, uning naqshbandiya tariqatiga doir suhbatlariga qatnashar va o’zi ko’pgina masalalarni aniqlab olardi. «Bir kun, — deb hikoya qiladi Xoja Ahror, — Fazlulloh Abulays xonaqosi oldidan o’tayotgan edim, bir do’stim Men «bu xonaqoda birov kasal bo’lib yotibdi, shuni ko’rib o’taylik», dedi. Xonaqoga kirdik, qarasam, bu kasal mavlono Sa’diddin Qoshg’ariy ekan, hol ahvol so’radim. Hasba (tif) kasaliga uchrab, ahvoli og’ir ekan. Uni ko’rishga kelganlar chiqib ketdilar va Men yolg’iz qoldim. Mavlonoga qarovchi biror kishi yo’qligi sababli mavlono tuzalgunga qadar unga qarashdim. Mavlono tuzaldi, ammo Men shu kasallikka chalinib, Mavlono Qutbiddin sadr madrasasidagi hujrada yotib qoldim».
Kasallik uzoq davom etadi va shu tufayli Xoja Ahror jismoniy jihatdan ancha kuchsizlanib qoladi. Ana shu kunlarda tog’asi xoja Ibrohim o’qishning qolib ketayotganligini oraga solgach, Xoja Ahror unga qarab, men o’qishni davom ettira olmasam kerak, chunki salomatligim bunga imkon bermaydi, deb aytadi. Shundan so’ng xoja Ibrohim «men bunchalik bilmas ekanman, unday bo’lsa, qanday tarzda mashg’ulot qilishni o’zing bilasan», deb javob beradi. Shundan so’ng Xoja Ahror madrasa dasturi bilan o’qishni davom ettirmaydi. Shuni nazarda tutib, keyinchalik o’zi bir suhbatda aytgan ekan: «Bizning madrasada olgan ta’limimiz «Masobeh» kitobining bir varag’ini o’qishdan nariga o’tgan emas». Ma’lumki, Xoja Ahror tilga olgan «Masobeh» kitobi, aniqrog’i «Masobeh us-sunna» Abu Muhammad al-Husayn bin Mas’ud al-Marvarrudiy al-Bag’dodiy (vaf. 112 m. yil) qalamiga mansub bo’lib, u payg’ambar alayhissalomning hadislari to’plamidir. Bu kitob o’sha davrdagi madrasalar o’qish dasturi bo’yicha o’qitiladigan asarlardan biri edi. Unga turli sharhlar yozilib, ular ham o’qitilardi. Kitob arab tilida bitilgandan ma’lumki, Xoja Ahror turkiy va forsiy tillar bilan birga arab tilini ham bilar va bu tilda yozilgan asarlarni mutolaa qilardi. Xoja Ahrorning madrasa ta’limini oz olgani haqidagi e’tirofi Bejiz emas. Chunki keyinchalik muxoliflari uni o’qimaganlikda ayblashga intilardilar va orqasidan «qishloqi shayx» deb Mensimas edilar. Bu e’tirof ana shularga javob tarzida aytilgandek tuyuladi.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:09:20

Madrasa ta’limini salomatligi yomonlashgani sababli davom ettirolmagan bo’lsada, ammo u mustaqil mutolaa qilar hamda o’sha davrning zabardast ulamolari bilan muloqot va suhbatlarda bo’lib o’zining bilimini oshirardi. Xoja Ahror hatto shaxsiy hayotidan ham voz kechib, o’qish va mutolaani, suhbatlardan bahramand bo’lishni afzal ko’rgan. Bu jihatdan Muhammad Qozi tomonidan Keltirilgan quyidagi hikoya e’tiborga loyiq: Samarqanddagi shayxlardan biri Sa’diddin Qoshg’ariyga shunday debdi: Xoja Ubaydulloh (Xoja Ahror)ga ayting, singlimning qizini — jiyanimni o’z nikohiga olsin. Sa’diddin Qoshg’ariy bu gapni Xoja Ahrorga yetkazganda, Xoja Ahror shunday javob beribdi: men o’z viloyatim va ma’rifatgohimni tark etib kadxudo (uylanish, kuyov) bo’lish uchun bu shaharga kelgan emasman, balki mening maqsadim ulamo va allomalar suhbatidan bahramand bo’lmoqdir.
Ana shu maqsadni amalga oshirish uchun ko’p mutolaa qildi, suhbatlarda bo’ldi. Buning isboti uchun Xoja Ahror suhbatlarida tilga olingan va misollar keltirgan quyidagi manbalarni eslatish mumkin: Muhiddin ibn al Arabiyning «Fusus al-hikam», Imom Muhammad al G’azzoliyning asarlari, Imom Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning «Al-joMe’ us-sahih», Abdulloh Ansoriyning «Manozili soirin», Abdurazzoq Koshiyning «Sharhi Manozili soirin», Farididdin Attorning «Tazkirat ul-avliyo», ibn Jullobiyning «Kashf ul-mahjub», Xoja Muhammad bin Ali Hakim Termiziy asarlari, shayx Xovandi Tahur, Xoja Muhammad Porsoning (vaf. 1419) xojagon tariqati masalalariga bag’ishlangan risolalari, Sayyid Qosim Anvor, Kamol Xo’jandiy, Abu Sayyid Abulxayr kabilar manzum asarlari va boshqalar. Ko’rinadiki, Xoja Ahror o’sha zamon uchun mutolaa qilinishi shart bo’lgan Qur’oni Karim va Rasululloh hadislari, sarf va naxvlar bilan bir qatorda islom huquqshunosligi — fiqh, falsafa — tasavvuf, She’riyat va nasr namunalarini o’zbek, ozarboyjon, fors-tojik va arab tillarida mutolaa qilib, kerakli joylarda ulardan foydalangan, she’rlarni yod olib, fikrlarining isboti uchun ularni o’qigan Xoja Ahror yod olgan va suhbatlarda ulardan foydalangan She’rlardan Muhammad Qozi o’z kitobida ancha namunalarni keltirgan. Biz bu o’rinda ulardan ayrimlarini Keltirish bilan cheklanmoqchimiz. Jumladan:
Xoja Ahror aytur edilarki, shayx Farididdin Attor buyurmishlar:

Dil zi pur guftan bimirad dar badan,
Garchi guftorat buvad durri Adan.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:11:57

Mazmuni: Agarchi so’zlaring Adan durlaridek bo’lsa ham, ko’p gapirmoq badanda ko’ngilni o’ldiradi. Yana: Hoja Ahror bu baytni ko’p takrorlardilar:

Chu shakkar mexo’ri bo gul biyomez,
Ki dar tarkib boshad naf’i bisyor.

Mazmuni: Shakar yesang uni gul bilan aralashtirgil, chunki ikkovining qorishuvidan ko’p naf yetadi. Bu baytni ham ko’p o’qir edilar:

Roh ba vahdat nazad har ki nashud dar talab
Jumlai zarrotro az dilu az jon murid.

Mazmuni: Kimki barcha zarralarga butun vujudi bilan murid bo’lmagan bo’lsa, ul kishi vahdat sari yo’l ola olmaydi. Yana bir misol:
Xoja Ahror shayx Sa’diddin Hamaviyning ruboiylarini ko’p o’qir edilar va buni Tez-tez ayturdilar:
Onam, ki jahon chu huqqa dar mushti man ast,
V-in quvvati Haq zi quvvati pushti man ast.
V-in kavnu makon va har chi dar olam ast,
Dar qabzai qudrati du angushti man ast.

Mazmuni:

Men ul manki, jahon mening kafimda koptokdekdir,
Va haqning quvvati mening belimdagi quvvatdandir.
Bu kavnu makon va olamda nima bor bo’lsa,
Barchasi mening ikki barmog’im qudratidandir.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:12:07

Bu ruboiy nihoyatda chuqur falsafiy mazmunga ega bo’lib, unda Inson va Koinot, Inson va Haq munosabatlaridan bahs yuritiladi va yuqorida uqtirganimiz hurufiylar ta’limotiga yaqin fikrlar bayon etilgan. Xoja Ahror tomonidan bu ruboiyning yod olinib tez-tez tilga olinishi bejiz ko’rinmaydi. Bunda Sayyid Qosim Anvor bilan Xoja Ahror orasida bo’lgan muloqot va suhbatlar ta’sir ko’rsatgan ko’rinadi. Ma’lumki, Xoja Ahror birinchi marta Samarqandda bo’lib, mavlono Qutbiddin sadr madrasasidan hujra olib o’qishni boshlab, kasalligi tufayli uni davom ettirolmagan edi. Ana shu vaqtda Sa’diddin Qoshg’ariy uning qoshiga kelib, Sayyid Qosim Anvorning Samarqandga kelganini xabar qiladi va ziyoratiga borish lozimligini aytadi. Shunda Xoja Ahror kamquvvatligini, mavlononi keyinchalik ziyorat qilajagini aytadi. Bu voqea 1428 yili sodir bo’lgan edi. Amir Sayyid Qosim Anvor (1366—1434) o’z asrining alloma va shoirlaridan bo’lib, asarlari va erkin fikrlari bilan shuhrat qozongan edi. Uning asarlaridan «Savolu javob», «Ilmning bayonida», «Sufiya istilohidan yuz maqom», «Huroiya ruboyisining sharhi» kabi risolalari, she’rlar devoni, «Anis ul-ofirin» masnaviysini eslatish mumkin. Shuni ham uqdirish lozimki, Alisher Navoiy 3—4 yoshida yodlagan mashhur bayt ham ana shu alloma va shoir qalamiga mansubdir. Amir Qosim Anvor Tabrizda tug’ilgan bo’lsa-da, Arabiston, Eron, Afg’oniston, Movarounnahrning ko’pgina shaharlarida bo’lgan. Uning Samarqandga birinchi marta kelishi Amir Temur hali hayot bo’lgan vaqtga to’g’ri keladi. Amir Temurni ko’rganligi haqida «Amir Temurni ko’rish voqeasining bayoni» masnaviysini ham yozgan. keyinchalik Shohruh Mirzo saltanati zamonida Hirotda yashaydi va bu shaharning erkin fikrlovchilari orasida katta hurmat va e’tiborga sazovor bo’ladi. Uning muxlislari ko’payib, she’rlari esa qariyb har bir xonadonga kirib boradi. 1427 yilda Hirot joMe’ masjidida namozga kelgan Shohrux Mirzoga suiqasd tashkil qilinadi. Bu suiqasdning ijrochisi Ahmad Lur bo’lib, mavlono Sayyid Qosim Anvor turadigan manzilga kelar va uning farzandi qatori bo’lmish Amir maxdum bilan muloqotda bo’larkan. Buni aniqlagan podshoh suiqasdda Sayyid Qosim Anvorning ham qo’li bo’lsa kerak, deb uni Hirotdan Samarqandga surgun qiladi. Mirxond «Ravzat us-safo»da yozishicha, xuddi shu vaqtda Sayyid Qosim Anvor quyidagi g’azalni bitgan ekan:


Qayd etilgan