Buyuk ma'naviy murshid Xoja Ahror Valiy  ( 57597 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 15 B


AbdulAziz  22 Aprel 2010, 08:18:31

Buyuk ma'naviy murshid Xoja Ahror Valiy



Muallif: Botirxon Valixo'jayev
Hajmi: 505 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 12:51:30

Botirxon Valixo’jayev

BUYUK MA’NAVIY MURSHID

O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
«Fan» nashriyoti
2004

Ushbu kitob hazrati Nuriddin Abdurahmon Jomiy, hazrati Nizomiddin Mir Alisher Navoiy, hazrati Zahiriddin Muhammad Bobur kabi qator yirik alloma va shoirlarga, Necha-Necha saltanat sohiblariga murshidi komil bo’lmish naqshbandiya tariqatining qutbi — Xoja Ubaydulloh - Xoja Ahrori Vali haqlaridadur.
Qariyb yuz yildan buyon goh ilmiy, goh badiiy adabiyotlarda valiyulloh sha’nlariga noloyiq bo’htonlar yog’dirib kelindi. Bu bo’htonchilar kimlar edi? Va bu kirdikorlardan ularning hamda «xudosiz jamiyat» tashkilotchilarining ko’zlagan maqsadlari nima edi? Aslida esa qanday zot edilar Xoja Ahrori Vali?
Haqparast olimimiz Botirxon Valixo’jayevning eng ishonchli manbalarga tayanilib bitilgan ushbu kitobidan yuqoridagi savollarga to’kis javob topasiz, deb ishonamiz.

Muharrir: filologiya fanlari doktori
Dilorom Salohiy
Kitobni to’ldirilgan holda qayta nashrga tayyorlovchi:
Dilora Rajabova


Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 12:51:46

XOJA AHRORI VALINI ANGLASHGA INTILISH

XV asrning yirik siymolaridan bo’lmish Xoja Ubaydulloh Shoshiy — Xoja Ahrori Vali naqshbandiya tariqatining ko’zga ko’ringan murshidi bo’lish bilan birga o’z zamonasidagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va mafkuraviy hayotda katta iz qoldirgan arboblardandir. Bu davrda uning shuhrati faqat Movarounnahrdagina emas, balki Xorazm, Dashti Qipchoq, Xuroson va Hindistongacha bo’lgan Keng jug’rofiy mintaqada taralgan edi. Zamonasidagi temuriy hukmdorlar Sulton Abu Sa’id mirzo, uning o’g’li Sulton Ahmad mirzolar qoshida Hoja Ahrorning obro’-e’tibori shunchalik baland ediki, ular murshidlarining maslahatlaridan bahramand bo’lmay turib, biror bir masalani hal qilishga shoshilmas edilar. Ulargina emas, balki Andijon hokimi Umarshayx mirzo Hoja Ahrorni mo’’tabar sanardi. Xoja Ahror faqat hokimlar nazdida e’tiborga sazovor bo’lib qolmay, balki o’z asrining mashhur olim va adiblari, jumladan Hoja Fazlulloh Abulaysiy, Sa’diddin Qoshg’ariy, Said Qosim Anvor, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqalar ham uni «ka’bai maqsud» (A. Jomiy iborasi), «murshidi ofoq» (A. Navoiy iborasi) deb e’tirof etganlar, unga bag’ishlab dostonlar va asarlar bitganlar, uning nomini hurmatla eslaganlar.
Ammo shuni uqtirish lozimki, Xoja Ahror hayotligida unga boshqacha munosabatda bo’lib, uni obro’sizlantirish uchun intilganlar ham bo’lganlar, uning to’g’risida har xil rivoyatlar (albatta, yomonlovchi) to’qiganlar va tarqatganlar. Bu hol shayxulislom Xoja Mavlono va Xoja Ahror o’rtasidagi munosabatlarda yaqqol ko’zga tashlanadi. Ammo bu fitna amalga oshmay, fitnachilar o’zlari, jumladan Xoja Mavlono sharmanda bo’lib, umri oxirida qilmishlaridan pushaymon bo’lib, Xoja Ahrordan uzrlar so’ragan. Bu voqeaga bag’ishlangan hikoyat Xoja Ahrorning o’zi tomonidan hamda uning guvohi bo’lgan shaxslar tomonidan aytilib, shogirdi Muhammad Qozi tomonidan quyidagicha yozib qoldirilgan (Mazkur voqeaning mazmuni akaDemik V.V. Bartoldning «Ulug’bek va uning davri» asarida Ali Safiyning «Rashahot ayn ul-hayot» kitobi asosida bayon qilingan «Xoja Mavlononing hazrati eshon (Xoja Ahror) bilan xusumati qissasi:
Xoja Mavlono o’zining xossa suhbatdoshlari bilan bo’lgan o’ltirishda eshon hazratlari (Xoja Ahror) haqida g’iybat so’zlar aytibdi. Eshon hazratlariga muxlis bo’lganlardan biri bu g’iybatlarni eshitib, shunday degan ekan: hech bo’lmaganda eshon hazratlarining sohib davlat ekanliklarini nazarda tutib, bunday g’iybat so’zlarni oshirib yubormasangizlar. Xoja Mavlono unga shunday javob beribdi: to’g’ri aytasiz, Men ham buni bilaman, ammo nima qilayki, obro’-izzat g’ururi meni tinch qo’ymayapti. Shayx ul-islomlik lavozimi taqozasi bilan men shunday qilishga majburman.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 12:52:25

(Xoja Ahror) aytur edilarki, mirzo Sulton Abu Sa’id vafotining xabari kelgandan so’ng bir kun yo’lda Xoja Mavlono bilan yuzma-yuz uchrashib qoldik. Ammo Xoja Mavlono yuzini bizdan o’girib, «Xoja, salom aleyk» deb aytdida, to’xtamasdan otini tez surib ketdi. Vaholonki, bundan oldingi kuni ko’chada uchrashib qolganimizda, biz bilan birga yarim shar’iy (taxminan 20-30 metr masofa) yo’lni birga o’tdi va juda majbur qilganimizdan so’nggina orqaga qaytib, yo’lini davom ettirgan edi. Shunda biror ish payida yurgani ko’nglimizdan o’tgan edi. Bir necha kundan so’ng, ma’lum bo’ldiki, Xoja Mavlono amirlar bilan Kelishib, shunday qarorga kelgan ekan: bundan so’ng Xoja (Ahror)ning uyiga bormaysizlar, uning so’zlariga quloq solmaysizlar, unga umuman e’tibor qilmaysizlar. Shuning bilan birga shunday ham degan ekan: Men shunday fatvo-shar’iy hukm chiqaramanki, sizlar uning (Xoja Ahrorning) mol-mulkini musodara qila olgaysizlar. Ana shu kengash vaqtida Amir Abdulali bo’lmagan va u Kechikib kelgan ekan. (Amir Abdulali haqida Bobur o’zining «Boburnoma»sida shunday yozadi: «Sulton Ahmad Mirzo umarosidan yana biri Abdulali tarxon edi. Darvesh Muhammad tarxonga uruq bo’lar edi, Boqi tarxonning onasi bo’lg’ay. Agarchi darvesh Muhammad tarxon g’o’ra va mucha bila mundin ulug’ edi, vale bu fir’avn ani ko’zga ilmas edi. Buxoro hukumati necha yil munda edi. Navkarni yaxshi shafqat bila saqlar edi. Baxshish va Purshish va devon va dastgoh va shilon va majlisi podshohona edi. Zobit va zolim va fosiq va mudamme’ kishi edi. Shayboniyxon garchi navkari emas edi, vale necha mahal muning bila bo’lur edi. Shayboniyxonning muncha taraqqiy topmog’iga va muncha qadim xonavodalar buzilmog’iga Abdulali tarxon sabab bo’ldi» («Boburnoma» Toshhent, 1960, 77-bet). Shunda amir Darvesh Muhammad (bu amir xaqida ham Bobur shunday ma’lumot beradi: «Sulton Ahmad mirzoning umarosidin) yana biri Darvesh Muhammad tarxon edi. O’rda Bug’a tarxonning o’g’li, Sulton Ahmad mirzo, Sulton Mahmud mirzoning tuqqan tag’oyisi edi. Mirzo (Sulton Ahmad mirzo) qoshida borcha beklardin ulug’roq va mo’tabarroq edi. Musulmon va odmi va darveshvash kishi edi. Hamisha mushaf kitobat qilur edi. Shatranjni bisyor o’ynar edi, yaxshi o’ynar edi. Qush ilmini xo’b bilur edi. Qushni xo’b solur edi. Oxir Boysung’ur mirzo bilan Sulton Ali mirzoning g’avg’osida ulug’luq zamonida badnomlik bila o’ldi» («Boburnoma», 77-bet). Aytibdurkim, biz bir kelishuvga keldik. Siz yo’q edingiz. Sizning ham bu kelishuvga qo’shilishingiz ma’qul ko’rinadi. Shundan so’ng amir Abdulali aytibdi: qanday kelishuv ekanini tushuntirsangiz, shunga qarab ish tutsam. Amir Darvesh Muhammad tarxon Xoja Mavlono bilan qilingan kelishuv mohiyatini tushuntirgach, o’ylab turibdida, shunday debdi: bu masalada xato qilibsizlar. Chunki bu aziz (Xoja Ahror) biz va sizning e’tiborimiz tufayli mo’’tabar bo’lgan emas, balki haqning, ya’ni Olloh taoloning e’tibori natijasida mo’’tabar bo’lgan zotdir. Ertaga bu mo’’tabar zot shunday zarba beradiki, bu zarba natijasida sizu biz yer bilan yakson bo’lamiz, sharmandai sharmisor bo’lib qolamiz. Ma’lum bo’lsinkim, Men bu masalada sizning kelishuvingizni ma’qullamayman. Bunday dushmanlikdan ko’ra har qanday boshqa makruhlik Menga yaqinlashadigan bo’lsa, unga roziman.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 12:52:35

Eshon hazratlari (Xoja Ahror) shunday aytar edilarki, amir Abdulali garchi nafsini qondirish uchun zulm qilguvchi bo’lsada, ammo bizning mo’’tabar tariqatimizga bo’lgan ixlosi tufayli Olloh taolo uning noxush va nomaqbul harakatlarini Kechirib, uni avf qilgusidir. Jahon ustod ul-ulamosi janob mavlono Ali Arron shunday hikoyat qilib edilarki, Xoja Mavlononing amirlar bilan kelishuvidan (Xoja Ahror borasida) so’ng shayx ul-islom Xoja Mavlononnng qabuliga borgan edim. Xoja Mavlono shunday dedi: Mavlono, tashrifingiz yaxshi bo’ldi. Hozir qishloqiy shayxni (Xoja Ahrorni) ko’rishga borurmiz. Men uni qay ahvolga solishimni ko’rib qo’ysangiz. Mavlono Ali Arron aytur erdilarkim, mening Xoja Ahror hazratlariga nisbatan e’tiqodim baland edi. Xoja Mavlononing bu gaplarini eshitib, juda xafa bo’ldim. Men Xoja Ahror hazratlari uylariga bormasligimni aytib, ijozat so’rasam-da, Xoja Mavlono ruxsat bermadi va shunday Dedi: uning (Xoja Ahrorning) haqida nima qilmoqchi bo’lsak sizning huzuringizda amalga oshirurmiz. Bu gaplarni eshitib, hushimni yo’qotayozdim. Ammo hech iloj topolmadim. Xoja Mavlono bilan borishga majbur edim. O’sha kuni Xoja Ahror hazratlari Motriddagi uylarida edilar. Motrid tomon yo’l olindi. Men ham majburan Xoja Mavlono bilan birga borardimu Olloh taologa iltijo qilib so’rardimki, Xoja Mavlononing hazrati Xoja Ahrorga nisbatan qilmoqchi bo’lgan odobsizliklarini ko’rmasligim va uning guvohi bo’lmasligimning chora-tadbirini ko’rishni amalga oshirsa...
Motridga yetib keldik. Xoja Ahror hazratlari gumbazli ayvonda o’tirgan ekanlar. Bizni kutib olib, dasturxon olib Kelish uchun o’zlari uyga kirdilar va o’z qo’llari bilan Xoja Mavlono oldiga dasturxon yozdilar, taom qo’ydilar. Xoja Mavlono taomga mayl ko’rsatib, hazrat Xoja Ahrorga bir gap aytishga hozirlik ko’rib, endi og’iz ochmoqchi ham ediki, nogoh birov kelib, Mirzo Sulton Ahmad o’z amirlari bilan tashrif buyurdilar, deb xabar berdi. Xoja Mavlono bu xabarni eshitib, shoshib qoldi. Chunki amirlar kengashida Xoja Ahror uyiga bormaslikni uning o’zi uqtirgan edi. Ularning Xoja Ahror uyiga nima maqsadda kelganliklarini Xoja Mavlono bilmasdi va shuning uchun nihoyatda taraddudlanib qoldi. Hazrati eshon (Xoja Ahror) Sulton Ahmad mirzo va uning amirlarini kutib olish uchun chiqqan vaqtda Xoja Mavlono va bu faqir, (mavlono Ali Arron) Sulton Ahmad mirzo va amirlari ko’rmasin deb hovlidagi odamlar ko’magida to’rt paxsalik Devordan oshib tashqariga tushdik. Men (Ali Arron) bu vaqtda Xoja Mavlononing Xoja Ahrorga nisbatan qo’pol muomalalarini ko’rmaganim uchun shukrlar aytur edim.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 12:52:46

To’nlari va oyoq kiyimlari tuproqqa belangan ikki qariya devor tagida o’tirar edik. Bizning otlarimizni olib kelganlaridan so’ng otlarga mindik va o’sha yerdan bir-birimizdan ajralib ketdik. Shundan so’ng Sulton Ahmad mirzo va uning amirlari xuddi avvallari bo’lganidek hazrati eshon (Xoja Ahror) ziyoratiga tez-tez borib turardilar. Ana shunda amir Abdulalining bashorati to’g’ri chiqdi.
Bir darvesh shunday hikoya qildiki, bir vaqt Xoja Mavlononing majlisida bizning Xojamiz (Xoja Ahror) haqida so’z boribdi. Xoja Mavlono shunday degan emish; bu jual (axlat qo’ng’iziga, Xoja Ahror)ga e’tibor qilmang, chunki uning ishi mol-mulk yig’ishdan boshqa narsa emas (Bu o’rinda shuni eslatish lozimki, Xoja Mavlononing bu so’zlari «Manoqibi Xoja Ahror» deb atalgan kitobdagi ayrim voqealar qahramoni aytgan so’zlar bilan hamohangdir. Jumladan: «Bir kun Xoja Ahror Samarqandning Sug’didagi mulkiga Ketayotganda bir qalandar uning yo’lini to’sib: ey dunyodor, qancha dunyo to’playsan?» — deb aytgan. Bu hol keyinchalik ta’kidlaydiganimiz bir haqiqatni — Xoja Ahrorga qarshi kurashning uyushtirilgan ekanini yana bir karra tasdiqlaydi).
Bu so’zlar hazrati eshonga yetib boribdi. Hazrati eshon shunday debdurlar: oqibatda jualday o’lgay.
Xoja Muhammad jarrohning o’g’li Mavlono Ma’ruf shunday dedi: Men Hirotda edim. Xoja Mavlono ham bu shaharga keldi. Shahar akobirlari uni ko’rishga keldilar. Ular Xoja Mavlono so’zlarida parishonlik borligini mushohada qildilar. Shundan so’ng oldiga juda oz kishi borar edi. Oxiri amir Chaqmoq madrasasida yashadi. Uning oldiga kelgan odamga «Bularning hammasi o’sha shayxning (Xoja Ahror) karomati» deb aytar edi. Shunda ulardan biri aytdi: ey Xoja Mavlono, siz shayx ul-islomsiz, Samarqand sohibisiz, ota-bobolaringiz u shaharda izzatli va hurmatlidurlar. Umringiz oxirida bunday parishonlik va xo’rlikka uchrashuvingiz o’sha shayxning karomati bo’lmay nima ham bo’lardi. Oqibatda Xoja Mavlono kasallikka uchradi, kasalligi vaqtida men (Mavlono Ma’ruf) unga qarashib turardim. Bir kuni hujrasiga kirsam, najosati ustida o’tirib, qo’llari bilan uni titib barmoqlarini burniga keltirib, ey Mavlono Ma’ruf, mushil (najosat)ning hidi yoqimli ekan, deganini eshitib, nafratim oshdi-da, hazrati eshon (Xoja Ahror)ning so’zlari xotiraga keldi. Ul hazrat «Xoja Mavlono jualday o’lsin» degan edilar. Darvoqye, shunday bo’ldi. Umrining oxirida Mavlono Muhammad Muammoiy uning oldiga kelganida, ko’zlarini ochib Mavlono Muhammad Muammoiyga qarab, shunday dedi: «Hurmatli Mavlono Muhammad! Agar muhtaram Xoja Ubaydulloh (Xoja Ahror)ning ziyoratiga borsangiz bizning gunohlarimizni aytib, uzrimizni ham yetkazsangiz: nima qilgan bo’lsak nafs-izzattalashlik va obro’ orttirish uchun qilgan edik. Hammasidan voz kechdik. Karam qilsinlar-da, bizning gunohlarimizni bag’ishlasinlar». Shunday Dedi-da olamdan ko’z yumdi».

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 12:52:56

Mavlono Ma’rufning bu hikoyasini Muhammad Qozi Xoja Ahrorning kayfiyatlari yaxshi bo’lgan bir vaqtda ul hazratga aytganida Xoja Ahror nihoyatda ta’sirlanib, Xoja Mavlononing gunohlarini bag’ishlaganlar. Bu hikoya hayotiy va voqyeiy bo’lib, unda qatnashuvchi va hikoya qiluvchilar ham voqealarning bevosita guvohi bo’lgan tarixiy shaxslardir. Shuning uchun unga ishonmaslik va yoki e’tibor bermaslik mumkin emas. Shunga qo’shimcha tarzda Rashid Nabiyevning «XV asrda Movarounnahrning siyosiy-iqtisodiy hayotidan (Xoja Ahror haqida mulohazalar)» nomli maqolasida foydalanilgan «Manoqibi Xoja Ahror»dagi quyidagi ma’lumotni ham nazarda tutmoq lozim ko’rinadi. «Manoqibi Xoja Ahror»da shunday keltirilgan ekan:
«Abdurazzoq nom shaxse bud, ki kori o’ hamesha qati tariq bud, ba bady va dalery shuhrati azim dosht. Xoja Mavlono ba o’ mablag’i kasir zar va’da kardand, ki agar tu hazrati Xoja (Ahror) ro bikushy, in mablag’ro bar tu rasonam. U niz qabul karda, ki on chunon bikunad».
Mazmuni: Abdurazzoq degan bir kishi bor edi. U hamisha yo’lto’sarlik qilar, yomonligi va dadilligi bilan shuhrat qozongan edi. Xoja Mavlono unga ko’p oltin va’da qilib, agar Sen hazrat Xoja (Ahror)ni o’ldirsang, shu oltinlarni beraman, degan. U ham rozi bo’lib shunday qilajagini aytgan».
«Manoqibi Xoja Ahror»da Keltirilgan boshqa bir voqea ham ahamiyatli bo’lib, bu haqda R. Nabiyev shunday yozadi: «Manoqibi Xoja Ahror» ismli bir asarda aytilishicha, Abu Sa’id o’zi Xurosonga ketgan choqlarda Samarqandda o’zi bilan nomdosh bo’lgan bir kishini — Abu Sa’id ismli birovni hokim qilib qoldirgan. Shahar hokimi Abu Sa’id boshliq Sulton Abu Sa’id amirlari Xoja Ahrordan norozi bo’lib, Xurosonga Sulton Abu Sa’idga xat yozadilar. Haqiqatda Xoja Ahrorning harakatida shaharni Abu Sa’id dushmanlariga olib berish maqsadi ko’rinib, uning tomonidan sodir bo’lgan bu narsani amirlar tezda sezib oladilar. Yuborilgan xatning mazmuni Xoja Ahrorning Samarqand hokimiga va umuman Sulton Abu Sa’id davlatiga qarshi qaratilgan harakatlarini hukumdorga yetkazishdan iborat bo’lib, u Sultonning eng ishongan odami Mavlono Muhammad Ali Xorazmiy qo’li bilan yoziladi.
Abu Sa’id bu xatni olgach, Samarqandga kelishga majbur bo’ladi. U Abbos cho’liga (Darg’omning janubiy tomonida) kelganda, Xoja Ahror ham boshqa amirlar qatorida Samarqanddan Sultonni kutib olishga chiqadi va Abu Sa’idga uch marta: Mirzo, biz sizga qanday e’tiqod qilgan bo’lsak, siz ham bizga shunday e’tiqod qiling, nima qilgan bo’lsak sizning davlatingiz va musulmonlarning rifohiyati (tinchligi, osoyishtaligi) uchun qildik, deb murojaat qilganda, Abu Sa’id javob qaytarmadi, lekin Xojaning ma’lum mohir bir taktika bilan ish ko’rishi unga aniq bo’lganidan keyinroq bu ahvol bilan kelishishga majbur bo’ladi».

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 12:53:40

Keltirilgan misollardan ma’lum bo’ladiki, Xoja Ahrorga qarshi kurashni asosan hokim tabaqa vakillari va shariat peshvolari olib borganlar, uni obro’sizlantirish, ta’sir doirasini cheklash uchun intilganlar. Xoja Ahror haqida o’sha davrda va keyinroq yozilgan ayrim maqomot va manoqiblarda ana shunday «g’iybatlar, nomunosib narsalar nazm va nasr bilan» ataylab yaratilgandir. Bas, shunday ekan, Xoja Ahror haqida maqomot va manoqiblardagi ma’lumotlarga nihoyat ehtiyotkorlik va daqiqlik bilan yondashish, ulardagi g’iybat va haqiqatni aniqlab olish talab qilinadi. Albatta, shunday yondashmoq adolatdan bo’lur edi. Agar shunday yo’l tutilmasa, Xoja Ahrorning haqiqiy siymosi va mavqyeini aniqlashda chalkashliklar davom etaveradi.
Xoja Ahror hayotligi vaqtida unga bo’lgan ikki xil munosabat keyingi asrlarda ham davom etdi. XVII asrning oxiri — XVIII asrning boshlarida faoliyat ko’rsatgan Roqim Samarqandiyning «Tarixi kasira» (Ko’p tarix) asarida Xoja Ahrorga nisbatan samimiyat va ehtirom bilan so’z yuritiladi. Bu o’rinda uning mazmunan tarjimasini to’liq holda keltirish joizdir.

 

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 12:54:12

YAXSHILAR QUTBI VA MADADKORI HAZRAT XOJA AHRORNING VAFOTI TARIXI

Xoja Ubaydulloh — Xoja Ahror ilohiyot sirlari maorifining donishmandi, tariqat yo’lovchisi, hech shubhasiz valiylik osmonining qutbi, haqiqatga intiluvchilarning pushtu panohidir. Bu hazrat Mavlono Ya’qub Charxiyning mukammal tarbiyati uslubi etagiga irodat qo’lini cho’zdi. Hazrati Mavlono Ya’qub Charxiy esa, o’z navbatida, hazrati shohi naqshbandning baland uchar qushi domiga tushib, uning muridi bo’lgan edi. Garchi hazrat Xojada shahanshohlik va podshohlikning Beqiyos isTe’dodi bo’lsada, ammo risolatpanohning hadislarida aytilganidek: «al-faqiru faxri», ya’ni «faqirlik mening faxrimdir» mazmuniga amal qilib, faqirlikning to’g’ri yo’lidan chetga qadam qo’ymadilar va haqiqatni ko’ruvchi nazarlarini ilohiy tajalliyotdan boshqa dunyoviy narsalarga qaratmadilar. Hazrati Xojaning mol-mulklari Benihoyat ko’p bo’lsada, ammo ularning tabarruk xotiri Dehqonchilikka mayl qilib, undan olinadigan mahsulotlarni fuqaro va Bechoralarga sarf qilur edilar. Shu jihatdan mavlono Abdurahmon Jomiy Hazrati Xoja haqida shunday buyurub edilar:

Hazoron mazraa dar Zeri kisht ast,
Ki zodi raftani rohi bihisht ast

ya’ni, minglarcha yerlarga ekin ekilib, ularning hosili esa jannatga boruvchilarning yo’l oziqasi bo’lardi.
Bu dunyo yerlaridan yetishtirilgan mahsulotlarni sadaqa qilmoq oxiratni obod qilguvsidir.
Yaxshilarning sayidi bo’lmish hazrat Xoja Ahror ahlulloh sulukining Haqqa muhabbat tariqi, vujudi mutlaqqa bandalik va irodat yo’lining soliki bo’lib, dunyodorlik va unga bog’liq narsalardan ko’z yumish ul hazratning maxsus odati edi. Iloh dargohining maqbuli bo’lmish bu hazratga g’olib va baland martabali ko’pgina podshohlar ta’zim bajo keltirib, uning zafar bag’ishlaguvchi ruhidan madad istardilar. Ulamo va fozil kishilar hazrati Xoja Ahrorning Ollohning rahmatli arig’i va ma’rifati daryosidan sug’orilgan pokizalik manbai bo’lmish bog’idagi chamanzordan murod gullari va ixlos samaralarini topadilar. Muallifdan (ruboiy):

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 12:56:14

To ravzai Xojai mutahhar anvor ast,
Manzilgahi qutb, majmai abror ast.
Xayriyati har du kavn hosil gardad,
On kas, ki g’ulomi Xojai Ahror ast.

Mazmuni:

Pokiza Xojaning ravzasi nur taratar ekan,
Yaxshilarning to’planish manzili-qutbidir.
Har ikki dunyo muammolari xayrli yechiladi,
Kimki Xoja Ahror bandasi-muxlisidir.

Xullas, bu kitobning yozuvchisi sulton ul-avliyo va muin ul-fuqaro (Xoja Ahror) ahvoli sharhida nima ham Deya olardi. Zero Mahdumiy Abdurahmon Jomiy o’zlarining «Tuhfat ul-Ahror» dostonlarida bu haqda batafsil to’xtalganlar. Jumladan:

Zad ba chahon navbati shohanshahy,
Kavkabai faqri Ubaydullahy.
Ro’i zamin k-ash na saru na bun ast,
Dar nazarash chun rui yak noxun ast.
On ki zi hurriyati faqr ogah ast,
Xojai Ahror — Ubaydullah ast.

Qayd etilgan