Buyuk ma'naviy murshid Xoja Ahror Valiy  ( 57532 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 15 B


Ansora  22 Aprel 2010, 12:56:27

Mazmuni:

Jahonga shahanshohlik navbati yetdi,
Ubaydulloh faqri hashamatining.
Yer yuzi avvaldan oxirgi nuqtasigacha,
Uning oldida tirnoqday ko’rinar, bas.
Faqrning hurriyatidan ogoh zot-bu
Xoja Ahror Ubaydulloh bu.

Shu bilan birga mavlono Muhammad Qozi hazratlari ham bu tabarruk zotning ahvoloti sharhini «Silsilat ul-orifin» kitoblarida bitibdirlar. Mir Abdulavval hazratlari ham o’z «Majmaa»larida eshon hazratlarining ahvolotlari haqida mufassal so’z yuritganlar. Husayn Voizning muhtaram farzandi mavlono Faxriddin ham o’zining «Rashohot» nomli fayzli asarida bu hazratning ahvolotlari, kashfu karomat va odatlari bobida ma’lumot beradi. Mavlono Faxriddin eshon hazratlari bilan ul janobning keksaliklari vaqtida uchrashgan edi.
Xoja Ahror hazratlari tarix 895 hijriy yil rajab oyining shanba kunida (1490, may-iyun oylari) Samarqand qishloqlaridan bo’lmish Kamongaronda (Urgut tumanida) bu olam bilan vidolashdilar. U hazratning tabarruk jasadlari Kamongarondan Xoja Kafshgar mahallasiga olib kelinib, dafn etildi. Bu qabristonga hazratning ko’pgina yaqinlari, mashhur ulamo va fozillar dafn etilganlar. Jumladan, bu asar muallifining ajdodi bo’lmish mavlono Ismatulloh ibn Mavlono Mahmud ibn mavlono Ne’matulloh, hadislarning tafsirchisi muhaddis mavlono Mahmud ibn mavlono Abdulali Geloniy (bul zot kamina Roqimning ajdodlaridandir), Mavlono Isomiddin va boshqalar.
Hazrati Xoja Ahrorning mozorlari shahardan bir mil (4 km) masofadadir. Shahar darvozasidan hazrati eshon maqbaralarigacha boradigan yo’l xiyobondir. Bu xiyobon o’zining ko’kalamzorligi, baland bo’yli daraxtlari tufayli hamisha soya salqindir. (Xiyobon tasviriga bag’ishlangan she’r Keltirilgan).

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 12:56:50

Shundan so’ng Xoja Ahror vafoti munosabati bilan turli shoirlar, jumladan, Alisher Navoiy tomonidan yozilgan ta’rix-qit’a ketma-ket joylashtirilgan.
Amiri kabir Alisher Navoiyning hazrati eshon vafoti munosabati bilan yozgan ta’rix-qit’alari quyidagicha:

Xojagon tariqatining xojasi Ubaydulloh,
Murshidi solikoni rohi yaqin.
Shud ba xuldi barin, ki az favtash,
Soli ta’rix gasht: «xuldi barin».

Mazmuni:

Xojagon tariqatining xojasi Ubaydulloh,
Tabarruk yo’l yo’lovchilarining murshidi.
Vafot etgach, bihisht sari otlandi,
Shuning uchun tarixi yili bo’ldi «xuldi,barin».

Ana shu ta’rix munosabati bilan ayrim mulohazalarni bayon etish ma’qul ko’rindi.
«Xuldi barin» iborasidagi «xuld» so’zi ikki ma’noni bildiradi: doimiy boqiylik va bihisht, jannat. «Barin» so’zining ma’nosi oliy, balanddir. Shu jihatdan «xuldi barin» iborasining bir ma’nosi «abadiy va oliy boqiylik» bo’lsa, ikkinchisi «oliy bihisht», eng yuqori jannatdir. Agar «xuldi barin» iborasi abjad usulida hisoblansa, 896 raqami kelib chiqadi. Vaholanki, barcha manbalarda Xoja Ahrorning vafoti yili 895 hijriy yil deb ko’rsatilgan. Shu jihatdan bu ta’rixda («xuldi barin» — 896) ozgina tushunmovchilik bo’lgan ko’rinadi. Bunday tushunmovchilik Xoja Ahror vafot etgan oyni ko’rsatishda ham uchraydi. Jumladan, «Tarixi kasira»da Xoja Ahrorning vafoti 895 hijriy yilning rajab oyi shanba kunida deb ko’rsatilsa, Xoja Ahrorning shogirdi va bu voqea (vafot) guvohi bo’lgan Muhammad Qozi shunday yozadi: «Vafoti eshon (Xoja Ahror) dar shabi shanBe bistu nuhumi rabe’ ul avvali sanai xamsa va tis’in va samona mia (895) bud», ya’ni Xoja Ahrorning vafoti 895 yilning 29 rabe’ ul avval oyi, shanba kechasi sodir bo’ldi, deb yozadi. Agar 895 hijriy yilning rajab oyi 1490 melodiy yilning may-iyun oylariga mos kelsa, rabe’ ul-avval oyi 1490 yilning yanvar-fevral oylariga to’g’ri keladi. Oyning kuni ham 29 rabe’ ul-avval deb ko’rsatilgan ekan, bu 21 fevraldir.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 12:57:16

Bizningcha, bu masalada Muhammad Qozi ma’lumotiga asoslansak ma’qul bo’ladi. Shuningdek, Abdurahmon Jomiyning «Xotimat ul-hayot» Devonida Muhammad Qozining fikrini quvvatlaguvchi ta’rix (895) Keltirilgan va Xoja Ahror Rasululloh vafot etgan oyi vafot etdi, deb ta’kidlangan (A. Jomiy. «Vasitat ul-iqd» va «Xotimat ul-hayot». M., 1980. 306 bet, arab yozuvida). Ma’lumki, Rasululloh, ya’ni Muhammad payg’ambar 11 hijriy yil rabe’ ul-avval oyida — 632 Melodiy yilning iyun oyida vafot etgan (O.G. Bolshakov. Istoriya xalifata, 1989. s.186). Xullas, Xoja Ahrorning vafot etgan vaqti 895 yil, 29 rabe’ ul-avval oyi, shanba Kechasi, Melodiy yil hisobida 1490 yil 21 Fevral shanba Kechasidir.
Endi «Tarixi kasira» haqidagi mulohazalarimizni davom ettiramiz. Xoja Ahrori Valining nomi nihoyat ehtirom bilan tilga olinib, u sulton ul-avliyo (Avliyolar sultoni) va muin ul-fuqaro (faqirlar madadkori) tarzida tavsiflangan. Bu davrda Xoja Ahror haqida Muhammad Qozi, Mir Abdulavval hamda Ali Safiy tomonidan yozilgan asarlar ham ma’lum va mashhur bo’lgan ekan.
Keyingi davrlarda Xoja Ahror va uning faoliyatini talqin etish, uni tanish qanday davom etdi. XIX asrda yaratilgan turli xil manbalarda Xoja Ahror haqida ijobiy fikr yuritish holati ko’zga tashlanadi. Jumladan, mashhur mojor olimi Hyerman Vamberi O’rta Osiyo, jumladan, Buxoroga qilgan sayohatlari natijasida yozgan «Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi» asarida Xoja Ahror haqida shunday yozadi:
«Xoja Ubaydulloh Ahror — Bahovuddin Naqshbandiy tariqatining muridi va eng muxlis murshidi. Olim va mutasavvuf sifati bilan shu qadar buyuk hurmat va obro’ qozongan ediki, o’sha vaqtdagi xonlar bir-biriga raqobat qilgandek uning husni tavajjuhiga noil bo’lishga intilar edilar. Shu holda ham u go’yo Muhammad Payg’ambar tarafidan bayon qilingan «al-faqru faxri» (faqirlik mening faxrim) so’ziga favqulodda rioya etib, Qorako’l yaqinida o’z qo’li bilan qo’sh haydab kambag’alday yashar edi. Xoja Ahror Vali 895 (1489) yilda Qumagiron kentiga borgan paytda vafot etdi. Uning e’tiqodga doir «To’hfai Ahror» nomli kitobi ko’p kishilar tarafidan hozirgacha o’qilmoqda va qabrini ziyorat qilish uchun Samarqandga har tarafdan kishilar keladilar. (H. Vamberi. Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi. Toshkent, 1990, 74-bet).
H.Vamberining ma’lumotida ayrim tahrirtalab joylar ham uchraydi. Jumladan, Xoja Ahrorning vafoti yili hijriy 895 yil deb to’g’ri ko’rsatilgani holda, ammo Melodiy 1490 yil o’rnida 1489 yil deb yozilgan. Yoki, Xoja Ahror «Qorako’l yaqinida o’z qo’li bilan qo’sh haydab, kambag’alday yashar edi» deb yozilishi ham to’g’ri emas. Chunki uning asosiy umri Toshkent, Samarqand, Hirot, Buxoroda o’tib, ammo uning Qorako’l va boshqa joylarda turg’un yashagani haqida ma’lumotga ega emasmiz. Vamberi Xoja Ahror vafot etgan joyning nomini Qumagiron tarzida xato yozgan. Aslida u Kamongaron bo’lishi kerak. Bundan tashqari H.Vamberi Xoja Ahrornipg «To’hfai Ahror» kitobidan xabar beradi. Vaholanki, bizga ma’lum bo’lgan manbalarda Xoja Ahrorning «To’hfai Ahror» asari qayd qilingan emas. Shunday bo’lsa-da, H.Vamberi ma’lumotining muhim tomoni Xoja Ahrorning XIX asrdagi shuhrati hamda unga nisbatan xalq ehtiromining guvohi bo’lib, o’z taassurotlarini qog’ozga tushirganidir.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 12:57:43

XIX asr oxirlari va XX asrda Xoja Ahror haqida e’lon qilingan ishlar va ularning mohiyati professor A.N. Boldirevning «Yana Xoja Ahror masalasiga doir» nomli maqolasida ancha batafsil yoritilgan. («Duxovenstvo i politicheskaya jizn na Blijnem i SRedNem VostoKe v Period Feodalizma», maqolalar to’plami, Moskva, 1985, 47-62 Betlar). A.N. Boldirevning bu maqolasi Xoja Ahror haqida batafsil so’z yuritish ancha qiyin bo’lgan bir davrda maydonga kelib, unda Xoja Ahror to’g’risida salbiy so’z yuritishning kuchayish sabablari qalamga olingan, Xoja Ahror hayoti va faoliyatiga yangicha, xolisona baho berish masalasi ta’kidlangan. Maqolada XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida N.I. Veselovskiy, N.G. Malliskiy va V.L. Vyatkinlar tomonidan Xoja Ahror haqida aytilgan samimiy gaplar alohida eslatilgan va ular ma’qullangan. Maqolada V.I. Vyatkinning 1904 yilda e’lon qilingan «Xoja Ahror tarjimai holidan» maqolasidagi quyidagi fikrlar aynan Keltirilgan: (mazmunan tarjimasi) «Xoja Ahrorning davlat arbobi sifatidagi xizmatlari eng avval shu bilan belgilanadiki, u Amudaryoning bu tomonidagi hukmdorlar nazdidagi beqiyos ta’siridan foydalanib, arzimagan bahona bilan qardoshlar o’rtasida qirg’in urushlarni boshlab yuborishga tayyor bo’lganlarni tinchlantirish, o’zaro urushlarni to’xtatish uchun o’zining barcha imkoniyatlarini ishga solardi. U Samarqand, Toshkand va Farg’onada, bu yerdagi tushunchaga ko’ra, nisbiy osoyishtalikni barqaror qilishga ko’maklashdi. Qayerda tinchlik o’rnatish uchun kelishuv va inoqlikka ehtiyoj bo’lsa, Xoja Ahror o’sha yerga darhol borardi. Umuman aytganda, Xoja Ahror, hukumat oldidagi favqulodda obro’sidan kelib chiqib, o’zining butun imkoniyatlarini adolatning tantanasi uchun ishga solardi». Ko’rinadiki, V.L. Vyatkin bundan qariyb 90 yil oldin Xoja Ahror va uning mavqyei to’g’risida xolisona fikrlarni ayta olgan. Bu fikrlar asossiz maydonga kelgan emas. Chunki O.I. Chexovich ta’kidlaganidek, V.L. Vyatkin Xoja Ahrorga bag’ishlangan maqolalarini yozayotganda, uning zamondoshlari Mir Abdulavvalning «Masmuot», Muhammad Qozining «Silsilat ul-orifin», Ali Safiyning «Rashahot ayn ul-hayot», kabi asarlaridan foydalangan ekan. Shunisi diqqatga sazovorki, O’rta Osiyo xalqlari tarixi, tillari, urf-odati, dini va adabiyotini yaxshi bilgan V.L. Vyatkin yuqorida eslatilgan manbalarning ma’lumotlariga shubha bilan qaramagan, ularni to’g’ri o’qiy olgan va sharhlagan.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 12:59:27

A.N. Boldirev o’z maqolasida XX asrning boshida Xoja Ahrorni qoralashga intilish V.V. Bartold ishlarida ko’zga tashlanganini uqdiradi.
O.D. Chexovichning ta’kidicha, V.V. Bartold Xoja Ahror haqida yozayotganda V.L. Vyatkin maqolalaridan xabardor bo’lgan va u foydalangan manbalarga tayangan. (Samarkandskiye dokumenti XV—XVI vv., s.17). Bas, shunday ekan, nega endi aynan bir manbalarga tayangan sharqshunosning Xoja Ahror faoliyatiga baho berishi ikki xil?
Ma’lumki, V.V. Bartold Sharq xalqlari tarixini asl manbalar asosida chuqur o’rganib, bu sohada katta obro’ga ega bo’lgan qomusiy muarrixlardan sanaladi. Bas, shunday ekan, Nega Xoja Ahror faoliyatini baholashga kelganda qora buyoqdan ko’proq foydalanadi? Nega qariyb 80 yil bu qora bo’yoqdan ko’pgina tadqiqotchilar, adib va yozuvchilar ham foydalanib keldilar. V.L. Vyatkinning bu masalaga doir mulohazalari esa soyada qolib ketdi. Afsuski, A.N. BoldiRev bu masalani oydinlashtirishga uncha o’rin ajratmagan. Bu o’rinda V.V.Bartold tomonidan bayon qilingan mulohazalarning davrini nazardan kechirmoq ma’qul ko’rinadi. Ma’lumki, V.V. Bartoldning «Ulug’bek va uning davri» risolasi 1915 yilning boshlarida yozilib, 1918 yilda nashr ettirilgan. Bu asarning Tezislari esa 1915 yil 15 mart kuni o’qilgan «Ulug’bek va Xoja Ahror» ma’ruzasida bayon etilib, unda Xoja Ahror va tarafdorlarining shariat uchun madaniyatga qarshi kurashi xalq manfaatlari yo’lida har qanday zolimlarga qarshi kurash sifatida tuyulardi, degan g’oya olg’a surilgan edi. (V.V. Bartold. Sochineniya. Tom II, chast 2, 167-bet, izoh). V.V. Bartold o’z mulohazalarini davom ettirib, yana shu narsani ham ta’kidlaydiki, Xoja Ahror va uning tarafdorlari umumiy Tenglik uchun madaniyatga qarshi kurash vahshiylikni joriy qilish ekanligini tushunmas emishlar. Shunday qilib, bu mulohazaning, aytilish davriga e’tibor qilinsa, masala biroz oydinlashar degan umiddamiz. Ma’lumki, chor hukumati o’z mustamlakalarida o’zini ilg’or va madaniyatli hukmdor tarzida ko’rsatishga intilar edi. Shuning uchun mustamlaka xalqlarining har qanday noroziliklarini, jumladan, «Dukchi eshon» laqabi bilan shuhrat qozongan mingtepalik Muhammad Ali Ismoil o’g’lining 1898 yilda chor hukumatining «o’z istibdodi sarmoyasini quvvatlantirmoq uchun ham biz, Turkiston xalqini doimo asir, zalil va qul qilib ishlatib Kelmoq maqsadi bilan ko’zimizning ochilishiga qarshi turganiga javoban ko’targan vatanparvarlik isyoni (Fozilbek Dukchi eshon voqeasi. «Sharq yulduzi». 1991, 1-son, 146-bet, Sirojiddin Ahmad sharhi), Birinchi jahon urushi bilan boshlangan har qanday noroziliklar ham «madaniyatga qarshi kurash» tarzida qabul qilinib, bu kurashning boisi o’sha davrda mahalliy xalq orasida katta obro’ga ega bo’lgan Dukchi eshon kabilar tushunilar va shuning uchun ular madaniyatga qarshi vahshiylikni joriy qiluvchilar sifatida qattiq jazolanardi. Xuddi shu vaqtda XV asr hayotiga murojaat qilib, Ulug’bek mirzo va uning davri haqida — ilm va mada-niyat rivojlanganligi to’g’risida so’z yuritib, Ulug’bek qatlidan so’nggi davrda Samarqand ahvolidagi o’zgarishlarni «qishloqiy shayx» Xoja Ahror faoliyati bilan bog’lash bejiz emas.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 12:59:37

Asrimiz boshida bu masalaga siyosiy nuqtai nazardan yondashish tarixiy shaxsni bir yoqlama talqin kilishga olib keldi. Xoja Ahrorga bunday yondashish 20-yillarda «xudosizlar jamiyati» tashkilotlariga juda mos keldi va uni qo’llab-quvvatlabgina qolmay, balki qora buyoqni yanada ko’proq va quyuqroq chaplashga kirishib Ketildi. A.N. BoldiRevning maqolasida bundaylarning nomlari va ishlari ko’rsatib o’tilgan. Bu yo’nalishning aks-sadosi Abdurauf Fitratning «O’zbek klassik musiqasi ham uning tarixi» asaridan ham eshitiladi. Jumladan, u shunday yozgan ekan: «Ulug’bek zamonida mashhur Xoja Ahror Valining himoyasi ostida Samarqandda «diniy teskarichilik» (aksil harakat) paydo bo’la boshlaydur. Shuning ta’siri bilan Ulug’bek o’lkasida bo’zg’uliklar yuz ko’rsatadir-da, Ulug’bekning o’limi bilan natijalanadir. Mana shul foJea Teskarichilikdan so’ng go’zal san’atlar markazi Samarqanddan Hirotga ko’chiriladur» («O’zbekiston adabiyoti va san’ati», haftanoma, 1991, 22 mart, 6-bet).
Bu mulohaza izohga muhtoj bo’lmasa kerak. Masalaga shu nuqtai nazardan yondashish faqat ilmiy maqolalardagina emas, balki turli xildagi badiiy asarlarga ham ko’chdi. Natijada ularda Xoja Ahror faqat teskarichigina emas, balki buzg’unchi, jumladan, Ulug’bek mirzo qurdirgan rasadxonani buzib tashlash tashabbuskori sifatida ham tasvirlandi. Rasadxonaning buzilishiga Xoja Ahrorning hech qanday aloqasi yo’qligi ustozimiz akademik Vohid Abdullayev bilan hammualliflikda nashr ettirilgan «Zebi jahon rasadxonaning taqdiri» maqolamizda («Fan va turmush» jurnali, 1971, 5-son) o’sha davrga oid manbalardan olingan dalillar bilan isbotlangan edi. Chunonchi, maqolada shunday fikr aytilgandi: «Ba’zi ilmiy asarlar va maqolalarda bu ajoyib Me’morchilik obidasi rasadxonaning keyingi asrlardagi taqdiri mubohasali tarzda bayon qilinadi — guyo u Mirzo Ulug’bekning o’ldirilishi bilanoq buzdirilgan va xarobaga aylantirilgan emish. Ammo ko’pchilik tarixiy-adabiy manbalarda keltirilgan ma’lumotlar bunday fikrning to’g’ri emasligini ko’rsatmoqda. Chunonchi, 1465—1469 yillarda, ya’ni Mirzo Ulug’bek fojiaviy halok bo’lgandan keyin oradan 15-20 yil o’tgach, Samarqandga kelib ijod etgan o’zbek shoiri Alisher Navoiy o’zining «Farhod va Shirin» dostonida Mirzo Ulug’bek va uning ilmiy faoliyati to’g’risida so’z yuritib, jumladan quyidagi mashhur misralarni yaratgan edi:

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 12:59:55

Temurxon naslidin sulton Ulug’bek,
Ki olam ko’rmadi sulton aningdek.
Aning abnoi jinsi bo’ldi barbod,
Ki davr ahli biridin aylamas yod.
Valek ul ilm sori topdi chun dast,
Ko’zi olida bo’ldi osmon past.
Rasadkim bog’lamish zebi jahondur,
Jahon ichra yana bir osmondur,
Bitib bu nav’ ilmi osmoniy
Ki andin yozdi «Zichi kuragoniy».
Qiyomatga Deguncha ahli ayyom,
Yozarlar oning ahkomidin ahkom.

Demak, Mirzo Ulug’bek rasadxonasining binosi XV asrning ikkinchi yarmida ham mavjud bo’lib, Alisher Navoiy Samarqandda bo’lgan vaqtlarda rasadxona o’zining salobatli ko’rinishi bilan kishilarni, jumladan, ulug’ o’zbek shoirini maftun etgan». Shundan so’ng o’sha maqolada Boburning «Boburnoma» (XV asrning ikkinchi yarmi), Hasan Nisoriyning «Muzakkiri ahbob» (XVI asrning ikkinchi yarmi), Darvesh Ali Changiyning «To’hfat us-surur» (XVII asrning avvali) kabi asarlardan dalillar keltirilib, rasadxonaning XVII asrda ham mavjudligi, faqat shundan so’ng qarovsiz qolgani tufayli buzilgani ta’kidlangan. Ko’rinadiki, Mirzo Ulug’bek qurdirgan rasadxonaning buzilishiga Xoja Ahrorning hech qanday aloqasi yo’q, bu sohada u gunohkor ham emas.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:00:06

Naqshbandiya va uning vakillari faoliyatiga baho berishda nihoyatda ehtiyotkorlik va xolisona yondashish haqidagi mulohazalar o’tgan asrning 40-yillardayoq bayon etilgan edi. Bu jihatdan Ye.E. bertelsning harakatlarini A.N.Boldirev samimiyat bilan eslab, o’tgan asrning 60-yillarda bu masalaga e’tiborni qaratgan E. Rustamovni ham esdan chiqarmaydi. Nihoyat o’tgan asrning 70-yillarda olima O.D.Chexovichning tashabbusi bilan nashr ettirilgan «XV—XVI asrlar Samarqand hujjatlari (Xoja Ahrorning O’rta Osiyo va Afg’onistondagi mol-mulki haqida)» asarida shu masalaga doir ko’pgina muhim hujjatlarning, jumladan, 1454 yil aprel oyining 1-kunida Xoja Ahrornnng Bayramxoja o’g’li Hasandan sotib olgan hovli vasiqasi, 1470 yil yanvar oyning 25 kunida Xoja Ahrorning Samarqandda qurdirgan madrasasi uchun vaqfga aylantirgan, ajratilgan joy va mulk vaqfnomasi, 1480, 1483, 1489 yillarda ham shunday vaqfga ajratilgan joy va mulklarning vaqfnomalari va boshqalarni ilmiy muomalaga kiritib, sharh va izohlar bilan ta’minlangani diqqatga sazovorligini uqdirmoq kerak. To’g’ri, bu asar uchun yozilgan kirish so’zida Xoja Ahror faoliyatiga baho berishda hali tub o’zgarish bo’lgani kamroq seziladi. Lekin unda qayd qilingan hujjatlarning nashri, Xoja Ahrorga bag’ishlangan manoqib va maqomotlarning tavsifi asarning qiymatini belgilaydigan fazilatlardan hisoblanadi.
Shuni eslatish lozimki, mamlakatimizda o’tgan asrning 15—70-yillari davomida Xoja Ahror haqida yuqorida ko’rilgan yo’nalish — uning faoliyatini iloji boricha qoralashga intilish davom etayotgan bir vaqtda xorijiy Sharq va G’arb mamlakatlarining allomalari tariximiz sahifalarini, jumladan, Xoja Ahror faoliyatini yoritayotganda xolisona yondashishga amal qilgan ko’rinadilar. Masalan, sharqshunoslikda katta e’tibor qozongan «Fors adabiyoti» asarining muallifi ingliz sharqshunosi Charlz Ambrouz Stori Xoja Ahrorni «yirik vali Ubaydulloh Ahror» tarzida eslatib o’tgan. Chex olimi Feliks Tauer esa «Xoja Ahror nomi bilan mashhur bo’lgan Nosiriddin Ubaydulloh ibn Mahmud Shoshiy Turkistonning shuhratli mash’ali (azizu avliyosi), naqshbandiya tariqatining shayxidir» deb baholagan. Afg’onistonning taniqli olimi Abdulxay Habibiy o’zining 1965 yili e’lon qilingan «Komiy tariqati» maqolasida Xoja Ahror haqida shunday yozgan edi: «Sa’diddin Qoshg’ariy va Xoja Ahror o’z asrining buyuk ruhoniy peshvolari edilar... Xoja Ahror o’shal zotki, Movarounnahrda shuhrat va shohona buyuklikka ega bo’lib, Abdurahmon Jomiy to’rt marta uning bilan muloqot qilishga otlangan edi. Xoja Ahror faqirlik kiyimida shohona tantana sohibi edi, uning tadbir-choralari tufayli faqirlik (faqr) shohona kiygandi.

Chu faqr andar qaboi shohi omad,
Ba tadbiri Ubaydullohy omad».

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:00:18

Nihoyat, Xoja Ahror va uning faoliyatiga baho berishga tub o’zgarish yasash lozimligi jihatidan o’tgan asr 80-yillarning o’rtasida professor A.N. Boldirevning maqolasi xotimasida Xoja Ahrorning faoliyatiga hamda naqshbandiya tariqatiga (umuman sufiyaga) mavjud qarashlarni xolisona qayta ko’rib chiqishga to’la asos bor, Deyilgan mazkur satrlar muallifining bu masalaga murojaat etishiga bois bo’lgan omillardan biridir. Chunki XV asr ilmiy, adabiy va madaniy hayoti bilan uzoq yillar shug’ullanib kelish, tolibi ilmlarga ma’ruza o’qish jarayonida bu masala hamma vaqt ko’ndalang bo’lib turar va uni xolisona yoritish zarurligi ehtiyoji hamma vaqt Sezilardi. Ikkinchi tomondan, bu mavzuga murojaat etishga turtki bo’lgan omillardan biri 1989 yili 91 yoshli donishmand otaxon Abdulhamid Po’lodiy menga o’z shaxsiy kutubxonalaridagi bir kitobni hadya qila turib, shunday deb aytganlari ham bo’ldi: Men bu kitobni faqat o’qish uchun taqdim etayotganim yo’q. Asosiy maqsadim va iltimosim ham shundan iboratki, shu kitobda so’z borgan zot haqida yozsangiz. Men sizning bu zot bilan qiziqib yurganingizni bilganim uchun ham shunday Deyapman.
Kitobni olar ekanman, uning nomi, kimga bag’ishlanganini bilmasdim. Muhtaram otaxonning so’zlari esa, meni kitobni Tezroq ochib ko’rishga undar va unga bo’lgan qiziqishimni orttirardi. Bu kayfiyatimni sezgan otaxon shunday Dedilar: Bu kitob Xoja Ahrori Vali haqida yozilgan «Silsilat ul-orifin»dir. Buni eshitgach, ancha tinchlandim. Chunki Xoja Ahror va u kishiga bag’ishlangan asarlar haqida bundan oldin A. Po’lodiy bilan bo’lgan ko’pgina suhbatlarda so’z borgan edi.
Kitobni mutolaa qilishga kirishdimu, A. Po’lodiyning naqadar mas’uliyatli vazifani oldimga qo’yganlarini his eta boshladim. Chunki Xoja Ahror va uning faoliyati haqidagi qarama-qarshi tushunchalar va nuqtai nazarlar mavjudligini, eng donishmand olimu adiblarning bu mavzuga qo’l urib turli xildagi asarlarni yozganliklarini ham bilardim. Ana shunda hazrat Mir Alisher Navoiyning «emas oson bu maydon ichra turmoq» degan misralari xayolimdan ham o’tdi. Ha, bu sohada mo’’tabar Xoja Ahror hazratlari ruhlaridan ijozat so’ramoq va madad istamoq niyatida ul zotning nurli maqbaralarini ziyorat qildim, so’ngra Buxoroi sharifga borib, hazrat Bahovuddin Naqshband oromgohlarini tavof etdim. Nihoyat Samarqand viloyati ro’znomasi «Ovozi Samarqand» muharririyatining topshiruviga ko’ra bu mavzuda bir maqola yozishga kirishim. Ammo aytiladigan gaplar bir maqola hajmiga sig’madi, u Kengayib Ketdi. Shunday bo’lsa-da, ro’znoma muharririyati uni 1990 yilning sentyabr-Dekabr oylari davomida o’n to’qqiz sonida e’lon qildi. Bu maqola jumhuriyat ro’znomasi «Ovozi tojik» («Haqiqati O’zBekiston») muharririyatining diqqatini ham o’ziga tortgan ekan, maqolaning tahrir qilingan nusxasini, 1991 yil 3—10 yanvar sonlarida e’lon qildi.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:00:58

Natijada maqola bilan tanishuv doirasi Kengaydi. Faqat viloyat, Respublika mushtariylarigina emas, balki qardosh Respublikalardagi muxlislar ham uning bilan tanishdilar. Eng muhimi, maqola haqida ularning taassurotlari, fikri, ya’ni uni davom ettirib, risola holiga Keltirish kabi takliflar Menga ma’lum bo’ldi. Bu esa mening uchun muhim bir dalda edi. Yana bir muhim tomoni va meni bu ishga dadillashtirgan omil «Muloqot» oynomasi muharririyatining shu mavzuda maqola yozishni taklif qilgani bo’ldi. Bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qilib, maqolani yozdim va oynomaning 1991 yil 3-4 sonlarida nashr ettirildi. Shuni eslatish lozimki, «Ovozi Samarqand» hamda «Ovozi tojik» («Haqiqati O’zBekiston») ro’znomalarida bosilgan maqola tojik tilida yozilgan edi. «Muloqot» oynomasi uchun esa, o’zbek tilida yozildi. Demak, ikki tilda so’zlashuvchi muxlislar bu ishni ma’qullagan ekanlar, endi risolani yozish mumkinligiga qat’iy ishonch hosil qilindi. Bu o’rinda shuni eslatish lozimki, keyingi vaqtda Xoja Ahror haqida respublikamiz matbuotida, jumladan, Samarqand viloyat ro’znomalari «Zarafshon» («Lenin yo’li»)da M.Mahmudov (1990 y. avgust), X.Barakayev (1990 y. 29-30 noyabr, 1 Dekabr) «Ovozi Samarqand»da X.Bahromov (1990 y. 30 oktyabr), «O’zbekiston adabiyoti va san’ati» haftanomasida Ye.berezikov (1990 y. 25 yanvar), «Guliston» oynomasida K.Kattayev (1991 y. 3-son), «Sirli olam» oynomasida M.Mahmudov (1991 y. 3-son)larning maqolalari ham nashr ettirildi. Turli xarakterdagi bu maqolalardagi umumiy ruh Xoja Ahrorga xolisona baho berishdan iboratdir.
Shunday qilib, muhtaram o’quvchilar diqqatiga taqdim etilayotgan ushbu risola maydonga keldi. Ammo u kamchiliklardan xoli emas. Chunki biz Xoja Ahror haqidagi hamma manbalarni ko’rib chiqdik, Deya olmaymiz. Shunday bo’lsada, jur’at etdik va buning uchun kaminani ma’zur tutgaysiz. Maqsadimiz bu mo’’tabar zot haqida ozmi-ko’pmi ma’lumot berish va uni tanishga da’vat etishdan iboratdir, xolos. Vallohu a’lam bissavob!

Qayd etilgan