Hurufiylarning bu masalaga doir tushunchalari va munosabatini Ozarbayjonning taniqli allomasi Hamid Arasli shunday izohlagan edi: «Hurufiylik ta’limotiga ko’ra, olam ikkitadir: biri ko’rayotganimiz koinot, ikkinchisi esa inson. Birinchi olamda Quyosh, Oy, yulduzlar, butun samo, Yer yuzi - o’rmonlar, tog’lar, daryolar, dengizlar joylashgan. Ikkinchi olamda, ya’ni insonda butun obyektiv borliq o’z aksini topgandir. Hurufiylar Qur’on oyatlaridan kelib chiqib, Quyoshning, Oyning inson istagi bilan aylanishini da’vo qiladilar. Insonning tashqi olamida esa Quyoshning, Oyning va butun samo jismlarining mavjud ekanligiga inonadilar... Hurufiylar ayni zamonda Ollohning go’zal inson yuzida tajassum etishligini, yaratilish sirining so’zda ekanligini, so’z harflar bilan ifoda etilishini, harflar esa inson yuzida joylashganini da’vo qiladilar. Shuning uchun koinotning butun sirlarini insonni o’rganish yo’llari bilan izohlaydilar.
Diqqatga sazovor joyi shundaki, Xoja Ahror yashagan davrda, xususan, XV asrning birinchi yarmida Samarqandda ham, Hirotda ham bu falsafiy yo’nalish, ya’ni hurufiya naqshbandiya bilan birgalikda mavjud edi. Bunga qo’shimcha tarzda shuni ham eslatish joizki, hurufiyaning asoschilaridan bo’lmish Fazlulloh Naimiy va uning o’g’illari ham Samarqandda bo’lib, hurufiya, uning mohiyati va xususiyatlari to’g’risida mulohaza bildirganlar, hatto Mirzo Ulug’bek ham bu yo’nalish bilan qiziqib qolgan ekan (Z.A.Kulizade, Mirovozzreniye Kasimi Anvara, Baku, 1976). Bu yo’nalishga mansub deb bilingan mashhur Said Qosim bilan esa Xoja Ahrori Vali birinchi marta Samarqandda uchrashib, uning suhbatlaridan bahramand bo’lgan edi (bu haqda keyinchalik batafsil to’xtalamiz).
Movarounnahr va Xurosonda naqshbandiya asoschilaridan Bahovuddin Muhammad ibn Muhammad al-Buxoriy Naqshbandiy (1318—1389)ning Muhammad Porso, Ya’qub Charxiy kabi shogirdlari, Sa’diddin Qoshg’ariy, Shayx Attor Samarqandiy, Xoja Ahrori Vali kabi namoyandalari ham o’z asarlarida va suhbatlarida insonning o’zligini tanish lozimligini, faqirlikni fuqaro uchun xizmat qilish, zulm va adolatsizlikka qarshi kurash vositasi deb hisoblashni targ’ib qiladilar. Jumladan, Muhammad Porso shunday degan ekan:
Tu o’ nashavy valekin ar jahd kuni,
Joye birasy, k-az tu to’i barxezad