Mazmuni: Xoja va uning suhbatdoshlari uzuk va unga qadalgan ko’zga o’xshaydilar, go’yo malikalar yig’inida falak xizmatlariga Bel bog’lab turgandek. Agar nafsga berilish tufayli ko’ngli o’lik mingta kishi bu manzil yaqinidan o’tsa, ularning ko’ngillari tiriladi. Men ul hazratning xizmatida bo’lgan baxtli damlarni har vaqt eslayman, chunki men ul kishi atrofida, parvonadek aylanib, har kuni ularning sifatlaridan qatra-qatra bahramand bo’lardim.
Bundan ravshan bo’ladiki, Xoja Ahror «nafsga berilish tufayli o’lgan qalblarni tiriltiruvchi» sifatiga ega bo’lar ekan, kishilarning nafsga, mol-mulkka, boylikka va amalga berilish natijasida ma’naviy jihatdan qashshoqlanishi, ko’ngilning o’lishini nazarda tutib, ularni ana shu holatdan xalos qilish — ma’naviy jihatdan kamolga erishtirishni, Haq taoloni ko’nglida jo qilib, yaramas o’y-xayollardan qutilish va olijanob niyatlar manzilgohiga aylantirib, insonlarda insoniylikni tiriltirish — uyg’otishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan. Ana shu maqsad yo’lida butun umri davomida faoliyat ko’rsatdi va obro’-e’tibor qozondi. Xoja Ahrorning yoshlik davri o’qish va tabarruk joylarni ziyorat qilish bilangina o’tgan emas. Shuning bilan birga, u ro’zg’or va dehqonchilik ishlariga ko’maklashgan, mehnat ham qilgan. Bu haqda o’zi shunday hikoya qiladi: «Avvallari otamning ekin yerlari Kelesda edi. Bir vaqt g’alla o’rilgach, bir turk orqali uni uyga jo’natdilar. Men g’allani joylashtirish bilan bandligim vaqtida g’alla olib kelgan turk bo’shatilgan qoplarni olib, jo’nab qopti. Birdan uning ketib qolishini sezib, Menda kuchli bir iztirob yuz berdi. Chunki men u kishiga mulozamat qila olmay, minnatdorchilik bildirmay qolgan edim. Bu holat meni qiynadi. G’allani shunday qoldirdimda, uni axtarib ketdim. Men uni shahar yo’lining yarmida uchratdim. Men unga uzrlar aytib, Kechirishni so’radim, toki shu munosabat bilan Haq taolo menga rahm qilib, ishlarim yurishib Ketsa. Ul turk mening harakatlarimni ko’rib, iltimosimni eshitib taajjublandi va aytdi: sen turk mashoyixlari aytganlari kabi, ya’ni «har kim ko’rsang Xizr bil va har tun ko’rsang qadr bil» amal qilmoqdasan. Chunki Men bir oddiy kishiman va hatto zaruratdagina qo’l-betimni yuvaman. Men o’zimning kimligimni ham bilmayman. Shunga qaramasdan mening iltimoslarimni eshitib, unda bir kayfiyat uyg’onib, qo’l ko’tarib mening haqimda duo qildi. Men uning duolaridan o’zimda yengillik sezdim».
Bu hikoya Xoja Ahror yoshligidan boshlab, har kimda o’ziga xos fazilat bor, uning hurmatini, albatta, joyiga keltirmoq lozim, degan tushuncha bilan yashaganligini ko’rsatadi. Bu esa nihoyatda muhim bo’lib, oddiy mehnatkash kishilarni hamisha ulug’lash va kishining o’zi ham kamtar bo’lishi kerakligi g’oyasi bilan sug’orilgandir.