Xoja Ubaydulloh orttirgan ko’pgina boyliklarini xalqqa solingan ortiqcha soliqlarni to’lashga, madrasa, xonaqoh, masjid va boshqa xildagi imoratlarni qurdirishga sarfladi. Misol uchun, Umarshayx mirzo Shosh — Toshkand aholisidan 250000 dinor hajmidagi soliqni talab qilganda, Xoja Ubaydulloh bu mablag’ning hammasini o’zi to’labgina qolmay, balki unga qo’shimcha ravishda 70000 dinorni ham soliq to’plovchilarga to’lagan. Bundan tashqari, u o’zi qurdirgan madrasa, masjid, xonaqohlarni ta’mirlash, u yerda ishlovchi va yashovchilar, mudarris va tolibi ilmlarni moddiy jihatdan ta’minlash maqsadida ko’pgina yer va mol-mulkni vaqf qildirgan edi. Bu vaqflarning soni va maqsadi haqida Xoja Ubaydullohning o’zi shunday deb aytgan.
«(Xoja Ubaydulloh) aytur erdilarki, qurdirilgan imoratlarda istiqomat qiluvchilarni ta’minlash uchun 254 vaqf qilingan. Bundan maqsad shuki, biz hayot ekanmiz, birodarlarimiz tirikchilik tashvishini tortmasinlar. Bizdan so’ng ham bu vaqflarning daromadi o’shalarga mo’ljallanadi. Shunisi ham borki, vaqf qilingan joylardan olinadigan daromadlarni yeyish va ichish bilan qanoatlanib qolmay, balki xojagon tariqati sirlarini ham chuqur o’rganib, bir-birini bahramand etsalar, toki g’ayb olami (bilinmagan olam) asroridan fayz topsalar».
Olima O.D. Chexovichning yozishicha, Xoja Ubaydulloh ba’zan Movarounnahr hokimi Sulton Ahmad mirzoga ham ma’lum mablag’ni, jumladan, o’n ming kumush tangani jo’natgan.
Ko’rinadiki, Xoja Ubaydullohga qarashli bo’lgan mol-mulk, yer va turli joylardan olinadigan daromad asosan xayrli ishlarga sarf qilingan.
Muhammad Qozi tomonidan keltirilgan bir lavha juda qiziq hodisadan guvohlik beradi. «Hazrat mol-mulklarining barchasi fuqaro uchun sarflanardi, ba’zan esa xarajat daromaddan ko’p bo’lar va yilning oxirida qarzdor bo’lib qolardilar».
Bunday e’tirof Xoja Ubaydullohning hisobsiz mol-mulki, boyligi haqidagi rivoyatlarga oqilona tarzda munosabatda bo’lishni taqozo etadi.
Aytilganlardan ma’lumki, Xoja Ubaydulloh ta’sir doirasining kengayib, shuhrat qozonishi bejiz bo’lmagan, shu tufayli turli tabaqa vakillari unga ishonganlar va undan madad istaganlar. Bu hol o’sha davr hokimlarini Xoja Ubaydulloh bilan hisoblashishga majbur etgan ko’rinadi. Shundan bo’lsa kerakki, Xoja Ubaydulloh davrining turli sultonlari bilan bevosita munosabatda bo’lgan, ularga nasihatomuz so’zlar yoki hikoyalar ayta olgan. Masalan, kimga, qaysi sultonga qaratilgani aniq eslatilmagan bo’lsa-da, uning shunday yozgani ibratlidir: «Tashqi va ma’naviy saodatning boisi shariat qonun-qoidalariga rioya qilishdan iboratdir. Agar dushmanlik va Kelishmovchilik bo’lsa, hech narsa bo’lmaydi. Xotimaning go’zalligi va rohatning boqiyligi qonun-qoidaga amal qilishdandir. Sabr qilmoqdan o’zga chora yo’qdir. Haq subhonahu bandalarini ranjitmasligingiz munosib ko’rinadi».
Mazkur xatning qanday munosabat bilan, qachon maydonga kelgani ham aniq emas, ammo eng muhimi unda sultonni shariat qonun-qoidalaridan Chetga chiqmaslik, dushmanlik va kelishmovchilikni yuzaga keltirmaslik va, nihoyat, Olloh bandalari — fuqaroni ranjitmaslikka da’vat qilganidir. Bundan kelib chiqadigan yana bir xulosa shundan iboratki, qonun oldida shoh ham, faqir ham teng ekanligiga ishora qilinmoqda. Bu esa ma’lum darajada sultonlarning o’zboshimchaligi yoki qonun-qoidani pisand qilmasligining oldini olishga qaratilgan.