«Ushbu tariq bila qor tepib, yo’l qilib, — deb davom ettiradi Bobur, — Injukon yerdin uch-to’rt kunda ko’tali Zarrinning tubiga havoli Qutiy degan havolga Kelduk. Ushbu kun g’arib chopqun bila qor yog’ar edi. Andog’kim, borchaga o’lim vahmi bo’ldi. Ul el tog’dag’i g’or va kovoklarni havol derlar. Bu havolga yetganda chopqun behad tez bo’ldi. Ushbu havol qoshida o’q tushildi. Qor uluq, yo’l yakraha, Tepilgan, bosilgan yo’l bila ham ot baxiyla (zo’rg’a) boradur. Kunlar g’oyat qisqalikka ilgarigi kishi yorug’ choqda havol oldiga keldilar, namozishom, nomozi xuftangacha el kela qoldi. Andin so’ngra kelgan yerda-o’q tushti. Ko’p el ot ustida-o’q tong otturdi. Havol torroq ko’rindi, men havolning og’zida kurak olib, qor kurab, o’zimga bir takiya miqdorda yer yasadim. Qorni kukusgacha qozdum, hanuz yerga yetmaydur edi. Bir nima yelga panoh bo’ldi, o’shanda-o’q o’tirdim. Har necha dedilarkim, havolga boring, bormadim. Ko’ngulga kechdikim, barcha el qorda va istirohat bila munda. Barcha ulus tashvish bila mashaqqatda men munda uyqu bilan farog’atda muruvvatdin yiroq va hamjihatlikdan qiroq ishdur. Men ham har tashvish va mashaqqat bo’lsa, ko’rayin, har Nechuk el toqat qilib tursa, turayin. Bir forsiy masal bor: «Marg bo yoron sur ast» (do’stlar bilan o’lmoq to’ydir). O’shondoq chopqunda qozg’on, yasog’on chuqurda o’lturdim, namozi huftongacha qor oncha chopqunlab yog’dikim, Men engashib o’lturub edim, orqamg’a va boshimg’a va quloqlarimning ustiga to’rt enlik qor bor edi. O’shul Kecha qulog’imga sovuq ta’sir qildi» («Boburnoma», Toshkent, 1960, 257-258-betlar).
Xuddi mana shu fazilat o’zini el qatori bilish, el bilan birga bo’lish podshoh Boburning olijanob fazilat sohibi ekanidan ham uning lashkari va atrofidagilariga unga nisbatan hurmat va ehtiromni ham yuzaga keltirgan.
Demak, Xoja hazratlariga muxlis bo’lib, uning fazilatlaridan ibrat olgan kishilar pand yemaganlar.
Xoja hazratlarining odatlaridan biri shundan iborat ediki, ul kishi o’z kashfiyot va karomatlarini «tushda shunday ko’rdim» deb bayon etardilar. Bu kashfiyot va karomatlar esa Xoja hazratlarining voqealarni sinchiklab kuzatib borgani, ularni mantiqiy jihatdan tahlil qilgani va ma’lum bir xulosaga kelgani natijasida maydonga kelgan bo’lib, ular hazratning mushohada va muhokama qobiliyatining kuchliligidan dalolat beradi. «Tushda ko’rmoq» esa ularni bayon etish vositasi sifatida qo’llanib, kashfiyot va karomatlarning g’ayb olami asrori qirralarining ko’rinishi tarzida talqin etilgan. Albatta, voqealarning sodir bo’lishini oldindan kashf karomat qilish ruhiy olamning, ruhiy holatning hali butunlayicha tadqiq etilgan sohasi deb bo’lmaydi.