Buyuk ma'naviy murshid Xoja Ahror Valiy  ( 83492 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 15 B


Ansora  22 Aprel 2010, 13:22:53

Xoja hazratlarining yoshi ulg’ayaVergach, salomatligi susayib borar, ba’zan kasallanib qolardi. Bir marta qattiq kasallanishi va tuzalishi voqeasi Muhammad Qozining «Silsilat ul-orifin»ida shunday hikoya qilingan:
«Avvalgi marta kasal bo’lib qolganlarida bu kitob tuzguvchini (Muhammad Qozini) tabib olib kelish uchun Hirotga jo’natdilar. Bu vaqtda Xoja hazratlarining shogirdi mavlono Qosim tirik edi va Menga qarab, Tezda borib kelishim shartligini alohida tayinlagan edi. Men tabibni keltirganimda mavlono Qosim olamdan o’tgan edilar. mening Samarqanddan Hirotga borib kelishim uchun esa hammasi bo’lib o’ttiz besh kun vaqt o’tgan edi, xolos. Men Xoja hazratlaridan mavlono Qosimning vafoti sabablarini so’radim. Xoja hazratlari aytdilar: Mavlono Qosim bir kun mening huzurimga kirib, «men o’zimni sizga fido qildim», — deb aytdi. Men aytdim: Qosim, sen faqir kishisan, ko’pgina kishilar Sening qaramog’ingdalar, shuning uchun bunday qilma. Shunda mavlono Qosim aytdi: Men bu ishda siz bilan maslahatlashmoq uchun kelganim yo’q, bu ishni qildim va Haq subhonahu uni qabul etdi. Men qancha gapirsam ham u boshqa hech narsa demadi. Ertasi kuni Xoja hazratlarining kasallari mavlono Qosimga o’tib, olamdan o’tibdi. Shundan so’ng Xoja hazratlari tuzalib, salomatliklari ham mustahkamlandi. Ayrim do’stlar aytdilarki, mavlono Qosim 891 yil zulhijja oyining oltinchi kuni (1486 yil, 3 Dekabr kuni) - dushanba kuni namozi digarning oxirida olamdan ko’z yumdi. Shu kunning namozi shomida Xoja hazratlari huzuriga kirdim, ul hazrat bu voqea munosabati bilan nihoyat ayturdilar va mavlono Qosimning olijanob fazilatlaridan ko’p gapirdilar. Aytdilarki, Qosim tengi yo’q ma’naviy boylik edi».
Mavlono Qosim o’zining olijanob fazilatlari bilan ko’pchilikka ma’lum va mashhur edi. Hatto Alisher Navoiy ham uning bilan tanishgan va uning haqida yaxshi taassurotda edi. Shuning uchun u o’zining «Nasoyim ul-muhabbat» asarida mavlono Qosim haqida samimiyat bilan quyidagilarni yozadi:
«Mavlono Qosim hazrati Xoja Ubaydullohning kibor (katta) ashobidindur (suhbatdoshlaridandir). Anjumanda hamdam va xilvatda mahram. Asli Farkat navohisidindur (nohiyasidandir). Ellik yilga yaqin ul hazrat xizmatin andoq qildikim, hargiz alarning muborak xotirlariga andin g’ayri muhabbat va iltifot voqye’ bo’lmadi va mavlono Qosimni salotin xizmatig’a ba’zi arbobi hojot muhimmoti uchun yiborur erdilar va salotin istiqbol qilib, ta’zim bila o’lturtib, har ne alar ul Hazratdin risolat (xabar) qilsalar erdi, minnat tutib, hamul nav’ e’zoz bila uzoturlar erdi.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:23:03

Va mavlono ul nav’ foniy va maqbul kishi erdikim, ani ko’rgan kishi giriftor (maftun) bo’lur erdi. Ul jumladin biri bu faqirdurkim (Alisher Navoiydirki), alarni ul hazrat musulmonlar maslahati uchun Movarounnahrdin Xurosonga risolat (elchi) rasmi bila yiborib erdilar va bu faqir (Alisher Navoiy) hamul kelganlarida ko’rub, alarning volihi (shaydosi) bo’lib erdi. Ul ishni yasab (bajarib), azim e’zoz va ikromlar topib bordilar.
Alarning yoshi yetmishdan o’tib erdi. Olamdin o’tganlari bu nav’ erdikim, hazrati Xojaning azim za’flari (kasali) bor erdi va so’l yonlarida bir sanchiq emishki atibbo (tabiblar) va xalq hayotlaridin tama’ munqate’ (umid uzgan) qilgan emishlar. Mavlono ul holni ko’rub andoqki xojalar xonavodasi ba’zi dilxoh elning marizining yuki ostig’a kirib, ul yukni ko’tarib, mariz sihhat topar va ul kishi ul marizni qabul qilib, og’riq yuki ostig’a kirib, hazrati Xoja ham ul vaqt sihhat topibdur, mavlono ham ul so’l yoniga hamul sanchig’ turub, bir hafta hamul marizg’a giriftor bo’lub, jonlarin Xojalarig’a fido qildilar. Bir kun faqir (Navoiy) hazrati maxdumiy Nuran (Jomiy) xizmatlarida erdim va Xojai buzurgvor ashobidin so’z o’tar erdi. Faqir ul hazratdin savol qildimkim, alarning ashobidin irshodi bila muvofiq suluk qilib, faqir tariqida martaba hosil qilg’on va fano rasmida yorug’luq topib, o’zluk zulmatidin xalos bo’lg’on ulki sizni muborak xotiringizga zohirdur, kimlar erkin? Alar dedilarkim, barcha bu tariqda yaxshi suluk darveshlar qilibdurlar. Ammo biz mavlono Qosimni bag’oyat vorasta (kamolga erishgan, namuna bo’la oladigan) kishi topibmiz».
Ko’rinadiki, Alisher Navoiy Xoja Ubaydullohning sodiq shogirdlaridan bo’lmish mavlono Qosim, uning tarjimai holi, fazilatlari, Xoja hazratlari huzuridagi hamda boshqalar nazdidagi mavqyei haqida juda noyob ma’lumotlarni Keltirib, o’zining bu shaxs bilan uchrashgani to’g’risida alohida mamnuniyat bilan xabar qiladi.
Xoja hazratlari umrining oxirida so’nggi marta o’zi tug’ilgan va ulg’aygan Shosh — Toshkandga boradi. Bu galdagi sayohatning tasviri va Toshkanddagi ishlari haqida uning bilan birga bo’lgan Muhammad Qozi shunday hikoya qiladi:
«Oxirgi marta Toshkandga bordilar-da, shundan so’ng olamdan ko’z yumdilar (agar bu e’tirofni hisobga olsak, unda bu safar 1489 yilning ikkinchi yarmida sodir bo’lgan ko’rinadi).

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:23:14

Toshkandda ekanimizda bir kuni meni — Muhammad Qozini o’z huzurlariga chaqirib, aytdilar: oshxona ishlari bilan shug’ullanuvchi mavlono Lutfullohni muhim bir ish bilan Samarqandga yubordik. Endi oshxona ishlari — oshpazlik sening zimmangda bo’ladi va umrim oxirida istardimki, ota-bobolarimiz mozorida Turkistonning och-yalong’ochlarini ovqat bilan ta’minlasam, chunki bu zamonda Turkistonda qahatlik bo’lganligi sabab Beva-Bechoralarning ahvoli nihoyatda og’irdir. Bu ishni Sen bajarasanmi yoki o’zim qilaymi? Men bu ishni bajarishga va’da berdim. Har kuni yettita qo’y so’yilar, yetti yuzta non yopilardi. Men ularning hammasini o’z qo’lim bilan fuqaroga tarqatar edim. Buning ustiga Toshkand atrofidagi qishloqlarda yetishtirilib, sotilmayotgan qovunlarni ham shunday tarqatishga to’g’ri kelardi. Ish shu qadar ko’payib Ketdiki, ramazon oyida Xoja hazratlari saharlikka turganlari vaqtidagina men biror-bir taom yeyishga ulgura olar edim, xolos. Bir Kechasi oldimga non va go’shtni qo’yib, Sening ovqating shu bo’lsa, qayerga ham bora olarding, degan fikr ko’nglimdan o’tdi. Shu vaqtda birov kelib, seni Xoja hazratlari ko’rmoqchilar, dedi. Men hozirgina — noxush xayolga borganim Xoja hazratlariga ma’lum bo’libdi-da, Dedimda tavba qilib, hazrat huzuriga bordim. Tahorat qilayotgan ekanlar, meni ko’rib aytdilar: Bilasanmi, xojagon tariqatining ulug’lari xizmat qilishi mumkin bo’lganlarga umid bilan qaraganlar. Chunki kimki xizmat va g’ayrat qilsa, xususan, jamoat uchun xizmat qiluvchi bo’lsa va uning xizmatidan boshqalar manfaat ko’rsa, undaylarga olam ul-g’aybdan ko’p fayzlar yetgay. Kimki jamoat manfaatlari uchun xizmat qilib, olam ul-g’ayb fayziga musharraf bo’lgan bo’lsa, bunday kishi saodatli-baxtli kishidir. Bu gapni eshitib, ko’nglimdan o’tgan noxush xayollarimdan pushaymon bo’ldim va shundan so’ng har qancha xizmat qilsa ham oz ekanligiga ishonch hosil qildim».
Bunday xususiyat, ya’ni insonlarga xizmat qilish Xoja hazratlari faoliyatining asosiy mag’zini tashkil etgani uchun ham hamma joyda va hamma vaqt masalalarga shu nuqtai nazaridan yondashdilar. Xoja hazratlari quyidagi baytni yoddan o’qurdilar, deb eslaydi Muhammad Qozi:

Himmat turo ba kungurai kibriyo kashad.-
In saqfi xohro Beh az in nordbon maxoh.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:23:47

Mazmuni: himmat seni falakning yuqori pog’onasiga ko’taradi. Bu baland dunyo — osmonga chiqmoqni xohlasang, bundan (himmatdan) yaxshiroq norvon bo’lmas.
Kimning qalamiga mansubligi noma’lum bo’lgan bu baytni o’qiyotganda Xoja hazratlari o’z aqidalaridan kelib chiqib, Sharq adabnyotshunosligida daxliya deb ataladigan san’atni qo’llab, birinchi misra avvalidagi «himmat» so’zini, Men «xizmat» so’zi bilan almashtiraman va shunday o’qiyman, der ekanlar:

Xizmat turo ba kungurai kibriyo kashad, -

Ya’ni xizmat-seni falakning yuqori pog’onasiga ko’taradi. Boshqacha qilib aytganda, obro’-e’tiboringni oshiradi. Shundan kelib chiqib ikkinchi misra sharhlansa unda «bu baland osmonga (obro’-e’tibor, hurmatga) chiqmoqchi bo’lsang, xizmat qilishdan yaxshiroq norvon bo’lmas» degan ma’no kelib chiqadi. Xoja hazratlarining daxliyasi natijasida bayt mazmuni bizning zamonamiz uchun muvofiqligi ham o’z-o’zidan ayondir.
Yoshning ulug’ligi, xastalik Xoja hazratlarini urintirib qo’ygan edi. Natijada ancha ozib ham qolgan edi. Bu haqda mavlono Lutfulloh shunday deydi: «Samarqandning mashhur mahallalaridan bo’lmish Xoja Kashfiy mahallasidagi uylariga bordim. Havo issiq edi. Xoja hazratlari ichki ko’ylak bilan tashqariga chiqdilar. Men Xoja hazratlarining anchagina ozib qolganlarini shunda ko’rdim"¦ Shunday bo’lsa-da, bu jussada katta ma’naviy kuch bor edi».
Xoja hazratlari hijriy hisobda 89 yilu yetti oy umr ko’rganlar. Bu haqda o’zlari «agar yana besh oy yashash nasib qilsa, 90 yoshga kirurmiz», degan ekanlar. Xoja hazratlari sakson to’qqiz kun kasal yotgach, Kamongaronda hijriy 895 yilning rabe’ ul-avval oyining yigirma to’qqizinchi kuni — shanba kuni kechasi, ya’ni 1490 Melodiy yilning 21 fevralida vafot etganlar. Bu voqeaning guvohi bo’lgan Muhammad Qozining yozishicha, Xoja hazratlari o’sha kuni namozi xuftondan ozgina o’tganda olamdan ko’z yumganlar. Bundan oldinroq esa, ya’ni kunning namozi peshin vaqtida yer qattiq va baland ovoz bilan qimirlagan. Bu hodisadan Xoja hazratlari ruhiyatida o’zgarish paydo bo’lib, darhol o’z avlodlari va suhbatdoshlaridan ayrimlarini chaqirib, ular bilan vidolashgan ekanlar. Xoja hazratlarining tabarruk jasadi Kamongarondan Xoja Kafshiy mahallasiga keltirilib, shu yerning mazorotida dafn etilgan. Qabri ustiga katta san’atkorlik bilan ishlangan yodgorlik toshi o’rnatilgan. keyinchalik uning atrofida avlodi va muxlislari dafn etilgan. Shundan so’ng Xoja Kafshiy mahallasining bu qismi Xoja Ahror nomi bilan atalgan .

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:23:56

Xoja hazratlari umri davomida Kamongaron mavzeiga ko’p borardi, chunki u yerda uning bog’lari va tabiiyki, yashaydigan imoratlari ham bo’lgan. Shuni nazarda tutib, hozirgi Kamongaronda ulardan biror iz bormikan, degan masalani aniqlash maqsadida Nizomxon va Imomxon Salimovlar bilan Kamongaronda bo’ldik. Shuni qayd qilish kerakki, Kamongaronliklar Xoja hazratlarini juda hurmat qilar ekanlar. Shuning uchun eski qabristonda Xoja Ahror nomi bilan atalgan masjidni aholining tashabbusi va hashari bilan ta’mir qilib, qabristonda gumbazli maqbara ham qurmoqda edilar. Ko’pgina rivoyatni ham hikoya qilishdi. Biz bunda Xoja hazratlari bog’i yoki undagi imoratlarining aniq joyi va izlarini aniqlay olmadik. Buning uchun: mutaxassislarning maxsus tekshiruvlari lozim degan fikrga keldik.
Xoja hazratlari uylangan bo’lib, o’g’il va qiz farzandlari bor edi. Ulardan ikkitasi — Xoja Abdulloh va Xoja Yahyolar o’zidan iz qoldirganlardan bo’lib, otalari vafotidan, xususan, Samarqand hokimi Sulton Ahmad mirzo vafotidan so’ng Temuriy shahzodalar hamda Temuriylar va shayboniylarning toj-taxt uchun kurashlariga aralashib muvaffaqiyatsizlikka uchraydilar: Xoja Yahyo o’ldiriladi, Xoja Abdulloh esa Toshkandga ketadi. Xoja hazratlarining katta o’g’illari bo’lmish Xoja Abdulloh asosan ilmiy yo’nalishda ko’proq shug’ullangan bo’lsa, Xoja Yahyo esa otasining o’rinbosari bo’lish harakatida bo’lardi. Xoja hazratlarining farzandlaridan qolgan avlodning bir qismi hozir Xoja Ahror mavZeida yashaydi. Ammo olima O.A. Suxareva qayd qilganidek, ularning aniq yozilgan shajarasi hozircha noma’lum.
Shuni ham eslatish lozimki, Xoja hazratlari avlodi faqat naqshbandiya sohasidagina xizmat qilmay, balki ularning orasidan madaniyat, adabiyot va ilmning ko’pgina sohalari bo’yicha vakillar yetishib chiqqanki, bu haqda keyinroq to’xtalamiz.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:24:17

XOJA AHRORNING FAZILATLARI, MEROSI VA AQIDALARI

Xoja Ahror doim suhbatdoshlar bilan bo’lishni xohlar, shaxsan mehnat qilar, ota sifatida farzandlariga pand-nasihat berar, boshqalarning manfaatlarini o’zining manfaatlaridan ustun qo’yar edi. Aytilganlarning isboti uchun Xoja hazratlari hayotidan ayrim lavhalarni Keltirish maqsadga muvofiqdir.
«Bir kun Xoja hazratlari o’z yaqinlari bilan Dashti Abbosga bordilar, — deb yozadi Muhammad Qozi. U joylar shayx Abusa’id ekinzorlari bo’lib, ularning hosili pishib yetilgan edi. Shayx Abusa’id Xoja hazratlari huzuriga kelib doimo Mehmondorchilik qilardi. Bu orada pishib yetilgan hosilga qaramadi va o’z odamlarining ularni yig’ishtirishlariga ham ruxsat bermadi. Xoja hazratlari shayx Abusa’idga qarab: pishib yotgan hosilni yig’ishtirib oling, biz bilan bo’lib qolib, ular nobud bo’lmasin, deb aytsalar-da, shayx bunga e’tibor bermasdi. Bu haqda qanchalik gapirmasinlar, shayx Abusa’id indamasdi. Shundan so’ng Xoja hazratlari o’z yaqinlari bilan u yerdagi g’allani o’rib oldilar, uni yanchdilar va tayyor g’allani shayx Abusa’idga yubordilar. Xoja hazratlari aytdilarki, shayx Abusa’id juda boy emaski, hosilning nobud bo’lishi unga ta’sir qilmasa, ammo u bizga nisbatan odobni saqlab, biz bu yerdaligimiz vaqtida bu ishni amalga oshirishni lozim ko’rmadi».
Bu hayotiy lavha Xoja hazratlarinig shaxsiy fazilatlaridan birini — bevosita mehnat qilish hamda birovning manfaatini ko’zlash va uni xursand qilishga intilishni namoyon etadi.
Yoki, «Xoja hazratlari o’z yaqinlari bilan Kesh (Shahrisabz) tomon yo’l oldilar. Yo’lda dam olish niyatida chodir tikdilar. Namozi shomdan so’ng yomg’ir yog’a boshladi. Xoja xazratlari chodirdan chiqib, yaqinlarini chodirga kiritdilar. O’zlari esa tun bo’yi tashqarida yomg’ir ostida edilar. Ertalab bu holni ko’rgan suhbatdoshlari uning sababini so’raganlarida shunday dedilar: Yomg’ir yog’ayotganda biz chodirda bo’lib, do’stlarimizning tashqarida, yomg’irda bo’lishlaridan hijolatda qoldik».
Xoja hazratlari doimo aytib keladigani «har vaqt bir musulmon ko’nglidagi og’irlikni o’z zimmangga olishing kerak. O’zingning og’irligingni esa boshqalarga yuklamasliging kerak» degan fikrlariga bevosita amal qilganlari ko’zga tashlanadi. Shunisi diqqatga sazovorki, bunday fazilatga amal qilish, keyinchalik Xoja hazratlarining muxlislari bo’lmish Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburlarning faoliyatlarida ko’p marta uchraydi. Jumladan, Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma»sidagi mana bu tasvir aytilganlarga misol bo’la oladi. Bu voqea 1506 yilning qishida Hirotdan Qobulga yo’l olgan Zahiriddin Muhammad Bobur bilan sodir bo’lgan. Bobur o’z kishilari bilan tog’ orqali Kobulga borardi.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:24:31

«Ushbu tariq bila qor tepib, yo’l qilib, — deb davom ettiradi Bobur, — Injukon yerdin uch-to’rt kunda ko’tali Zarrinning tubiga havoli Qutiy degan havolga Kelduk. Ushbu kun g’arib chopqun bila qor yog’ar edi. Andog’kim, borchaga o’lim vahmi bo’ldi. Ul el tog’dag’i g’or va kovoklarni havol derlar. Bu havolga yetganda chopqun behad tez bo’ldi. Ushbu havol qoshida o’q tushildi. Qor uluq, yo’l yakraha, Tepilgan, bosilgan yo’l bila ham ot baxiyla (zo’rg’a) boradur. Kunlar g’oyat qisqalikka ilgarigi kishi yorug’ choqda havol oldiga keldilar, namozishom, nomozi xuftangacha el kela qoldi. Andin so’ngra kelgan yerda-o’q tushti. Ko’p el ot ustida-o’q tong otturdi. Havol torroq ko’rindi, men havolning og’zida kurak olib, qor kurab, o’zimga bir takiya miqdorda yer yasadim. Qorni kukusgacha qozdum, hanuz yerga yetmaydur edi. Bir nima yelga panoh bo’ldi, o’shanda-o’q o’tirdim. Har necha dedilarkim, havolga boring, bormadim. Ko’ngulga kechdikim, barcha el qorda va istirohat bila munda. Barcha ulus tashvish bila mashaqqatda men munda uyqu bilan farog’atda muruvvatdin yiroq va hamjihatlikdan qiroq ishdur. Men ham har tashvish va mashaqqat bo’lsa, ko’rayin, har Nechuk el toqat qilib tursa, turayin. Bir forsiy masal bor: «Marg bo yoron sur ast» (do’stlar bilan o’lmoq to’ydir). O’shondoq chopqunda qozg’on, yasog’on chuqurda o’lturdim, namozi huftongacha qor oncha chopqunlab yog’dikim, Men engashib o’lturub edim, orqamg’a va boshimg’a va quloqlarimning ustiga to’rt enlik qor bor edi. O’shul Kecha qulog’imga sovuq ta’sir qildi» («Boburnoma», Toshkent, 1960, 257-258-betlar).
Xuddi mana shu fazilat o’zini el qatori bilish, el bilan birga bo’lish podshoh Boburning olijanob fazilat sohibi ekanidan ham uning lashkari va atrofidagilariga unga nisbatan hurmat va ehtiromni ham yuzaga keltirgan.
Demak, Xoja hazratlariga muxlis bo’lib, uning fazilatlaridan ibrat olgan kishilar pand yemaganlar.
Xoja hazratlarining odatlaridan biri shundan iborat ediki, ul kishi o’z kashfiyot va karomatlarini «tushda shunday ko’rdim» deb bayon etardilar. Bu kashfiyot va karomatlar esa Xoja hazratlarining voqealarni sinchiklab kuzatib borgani, ularni mantiqiy jihatdan tahlil qilgani va ma’lum bir xulosaga kelgani natijasida maydonga kelgan bo’lib, ular hazratning mushohada va muhokama qobiliyatining kuchliligidan dalolat beradi. «Tushda ko’rmoq» esa ularni bayon etish vositasi sifatida qo’llanib, kashfiyot va karomatlarning g’ayb olami asrori qirralarining ko’rinishi tarzida talqin etilgan. Albatta, voqealarning sodir bo’lishini oldindan kashf karomat qilish ruhiy olamning, ruhiy holatning hali butunlayicha tadqiq etilgan sohasi deb bo’lmaydi.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:24:46

Uning butun nozikliklari, sirlarini ilmiy asosda o’rganish va yoritish ma’qul. Bu gap faqat Xoja hazratlari faoliyati bilan bog’liq bo’lib qolmay, balki Yer kurrasining turli mintaqalarida, turli davrda va hozir ham bo’lgan bunday hodisa va shaxslarga ham Tegishlidir. Xoja hazratlarining fazilatlaridan so’z Ketar ekan yana bir holni nazarda tutmoq lozim. U ham bo’lsa, Xoja hazratlari naqshbandiya tariqati namoyandalarining udumiga ko’ra, har xil mazhab va dinga e’tiqod qilguvchilarni hurmat qilardilar va ulardan fuqaro manfaatlari va adolat yo’lida o’rganishi mumkin bo’lgan narsalarni o’zlashtirishga tarafdor edilar. Shu jihatdan Xoja hazratlarining quyidagicha aytganlari diqqatga sazovordir: «Bu tariqat donishmandlari so’zlaridagi xatoliklarni to’g’ri ko’rsata olgan kishi kofir bo’lganida ham Men boshimni oyoq qilib, uning huzuriga boraman, suhbatida bo’laman, uning kofirligini hech vaqt xotiramga ham Keltirmayman hamda uning oldiga borib suhbat qilgandan or qilmayman». Bu muhim gap va xulosadir.
Xoja hazratlari sharob va sharobxo’rlikni yoqtirmas, uning yaxshilikka olib kelmasligini ham nazarda tutardi. Agar bu masala o’sha davrning mashhur adib va shoirlari, jumladan, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy asarlarida ham («Bahoriston», «Hayrat ul-abror» va boshqalar) bayon etilgani nazarda tutilsa, unda o’sha davrning mashhur allomalari aqidalaridagi hamohanglik ko’zga tashlanadi.
Shu jihatdan qaraganda, Xoja hazratlarining Mavlono Muhammad Xavofiydan eshitib, keyinchalik suhbatdoshlariga hikoya qilgan quyidagi voqea qiziqarlidir:
«Aytur erdilarki, Mirzo Ulug’bek Bog’i maydonda Chinixonani qurib bitkazani munosabati bilan to’y berdi. Bu to’yda barcha akobirlar, jumladan, shayx ul-islom, qozi va shayxlar ham bor edilar. Chinixona ichidagi maydonning hama joyida chingiziy odatga ko’ra sharob shishalarini qo’yib chiqqan edilar. Bu shishalardan sharobning hidi anqib turar, uning rangi ham ko’rinardi. Akobirdan hech biri bunday holni man’ qilishga og’iz ocha olmasdi. Bu vaqtda e’tibordan chetda bo’lib qolgan Sayid Oshiq bunday holni eshitibdi-da, o’zining qarindosh-urug’ini yig’ib, men bugun hazrat payg’ambarimiz aytganlariga rioya qilib, Mirzo Ulug’bekning bunday ishlarini man’ qilmoqchiman. Ehtimolki, meni o’ldirar, shariat yo’lida men soqollarimning qizil rangga bo’yalishini xohlayman. Shundan so’ng oila a’zolari va qarindoshlariga bog’lari, saroylari va mol-mulkini vasiyat qilib, mast tuyadek og’zidan ko’piklar sachratib, Mirzo Ulug’bekning huzuriga boribdi. Chinixonada o’tkazilayotgan to’yga kirib borib, Mirzo Ulug’bekka qarab aytibdi: Ey Ulug’bek, bu qanday gap, Sen nimalar qilayapsan. Hyech musulmon bunday ishni qilmaydi. Mirzo Ulug’bek aytibdi:

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:24:57

Ey Sayid, nega dag’allik qilyapsan? Men uchun Sen buyukmisan yoki hazrati Muso va Horun? Men yomonmenmi yoki Far’avn yomonmi? Sayidning qulog’i og’ir bo’lganligidan bu gaplarni eshitmabdi va javob bermabdi. Mirzo Ulug’bekning ishorasi bilan Sayidni bo’ynidan bog’lab tashqariga sudrabdilar. Mirzo Ulug’bek g’azabi oshgan holda aytibdi: Ey Sayid, sen istaysanki, men seni o’ldirsam, ammo men bunday qilmayman. Shu vaqtda shayxul-islom Xoja Isomiddin Mirzo Ulug’bekdan Sayid Oshiq gunohini bag’ishlashni so’rabdi. Mirzo Ulug’bek aytibdi: bu Sayid hammom qurdirishingiz munosabati bilan uyushtirilgan ma’rakada sizga nisbatan dag’allik qilgani uchun mansabidan Chetlashtirishni talab qilgan edingiz. Endilikda to’yimizda bizga nisbatan dag’allik qilayotganda uning gunohini Kechirishni so’rayapsiz. Buni qanday tushunmoq kerak Xoja Isomiddin aytibdi: bizning fe’lu xo’yimiz o’zimizga loyiq, podsholarniki esa shohona mavqyega munosibdir. Bu javobni eshitgan Mirzo Ulug’bek Sayid Oshiq jur’atini bag’ishlabdi. Ammo Mavlono Muhammad Xavofiy shunday degan edilar: Mirzo Ulug’bek Sayid Oshiqni bo’ynidan bog’lab sudrayotganlarida, unga qarab, rahmat bo’lsin, deb aytgan bo’lsa, bizlarga qarab esa sizlarga, la’nat der edi. (Xoja hazratlari) ayturdilarki, Mirzo Ulug’bek shunchalik donishmand bo’lgani bilan chingiziy odatlarni yo’qota olmagan edi. Shu jihatdan hozirgi podsholarning ishlariga shukr qilsa, bo’ladi».
Xoja hazratlari Mirzo Ulug’bekning donishmand shaxsligini alohida ta’kidlaydi. Shu bilan birga uning Sayid Oshiq gunohini bag’ishlagani ham, unga rahmat deganini ham o’z atrofidagi ulamolardan esa nafratlanib, ularni la’natlaganini ham uqtirardi, yoki diqqatini ularga qaratadi. Chunki Sayid Oshiqning qo’rqmasdan, ochiqchasiga unga — Mirzo Ulug’bekka murojaat qilib, noshoista ishlarni Betiga aytganidan nihoyat ta’sirlanadi va o’z ishlarini fikran tahlildan o’tkazib, unga to’g’ri maslahat bermagan ulamolarga la’natlar Deydi. Xoja hazratlari bu hikoyani Keltirar ekan, Mirzo Ulug’bekni qoralamaydi. Hikoyaning ruhidan unga bo’lgan xayrixohligi Seziladi, ammo uning atrofidagilardan uncha rozi emas, shuningdek, Mirzo Ulug’bekning shunchalik donishmandligi bilan chingiziy rasm-odatlarni yo’qota olmaganidan afsuslanganday bo’ladi.
Shunisi ham borki, Xoja hazratlari Sayid Oshiq haqida unchalik baland fikrda emasligi ham bilinadi. Jumladan, Muhammad Qozi Keltirgan bir hikoyada shunday hol Seziladi. Chunki unda Xoja hazratlari soLeh, zohid va ulamolarni e’tirof etgan holda, ammo ularning uning tariqasiga aloqasi yo’qligini aytadi. Demak, o’zini ulardan ajratadi. Shu uchun ana shunday toifadan bo’lmish birovning uning suhbatida qatnashganidan norozi bo’lib, siz Sayid Oshiqning muridi bo’lishingiz mumkin, bizga esa munosib emassiz, deb chiqarib yuboradi.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:25:17

Bundan ko’rinadiki, Sayid Oshiq to’g’ri so’z odam edi, deb uni hurmat qilib, Xoja hazratlari uning yo’lini — dag’alligini bo’lsa kerak, ma’qullamaydi. Shu jihatdan qaraganda, donishmand Mirzo Ulug’bekka to’y ma’rakasida, ko’pchilik oldida dag’allik qilganini ham yoqtirmaganday bo’ladi, chunki shunda Mirzo Ulug’bekning «men seni o’ldirmayman» degan gapini eslatish bilan Mirzo Ulug’bekning bunday dag’allardan qanchalik ustun turganiga ishora qilmadimikan?! Chunki Xoja hazratlarining o’z fikrlarini ma’lum hikoya yoki rivoyatni Keltirish orqali bayon qilish, bildirish odati borligini nazarda tutsak, unda bu mulohaza asosliday bo’lib tuyuladi.
Xoja hazratlari fazilatlaridan yana biri shu ediki, suhbatdoshi bo’lg’uvchi shaxsni nihoyatda o’bdon o’rganar va sodiqligiga ishonch hosil qilgandan so’nggina o’zini unga yaqinlashtirar, o’z suhbatlaridan bahramand etar va iltifotini ayamasdi. Bunga misol sifatida uning Sayid Abdulavvalga bo’lgan munosabatini ko’rsatish mumkin. Xoja hazratlari uni yetti yil sinaydi va uning sodiqligiga ishonch hosil qilgach, uni o’ziga yaqinlashtiribgina qolmay, balki qizini unga to’y qilib berib, o’ziga kuyov qilib oladi. Bunday munosabat Muhammad Qozi bilan ham sodir bo’lib, nihoyat uni o’zining eng yaqin suhbatdoshi va shogirdi sifatida e’zozlaydigan bo’ladi. Bular pir va murid o’rtasidagi munosabat talablariga muvofiq kelish qonun-qoidalari asosida ham amalga oshirilgan edi. Xoja hazratning fazilatlaridan biri fuqaroga g’amxo’rlik qilish masalasi yuqorida batafsil yoritilgan edi. Bu g’amxo’rlikning yana bir shakli madrasa, masjid, xonaqolar ham bino qilib, ulardan fuqaroni bahramand qilish ham edi. Shu maqsadda Xoja hazratlari Samarqand, Toshkand, Kobulda ana shunday imoratlarni qurdirgan va ularni vaqf bilan ta’minlagan edilar. Bu madrasalarning hozirgi taqdiri bizga noma’lum. Ammo Samarqandda Madrasai safed deb atalgan madrasaning nomi bor va shu nomda guzar bor-u, madrasaning o’zi esa saqlanmagan. Samarqandda saqlanib qolgan imoratlardan biri bu uning hozir qabri joylashgan mavZeda bino qildirgan yozgi masjiddir. Albatta, u ham asr osha ta’mir qilingan va o’zgarishlarga uchratan.
Turli xil ijtimoiy faoliyat, imorat qurish bilan birga Xoja Ahror ijodkorlik bilan ham shug’ullangan. Hozirgi kunda quyidagi asarlar uning qalamiga nisbat beriladi:

Qayd etilgan