Buyuk ma'naviy murshid Xoja Ahror Valiy  ( 83396 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 B


Ansora  22 Aprel 2010, 13:25:36

1. «FIQROT UL-ORIFIN» (oriflar so’zlaridan parchalar) yoki ayrim nusxalarda «Voridot» (fikrda tug’iluvchi yoki ko’ngildan o’tuvchi narsalar, o’ylar) deb atalib, tasavvuf ahli, jumladan, Xoja Ahrorning turli masalalarga doir fikrlarini qamrab olgan, tojik tilidan bitilgan nasriy asar. Bu asardagi mulohazalardan Xoja Ahror haqida manoqib va maqomot yozgan mualliflar foydalanganlar. Bu asarning qo’lyozma va bosma nusxalari bor. Jumladan, u 1328 h. — 1910 m. yilda Toshkanddagi bosmaxonada nashr etilgan. Yuqorida keltirilganidek, Xoja Ahror Shohruxiyada tuzilgan sulh shartnomasi marosimi oldidan Muhammad Qoziga murojaat qilib, «bizning risolamizni olib kelib Sulton Mahmudxonga o’qib bersangiz», deganda shu risolani nazarda tutgan ko’rinadi.

2.   «VOLIDIYA» (otaga bag’ishlangan) yoki «MUXTASAR». Bu risola Xoja Ahrorning volidi — otasi Xoja Mahmud xohishi bilan yozilganligi va muxtasar — ixcham bo’lganligi sababli yuqoridagi nomlar bilan atalgan. Asarda axloq-odob, insonning o’zini tanishi, faqru fano masalalaridan so’z yuritilib ko’p kishilar uni o’qiganlar. Jumladan, Alisher Navoiyning «Xamsat ul-mutahayyirin»ida yozishicha, u Abdurahmon Jomiy huzurida ko’pgina boshqa kitoblar qatori bu risolani ham o’qiganini ta’kidlaydi: «Yana hazrati Xoja Ubaydulloh"¦ning otalari ishorati bila bitilgan risolalaridur, ham faqr ham fano tariqidakim, oz o’g’ulga bu davlat muyassar bo’lub erkinkim, ota amri bila bu nav’ shoyista xizmat qilmish bo’lg’ay» (Alisher Navoiy. Asarlar. 15 tomlik, 14-tom, 61-bet).
Shundan so’ng bu risolaga murojaat qilganlardan biri Zahiriddin Muhammad Boburdir. Bu risola ma’qul bo’lgani tufayli Bobur 1528 yilda bu nasriy asarni o’zbek tiliga o’girib, 243 baytlik manzumaga aylantirdi (manzuma haqida keyinchalik Kengroq to’xtalamiz). Bu risola va manzuma to’g’risida afg’onistonlik olima Shafiqa Yorqin shunday yozadi: «Temuriylar va O’rta Osiyo sufiylarining pir va murshidi Xoja Ahrorning «Volidiya» nomli nasriy risolasini Bobur She’riy tarzda o’zbek tiliga o’girdi. Bu risolaning mavzui inson zohiri va botinini pokiza qilmoqdan iborat bo’lib, Abul Fazl Allomiy uni «ma’rifat Dengizining durdonasi» deb biladi».

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:25:59

3.   «HUROIYA» yoki «HAVRAIYA» RISOLASI. Bu asar mashhur shoir Abu Sa’id Abulxayrning (967—1048) bir ruboiysi sharhiga bag’ishlangandir. Bu bejiz emas edi. Chunki sharh qilinayotgan ruboiy Xoja Ahrorgacha ham mashhur bo’lib, uni sharhlash uchun Sayid Ne’matulloh Vali (1329—1431) uch risola, Amir Sayid Qosim Anvor (1355—1433) bir risola va shayx Ozariy (1382—1452) bir risola yozgan edilar. Agar Alisher Navoiyning «Majolis un-nafois»ida keltirilgan quyidagi ma’lumotlar hisobga olinsa, unda masala ancha oydinlashadi. Alisher Navoiy «Majolis un-nafois»ning yettinchi majlisini Amir Temurning zikri bilan boshlab, shunday yozadi:
«Temur kuragon"¦ agarchi nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar, ammo nazm-nasrni andoq xub mahal va mavqyeda o’qubdurlarkim, aningdek bir bayt o’qug’ondin ming yaxshi bayt aytqoncha bor...»
Davomida esa Amir Temurning o’g’li Mironshohning ichkilikka berilishiga aybdor sanalganlardan biri Xoja Abdulqodir bo’lib, u o’zini Devonalikka solib yurardi. Amir Temur Iroqqa yurish qilganida Xoja Abdulqodirni tutib keladilar. Alisher Navoiy davom ettirib, yozadi:
«Chun Xoja (Abdulqodir)ning kamolotidin biri Qur’on hifzi va qiroat ilmi edi, filhol biyik un bila. Qur’on o’qumoq bunyod qildikim, ul hazrat (Amir Temurning) g’azabi lutfga mubaddal bo’lub, fazl va kamol ahli sori boqub, bu misrani bavaqt o’qidikim:

Abdol zi bim chang bar mushaf zad».

(mazmuni: abdol devona) (qo’rqqanidan Qur’onga qo’l uzatdi.) Ana shu misra Xoja Ahror sharh yozgan ruboiyning yakunlovchi — to’rtinchi misrasidir. Ruboiyning to’liq matni quyidagicha:

Havro ba nazorai nigoram saf zad,
Rizvon zi taajjub kafi xud bar kaf zad.
On xoli siyah bir on ruxon mutraf zad.
Abdol zi bim chang bar mushaf zad.

Mazmuni: Jannat go’zallari mening yorimni ko’rish uchun safga tizildilar. Mamnuniyat jannati esa, yorning go’zalligidan ajablanib, ofarin deganday qarsak chaldi. Ul yuzga qora xol qo’yib, go’yo yuzini parda bilan yopganday bo’ldi, abdol (devona) esa qo’rqqanidan Qur’onga qo’l uzatti.
Yuqorida eslatilganlar shundan guvohlik beradiki, bu ruboiy o’sha davrlarda nihoyatda Keng tarqalgan bo’lib, uni har xil talqin qilishlar unga sharh yozishlarni ham taqozo etgan. Shuning uchun Xoja Ahrorning ham unga sharh yozgani besabab emasdi. Shu asarning qo’lyozma nusxalari hamda 1899 yili sharqshunos olim V.A.Jukovskiy tomonidan S.—Peterburgda nashr ettirilgan nusxasi ham bor.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:26:19

4. RUQAOT — MAKTUBLAR. Xoja Ahror o’z zamondoshlaridan ko’piga turli munosabat bilan nomalar yozgan. Ularning hammasi ham to’liq saqlangan deb bo’lmaydi. Ba’zi xatlar to’plami — munshaotlarda ularning ayrimlari saqlanib qolgan bo’lsa, muhim bir qismi Alisher Navoiyga yozganlari ulug’ o’zbek shoiri tomonidan avaylab, saqlanib, boshqa xatlar qatori bir albom holiga Keltirilgan. Alisher Navoiy bu xaqda «Nasoyim ul-muhabbat»da shunday yozadi:
«Haqir (Navoiy) bilan iltifotlari ko’p bor uchun vahiyosor ruq’alari (ilhomjaxsh nomalari) bila musharraf qilib, ishlarga ma’mur (amr, farmon) qilurlar edi. Ul ruq’alarni muraqqa’ (albom) yasab, jadval va takallufot bila tabarruk yo’sini bila asrabmen» (Alisher Navoiy. Asarlar. 15 tomlik, 15-tom, 140-bet). Ana shu «Navoiy albomi» bilan mashhur bo’lgan nodir asarning saqlanib, bizgacha yetib kelishida XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi Buxoro adabiy-ilmiy muhitining ko’zga ko’ringan vakili Sharifjon maxdum Sadri Ziyoning xizmati kattadir. Bu asar hozirgi kunda O’zBekiston Fanlar akaDemiyasi Abu Rayhon beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda.
Xoja Ahrorning Alisher Navoiyga yozgan va bizgacha saqlangan xatlari turli mavzularga bag’ishlangan bo’lsa-da, ammo ularning mag’z-mag’zini «bir faqirga najot bermoq va uning ko’ngliga xursandlig’ bag’ishlamoq» muammosi tashkil etadi. Shunday ekan, Xoja Ahrorning turli shaxslarga yozgan va saqlanib qolgan maktublarini to’plab nashr etish va ularni ilmiy jihatdan har tomonlama tadqiq etish ko’pgina masalalarni tushuntirishga, ko’pgina jumboqlarga aniqlik kiritishga ko’maklashar, degan umiddamiz.
Quyida biz Xoja Ahrorning turli masalalarga doir fikr-mulohazalaridan ba’zilarini keltirib, ulardan xulosa chiqarish yoki ularni sharhlashni muhtaram o’quvchiga havola etamiz.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:26:42

XOJA AHRORNING AYTGANLARI, HIKMATLARI

1. Aytur erdilarkim: zolimlar va jabr qilguvchilarni yo’qotish borasida himmat qilmoq lozimdir.
2. Aytur erdilarkim: mening sizlarga dunyoni (mol-mulkni) man’ etishim, dunyoni sizlardan darig’ tutishim ma’nosida emas, balki sizlarni dunyodan asramoq ma’nosidadir. Chunki odam shunchalik ulug’vorligi bilan o’z vaqtini arzimas narsalar uchun zoye’ qilmog’iga hayfim keladi.
3. Ilmni dunyo (mol-mulk) orttirish va mansab egallash uchun xizmat qildirguvchi olimlardan uzoq bo’lmoq kerak.
4. Aytur erdilarkim: takabbur (manmanlik) nihoyatda xosiyatsiz va oqibatsizdir, u oxiri xo’rlik va pastlikka olib keladi. Aytibdurlarki, har kim o’zining holiga yarasha kamtarlik va xushmuomalalikni egallab borsa, xususan, bu davlat va boylik egalariga zaruriy maqbul odat bo’lgay.
5. Aytur erdilarkim: sufiya toifasining odatiga ko’ra, rasmiy ilmlarni uncha yaxshi egallamagan bo’lsada, ammo payg’ambar rasulullohning olijanob xulq-axloqlaridan xabari bor kishini olim debdilar. Shu bilan birga barcha rasmiy ilmlarni egallagan bo’lsayu, ammo payg’ambar rasulullohning olijanob xulq-axloqlaridan xabarsiz bo’lsa, unday kishini omiy derlar.
6. Aytur erdilarkim: ko’p kulmoq ko’ngilning o’lishi boisidir... Ko’rinadigan ishlarni bajarish ma’naviy aloqani o’rnatish uchun moNe’ bo’lmasligi lozim va, shuningdek, ma’naviy aloqani o’rnatish ko’rinadigan ishlarni bajarishga xalaqit bermasligi kerak. Solik (tariqat yo’lovchisi) shu martabaga yetganda, har qanday ishni bajarishga muhtojdir. G’aflat ko’ngil mavti (o’limi)ning sababidir. Ko’ngilning haqiqiy hayoti ogohlik va huzurdir.
7. Aytur erdilarkim: darveshlik doimiy tarzda zikr aytmoq bilan mashg’ullanmoq emas, balki payg’ambar rasulullohning olijanob xulq-axloqlarini, jumladan, yumshoqlik, karam, saxovat, sadoqat, kamtarlik va boshqalarni o’rganish va o’zlashtirishdan iboratdir.
8. Aytur erdilarkim: har kimki bu sharif makonda (Yerda) bo’lmoq sharafiga muyassar bo’lgan bo’lsa, ul kishi shunga intilmog’i kerakki, uning mavjudligi musulmonlarg’a rohat bag’ishlasa; uning bilan muloqotda bo’lgan amir va sultonlar ham uning mijozi va axloqidan ta’sirlanib, musulmonlarga manfaat yetkazish niyatida bo’lsalaru ularga jabru-zulm qilishdan, ularni kamsitishdan o’zlarini saqlasalar; uning suhbatida bo’lgan va bandalarni tashvishga qoldirishga bois bo’ladigan ma’noni — so’zlarni eshitmasalar. Go’zal axloq-odob, mukammal farosatlilik va ilmlarning nozikliklariga rioya qilmay yashamoq — umr kechirmoq mumkin bo’lmas.
9. Ba’zan avlod-farzandlariga qarab, shunday der edilar:

Bilingkim, Neki jon rohatidek tuyulgay,
Joningizni azobda qoldirguvchn bo’lgay.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:26:54

Sizni dunyo (mol-mulk)dan o’zingizni tiyishingizni aytish bu baxillik yoki xasislikdan emas, balki istaymanki, siz bu dunyo (boylik) bilan ovora bo’lib qolib ma’naviyatdan, oxirat saodatidan va maqsud jamolidan mahrum bo’lib qolmasangiz.
Farzand ota-onaning bir bo’lagidir. Hyech bir ota-ona jigargo’shasining nuqsonli bo’lishini xohlamaydi. Vaqt va fursat g’animatdir. Shuni o’ylab ko’ringki, mendan so’ng bunday so’zlarni kimdan eshitarkansiz. Hozir yoshlik va salomatlik payti bo’lib, maishat asbobi — tirikchilik uchun zaruriy narsalar muhayyodir. Har bir narsani qilishni ko’nglingizga Keltirmang, bir-biringizdan xabardor bo’ling. Agar bu ishlarni qila olmay keyin pushaymon bo’lsangiz foydasi yo’q.
Bir marta farzandlariga xitoban shunday Dedilar: hamisha kamtarlik va xushmuomalalikda bo’lingiz, o’zgalarni o’zingizdan kam bilmang, yolg’on so’zlamang, agar birov sizning kamchiliklaringizni aytsa, buni Ne’mat (boylik) deb biling...
10. Aytur erdilarkim: do’stlarga kasalligi vaqti madad qilish va og’irini yengillatish yaxshi ishdir. Madad ikki nav’dir: biri, kasallikdan qutulish uuchun barcha chora-tadbirlarni ishga solish va, ikkinchisi, kasallik tufayli buzilgan kayfiyatni yaxshilash, ko’tarishdir.
11. Aytur erdilarkim: suhbatning foydasi Cheksizdir. Shuning uchun do’stlar bilan bo’lmoq va ular bilan suhbat qilmoqni tark etmaslik darkor.
12. Aytur erdilarkim: biz ko’p vaqtni musulmonlarni podshohlar zulmidan xalos qilish uchun sarflaymiz.
13. Aytur erdilarkim: bizning dunyo (mol-mulk) bilan shug’ullanishimiz saxovat va karam qilish uchun emas, balki odamlarni tama’ qilishdan qutqarish uchundir.
14. Aytur erdilarkim: podshohlarning bilmoqlari lozimki, saltanat yaratuvchining marhamati bilan ularga in’om etilgan buyuk boylikdir. Shuning uchun bu buyuk boylik qadriga yetib, fursatni g’animat deb bilsinlar. Ollohning bandalariga lutf va shafqatini darig’ tutmasinlarki, bu azim nuqsondir. Bu olam rohati boqiy emas, chunki ko’z yumib ochguncha tugaydi. Shuni esda tutsinlarki, ulargacha ham boshqalar podshohlik qilganlar va bir muddat o’tgach, ularning o’rinlariga boshqalar kelgaylar.

Shohlar nog’orasi chalinganda shunday nido
Kelardi: Bu saroyga har bir podshoh navbati-la keladi.


Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:27:05

15. Aytur erdilarkim: hokim va sultonlar musulmon va fuqaro va raiyatning adabini berish uchun mo’ljallangan qamchiga o’xshaydilar. Shuni bilsinlarki, bir ot yigirmata qamchini ham eskirtirib qo’yadi. Mamlakatning zavoli va xarob bo’lishidan andisha qilsinlar, hech vaqt raiyat va fuqaro ahvolidan xabarsiz qolmasinlar, chunki saltanat va hukumatga ega bo’lishning asl sababchilari bu fuqaro va raiyatdirlar.
16. Aytur erdilarkim: yoshlar tahsil bilan band bo’lib, ularning vaqti sarfu nahv qoidalarini o’zlashtirish bilan o’tadi. Bunday qoida yodlashdan ularning zehni koyimasligi uchun nima qilmoq kerak? Buyuklar aytibdirlarki, ustoz qoidalarni o’rgatgandan so’ng bu toifaning (tasavvuf) ibratli so’z va shavqli hikoyalaridan so’zlasa, yaxshi bo’lar edi.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:27:28

XOJA AHRORNING SHUHRATLI MUXLISLARI

Xoja Ahror tarix sahifasiga kirgach, u mansub bo’lgan naqshbandiya tariqatining muxlislari yanada ko’paydi. Bu muxlislar orasida o’sha davrdagi ijtimoiy tabaqalarning — podshohlar, vazirlar, mudarrislar, tolibi ilmlar, san’at va hunar ahli, ilm va madaniyat namoyandalari, dehqonlar, xullas, barcha ijtimoiy guruhlarning namoyandalari bor edi. Ana shular qatorida mashhur shoir va mutafakkirlar Abdurahmon Jomiy hamda Alisher Navoiy, iste’dodli davlat arbobi, shoir, nosir, muarrix, adabiyotshunos Zahiriddin Muhammad Boburlar ham bor edi. Biz quyida ularning Xoja Ahrorga munosabatlari haqida qisqacha to’xtalmoqchimiz.

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:27:42

NURIDDIN ABDURAHMON JOMIY (1414—1492) — mashhur tojik shoiri va mutafakkiri Xurosonda naqshbandiya tariqatining peshvolaridan bo’lib, Xoja Ahror bilan shaxsan tanishib, Xoja hazratlarini «ka’bai maqsud» deb bilib, u kishi bilan Hirot, Samarqand, Andijon va Toshkandda bir necha marta uchrashish sharafiga muyassar bo’lgan edi.
Abdurahmon Jomiyning Xoja Ahror bilan munosabatlarini yoritishda professar A’loxon Afsahzod va professor A.N. BoldiRev keyingi yillarda samarali mehnat qilib, o’z maqola va risolalarida bu haqda ancha muhim ahamiyatga ega bo’lgan mulohazalarni bayon qilganlar. Shunday bo’lsa-da, bu o’rinda Xoja Ahror va Abdurahmon Jomiy o’rtasidagi munosabat haqida ayrim mulohazalarni bayon etish maqsadga muvofiqdir.
Abdurahmon Jomiy Xoja Ahrorni qachondan beri taniydi, u bilan qanday uchrashgan, degan savollar javob kutadi, albatta. Bu savollarga yuqorida eslatganimiz allomalar javob aytganlar, bu masalani yoritganlar. Shunday bo’lsada, quyidagilarni bayon etishni ma’qul deb bildik. Bizningcha, Abdurahmon Jomiyning Xoja Ahror bilan sirtdan tanishuvi Sa’diddin Qoshg’ariy bilan qilingan muloqotlardan boshlangan ko’rinadi. Chunki Abdurahmon Jomiy 1451—1452 yilda Samarqanddan Hirotga Keladi va bu yerda naqshbandiya tariqatining nufuzli namoyandasi bo’lgan Sa’diddin Qoshg’ariydan tasavvuf bo’yicha ta’lim olib, Sa’diddin Qoshg’ariyni naqshbandiya sohasida o’ziga pir deb qabul qiladi. Abdurahmon Jomiy uning nazdida xojagon tariqati silsilasini o’rganar ekan, Sa’diddin Qoshg’ariy unga o’sha vaqtda bu silsilaning ko’zga ko’ringan vakili, o’zining Samarqandda tanishgan do’sti va hammaslagi Xoja Ubaydulloh — Xoja Ahror haqida ham so’z yuritgan ko’rinadi. Sa’diddin Qoshg’ariyning Xoja Ahror haqidagi hikoyalari Abdurahmon Jomiyda unga nisbatan g’oyibona e’tiqodni ham shakllantirgan ko’rinadi. Chunki Sa’diddin Qoshg’ariy vafot etgach (1456), Abdurahmon Jomiy xojagon tariqatining boshqa namoyandalariga emas, balki Xoja Ahrorga intiladi va 1460 yilda Xoja Ahror Hirotga borganda u bilan birinchi marta muloqotda bo’ladi. Shunda u piri Sa’diddin Qoshg’ariy o’rnida Xoja Ahrorni o’ziga ma’naviy pir deb qabul qiladi va uni o’zi uchun «ka’bai maqsud» — maqsud ka’basi deb e’tirof etadi. Buning sababi shundan iborat bo’lsa kerakki, Abdurahmon Jomiy Xoja Ahror qarashlari bilan Sa’diddin Qoshg’ariy qarashlari o’rtasida umumiylik borligini ko’rdi. Shu bilan birga ularning o’z dunyoqarashi, falsafiy va ijtimoiy-siyosiy aqidalariga hamohangligini ham his etdi. Xususan, Xoja Ahror ta’limotida «al-faqru faxri» (faqirlik faxrimiz) g’oyasining Keng ko’lamda tushunilgani va talqin etilgani Abdurahmon Jomiyga nihoyat ma’qul tushgan ko’rinadi. Shuning uchun ham u o’zining «Tuhfat ul-ahror» dostonidagi Xoja Ahrorga bag’ishlangan bobda bu masalaga alohida diqqat qilib, bundan oldin ham Keltirganmiz quyidagi baytlarni bitgan edi:

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:27:55

Zad ba jahon navbati shohanshahy,
Kavkabai faqri Ubaydullahy.
On ki zi hurriyati faqr ogah ast,
Xojai Ahror — Ubaydullah ast.

Mazmuni:

Jahonga shahanshohlik navbati yetdi,
Ubaydulloh faqri hashamatining.
Faqrning hurriyatidan ogoh zot — bu
Xoja Ahror Ubaydulloh bu.

Ko’rinadiki, Abdurahmon Jomiy «Faqri Ubaydullohi» -Ubaydulloh talqinidagi faqr-faqirlik va «faqrning hurriyati» — ozodligidan ogoh xabardorlikning bilimdoni Xoja Ubaydullohdan faxr bilan so’z yuritadi. Bu masalaning ko’lami shuncha kengki, u juvonmardlik - futuvvat sifatlari va o’zini fuqaro manfaatlari uchun bag’ishlash hamda boshqa olijanob insoniy fazilatlar — kamtarlik, himmat, karam, saxovat, yumshoqlik, odillik bilan ham bog’lanadiki, bularning hammasi Abdurahmon Jomiyning ko’pgina asarlarida nihoyatda katta badiiy mahorat bilan tasvirlangan. Shu bilan birga bu masala adolatsizlik va zulmga qarshi kurash g’oyasini ham o’z ichiga qamrab oladi. Abdurahmon Jomiy o’zining «Silsilat uz-zahab» (Oltin zanjir), «Tuhfat ul-ahror» (Ahrorga tuhfa), «Sibhatul abror» (Yaxshilar tasBehi), «Yusuf va Zulayho», «Xiradnomai Iskandariy» dostonlarida Xoja Ahror haqida samimiyat bilan so’z yuritdi. Hatto 1484 yil dekabr oyida, ya’ni Xoja Ahror hayotligi vaqtida unga qarata shunday dedi:

Ba tu sham’i ravshandilon zinda bod!
Bar ofoq nuri tu tobanda bod!

Mazmuni:

Sening-la ko’ngli yoruс’ kishilarning sham’i hamisha porlasin!
Butun ofoq - dunyoda sening nuring porlasin!

Qayd etilgan


Ansora  22 Aprel 2010, 13:28:07

Bu hol o’z asrininggina emas, balki asrlar va xalqlarning mutafakkir hamda adibi bo’lmish Abdurahmon Jomiyning Xoja Ahror ta’limoti mohiyatini naqadar chuqur anglay olgani va yuqori baholaganidan dalolat beradi.
Shuning uchun Abdurahmon Jomiy bu tabarruk zotning huzuriga shoshilar, uning suhbatlaridan bahramand bo’lishga intilar edi. Jumladan, Abdurahmon Jomiy 1465 yilda olti oy Samarqandda yashab, Xoja Ahror bilan muloqotda bo’lgan. Rivoyat qilishlaricha, bu vaqtda Abdurahmon Jomiy Mirzo Ulug’bek madrasasidagi hovliga kiraverishdagi bir hujrada yashagan. Abdurahmon Jomiy Xoja Ahror bilan uning Xoja Kafshiy mahallasidagi, Motriddagi uylarida uchrashgan va suhbatda bo’lgan. Shu bilan birga Xoja Ahror ham o’z navbatida, Abdurahmon Jomiy yashagan Mirzo Ulug’bek madrasasi hujrasiga tashrif buyurgan. Bu madrasa hujralarini qurgan ota-bobolarimiz Abdurahmon Jomiy yashagan hujraning devorida chiroyli qilib yozilgan quyidagi baytni o’qiganlar:

In maqomest, ki manzilgohi Chomiy budaast,
Choi omadshudi Ahrori kiromiy budaast.

Mazmuni: bu hujra Abdurahmon Jomiyning manzili - yashaydigan joyi, hurmatli Ahror (Xoja Ahror)ning bordi-keldi qiladigan joyi bo’lgan ekan.
Keyinchalik esa bu yozuvlar nima sababdandir (ehtimolki, ta’mir vaqtidadir yoki qarovsizlik natijasidadir Devor suvoqlari tushish tufaylidir) yo’qolib ketgan.
Abdurahmon Jomiy 1467 yilda Marvda, 1479 yilda Samarqand, Toshkand va Andijonda Xoja Ahror bilan muloqotda bo’lgan. Muhimi shundaki, Abdurahmon Jomiy o’sha davrda Alisher Navoiyning xohishi bilan tasavvuf tarixiga doir yirik asari «Nafahot ul-unsmin hazarot ul-quds» (Oshnolikning yoqimli hidlari va pokizalik maskani)ni tuzar ekan, tasavvufning zamonasida eng mashhur vakili sifatida Xoja Ubaydulloh — Xoja Ahror zikriga alohida bob ajratadi. Shuning bilan birga Mavlono Ya’qub Charxiy va Sayid Qosim Anvorga bag’ishlangan boblarda ham Xoja Ahrordan eshitgan hikoya va rivoyatlarini keltiradi.

Qayd etilgan