Shunday ekan, Bobur, dunyoga kelgan oilada Xoja Ubaydullohning e’tibori katta bo’lgach, Bobur ham yoshligidan ana shu ruhda tarbiyalanib, voyaga yetgan edi. Bobur o’zining faoliyati davomida Xoja Ubaydulloh, uning mavqyei, unga nisbatan munosabatlar va avlod taqdirini yaxshi o’rganib bordi. Shuning natijasida katta amakisi Sulton Ahmad mirzo haqida gapirganda ham bu masalaga alohida e’tibor qilib, Sulton Ahmad mirzoning ham «hazrati Xoja Ubaydullohga irodati bor edi. Hazrati Xoja (anga) murabbiy va muqavviy edilar», — deb uqtiradi («Boburnoma», 74—75 betlar).
Uning amirlaridan bo’lmish madaniyatli, shoirtabiat DarveshBek haqida so’z yuritganda ham xuddi shu ibora «hazrati Xojaga irodati bor edi» takrorlanadi («Boburnoma», 78-bet). Bunday tarzda so’z yuritishni Xoja Mavlonoyi Qozi haqidagi joylarda ham uchratish mumkin. Ma’lumki, Xoja Mavlonoyi Qozining asl nomi Abdullo bo’lib, uni Bobur «ustod va pirim» deb e’tirof etib, yana shunday yozadi: «Xoja (Mavlonoy) Qozi hazrati Xoja Ubaydullohning muridi edi. Alardin tarbiyat topib erdi» («Boburnoma», 112-bet). Demak, Boburga ustodlik qilgan va shu bilan birga, piri hisoblangan Xoja Mavlonoyi Qozi hazrati Xoja Ubaydullohning muridlaridan, uning tarbiyasini olganlardan biri ekanligini ta’kidlagan Bobur bu bilan o’zi ham hazrati Xoja Ubaydullohga e’tiqod qo’yganlardan ekanini yana bir karra vositali tarzda bo’lsa-da, uqtiradi. Bobur Xoja Ubaydullohning o’g’illari — Xoja Abdullo — Xojago Xoja, Xoja Yahyolar bilan turli munosabatda uchrashgan edi. Jumladan, Xoja Abdullo Farkatda (Toshkent yaqinida) ekanligi vaqtida Bobur (906 h. — 1501—1502 Melodiy yilda) Toshkentga kelganida borib uni ziyorat qiladi, Xoja Yahyo bilan esa 1495—1496 yillardayoq Ko’hak so’yi (Zarafshon) oralig’idagi joyda uchrashib, Boysung’ur mirzo bilan «ittifoq va yakjihatlik» qilishni Kelishib olgan edi. Xuddi vaqtda Xoja Yahyo bilan birga mavlono Binoyi va Mavlono Muhammad Solihlar ham Bobur bilan uchrashgan edilar («Boburnoma», 96-bet). Bobur Samarqandni birinchi marta olganida ham Xoja Yahyoning ma’lum hissasi bo’lgan. Samarqandni olgach, u bilan uchrashib turgan ko’rinadi. keyinchalik Bobur Hindistonda ekan, 935 h. — 1528 yilda bir to’y marosimi o’tkazadi. Bu to’yga turli joylardan kelgan mehmonlar qatorida Movarounnahr va Samarqanddan ham vakillar borgan. Ular orasida esa Xoja Ubaydulloh avlodidan bo’lmish Xoja Abdushshahid ham bor ekan. Bobur uni o’ziga yaqin joyga o’tqazib, qimmatbaho to’n va boshqa to’hfalar taqdim etgan («Boburnoma», 423—424-betlar). Bularning hammasi shundan dalolat beradiki, Bobur Xoja Ubaydulloh va uning avlodini Benihoyat ehtirom qilib, bu xonadonga zarar yetkazgan yoki uni kamsitishga intilganlarni yoqlamagan. Bunga Boburning amakisi, Hisor hokimi Sulton Mahmudxon (tug’. 857 h. — 1453 — vaf. 900 h. 1494—1495 m.) haqida yozganlari misol bo’la oladi. 1494 yili Sulton Ahmad mirzo vafot qilgach, Sulton Mahmudxon Samarqand taxtida o’tiradi. Oz muddatda u shunchalik adolatsizliklarni amalga oshirib, axloqiy buzuqlikni o’rnatibdiki, buning natijasida Xoja Ubaydulloh amalga oshirgan ishlarga putur yetib, hatto adolatsizlik Xoja Ubaydulloh farzandlariga nisbatan ham qo’llanilgan ekan. Bobur yozadi: «Hazrati Xoja Ubaydullohning mutaaliqlarig’akim, burun xarj va tahmillarda (haddan ortiq qiynalishlarda) ko’p faqir va miskin alarning himoyati bilan zulm va taaddidin xalos bo’lurlar edi, va joyi ulki alarga mundoq takliflar bo’lgay, ko’p taaddi va tashaddud qila boshladi.