Mazmuni: Bilasanmi, qanday hikmat bor ekanki, o’g’il otadan kechayu kunduz yaxshilik ko’rgan bo’lsa-yu, undan minnatdor bo’lmasa. Ya’ni bu jahon — dunyo hodisa-voqealar sodir bo’lguvchi joy ekan, ya’ni Sening vujuding azob-uqubatlari bag’riga tashladi. Bu qit’ani zohiran o’qiganda g’alati bir holga tushadi kishi. Ammo e’tibor bilan qaralsa, unda otadan ajralgan o’g’ilning bu ajralishdan rozi emasligi, bunga shukrona aytaolmasligi, balki otaning g’am-alami to’foni bag’riga tushib qolgani bayon etilgan.
Bas, shunday ekan, bu qit’aning muallifi shayx Abu Bakr Muhammad Qaffolning shoirtab’, ammo nomi hozircha noma’lum o’g’illari emasmikin, degan fikr ham xayoldan kechadi. Agar shunday bo’lsa, bu hol maqbaraning qurilish davri haqida ham ma’lum bir xulosaga Kelish uchun turtki bo’la olarmikan?!
Shayx hazratlari olamdan ko’z yumgan bo’lsalar-da, ammo ul kishi qoldirgan ilmiy meros juda ko’plab allomalarning kamolotga yetishuviga xizmat qilgan.
Shuning uchun uzoq mamlakatlardan bo’lgan allomalar bu hazratdan ruhoniy tarzda saboq olish maqsadida Shoshga kelganlar. Jumladan, hozir Toshkentda shayx Zayniddin Ko’yiorifon tarzida mashhur bo’lgan zot XII asr oxiri va XIII asr boshlarida yashab faoliyat ko’rsatgan, mashhur mutasavvuf shayx Shahobiddin Suhravardiyning nabiralaridan bo’lmish shayx Zayniddin Bag’doddan hazrati Xoja Ahmad Yassaviy ziyoratiga kelib, Toshkentda turg’un bo’lib qolib, tafsir va qonunshunoslik sohasidagi bilimlarini shayx Abu Bakr Muhammad Qaffol ruhoniyati va asarlaridan mukammallashtirgan. «Lama’ot»da bayon etilishicha, «Shayx Zayniddin har kuni hazrat mavlono Abu Bakr Muhammad Qaffoli Shoshiy mozorlariga borib, alarning ruhoniyatidan ulum kasbini qilur edilar».
Shayx Zayniddin vafot etgach, Shoshda dafn etiladi va u joy shayx Zayniddin Ko’yiorifon nomi bilan qadamjolardan biriga aylanib qoladi.
XIV asr oxiri va XV asr boshlarida hazrat shayx Abu Bakr Muhammad Qaffolning maqbaralari Shoshning tabarruk qadamjolaridan biri bo’lganidan ko’plab kishilar faqat ziyorat qilish bilan Cheklanib qolmay, balki ruhoniyatlaridan madadlar istab, maqsadlariga erishganlar. Jumladan, Xoja Ahrori Vali shunday hikoyat qiladilar: «Yoshligimda hazrat Shayx Abu Bakr Muhammad Qaffoli Shoshiyning nurli mazorotlariga borganimda tushimda hazrati Isoni ko’rdim.