Oskar Uayld. Baxil pahlavon (ertaklar)  ( 6776 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


Muhammad Sanjar  21 Mart 2012, 20:29:49

Oskar Uayld

Baxil pahlavon
(ertaklar)












TOSHKENT «MA'NAVIYAT», 2001 yil

Qayd etilgan


Muhammad Sanjar  21 Mart 2012, 20:32:09

   Ko'rkam bog'lari bilan mashhur bir shaharda faqat bir kishininggina bog'i ko'karmaydi, unda qish va muz hukmron. Bog'ning egasi Pahlavon hayron: hammaning bog'iga qishdan so'ng bahor keladi, unikida esa... abadiy qahraton. Jumboqning siri nimada?..
   Yana bir voqea. Oshiq Tolib o'z yoriga muhabbatining ramzi sifatida qizil atirgul taqdim etmoqchi. Biroq qizil atirgul bu yili chamanzorlarda bitmagan. Tolibning nolalarini eshitgan bulbul, uning orzusini ro'yobga chiqarish yo'lida o'zini qurbon qiladi. Ammo bu qurbonning qadri qanday? Bulbul qoni behuda to'kilmadimi? Bu savollarga mashhur ingliz adibi Oskar Uayldning ertak shaklida yozilgan hayajonli hikoyalarini o'qib javob olasiz.
   Har bir ertakda ibratli hikmat mujassam. O.Uayld ertaklari qiziqarli voqealari, ular zamiridagi chuqur falsafiy mulohazalari bilan kichkintoylarni ham, kattalami ham birdek o'ziga tortadi.
   Ingliz adibining ertaklarini taniqli adabiyotshunos olim va mutarjim Ozod Sharafiddinov o'zbek tiliga o'girgan.

Qayd etilgan


Muhammad Sanjar  21 Mart 2012, 20:37:02

Baxil Pahlavon

Har kuni maktabdan qaytayotib, bolalar Pahlavonning bog'iga kirib o'ynashardi. Kattakon bog' juda chiroyli edi, maysalar yam-yashil, yumshoq. Maysalar ichidan u yer-bu yerda xuddi yulduzlardek go'zal gullarning g'unchalari chiqib turardi. Bog'da o'sadigan o'n ikkita shaftoli har bahorda nafis pushti gullar bilan qoplanar, kuzda esa shirin-sharbat meva berardi. Daraxtlarning shoxlarida qushlar sayrashadi. Ular biram chiroyli sayrashadiki, bolalar o'yinlarini qo'yib, ularning qo'shig'ini tinglaydi.
— Biram rohatki bu yerda! — deb bolalar bir-birlariga mamnun xitob qilishadi.
Biroq kunlardan birida Pahlavon uyiga qaytib keldi. U boshqa shaharda istiqomat qiladigan Odamxo'r Pahlavon oshnasinikiga mehmonga borib, unikida yetti yil qolib ketgandi. Yetti yil mobaynida u oshnasi bilan ko'nglida bor gapini gaplashib tamom qildi, nega desangiz unchalik ezma emas edi-da. Shunday qilib, yetti yil o'tgach, u o'z qasriga qaytishga jazm qildi. Qaytib kelgach esa bog'da o'ynab yurgan bolalarni ko'rib, jon-poni chiqib ketdi.
— Bu yerda nima qilib yuribsizlar? — deb baqirdi Pahlavon darg'azab bo'lib. Buni eshitib bolalar tum-taraqay qochib ketishdi.
— Bu — mening bog'im, — dedi Pahlavon, — har kim ham shuni bilib qo'ysinki, men o'zimdan boshqa hech kimning bu yerda o'ynashiga yo'l qo'ymayman.
Shunday deb u bog'ining atrofini baland devor bilan o'rab oldi va unga kattakon e'lon osib qo'ydi:

KIRISH QAT'IYAN TAQIQLANADI.
QOIDANI BUZGANLAR JAZOLANADI.

Pahlavon deganlari uchchiga chiqqan xudbin edi.
Endi sho'rlik bolalarning o'ynaydigan joyi qolmadi, ular yo'l ustida o'ynamoqchi bo'lishdi. Biroq u yerda o'tkir qirrali chaqir toshlar ko'p ekan. Jinday yugursang, hamma yoq chang-to'zon bo'lib ketadi, Xullas, ko'chada o'ynash bolalarga sira ma'qul bo'lmadi. Endi ular maktabdan keyin baland devor atrofida tentirab yuradigan boiib qolishdi. Ular devor ortidagi go'zal bog'ni tez-tez eslab turishardi.
— Bog'da xo'p mazza qilardik-da, — deyishardi ular bir-birlariga.
Keyin Bahor keldi. Hamma joyda daraxtlarning novdalarida kichkina kurtaklar paydo bo'ldi. Kichkina qushchalar quvnoq kuylarini kuylay boshlashdi. Faqat xudbin Pahlavonning bog'idagina hamon Qish hukmronlik qilardi. Bu yerda qushlar qo'shiqlarini aytib sayrashni istamas edilar, chunki bog'da bolalar yo'q edi. Daraxtlar ham gullash fursati kelganini uniitib yuborganday edilar. Bir gal maysalar orasidan suluvgina bir gul bosh chiqarib, atrofga qaradi. Qaradi-yu, e'lonni ko'rib, bola¬larga juda achinib ketdi. Keyin shu daqiqaning o'zida qaytib yerga kirib ketdi-da, u yerda uxlab qoldi. Bog'dagi ahvol faqat Qor bilan Sovuqqagina juda ma'qul keldi.
— Bu boqqa kelish Bahorning esidan chiqib qolipti, — deya xitob qilishdi ular. — Endi bu yerda yil bo'yi o'zimiz hukmron¬lik qilamiz.
Qor maysalar ustiga oppoq qalin ko'rpasini yopdi. Sovuq esa daraxtlarning hammasiga kumush bo'yog'ini surib chiqdi. Shundan keyin Qor bilan Sovuq huzurlariga Shimol Shamolini mehmonga chaqirishdi. Shimol Shamoli darrov yetib keldi. U boshdan-oyoq mo'ynaga burkanib olgan edi: Kun bo'yi daraxtlar orasida quturib izg'ib yurdi va uy ichidagi pechkaning mo'risida chiyillab-uvilladi.
— Juda ham ajoyib joy ekan! — dedi Shimol Shamoli. — Biz Do'lni mehmonga chaqirmog'imiz kerak. — Shundan keyin Do'l ham yetib keldi. U har kuni soatlab qasrning tomini taraklata boshladi, nihoyat, butun tomni teshib, ilma-teshik qilib yubordi,
so'ng bor kuchi bilan bog' ustiga yopirilib, daraxtlarni ship-shiydon qilishga kirishdi. Uning ustidagi kiyimi tussiz edi, nafasi esa muzdan battar sovuq edi.
— Bilmadim, Bahor nima uchun kechikdi ekan? Allaqachon uning keladigan vaqti bo'lgan, — dedi xudbin Pahlavon deraza oldida o'tirib, o'zining oppoq sovuq bog'ini ko'zdan kechirar ekan. — Ha demay ob-havo yurishib ketar...
Ammo, baribir, Bahor kelmadi. Yoz ham kelmadi. Kuz keldi. Kuz bilan birga har bir boqqa oltin mevalar keldi, ammo Kuz xudbin Pahlavonning bog'iga qayrilib ham qaramadi.
— U uchchiga chiqqan xudbin odam, — dedi Kuz. Shunday qilib, Pahlavonning bog'ida hamisha Qish hukmron bo'lib qolaverdi va daraxtlar orasida faqat Shimol Shamoli bilan, Qor-u Doi bilan Sovuqqina raqs tushib, aylanib, o'ynab yurishdi.
Kunlardan birida Pahlavon uyqudan uyg'onib ketdi-da, yotgan joyida juda nafis, juda chiroyli bir musiqani eshitdi. Bu musiqa uning quloqlariga shunaqa shirin tuyulib ketdiki: "Qasrimning yonidan podshoning mashshoqlari o'tib ketmayotganmikin?" — deb o'yladi u. Aslida bular mashshoqlar emas, kichkinagina bir chigirtka edi. Chigirtka uning derazasi tagida chirillab qo'shig'ini aytar edi. Pahlavon esa ko'pdan beri bog'ida qushlar sayrashini eshitmagani uchun, chigirtkaning chirillashini ham dunyodagi eng go'zal musiqa deb o'ylagan edi. Shu choq Do'l uning boshi uzra tomni takillatishdan to'xtadi. Shimol Shamoli ham o'zining uvlashlarini bas qildi, ochiq turgan derazadan esa odamga rohat baxsh etuvchi xushbo'y hidlar kirib kelaboshladi.
— Har holda, kechikib bo'lsa-da, Bahor kelganga o'xshaydi, — dedi Pahlavon va yotgan joyidan sapchib turib, derazadan boqqa qaradi.
Boqqa qarab nimani ko'rdi u?
Uning ko'z o'ngida butunlay boshqacha manzara namoyon bo'ldi. Bolalar devorning kichikroq tirqishidan boqqa kirib, daraxtlarga chiqib olishipti. Hamma daraxtlarda — bolalar. Pah¬lavon qaysi tomonga nazar tashlamasin, har bir daraxtning ustida bironta bola o'tirganini ko'rdi. Daraxtlar ham bolalarning qaytib kelishganidan juda xursand ko'rinardi. Xursandliklaridan chappar urib gullashipti. Daraxtlar bolalarning boshlari uzra novdalarini silkitib turishipti. Qushlar ham daraxtma-daraxt sakrab, xursandlikdan sho'x-sho'x sayrashyapti. Yashil maysalar orasidan gullar jilmayib qarab turishipti. Bu manzara juda go'zal va maftunkor edi. Faqat bog'ning bir burchidagina Qish dirillab turardi. Bu yer bog'ning eng xilvat joyi edi. Pahlavon u yerda kichkinagina bir bola turganini ko'rdi. Bolakay shunaqa kichik ediki, daraxtning butog'iga bo'yi yetmasdi. Shuning uchun daraxt atrofida aylanib, alamidan xo'ng-xo'ng yigiardi. Sho'rlik daraxt ham uch-uchlarigacha hali qirov bilan qoplangan, butalaridan qor ketmagan edi. Daraxtning tepasida Shimol Shamoli uvillab charx urardi.
— Mening ustimga chiqib ol, bolakay! — dedi Daraxt butog'ini pastga egib. Lekin shunda ham bolaning bo'yi yetmadi — u juda kichkina edi.
Pahlavon derazaga qarab, yuragi yayrab ketdi.
— Men juda ham xudbin bo'lgan ekanman-da! — dedi u. Nima uchun Bahor mening bog'imga kelishni istamaganini endi bildim. Men bu bolakayni daraxtning tepasiga chiqarib qo'yaman-da, devorni buzib tashlayman. Shunda mening bog'im bir umr bolalar o'ynaydigan joy boiib qoladi.
U chindan ham qilib qo'ygan nojo'ya ishidan juda-juda pushaymon edi.
Pahlavon oyoq uchida ohista yurib, zinadan tushdi, qasrining dabdabali eshigini sekin ochib boqqa chiqdi. Biroq bolalar Pahlavonni ko'rishlari bilanoq juda qo'rqib ketishdi va tum-taraqay qochib qolishdi. Shu zahotiyoq boqqa Qish yana qaytib keldi. Faqat birgina mitti bolakay qochib ketmadi, chunki uning ko'zlari jiqqa yosh edi — u Pahlavonning kelganini ko'rgani ham yo'q. Pahlavon bolaning orqa tomonidan asta-asta keldi-da, ehtiyot bilan uni ko'tarib, daraxtning tepasiga chiqarib qo'ydi. Shu zahotiyoq daraxt gulga burkandi, uning ustiga qushlar uchib kelib qo'nishdi va shoxdan-shoxga sakrab quvnoq qo'shiqlarini boshlab yuborishdi. Kichkina bolakay esa Pahlavonning bo'ynidan quchib, o'pib oldi. Shunda boshqa bolalar ham Pahlavonning yomonligidan asar qolmaganini ko'rishib, yugurishib boqqa qaytib kirishdi, ular bilan birga esa Bahor ham qaytib keldi.
— Endi bu bog' sizlarniki, bolalar, — dedi Pahlavon va kattakon boltani olib, devorni buzib tashladi. Qishloq ahli peshinda bozorga ketayotib, bog' ichida bolalar bilan birga o'ynab yurgan Pahlavonni ko'rishdi. Bu bog' dunyodagi hamma bogiar ichida eng go'zali edi.
Bolalar bog'da kun bo'yi o'ynashdi, kechqurun esa ular Pahlavonning yoniga kelib, unga xayrli tun tilashdi.
— Kichkina o'rtog'inglar ko'rinmaydi? — deb so'radi Pah¬lavon. — Men daraxtga chiqarib qo'ygan bolakay bor edi-ku — qani o'sha? — Bolakay Pahlavonga juda ham ma'qul tushib qol¬gan edi, negaki u Pahlavonning yuzidan o'pgan edi-da!
— Bilmay qoldik, — deb javob berishdi bolalar. — Biror yoqqa ketganga o'xshaydi.
— Unga, albatta, aytib qo'yinglar, ertaga bu yerga kelish esidan chiqib qolmasin, — dedi Pahlavon.
Biroq bolalar chuvillashib, bu bolaning qaerda turishini bilmaymiz, chunki uni avvallari biron marta ham ko'rgan emasmiz deb javob berishdi. Buni eshitib, Pahlavon qattiq xafa bo’ldi.
Har kuni bolalar maktabdan chiqib Pahlavonning oldiga kelib, u bilan o'ynar edilar. Ammo Pahlavonga yoqib qolgan kichkina bolakay boqqa boshqa biron marta ham kelmadi. Pah¬lavon endi hamma bolalarga mehribon-mushfiq bo’lib qolgan edi, lekin kichkina do'stini ko'p sog'inar va uni tez-tez eslab turardi.
— Biram uni ko'rgim kelyapti-ey! — derdi Pahlavon o'qtin-o'qtin.
Birin-ketin yillar o'tdi. Pahlavon ham qarib munkillab qoldi. U endi bog'da bolalar bilan o'ynolmay qolgan edi, faqat yumshoq o'rindiqda o'tirib ularning o'yinini kuzatar va bog'iga qarab to'ymasdi.
— Mening bog'imda chiroyli gullar ko'p,— derdi u. — Le¬kin dunyoda bolalardan ham chiroyliroq gullar bormikin?!
Bir kuni qish faslida Pahlavon uyqudan turib kiyinar ekan, derazaga qaradi. Endi u Qishni ko'rganda g'ashlanmay qo'ygandi, chunki u Bahor hozircha uyquda ekanini, gullar ham dam olishayotganini yaxshi bilardi.
To'satdan u ko'zlarini ishqalab, derazaga tikilib qoldi. Go'yo u derazaning narigi tomonida mo’jiza ko'rayotganday edi. Bog'da esa chindan ham mo’jiza ro'y berganday — uning nigohi qarshisida juda ajoyib manzara paydo boidi. Bog'ning eng xilvat joyida bir daraxt turar, u boshdan-oyoq oqqa chulg'angan edi. Uning shoxchalari sof oltindan bo’lib, ularda kumush mevalar osilib turar, daraxtning tagida esa o'sha Pahlavon yoqtirib qolgan bo¬lakay qarab turardi.
Pahlavon shodlikdan o'zini bilmay zinadan yugurib tushdi-da, boqqa otildi. Maysazor ustidan tez-tez odim otib, to'g'ri bolakayning oldiga bordi. Biroq u bolaning yoniga yaqin borishi bilanoq yuzi g'azabdan bo'zarib ketdi. U so'radi:
— Kim senga bu jarohatlarni yetkazdi?
Pahlavon bolakayning kaftlarida ikkita mixdan yetgan jarohatni, tovonlarida yana ikkita mix jarohatini ko'rgan edi.
— Kim senga bu jarohatlarni yetkazdi? — deb hayqirdi Pah¬lavon. — Ayt menga, men katta qilichimni olib, u nobakorni chopib tashlayman.
— Yo'q! — deb javob berdi bolakay. — Bu jarohatlar Muhabbatdan paydo bo'lgan.
— Ayt menga — sen kimsan o'zing? — deb so'radi Pahlavon. Beixtiyor uning vujudini allanechuk ehtirom chulg'adi va bolaning qarshisida tiz cho'kdi.
Bolakay esa Pahlavonga qarab jilmaydi-da, dedi:
— Bir kuni sen menga bog'ingda o'ynagani ruxsat berganding. Bugun men seni o'zimning bog'imga olib ketaman. Bu bog' — jannat deb ataladi.
Ertasi kuni bolalar boqqa kelishganda, Pahlavonning o'lib yotganini ko'rishdi. U boshdan-oyoq oqqa chulg'angan daraxt tagida yotar edi.

Qayd etilgan


Muhammad Sanjar  21 Mart 2012, 20:42:07

Gul va Bulbul

— Yorimga qizil atirgul olib borib bersam, men bilan raqs tusharmish, — deb xitob qildi yoshgina Tolib. — Lekin nima qilayki, bog'imda bironta ham qizil atirgul yo'q.
Buni daraxtda, inida o'tirgan Bulbul eshitib qolibdi. U taajjub ichida barglar orasidan mo'ralapti.
— Butun boshli bog'da biron dona ham qizil atirgul yo'q! — deb nolasida davom etipti Tolib va uning chiroyli ko'zlari jiqqa yoshga to'lipti. Oh, ba'zan baxt deganlari naqadar arzimas narsalarga bog'liq bo'ladi-ya! Men donolar yozgan kitoblarning ham-masini o'qib chiqqanman, falsafa sirlarining tagiga yetganman, lekin qizil atirgulim yo'qligidan butun hayotim rasvo boiib o'tiripti.
— Nihoyat, haqiqiy oshiqni ko'rdim, — dedi Bulbul o'ziga o'zi. — Men uning o'zini bilmasam-da, tunma-tun uning to'g'risida kuylardim, tunma-tun uning to'g'risida yulduzlarga hikoyalar so'ylardim. Mana, nihoyat, uni ko'rish nasib etdi. Uning sochlari timqora, lablari esa o'zi qidirayotgan atirgulday qirmizi. Ishq dardining zo'ridan rangi fil suyagiday oqarib ketipti, g'am-g'ussa uning vujudiga muhr bosipti.
— Ertaga kechqurun shahzodanikida ziyofat bo'ladi, — deb shivirladi Tolib. — Mening yorim ham unga taklif qilingan. Agar men unga qizil atirgul keltirib bersam, u tongga qadar men bilan raqs tushadi. Agar men unga qizil atirgul keltirib bersam, men uni bag'rimga bosib quchaman, u asta boshini yelkamga qo'yadi, qo'llarim qo'llarini qisadi. Ammo mening bog'imda qizil atirgul yo'q. Men sho'rlik yolg'iz o'tirishga mahkum qilinganman, u yonimdan o'tib ketaveradi. Men tomonga hatto qiyo boqmaydi, mening esa yuragim alamlardan qon boiadi.
— Haqiqiy oshiq bu, — dedi Bulbul. — Bu to'g'rida men kuylaganman, xolos. U esa bu dardlarni boshidan kechiryapti. Men kuylab xursand bo'lgan edim, u bo'lsa bundan azob chekyapti. Sevgi deganlari haqiqatan ham bir mo’jiza ekan. U zumraddan ham qimmatliroq, yoqutdan ham qadrliroq. Uni duru injular berib sotib olib bo'lmaydi. Sevgi bozorga solinmaydi. Uni baqqoldan xarid qilolmaysan va tilloga topa olmaysan.
— Yuksakda mashshoqlar o'tiradi, — deb davom etdi Navqiron Tolib. — Ular torlarini chertib, g'ijjaklarini chalishadi. Mening yorim bu musiqiy sadolar ostida raqs tushadi. U raqs maydonchasi bo'ylab shunday yengil parvoz qiladiki, oyoqlari yerga tegmaydi. Uning tevaragini hashamatli kiyingan saroy a'yonlari qurshab olgan bo'ladi. Lekin u men bilan raqs tushishni istamaydi, chunki mening unga atalgan qizil gulim yo'q.
- Shunday deb, yigit yuz tuban maysa ustiga yiqildi, qo'li bi¬lan yuzlarini yashirdi va yig'lab yubordi.
— Bu yigit nega yigiayapti? — deb so'radi kichkinagina yashil Kaltakesak uning yonidan dumlarini silkitib o'tib borar ekan.
— Ha-ya, rostdanam, nega yig'layapti? — deb gapga qo'shildi quyosh shu'lasini tutaman deb uchib yurgan Kapalak.
— Nega yigiayapti? — deb mayin ovozda so'radi Dastorgul qo'shnisidan.
— Qizil atirgul deb yig'layapti, — deb javob berdi Bulbul.
— Qizil atirgul deb! — Deb xitob qilishdi hammalari. — Voy, shunga ham yigiaydimi?
Kichkina Kaltakesak jinday behayoroq bo'lgani vajidan, tortinib o'tirmay qah-qah urib kulib yubordi.
Yolg'iz Bulbulgina Tolibning dardini tushunar edi, shuning uchun u inida o'tirib, sevgi sirlari haqida mulohaza yuritishda davom etdi.
Mana, nihoyat, u qanotlarini yoyib, ko'kka parvoz qildi. U daraxtzor ustidan soyaday uchib o'tdi, keyin bog' ustidan soyaday uchib o'tdi.
Ko'm-ko'k maysazor o'rtasida bir tup atirgul savlat to'kib turardi. Bulbul uni ko'rib, pastroq tushdi va gulning shoxiga qo'ndi.
— Menga bitta qizil gulingni bersang, senga eng yaxshi qo'shig'imni aytib berardim, — dedi Bulbul.
Biroq bir tup atirgul boshini chayqadi.
— Mening atirgulim oq, — deb javob berdi u. — Mening gullarim dengiz mavjlariday oq, ular tog' cho'qqilaridagi qordan ham oppoqroq. Sen akamning huzuriga bor. U eski quyosh soatining yonida o'sadi. Ehtimol, hojatingni akam chiqarar.
Bulbul eski quyosh soatining yonida o'sadigan bir tup atirgulning huzuriga uchdi.
— Menga qizil atirgulingdan bersang, — deb xitob qildi u, — men senga eng yaxshi qo'shig'imni aytib berardim. Biroq bir tup atirgul bosh chayqadi.
— Mening gullarim sariq, — deb javob berdi u, — ular sariq taxtda o'tiradigan malikaning tillarang sochlaridek sap-sariq. Ular maysazorda o'sadigan qoqi gullardek za'faron. Akam¬ning huzuriga bor, sen izlayotgan gul undan topilib qolsa, ajab emas. U Tolibning derazasi ostida o'sadi.
Bulbul Tolibning derazasi ostida o'sadigan bir tup atirgulning huzuriga uchdi.
— Menga qizil atirgulingdan ber, — deb iltijo qildi Bulbul. — Men senga eng yaxshi qo'shig'imni aytib beraman. Ammo bir tup atirgul bosh chayqadi:
— Mening atirgulim qizil, — deb javob berdi u. — Ular kaptar panjalaridek qizil, ummonlar tagida g'orlarda xuddi yelpug'ichdek chayqalib yotadigan marjonlardek qip-qizil. Ammo qishki izg'irindan tomirda qonlarim to'ng'ib qoldi, sovuq kurtaklarimni xarob qildi, bo'ron navdalarimni sindirdi. Bu yil men butunlay gullamayman.
— Faqat bir donagina qizil gul bergin, shundan boshqa narsa so'ramayman sendan, — deya yolbordi Bulbul. — Bitta donagina qizil atirgul! Uni topishning iloji bormi?
— Iloji-ku bor-a, — deb javob berdi bir tup qizil atirgul, — biroq bu iloj shu qadar mudhishki, uni senga aytgani sira yuragim dov bermayapti.
— Kel endi, aytaqol, — deb iltijo qildi Bulbul, — men qo'rqmayman.
— Agar senga qizil atirgul kerak bo’lsa, — deb so'zlay ketdi Bir tup qizilgul, — uni to’lin oy nurlari har tomonga taralgan choqda kuylagan qo'shig'ing tovushlaridan o'zing barpo etmog'ing kerak. Barpo etganingdan keyin esa, uni yurak qoniga chayib olmog'ing darkor. Sen menga tikanimni yuragingga sanchib turib qo'shiq kuylaysan. Sen tun bo'yi tinmay kuylamog'ing kerak. Shunda mening tikanim yuragingni tilka-pora qiladi va sening qoning mening tomirlarimga o'tadi-da, menga jon ato etadi.
— Bir dona qizil gul uchun hayotni qurbon qilish kerakmi? Har bitta kimsa yashashni istaydi. O'rmonda o'tirib, oltin aroba mingan quyoshni yoxud javohirlardan yasalgan aravada sayr qilib yurgan to'lin oyni tomosha qilish naqadar rohat! O'rmon gullarining muattar hidlari biram shirin, vodiylarda o'sadigan moviy gullarning qo'ng'iroqlari, adirlar ustidagi chuchmomalarning xush bo'yi naqadar yaxshi! Lekin Muhabbat hayotdan afzal. Jinqarchahaday bir qushchaning yuragi inson yuragi oldida nima degah narsa?
Shunday deb, Bulbul qanotlarini silkitib ko'kka parvoz qildi. U bog'lar ustidan soyaday uchib o'tdi, o'rmonlar ustidan soyaday uchib o'tdi.
Tolib esa hali ham o'sha joyda maysa ustida yuz tuban yotar va hali ham uning ma'sum ko'zlari jiqqa yosh edi.
— Shodlan! — deb hayqirdi unga Bulbul. — Quvonaver, hademay qo’lingda qizil atirgul bo'ladi. Men uni to'lin oy nurlari har tomonga taralgan choqda o'zim kuylagan qo'shiq tovushlaridan barpo etaman va yuragimning qaynoq qoniga chayib olaman. Buning evaziga sendan faqat bir narsani iltijo qilaman — hamisha sevgingga sodiq bo'l, negaki Falsafa har qancha dono bo'lmasin, Muhabbatda Falsafadagiga qaraganda donolik ko'proq. Hukmdorlik ham har qancha qudratli bo'lmasin, Muhabbat istalgan hukmdorlikdan qudratliroq. Uning qanotlari alanga tusli, tanasi ham alanga rangiga bo'yalgan. Uning dudoqlari bamisoli asaldek, nafasi ham rohatbaxsh...
Tolib tirsagiga tayanib, qaddini ko'tardi va Bulbulning gaplarini tingladi, lekin Bulbul aytgan gaplarining hech biriga tushunmadi, chunki u faqat kitoblarda yozilgan narsalarni bilardi, xolos.
Eman daraxti esa Bulbulning gaplarini eshitib qattiq qayg'urdi, chunki u o'z bag'rida in qurgan bu kichkina qushchani juda yaxshi ko'rardi.
— So'nggi marta menga qo'shig'ingni kuylab ber, — deya shivirladi Eman daraxti. — Sen g'oyib bo'lib qolsang, seni juda ham sog'inaman.
Shunda Bulbul Eman daraxtiga atab qo'shiq ayta boshladi. Uning qo'shig'i kumush ko'zachadan shildirab quyilayotgan suvning ovozini eslatardi.
Bulbul qo'shig'ini tamom qilganida, Tolib yotgan joyidan turib, cho'ntagidan daftarcha bilan qalam oldi-da, butazordan uyiga tomon yo'l olar ekan, o'ziga-o'zi dedi:
— Ha, u shakl bobida bag'oyat mohir, bunga tan bermay iloj yo'q. Biroq unda tuyg'u bormikan? Qo'rqamanki, tuyg'u yo'q. Sirasini aytganda u ko'pgina rassomlarga o'xshaydi — mahorat serob-u, samimiyatdan bir tomchi ham yo'q. Boshqa odam uchun u hech qachon o'zini fido qilolmaydi. U faqat musiqani o'ylaydi, holbuki, har bir odam biladiki, san'at xudbin. Lekin uning qo'shig'ining ba'zi bir tovlanishlari haddan tashqari chiroyli ekanini tan olmoq darkor. Faqat shunisi achinarliki, ularda hech qanday ma'no yo'q va ular amaliy qimmatdan mahrum.
Shunday deb Tolib xonasiga kirib, ensizgina krovatiga cho'zildi-da, o'zining muhabbatini o'ylab ketdi. Oradan ko'p o'tmay u uxlab qoldi.
Ko'kka oy chiqib, har tomonni shu'lalariga chulg'ab olgan-da, Bulbul bir tup qizil atirgulning huzuriga keldi-da, uning novdasiga qo'nib, yuragini gulning tikaniga bosdi. U ko'ksini tikanga bosgan ko'yi, tuni bilan uzluksiz kuylab chiqdi. Sovuqqina billur oy boshini egib turib uning qo'shiqlarini tingladi. Bulbul tun bo'yi tinmay kuylay berdi, tikan esa uning bag'riga borgan sari qattiqroq sanchilaverdi va yuragining iliq qoni tomchi-tomchi bo'lib sizib chiqaverdi.
Boshlab u muhabbat qanday qilib yigit bilan qiz qalbiga asta-asta kirib borishi haqida kuyladi. Shunda Bir tup qizil atirgul¬ning eng yuqoridagi novdasida gul g'uncha tuga boshladi. Har bir ashuladan keyin g'uncha barglari asta yoyila bordi. Avvaliga g'uncha daryo yuziga cho'kkan tumanday oppoq, tong qadamiday rangsiz, shafaq qanotiday kumushrang tusda edi. Bir tup qizil atirgulning eng yuqorigi novdasida gul o'zining kumush ko'zgudagi aksiga, suvning harakatsiz sathidagi aksiga o'xshardi.
Bir tup qizil atirgul esa Bulbulga «bag'ringni tikanimga yanada qattiqroq bos» deya hayqirardi:
— Bag'ringni menga qattiqroq bos, Bulbuljon, bo'lmasa, gulim qizarib ulgurmay, tong otib qoladi!
Bulbul bag'rini tikanga yanada qattiqroq bosdi. Uning qo'shig'i borgan sari avj pardalarga ko'tarila bordi. Endi u yigit bilan qizning ko'ksida tug'iluvchi otashin ehtiros to'g'risida kuylardi.
Shunda g'uncha barglari qaylig'ining dudoqlaridan bo'sa olayotgan kuyov yigitning yuzlaridek nafis qizara boshladi. Ammo tikan hali Bulbulning bag'rini teshib o'tganicha yo'q edi. Shuning uchun gulning bag'ri hamon oqligicha turardi, negaki Bulbul bag'rida jo'sh urgan qongina gul bag'rini qizartirishga qodir edi. Yana bir tup qizil gul Bulbulga tikanimga bag'ringni qattiqroq bos deya hayqirdi.
— Menga bag'ringni qattiqroq bos, Bulbuljon, gul qizarishga ulgurmay tong otib qoimasin!
Bulbul bag'rini tikanga yana qattiqroq bosdi va nihoyat tikanning uchi uning yuragiga sanchildi. Shunda uning butun vujudi o'tkir og'riqdan zirqirab ketdi. Og'riq kuchaygandan kuchaya bordi, og'riq kuchaygan sari Bulbulning nolasi ham kuchaya bordi. Chunki u Muhabbat haqida kuylardi. Bir Muhabbatki, u o'limda kamol topadi, bir Muhabbatki, u go'rga kirsa ham, o'lim nimaligini bilmaydi.
Qo'shiqni eshitib, gul ham Sharqning tong shafag'iday qip-qizil rangga kirdi. Nafaqat uning nafis barglari, hatto yuragi ham yoqutdek yal-yal yondi.
Bulbulning esa tovushi borgan sari zaiflashib bormoqda edi. Mana, qanotlari ham to'satdan bir silkinib', shalpayib qoldi, ko'zlari tuman qoplaganday xiralashdi. Nihoyat, uning qo'shig'i tindi. Bulbul allanima yuragini g'ijimlab siqayotganini his qildi.
Mana, qo'shiqning ham eng so'nggi sadosi yangradi. Nursizgina xira oy uni eshitib, tong otayotganini ham unutib osmonu falakda to'xtab qoldi. Qizil atirgul qo'shiqning so'nggi nolalarini eshitib, butun vujudi jazavaga tushdi-da, nafis barglarini salqin tong sabosiga tutdi. Qo'shiqning aks sadosi nolani tog'lar bag'ridagi qizg'ish g'orlar sari olib ketdi. Bu aks sadodan uxlab yotgan cho'ponlar uyqudan uyg'ondi. Aks sado daryolardagi qamishzorlar bo'ylab taraldi va daryo suvi uni o'zi bilan dengizga olib ketdi.
— Qara! — deya xitob qildi bir tup gul. — Atirgulim qizardi! Lekin Bulbul hech narsa deb javob bermadi. U yam-yashil maysazor ustida yuragiga sanchilgan o'tkir tikan bilan o'lib yotardi.
Peshinda Tolib derazasini ochib, bog'iga qaradi.
— O, baxtimdan o'rgilay! — deya xitob qildi u. — Mana, qizil atirgul. Umrim bino bo'lib bunaqa chiroyli atirgulni ko'rmaganman. Albatta, uning uzundan-uzoq lotincha nomi bo'lsa kerak.
Shunday deb, u derazasidan egilib, gulni uzib oldi. Keyin u qalpog'ini kiyib, qo'lida gulni uslilaganicha Professorning huzuriga yugurdi.
Professorning qizi eshik oldida moviy ipakni urchiqda yigirib o'tirardi. Uning oyog'i yonida kichkinagina laycha yotardi.
— Sizga qizil atirgul olib kelsam, men bilan raqs tushishga va'da bergan edingiz! — dedi Tolib. — Mana, dunyodagi eng chiroyli qizil atirgul. Kechqurun uni yuragingizga yaqinroq joyga taqib oling. Biz raqs tushayotganimizda, bu gul sizning nechog'li yaxshi ko'rishimni gapirib beradi.
Biroq qiz qovog'ini uydi.
— Bu gulingiz mening libosimga mos emas, — deb javob berdi qiz. — Bundan tashqari vazirning jiyani menga javohir to'g'nog'ich sovg'a qildi. Har qanday odamga ham ma'lumki, javohir to'g'nog'ich gulga qaraganda qimmatliroq bo'ladi.
— Juda ham noshukur qiz ekansiz! — dedi Tolib alam bilan va atirgulni yerga uloqtirdi.
Gul arava iziga tushdi va arava g'ildiragi uni ezg'ilab yanchib o'tdi.
— Noshukur dedingizmi? — deb so'radi qiz. — Juda ham qo'pol odam ekansiz-ku! Siz o'zingiz kim bo'lib ketibsiz? Bor-yo'g'i bir talabasiz-da! Vazirning jiyanining poyabzalida kumush zanjiri bor. Sizning poyabzalingizda bunaqa zanjir bo'lmasa kerak, hoynahoy?
Shunday deb, u o'rnidan turdi-da, ichkari xonaga kirib ketdi.
— Muhabbat deganlari juda ham bema'ni narsa bo'lar ekan-ku, — deb mulohaza yuritdi Tolib uyiga qaytayotib. — Muhab¬bat deganlarida mantiqning yarim foydasi ham yo'q-ku! Mu¬habbat hech narsani isbot qilmaydi, qayoqdagi havoyi narsalarni va'da qiladi, bo’lishi mumkin bo'lmagan narsalarga ishonishga majbur qiladi. Muhabbat aql bovar qilmaydigan darajada amaliyotdan uzoq. Holbuki, bizning asrimiz amaliyot asri, shundoq ekan, men Falsafaga qaytganim va metafizikani o'rganganim ma'qul.
Shunday deb, u o'z xonasiga qaytib keldi, javondan chang bosgan kattakon kitobni oldi-da, uni o'qishga tutindi.

Qayd etilgan