Bemor bolani parvarish qilish
Har bir ona kasal bolani parvarish qilishni bilishi kerak. Kasallik bolaning yurish-turishidan darhol ma’lum bo’ladi: bola injiqlanib, qo’lga olishni so’raydi, ovqat yemay qo’yadi, bo’shashib qoladi. Bunda uning temperaturasini o’lchab ko’rish va o’rniga yotqizib vrach chaqirish kerak. Kasal bo’lib qolganida bolani darhol poliklinikaga olib bormay, vrachni uyga chaqirish lozim. Bola ichi ketib, qayt qila boshlasa, vrach yetib kelgunga qadar unga ovqat bermay, faqat qaynagan suv yoki choy ichirib turish kerak. Shuningdek, bulg’angan yo’rgagi yoki bola axlati, qusug’i turgan tuvakni vrach yetib kelgunga qadar saqlab turish zarur. Kasal bolaga, ayniqsa uning temperaturasi ko’tarilgan vaqtida tinch sharoit yaratish, uyqusini ehtiyotlash juda muhim. Uning karavoti yorug’lik tushadigan joyda turishi, lekin bolaning yuziga yorug’lik tik tushmaydigan bo’lishi kerak. O’rinning yoniga ovqat, ichimlik va o’yinchoqlar uchun kichkina stolcha yoki tumbochka qo’yish tavsiya etiladi. Xonani yaxshilab shamollatib turiladi. Qishda xonani shamollatib so’ng havosi isiganidan keyingina bolaning issiq kiyimlarini yechib olish mumkin. Kasal bolaning karavotidagi o’rinni har kuni qaytadan solib, klyonkasini rostlab qo’yish, ko’rpa-ko’rpachalarini qoqib, choyshab hamda yostiq jildlarini shamollatib turish lozim.
Bolani vrach aytganidek ovqatlantirib turish shart. Ishtahasi pasaygan bo’lsa, ovqatni kam-kamdan berib turiladi. Zo’rlab ovqat yedirish yaramaydi. Qayt qilish bilan kechadigan kasalliklarda go’dakka sog’ib olingan sut va imkoni boricha tez- tez qaynagan suv berib tusih lozim.