Islomiy to'yHammamizga ma’lumki «islomiy to‘ylar» degan tushuncha yaqinda chiqdi. Avvalgi dinga ruxsat berilmagan kommunistik tarbiya hukm surib turgan, ko‘pchilik narsalarda boshqa dindagilarning ishiga tobe bo‘lgan vaqtimizda yillar o‘tishi bilan odamlarga joriy bo‘lib qolgan to‘ydan boshqacharoq to‘y qilish boshlandi. U yerdagi harom, harish ishlarni qilmasdan, dinimiz hukmiga muvofiq qilib to‘y o‘tkazishga harakat boshlandi, mana shundan «islomiy to‘y» degan istiloh chiqdi. Avvalda bu gaplar yo‘q edi, mana hozir shariat borasidagi barcha kitoblarimizni qarasak to‘ylarni «islomiy» yoki «noislomiy» degan bo‘lish yo‘q.
To‘y ma’nosida «Valimatun nikoh»-«Nikoh valimasi» aytiladi, ana shu ma’noda to‘y qilishning hukmi, unga da’vat qilinganlarning borishi kerakligi va shunga o‘xshagan ko‘rsatmalar beriladi. Lekin bu savolga o‘xshab «islomiy to‘y» ma’nosida gap-so‘zlar yo‘q. Endi bizning sharoitimizdan kelib chiqiladigan bo‘lsa bu to‘ylarni shariatimiz harom qilgan narsalardan holi qilib qilishni o‘zimizcha ta’rif qilib aytishimiz mumkin. Shariatimiz harom qilgan narsalar nima, avvalgi vaziyatimizga qaraganda? Shulardan bittasi mast qiluvchi ichimliklarni ichmaslik, avvalda mana shu narsa avj olgan edi, «aroq bo‘lmasa to‘y bo‘lmaydi» degan tushuncha bor edi.
«To‘y bo‘ladi-yu aroq bo‘lmaydimi?» degan tushuncha bor edi. Holbuki bu noto‘g‘ri bir tushuncha edi. Endi dinimizni tanib borib, islomimizning ahkomlarini tushunib borib, «Alloh harom qilgan narsani nima uchun to‘yda ichamiz» degan tushuncha chiqib, ulamolarimiz tushuntirib to‘yda aroq ichmaslikni, to‘ydan boshqa vaqtda ham ichmaslik kerak o‘zi, islomiy to‘ylarga bir belgi qilib olindi. Bu belgilarning ikkkinchisi erkak-ayol mast-alast holatda va boshqa holatlarda aralash-quralash bo‘lmasligi. Odob-ahloq doirasida erkaklar alohida, ayol kishilar alohida bo‘lishligi. Eng katta ko‘zga ko‘ringan ikkita belgi shu.
Ana shu ma’nolarni biz yaxshi tushunib olishimiz kerak. Shu bilan birga bid’at, xurofot, shariatimiz man qilgan narsalarni to‘ylarda ham, boshqa yerlarda ham qilmasligimiz lozim va lobud. Shu bilan birga uchinchi bir alomat bor, bu to‘g‘risida ihtilof, turli gaplar bor : «nikoh to‘yida musiqa yoki qo‘shiq aytish mumkinmi yoki yo‘qmi» degan tushuncha. Ba’zi bir kishilar «bu borada umuman hech narsaga ruxsat yo‘q» degan gapni aytishadi, bu gap ham yaqinda o‘sha boshqa taraflardan eshitib, o‘shalarning aytganlariga taqlib qilib orasida kelib chiqdi. Lekin, ko‘p marta aytib, tushuntirilgan narsa shuki, Payg‘ambar (s.a.v) ning hadislarida kelgan ma’no shuki: nikoh to‘yida ko‘ngilxushlik qilsa joiz. Hadis kitoblarimizda «I’lanun nikahi val lahu fihi» degan bob ham bor, «nikohni e’lon qilish va o‘sha paytda ko‘ngilxushi qilish ma’nolari» degan sarlavha ostida bir qancha hadisi shariflar keltiriladi.
Ana shu hadisi shariflardan bir Rubayya binti Muoviz (r.a)dan rivoyat qilinadi. Unda u kishi aytadiki: «Meni nikoh to‘yim kuni Rasuli Akram alayhissalotu vasallam kirib keldilar, ko‘rpachamning ustiga o‘tirdilar, ikki qiz qo‘shiq aytar edilar va Payg‘ambar (s.a.v) o‘tirganlaridan so‘ng ulardan biri «Va fiyna nabiyyu yumbiun ang‘odin» degan baytni aytdilar, ya’ni «bizning ichimizda bir payg‘ambar borki, ertangi kunning xabarini beradi» dedi. Shunda Payg‘ambar (s.a.v) «dahihaza» - «buni qo‘ygin, avvalgisini aytgin» dedilar. Shuningdek, Oysha onamiz (r.a) o‘zlari boqib olib tarbiya qilgan yetim qizni ansoriylardan biriga kuyovga uzatganlarida kelin tushirib borib, qaytib kelganlaridan keyin Payg‘ambar (s.a.v) : «Ey Oysha, ansoriylar ko‘ngilxushiga moyil kishilar edilar. Biror ko‘ngilxushi qildingizmi?» deb so‘raganlarida «qiladigan bo‘lsak nima qilar edik» deb Oysha onamiz aytganlarida Payg‘ambar (s.a.v) bizdagi «Yor-yor»ga o‘xshash narsani aytib «Ataynakum, ataynakum» deb o‘zlari aytib Oysha onamizga eshittirganlar.
Shunga o‘xshash bir qancha rivoyatlar bor, ana shunda ma’lum bir musiqa asboblarini chalib, qo‘shiq aytib, bu ham albatta shariat doirasida, ma’nolari faqat shariat ma’nolariga to‘g‘ri keladigan, shariatimizda man qilingan ma’nolari bo‘lmaslik sharti bilan ruxsatlar berilgan. Alhamdulilloh hozirgi kunda mana shu ma’nolar to‘ylarimizda yo‘lga qo‘yilib borilyapti. O’shandoq harom, harish ichimliklardan, urf-odatlardan, aralash-quralash bo‘lishliklardan saqlanib, odob bilan to‘ylarni chiroyli o‘tkazish ishlari bo‘lyapti. Bularning hammasi albatta yaxshilik, hayr-barakaga sabab bo‘ladi degan umiddamiz. Alloh subhanu va taolo undan keyin ham bunga o‘xshagan yaxshi narsalarni yurtimizda keng tarqab borishini O’zi ta’minlagan bo‘lsin.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
www.islam.uz