Топ рейтинг www.uz Mahmud As'ad Jo'shon. Haqiqiy sevgi

Mahmud As'ad Jo'shon. Haqiqiy sevgi  ( 44006 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:27:19

MUHABBAT TA’LIMI

Naqshbandiya tariqati qadimgi Turon, hozirgi O’zbekiston hududidan butun olamga yoyildi. Bu hayotbaxsh tariqatning yetuk vakillari bugungi kunda butun yer yuzida mavjud. Ana shunday murshidi komillardan biri hazrati shayx, doktor, professor Mahmud As’ad Jo‘shondirlar.
Mahmud As’ad Jo‘shon Vatan jihatidan (ota-bobolari) asli Buxoroi sharifdan, shajarada hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam avlodidan, ya’ni, sayyid, Naqshbandiya silsilasida esa 40-murshidi komildirlar. Turkiyaning Osiyo qismida – tog‘li Chanoqqal’ada istiqomat qiladilar.
U kishi – 30 dan ortiq ma’rifiy, fiqhiy va tasavvufiy kitoblar, 400 dan ziyod maqola muallifi. Arab, fors, ingliz, olmon (nemis), tillarini yaxshi bilgan olim Markaziy Osiyo, Sharq mamlakatlari, AQSh, Yaponiya, Olmoniya, Daniya, Avstraliya, Gollandiya kabi o‘lkalarni kezib, Islomiy tasavvuf mavzuida jonli suhbatlar, ma’ruzalar qilganlar. Tafsir, hadis, fiqh, e’tiqod va tasavvuf ilmida yetuk bo‘lgan bu alloma tegrasidagi talab ahlining ma’naviy kamolotiga ko‘ra, «Shayxi valitarosh», ya’ni avliyolar yetishtiruvchi shayx deb atalmoqdalar.
Qo‘lingizdagi kitob Mahmud As’ad Jo‘shon hazratlarining bir nechta asarlaridan saralab olingan muhabbat saboqlaridir. Unda Islomning asl mohiyati ixtiloflar, janjallar va nizolar emas, balki ezgulik va mehr-muhabbat ekanligi uqdirilgan, qanday qilib Allohning sevikli bandasi bo‘lish yo‘llari, ma’naviy kamolot asoslari bayon etilgan.
O’qiganlar bu kitobdan, yaxshi bahralar olib, poklik, halollik va go‘zallik bilan yashab, kamolot kasb etishlarini Alloh taolo nasib aylasin!..

TARJIMON

MUNDARIJA

Muhabbat ta’limi
Muhabbat yo’li muvaffaqiyat yo’lidir
Asl sevgi Allohni sevmoqdir
Allohni va uning rasuli adibini sevmoq
Rasulullohga ergashmoq
Alloh go’zaldir, go’zallikni sevgay
Allohning sevgan quli bo’lmoq
Foydali qul bo’lmoq
Alloh uchun sevmoq
Sevish yo’llari
Allohga qullarni, qullarga allohni sevdirmoq
Muhabbat bizning asl usulimizdir
Bir-birimizni sevmog’imiz kerak
Yo’limiz sabr va sevgi yo’lidir
Sevdingmi, mahkam ushlagil
Burchimiz birodarlikdir
Do’stliklar, do’stliklar...
Muhabbat jannatga kirmoq shartidir
Muhabbatimiz olamshumuldir
Xizmat muhabbatni orttirgay
Muhabbat ham bir ibodatdir
Muhabbatni qo’lga kiritmoqning yo’llari
Sevmoqni qayerdan o’rganamiz?
Qalbni ishlovchan holga keltirmoq
Sevgini o’rganmoq
Musulmon muhabbati
Muvaffaqiyatlarning ma’naviy omillari
Insonlarni nechun sevamiz?
Bir-birimizga mehr-muhabbatli bo’laylik
Haqni sevmoqni o’rganing
Muhabbatni zada qilguvchi xatti-harakatlar
Muhabbatni o’rtadan ko’targan sabablar
Dunyo sevgisi
Nimani va kimni sevmoq kerak?
«Ma’rifatnoma»dan
Ibodat
O’ziga xos ishqnoma

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:27:28

HAQIQIY SEVGI
Shayx Mahmud As’ad Jo’shon
*************************************************

MUHABBAT YO’LI MUVAFFAQIYAT YO’LIDIR

Sevgilarning eng oldinda keladigani, eng keraklisi, eng go‘zali, eng yuksagi Alloh sevgisidir. Chunki Alloh eng go‘zal sifatlarning sohibi, har turli go‘zalliklarning mujidi-ijodkori, soni’i — san’atkori, foili — bajaruvchisi va xoliqidir! Inson yaxshiroq va teranroq o‘ylasa, o‘zi sevgan barcha go‘zalliklarning ortida mulkning mutlaq sohibi, butun olamlarning Rabbisi — Parvardigori — Zul-jaloli val-jamol hazratlarini ko‘rgay.
Alloh muhabbati banda uchun har turli xayrning, yaxshilikning va go‘zallikning asli, bosh manba’i, bitmas-tuganmas shavq, zavq va kuch-quvvat omili bo‘lgaydir. Alloh sevgisiga erishgan qul avliyo bo‘lgay, olim bo‘lgay, fozil bo‘lgay, komil bo‘lgay, xayrli inson bo‘lgay, xayrli farzand-avlod bo‘lgay, xayrli ota-ona bo‘lgay, xayrli qo‘shni bo‘lgay, xayrli do‘st bo‘lgay...
Alloh sevgisiga erishmagan qul ham bo‘ladi, ammo bemaza bo‘ladi, qabih bo‘ladi, qo‘rs-qo‘pol bo‘ladi, buzg‘unchi bo‘ladi, osiy bo‘ladi, g‘addor bo‘ladi, fosiq bo‘ladi, fojir bo‘ladi, muzir — zararli bo‘ladi...
Islomning mohiyati Alloh sevgisidir, shundan Rasululloh sevgisi, Qur’on sevgisi, iymon sevgisi, ibodat sevgisi, xayrot va hasanot sevgisi, musulmon sevgisi, ixvon — qardoshlik, birodarlik sevgisi, inson sevgisi, san’at sevgisi chiqgay.
Tasavvufning asosi — qullarga Allohni, Allohga qullarni sevdirmoqdir. Tasavvuf buni juda zarif, juda nozik, juda teran usullar bilan ta’minlagay; qulni oshig‘i sodiq va muhibbi Xoliq holiga keltirgay. Mavlono Jaloliddin Rumiyning «Masnaviy»si ishqdir, nayning navosi ishqdir, Fuzuliyning she’ri ishqdir, Yassaviyning «Hikmat»i ishqdir, Ibrohim Haqqiyning «Ma’rifatnoma»si ishqdir, Yunusning «Ilohiy»lari ishqdir, Itriyning bastalari ishqdir, obidning xilvati ishqdir, darvishning zikri ishqdir, mujohidning jihodi ishqdir, muhoribning «Alloh, Alloh», deb yovga qarshi qilgan hamlasi ishqdir, shahidning jon bermog‘i ishqdir, g‘oziyning g‘azo rutbasi — g‘oziylik martabasi ishqdir...

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:27:42

Ishq ekan har neki bor olamda...

Bir kishi, qalbida ishqi ilohiy mash’alasi yonmasdan turib, behuda ulug‘ ishlarga urinmasin, chunki qosh qo‘yaman deb qo‘z chiqargay, xayr qilaman deb sharr (yomonlik) qilgay, jonni yoqgay, qalbni buzgay, atrof-maydonni bir-biriga qorishtirgay, bandalarni bir-birlariga to‘qnashtirgay, g‘azab bilan turib, zarar bilan o‘ltirgay, tiriltiraman deb o‘ldirgay, obod qilaman deb barbod qilgay; chunki chala tabib jondan ayirgay...
Halqqa yaxshi xizmat qilmoqning sharti avvalo Haqqa yaxshi qul bo‘lmoqdir. Xoliqiga vafosi bo‘lmagan kimsaning maxluqotga safosi va foydasi sira bo‘lmas! Zohirini istaganicha poklasin, tozalasin, botini kir va nopok bo‘lsa, uning hech qiymati yo‘q! So‘zini istaganicha nozik va shirin qilsin, niyati fosid bo‘lsa, hech ahamiyati yo‘q!
Bizning bugungi kunda chekayotgan, tortayotgan alamlarimizning ko‘pi dushmandan emas, balki noqis musulmondandir. Chunki dushman juda qadimlardan beri bor bo‘lib kelgan, ammo chin musulmonlar, ular ustidan hamisha porloq zafarlar qozonib kelganlar, qancha yuksak madaniyatlarni ta’sis etganlar, jahonga hokim bo‘lib, qancha xalqlarni asrlar bo‘yi adolat va saodat bilan boshqarib, idora etib kelganlar!

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:27:53

«Kishi o‘z qusurini ko‘rmog‘idek irfon bo‘lmagay».

Islom olami kishining o‘z qusurini ko‘rmoqqa, xatosini tuzatmoqqa, usulini o‘zgartirmoqqa yo‘naltiradi.
Bu kun Islom nomidan o‘rtaga chiqqanlarning ahvoliga, so‘zlariga, ishlariga qarab, uyalaman, o‘kinaman, ezilaman: yanglish fikrlar bilan harakat etgaylar, yanglish usullar bilan ishlagaylar. Do‘stni dushman o‘rnida ko‘rgaylar, o‘zlari o‘tirgan shoxni kesgaylar, ko‘ngil olmoq o‘rniga, ko‘ngilni buzgaylar, qalbni jarohatlagaylar, nafratga qolgaylar, muxolafatlari ortgay, mujodala jabhalarini ko‘paytirgaylar.
Bu kun Islomni bir yurt ichida yoymoqning, rivojlantirmoqning, sevdirmoqning, asramoqning bosh usuli — yaxshilik, sabr, muhabbat va marhamatdir; qattiqlik, qarshilik, g‘avg‘o va urush emasdir! Yaxshi bir musulmon, shak-shubhasiz, sog‘lom bir iymon sohibi, oxirat saodatini o‘ylagay, fidokor, sabrli, marhamatli, afv etuvchi, mehr-muhabbat va hurmatga to‘liq, chiroyli axloqli, kirishimli, shirin tilli, ochiq yuzli, xayrxoh... bir kishidir. Shundoq ekanligini har kimga qursatmog‘i lozim. Suyukli Payg‘ambarimiz, janobimiz, sollallohu alayhi va sallam: «Birov bilan kirisholmaydigan, (chiqisholmaydigan ulfat tutinmagan, ulfat va ahboblik qilib bo‘lmaydigan) odamda hech bir xayr (yaxshilik) yo‘qdir», deb marhamat etganlar. Hadis mazmuni shunday.
Bu kun har bir musulmon o‘z holiga, ko‘rinishi-qiyofasiga, kiyimiga, fe’l-atvoriga, so‘ziga ishiga juda diqqat etmog‘i, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatmog‘i, yomon taassurot uyg‘otmoqdan shiddat bilan qochmog‘i lozimki, uzoqdan uni ko‘rganlar, undan g‘azablanib, undan nafratlanib, Islomdan uzoqlashmasinlar! Har bir musulmon boshqalarga Islomni tanitmoqqa, sevdirmoqqa urinmog‘i, buning uchun esa o‘zini yaxshi o‘rnak bo‘lgulik, havas qilgulik, yoqtirgulik bir shaxsiyat holiga keltirmoqqa o‘zgacha bir g‘ayrat qo‘rsatmog‘i lozim. Agar Alloh jalla jalaluhuning rizosiga erishmoqni istasa, yo‘l shu yo‘ldir, muvaffaqiyatga esa shu yo‘ldan borilgay va erishilgay.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:28:07

ASL SEVGI ALLOHNI SEVMOQDIR

Alloh bordir va birdir. Go‘zal bir go‘zaldir. Sevgi bir sevgidir. Bizning ajdodimiz yaxshini-yomonni, yomonliklarning eng yomonini, badtarini, har turini Yunon falsafasidan, Rumo falsafasidan, qadimgi yunonlardan, eroniylardan, hindlardan bilishar edi. Deydilarki, «Asl ishq va sevgi ishqi ilohiydir...» Asl sevgi Allohni sevmoqdir. Nechun? Chunki har turli go‘zallikni yaratgan — Alloh, har turli komil sifatlarga ega bo‘lgan zot — Alloh, har narsaga kuchi yetgan — Alloh, har bir ishi hikmatli bo‘lgan — Alloh, hamma narsani bilgan — Alloh! Qay jihatdan boqsang, eng go‘zal sifatlarning eng cho‘qqisi, eng go‘zal tajalliysi Alloh taolo hazratlaridadir. Shuning uchun ham eng go‘zal zot Allohdir! Shuning uchun, inson anglay olsa, yetisha olsa, ko‘ra olsa, mushohadja eta olsa, eng go‘zali Allohdir! Alloh sevgisi ishqi haqiqiydir!
«Ishq» kalimasi kasrali bo‘lib, arabchada «ishq» yoziladi. Ana shu ishqi haqiqiydir. Xo‘sh, unda bu dunyodagi insonlarning turli sevgilari nima? Bu dunyodagi insonlarning bu turli sevgilari ishqi majoziydir. Majoziy bir sevgidir, haqiqiy emasdir. Chunki kelgay, ketgay. O’tkinchidir. Vaqtinchalikdir. Bir qancha vaqt o‘tgach, sevganingdan nafratlanishing ham mumkin.
Odamlar esa «pul, pul, pul» deb pulning orqasidan quvadi, uni orzu qiladi, uni istaydi. NayzanTavfiq bir she’rida aytadiki,
«Chirkin qo‘llarda ko‘rgach,
Men puldan ham irgandim...»

Kimisi puldan jirkanadi, kimisi vaqtlar o‘tib, o‘zi tushunib-o‘ylab, yoqtirib, sevib olgan ishidan soviydi. Kimisi, bir payt kelib, bir mahallar o‘zi qo‘lga kiritmoq uchun bor-yo‘g‘ini sarflagan narsaning hechligini anglab qoladi. Undan voz kechadi. Bir vaqti kelib, hayotni ham sevmay qoladi...
Bolalardan so‘raladigan bitta savol bor: «Eng ko‘p kimni yaxshi ko‘rasan?» deyiladi. Tabiiyki, bola bu savolning javobini beradigan shuur saviyasida emas. Ammo onasi bilan otasi bolaga eng ko‘p kimni yaxshi qo‘rish kerakligini tushuntirish uchun shu savolni berib turishadi. Shunday qilib, unga «Eng ko‘p Allohni yaxshi ko‘raman» demoqni o‘rgatishadi. Sevgilarning eng haqiqiysi, eng birinchi o‘rinda turadigani Alloh sevgisidir.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:28:15

ALLOHNI VA UNING RASULI ADIBINI SEVMOQ

Dinning o‘zagi sog‘lom va to‘g‘ri iymon, iymoning o‘zagi — Hubbi Rahmon, ya’ni akramul akramin va arhamur rohimiyn bo‘lgan yuksak Allohni sevmoqdir...
U holda bizning asl ishimiz, juda latif, juda zarif, juda nozik, juda shirin tuyg‘u bo‘lmish sevmoqdir. Boshqa fikr va tuyg‘ular, ibodat va toatlar, xayrot va hasanotlar uning ortidan keladi.
Alloh taoloni sevmoq u qadar qiyin, u qadar erishib bo‘lmaydigan va qo‘lga kiritib bo‘lmaydigan bir ish emas. Chunki qul o‘zini kim yaratganini, kim ulg‘aytirganini, bu mukammal vujudni, aqlni, fikrni, foydalanayotgan turli ne’matlarini... unga kim berganini; koinotning bu mo‘‘jiza nizomini, yerlarni, osmonlarni, fazolarni, yulduzlarni, fizika, kimyo, biologiya va tabiat qonunlarini kim tuzganini o‘ylagan taqdirda, shukran, hayrat va hayronlik tuyg‘ulariga g‘arq bo‘lmasligi mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bizga, O’zining rasuli Muhammad Mustafoga bog‘lanmoqni, ergashmoqni, tobe’ bo‘lmoqni amr etadi. Rasulullohni qabul etmasdan musulmon bo‘lmoq imkonsizdir. Tugal qabul etmoq lozimdirki, to‘g‘riligi aniq bo‘lgan bitta hukmini, bitta hadisi sharifini, bir sunnati saniyyasini ham o‘z aqlicha, o‘z kayfiyati tufayli rad etgan kimsa kofir bo‘lgay, munkir qolgay, iymonsiz ketgay.
Alloh jalla jaloluhu, o‘z elchisi va sevikli bandasi, ashrafi maxluqot bo‘lmish inson jinsining cho‘qqisi — eng yuksagi, payg‘ambarlarning sarvari, insu jinning janobi, jannatning eng yuqori rutbasi bo‘lgan Maqomi Mahmudning sohibi Muhammad sollallohu alayhi va sallamga ishonib ummat bo‘lmagan kimsani mutlaqo rahmatiga erishtirmas, jannatiga kiritmas, aksincha eng qattiq jazolar bilan jazolar.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:28:26

Bir sahih hadisi sharifida Payg‘ambar janobimiz (s.a.v.) marhamat etadilarki: «Nafsim (jonim), qudrati qo‘lida bo‘lgan Allohga qasamki, sizlardan har bittangiz meni otangizdan ham, farzandingizdan ham, butun insonlardan ham ko‘proq yaxshi ko‘rmaguningizcha, haqiqiy mo‘‘min bo‘la olmassiz».
Shuning uchun sahobai kirom, rizvonallohu alayhim ajma’in, ul zotga murojaat etganlarida: «Fidoka abiy va ummiy, yo Rasulalloh!» («Ota-onam sizga fido bo‘lsin, yo Rasulalloh!») deb so‘z boshlar edilar. Uning yo‘lida mollarini va jonlarini fido qilishda hech ikkilanmas, peshonalarini tirishtirmas edilar. Hammalari o‘limga tayyor holatda u zotga bog‘langan, bay’at etgan edilar.
Hatto bittasi kelib, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga:
— Yo Rasululloh! Men sizni ko‘p yaxshi ko‘raman! — dedi.
— Rost so‘ylarmisan? — dedilar Payg‘ambar janobimiz.
— Ko‘p yaxshi ko‘raman, yo Rasululloh, sizga oshiqman, juda yaxshi qo‘raman! — dedi u.
— Undoq bo‘lsa, balolarga hozirlangin! Chunki meni yaxshi ko‘rgan kishiga balolar xuddi selning guldur-guldur kelmog‘idan ko‘ra shiddatliroq kelur, — dedilar.
Ya’ni, bu mehr-muhabbatning imtihoni ko‘p bo‘lgay, shiddatli bo‘lgay va qaerda bir musulmon bo‘lsa,   Alloh unga aziyat yetkazadigan bir aziyatchini paydo qilgay. Uning qarshisida esa musulmonning hushyor turmog‘i lozimdir.
Barcha zamonlarda bo‘lgani kabi bizning zamonamizda ham Rasulullohni sevmoq, u zotning yo‘lidan bormoq bilan, sunnatini jonlantirmoq bilan ummatiga xizmat etmoq bilan va bilxossa, uning haqiqiy vorislari bo‘lgan ulamoi muhaqqiqiyn, mashoyixi vosiliyn va avliyoullohi muqarrabiynga bay’at qilib bog‘lanmoq bilan amalga oshgay, namoyon bo‘lgay.
Kunday ravshan, zohir va boqir (aniq) bo‘lgan bu haqiqatdan xabarsiz yurganlar naqadar achinarli ahvoldadirlar! Haqqi va ahliyati, salohiyati bo‘lmagan holda insonlarni o‘zlariga bog‘lamoqqa uringan kishilar naqadar qo‘rqinch bir jur’at komidadirlar! Ularga ishonib, orqasidan ketganlar naqadar iz’onsiz va irfonsizdir! (Itoatsiz va ma’rifatsizdir!) Bechoralar johiliya o‘limi bilan o‘lib ketgaylar...
Yo Rabb! Bizni O’zingning va Rasulingning muhabbatidan mahrum qoldirmagin, sevgan qullaring bilan birga saqlagin, sevgan yo‘llaringda yuritgin, sevgan amallaringni bajartirgin; huzuringga O’zing sevgan va O’zing rozi bo‘lgan bandalaring bo‘lib bormog‘imizni nasib aylagin!

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:28:35

RASULULLOHGA ERGASHMOQ

Rasulullohning sunnatini sevamiz. Biz Rasulullohning izlaridan yurmoqni istaymiz. Biz Rasulullohning shafoatiga noil bo‘lmoqni istaymiz. Biz oxiratda Rasulullohga qo‘shni bo‘lmoqni istaymiz. Biz Rasululloh qilgan amallarni qilmoqni istaymiz. Nimadan ul zot uzoq turgan bo‘lsalar, undan uzoq turmoqni istaymiz. Nimani ul zot tavsiya etgan bo‘lsalar, uni boshimizga toj qilmoq istaymiz! Nimadan bizni man’ etgan bo‘lsalar, undan yiroqlashmoqni istaymiz.
Rasululloh istamagan narsa bizdan yiroq bo‘lsin, istamaymiz, biz Rasulullohni istaymiz. Rasululloh muhabbatini Alloh qalbimizga jonlantirib jo aylasin! Avlodlarimiz — farzandlarimizni ham Rasululloh muhabbatiga muvofiq-munosib kamol toptirmog‘imiz lozim. «Avlodlaringiz — farzandlaringizni Rasululloh muhabbati bilan ulg‘aytiringiz», deydilar Payg‘ambar janobimiz. Hammangiz avlodimizdirsiz. Albatta, orangizda yoshi mendan ulug‘lar bor, ammo bizning yo‘limizning urf-odati shundoq! Talaba domlaning yonida bo‘ysunuvchandir. Talaba ustozning avlodi — farzandi kabidir.
Ustozning jabru jafosi mehru vafosidan ko‘ra qimmatliroqdir. Otasi sevib erkalaydi, domlasi koyib-urishadi, kezi kelganda, zaruratan uradi, ammo domlasi qimmatli, qadrliroq, chunki ustozi insonga harf o‘rgatadi, buning ustiga, ustozi din o‘qituvchisi bo‘lsa, tariqat murshidi bo‘lsa, oxirat saodatining yo‘lini ko‘rsatadi. Taqvoning yo‘lini ko‘rsatadi. Ma’rifatullohni ko‘rsatadiki, bu yanada qimmatliroqdir. Shu jihatdan biz ham birodarlarimizni Rasulullohning muhabbati bilan kamol toptirmoqni istaymiz...

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:28:45

ALLOH GO’ZALDIR, GO’ZALLIKNI SEVGAY

Bir kun Rasululloh (s.a.v.):
— Qalbida, bir misqolchalik bo‘lsa ham, kibrdan nishona topilgan kishi jannatga kira olmaydi, — deb marhamat etdilar.
Bu juda muhim bir ogohlantirish edi. Eshitganlar albatta, hayajonlandilar; o‘z-o‘zlarini tekshirib,  xabar oldilar; ahvolni yaxshi tushunib, anglab, kerakli tadbirlarni ko‘rmoq niyati ila andishali-andishali dedilarki:
— Shubhasiz, kishi kiyimlarining chiroyli bo‘lmog‘ini, poyabzallarining chiroyli bo‘lmog‘ini sevadi va istaydi? (Ya’ni, bu ham kibr alomatimidir?)
Janobimiz (s.a.v.) aytdilarki:
— Alloh go‘zaldir, go‘zallikni sevgay! — Asl kibr haqni, haqiqatni ko‘rmaslikdir, e’tiborsizlik qilmoq, insonlarni xor va haqir ko‘rib, yuqoridan boqmoqdir.
Bu hadisi sharifdan bizga bir qancha chiroyli darslar chiqmoqda.
Hammasidan oldin anglashilmoqdaki, ba’zi fe’l-ho‘ylar, harakatlar, duch kelgan tavr-holatlar insonni mahv etishi mumkin. U holda yomon fe’l-ho‘ylarimizni mutlaqo tark etmog‘imiz, ichimizni toza niyat va yaxshi axloq bilan, tashimizni esa ulug‘, asl va yetuk fe’l-harakatlar bilan bezamog‘imiz lozim: komil, orif va zarif kishilar bo‘lmog‘imiz lozim. Dinimizning eng ulug‘ g‘oya-maqsadlaridan biri axloqiy yetuklikni ta’minlamoqdir. Zotan Payg‘ambarimiz (s.a.v.) go‘zal axloqni kamolga yetkazmoq uchun yuborilganlarini ochiq bayon etganlar.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:28:54

Ayniqsa, haq va haqiqatga hurmat saqlamoq, to‘g‘rini va haqni sevmoq, achchiq bo‘lsa ham, haqiqatlarni qabul etmoq lozim; kibr va g‘ururdan tug‘ilgan qo‘rslik va muxolifatni tark etmoq, har yerda, har ishda haqqoniyat mezoni ila harakat etmoq lozim; haqsizliklarga qarshi chiqmoq, rostini so‘zlamoq, to‘g‘ri so‘zga e’tiroz etmaslik lozim; o‘zimizga va yaqinlarimizga nisbatan ham adolat saqlamog‘imiz, adolatdan ayrilmasligimiz lozim.
Va yana bilmog‘imiz lozimki, go‘zal fe’l-ho‘ylarning eng muhimlaridan biri tavozu’ va mahviyatdir. Buning aksi bo‘lgan fe’l-ho‘y «ujb» (manmanlik, xudbinlik) deb ataladiki, bu o‘z-o‘zini sevmoq, burni havoda bo‘lmoq, insonlarga yuqoridan boqmoq, ularni kamsitmok, xor ko‘rib, masxara qilmoq shaklida yuzaga chiqgay. Bu «ujb» tavfiqi ilohiyga mone’dir, ya’ni ujb egasini haqning ilohiy yordami uzilmog‘idek jazoga giriftor etgayki, bu eng og‘ir falokatdir. Kishi mag‘rur va o‘zini sevuvchan bo‘lmasligi lozim, so‘zida, ishida, fe’l-harakati va muomalasida haddini bilib, ojizligini anglab, o‘zidan qo‘ra bilag‘onroq (olimroq), yetukroq, xayrliroq kishilar... borligini o‘ylab, tavozu’ni hech qo‘ldan bermasligi lozimdir.
Va nihoyat, hammangizda, salim va estetik-madaniy shuur, go‘zallik ishqi, go‘zallikni sevmoq va qadrlamoq malakasi mustahkamroq jo bo‘lmog‘i va rivojlangan bo‘lmog‘i lozimdir.
G’oyamiz: «Har ishning eng chiroylisini qilmoq; o‘zimizni eng go‘zal sifat bilan sifatlamoq, dunyoda va uqboda (oxiratda) eng go‘zal natijalarga, eng go‘zal mukofotlarga erishmoqdir». Rabbimiz jalla jalaluhu bizni ana shularga noil va vosil aylasin!
Alloh taolo hazratlari bizlarni O’zi sevgan qullardan bo‘lmog‘imizni nasib aylasin... Bizda o‘zi sevmagan neki hol, fe’l-ho‘y va sifat, ish bor bo‘lsa, bulardan O’zi qutqarsin. Bizni O’zi sevgan hollar ila hollantirsin. O’zi sevgan axloq ila xulqlantirsin... O’zi sevgan ishlarni bajarmog‘imizni muvaffaq aylasin... O’zi sevgan qullar bilan birga yashamog‘imizni nasib aylasin... O’zi sevgan qullari bilan hamroh qilsin... Habibi adibiga qo‘shni aylasin...

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:29:05

ALLOHNING SEVGAN QULI BO’LMOQ

Alloh jalla jalaluhuningt birinchi qullari emasmiz. Bizdan oldin qancha-qancha qullar kelib ketdi. Hazrati Odam Safiyulloh alayhissalomdan to Payg‘ambarimiz Habibulloh — Muhammad Mustafo (s.a.v.)ga qadar dunyoning har yerida, har shahrida Alloh taolo hazratlarining vazifali qullari yashadi. (Salovatullohi va salomuhu va’alo ali kullun ajma’iyn).
Payg‘ambar janobimiz (s.a.v.)dan keyin Alloh taolo hazratlari ummatni yo‘lboshchisiz va yolg‘iz qoldirmadi. Avliyoullohni, murshidlarni ummati Muhammadning haqiqiy aminlari ayladi.
Muso alayhissalom ulul-azm payg‘ambar bo‘la turib, Xizr alayhissalomdan bir narsalarni o‘rganmoqni istadilar.
Imomi G’azzoliy, yillar bo‘yi zarrin jubbasi, muhtasham sallasi bilan madrasalarga borar ekan, qoniqmadi. Yo‘llarga tushdi. Tartib-intizomlarga chaqirildi. Ibodatlar qildi.
Mavlono Jaloliddin Rumiy, Shamsi Tabriziyni topguniga qadar boshqa bir umrni yashadi, undan keyin yana boshqa bir umrni yashadi.
Maqom sohibi, mavqe sohibi, mulk sohibi, borliq sohibi, bilim sohibi, rutba sohibi bo‘lmoq muammo emas!.. Muhim narsa Alloh taolo hazratlarining sevgan quli bo‘lmoqdir! Inson Allohning sevgan quli bo‘la olsa, qanday baxtlidir!
Sevmagan quli bo‘lsa, qanday baxtsizlikdir! Xoh shoh bo‘lsin, xoh jahonning podshohi bo‘lsin...
Alloh taolo hazratlari kimlarni sevgay? Butun musulmonlar eng avvalo ana shuni izlamoqlari lozim. Ajabo, Alloh kimlarni sevgay? Ajabo, ne qilsam, Alloh meni sevgay? — deya ana shu savolga tugal javob topmoq kerakdir!
Ey aziz birodarlarim!
Alloh taolo hazratlari fosiqlarni sevmas. Alloh taolo mushriklarni, kofirlarni sevmas! Mo‘‘minlarning fosiqlarini sevmas. Munofiqlarni sevmas. Johillarni, g‘ofillarni sevmas! Axloqi buzuq, adabsizlarni sevmas...
Alloh kimlarni sevmasligiin to‘liq o‘rganmoq lozim. Eng muhim bilim shu! Chunki Alloh taolo hazratlari sevmadimi, sevmagan qulini hidoyat ham qilmas!
Mana, kunda eng kamida qirq marta: «Yo Rabbiy! Sevgan qullaring safiga bizni ham hidoyat aylagil!» deymiz-ku! Xo‘sh, kimsalar nega to‘g‘ri yo‘lda emaslar? Alloh taolo sevmagan quliga eng buyuk ikromi bo‘lmish hidoyatni ehson etmas! Buni o‘z sevgan quliga ehson etgay! Shuning uchun to‘liq Uning sevgan quli bo‘lmoq lozim! Mutlaqo Uning sevgan yo‘lini topmoq lozim! Boshqa hamma narsa puchdir!.. Boshqa hamma narsa bekordir!.. Boshqa hamma narsa behudadir!..

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:29:14

FOYDALI QUL BO’LMOQ

Alloh sevgan, Allohni sevgan bir kishi...
Xaybar fathi...
Xaybar kunida payg‘ambar janobimiz aytadilarki:
— Men bul bayroqni bir kishiga bergaymanki, Alloh uni sevgay, ul Allohni sevgay!..
Hamma hayron qoladi. «Kim bu?» deb har kim kuta boshlaydi. Hazrati Umarning shu kecha uyqusi qochadi. «Oh, ertaga bayroqni menga bersa edilar, Allohning sevgan quli men bo‘lsam edim!.. Menga tegishli bo‘lsa edi bu madhlar!..» deydi. Ertasi kuni payg‘ambar janobimiz hazrati Alini qidiradilar...
— Yo‘q! Chodirda... — deyishadi.
— Chaqiring, — deydilar... Sanjaqni unga beradilar.
Hadisi sharifda sobitki, Alloh uni sevadi, ul Allohni sevadi. Hazrati Ali janobimiz qasam ichadiki, «Hech kimga yaxshilik qilmadim, yomonlik ham qilmadim!..» deb. Nima demoqchilar?.. Bir inson yaxshilik qilsa, o‘ziga qilar, yomonlik qilsa ham o‘ziga qilar... Yaxshilik qilganida savobga erishgay, yomonlik qilganida gunohga botgay. Bersin hisobini, tortsin jazosini!
Bu jihatdan foydali qul bo‘lmoq lozim!.. Kumushxonaviy Xojamiz «Jomi’ul-usul» degan tariqat kitobimizda aytishicha, butun tariqatlarni tekshirgan, juda katta asarlari bor; masalan, «Majmuatul-ahzob»i... butun avrodni to‘plagan, butun azkorni (zikrlarni) to‘plagan, hamma narsani tadqiq etgan; aytadiki, «Butun tariqatlarni tadqiq etdim. Butun tariqatlarda mushtarak bo‘lgan asos — xizmatdir». Ya’ni, har bir tariqatning o‘ziga xos nozik farqlari bor, ammo barcha tariqatlarda uyqash bo‘lgan, mushtarak bo‘lgan jihat nimadir? Xizmat!
Ya’ni, darvish xizmat etgay!.. Savob qozonmoq uchun, Allohning rizosini topmoq uchun belgili yo‘l — xizmat yo‘lidir! Xizmat qilgaysan, har jonivorga; qushga, laylakka, mushukka, qo‘ziga, itga, insonga, insoni komilga... Har narsaga xizmat qilgaysan!.. Xizmat qilsa, izzat topgay inson.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:29:23

ALLOH UCHUN SEVMOQ

Payg‘ambar janobimiz (s.a.v.) besh jumla bilan ifoda qilgan xususlar bor: «Haqqot muhabbatiy lil-mutazovirina fiyya», ya’ni, «Mening muhabbatim, sevgim, sevmog‘im, rozi bo‘lmog‘im vojib bo‘lgay, kerak bo‘lgay, tahaqquq etgay — muhaqqaq bo‘lgay... Kimlarga?.. Bir-birlarini Alloh uchun ziyorat etganlarga... «Va haqqot muhabbatiy lil-mutahabbina fiyya», ya’ni «Bir-birlarini Alloh uchun sevganlar, yaxshi ko‘rganlarga...» Keyin «Bir-birlariga Alloh uchun yordam berganlarga, bir-birlariga Alloh rizosi uchun haqni so‘ylaganlarga, «mutanasixiyna fiyya...» kabi tomonlari ham bor hadisi sharifning...
Anglashiladiki, musulmonning musulmonni sevmog‘i, yaxshi ko‘rmog‘i ibodatlarning eng savoblilaridandir; ammo biz odatlangan tarzdagi ibodatlar emas. Imomi G’azzoliy, roziyallohu anhu, ifodasi bilan aytganda «odat tarzidagi ibodatlarning» eng savoblilaridandir. Chunki bir musulmonning butun hayoti ibodatdir... Niyati xolis bo‘lsa, bir musulmonning butun hayoti ibodatdir, hatto uyqusi ham ibodatdir!.. Uyqusi sunnati saniyyaga uyg‘un bo‘lsa, uyqusi rizoi Boriy taologa muvofiq bo‘lsa, uyqusi yaxshi bir niyatga tayansa, uyqusi ham ibodatdir... Yemog‘i, ichmog‘i ham ibodatdir, ziyorati ham ibodatdir, birodarligi ham ibodatdir. O’sha mumtoz ibodatlar bilan birga bulardan ham ulkan savoblar olgay. Har on savob olgay... Niyati bilan bir musulmon har on savob olgay. Bu Islomning go‘zalliklaridan biridir...
Darvishlik, tasavvuf deb atagan narsamizning eng muhim tayanchlaridan biri, mo‘‘minlarning qardosh-birodar bo‘lmog‘i, og‘a-ini bo‘lmog‘i, do‘st bo‘lmog‘i, yor bo‘lmog‘idir; odat tarzidagi bir ishdan ham davomli savob olmog‘idir. Chunki bir-birlarini Alloh uchun sevganlar, mahshar kunida insonlar dahshatli qiyinchiliklar ichra qolganida, og‘irlik, qiyinchilik tuymagaylar; Arshi a’loning soyasida ardoqda bo‘lgaylar... Nurdan bo‘lgan minbarlarda o‘ltirgaylar, xaloyiq ularga havas etgay... Mahshar xalqi, mahshar joyidan ularni, xuddi biz dunyodan osmon yuzidagi yulduzlarni tomosha qilganimizdek, tomosha qilgaylar; «Bular payg‘ambar emas, shahid emas, ammo kim bular?» degaylar.
Payg‘ambar (s.a.v.) janobimiz marhamat etadilarki: «Ular bir-birlarini Alloh uchun yaxshi qo‘rganlardir!..» Shuning uchun Alloh bir-birimizga nisbatan muhabbat va hurmat, birodarlik va do‘stligimizni xolis aylasin... Ibodat sifatlig‘ aylasin!..

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:29:34

SEVISH YO’LLARI

Bir oyati karimada: Alloh hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga xitob qilib: «Ayting (ey habibim): «Agar Allohni sevsangizlar, menga (ya’ni Rasulullohga) ergashingizlar, shunda Alloh sizlarni sevgaydir...», deydi. Ularga shundoq deb aytgil, Ey Rasulim, ya’ni, bandalarga: «Agar sizlar Allohni sevmoqni istasangiz, yaxshi quli bo‘lmoqni istasangiz, bizlar Allohning buyrug‘ini tutgaymiz, deydigan bo‘lsangiz, unda men Uning payg‘ambariman, menga itoat eting», deb ularning vazifasini tushuntir, ular senga tobe’ bo‘lsinlar. «Sizlar menga tobe’ bo‘lsangiz, unda Alloh ham sizlarni sevadi...», deb Men ne sabab ila sevmog‘imni ularga bildirgil, deydi Alloh jalla jaloluhu.
O’shanda gunohlaringizni ham afvu mag‘firat etgay. Alloh bir qulini sevdimi, uni sevgisiga loyiq holga keltirgaydir. Poklagay, gunohlardan tozalagay, g‘aflatdan poklagay, jaholatdan poklagay, ichini nurlantirgay, qalbini nurlantirgay.
Birodarlarimizdan biri Madinai munavvaraga borib, Payg‘ambar janobimizning maqbarai saodatlari — turbati saodatlari qarshisiga o‘tiribdi, ko‘zlarini yumibdi. Hech narsa yo‘q... Debdiki, «Yo Rabbiy! Ol mening jonimni shu yerda, ol, modomiki, Rasulullohnining yuzini ko‘rmas ekanman, modomiki, shundoq ko‘rib yashamoqqa loyiq emas ekanman, ol mening jonimni! Meningdek adabsiz odamga yashamoq ham to‘g‘ri emas!» debdi. Shu zamon ko‘zidan pardalar ochilib, Rasululloh janobimizni ko‘rgan ekan...
Shuning uchun avliyoullohning vazifasi nima? O’zining so‘ziga quloq soladigan, o‘ziga tobe’ bo‘lgan insonlarni Rasulullohning sunnatiga ergashtirmoqdir!

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:29:46

ALLOHGA QULLARNI, QULLARGA ALLOHNI SEVDIRMOQ

Ashraf o‘g‘li Rumiy Iznikiy hazratlari, Qodiriyya tariqati asosida ashrafiyya sho‘‘basini tuzgan zot, «Muzakkin-nufus» nomli asarida aytadiki, «Shayxning ikki vazifasi bor: birinchi vazifasi qullarga Allohni sevdirmoqdir»: Bu osonroq, qullarga Allohni tushuntirasan, tanitasan, lutfini, karamini, hikmatini, san’atini, koinotni, atomlarni, yulduzlarni, gullarni, o‘simliklarni, hujayralarni, ilmda qay darajada teran bo‘lsang, shu darajada anglatasan, Uning qarshisidagi qul hayron qolgay. Subhonalloh, degay, Alhamdulillah, degay, hayron qolib Allohni sevgay. Hikmatlarini anglatgay, oyatlarini tushuntirgay, u esa ko‘z yoshlarini to‘kib, Allohni sevgay. Bitta vazifasi shu — qullarga Allohni sevdirmoq.
«Shayxning ikkinchi vazifasi Allohga qullarni sevdirmoqdir», deb aytadi, Ashraf o‘g‘li Rumiy. O’zi shayx-ku. O’zi murshid, bir tariqatning yo‘lboshchisi, tariqat sho‘‘basini tuzgan zot. Tariqatda ulkan bir cho‘qqi. «Allohga qullarni sevdirmoq», deydi. Tavba, astag‘firulloh, o‘zing bir ojizu nojiz qul bo‘lsang! O’tir, o‘tirgan joyingda! Allohga majburan bir ishni qildirmoq imkoni bormi?! Mumkin bo‘lgan gapmi shu!
«Yo Rabbiy, Sen shu qulingni sev!» deb ko‘rgin qani, sevarmikin? Ko‘raylik qani, qandoq sevarkin? Nima degani o‘zi «Allohga qullarni sevdirmoq!» Yo‘q, bu juda oddiy izohlangay! Muridlarni Rasulullohga ittibo’ ettirgay (ergashtirgay), bog‘lagay, eltib, Allohga ana shu yo‘l bilan sevdirgay! To‘g‘ri, Ashraf o‘g‘li Rumiy hazratlari bu o‘rinda quyidagi oyati karimaga suyangan, dalil keltirib degan: «Bismillahir rohmanir rohiym... Qul in kuntum tuhibbunalloha fattabi’uniy yuhbibkumulloh». Ya’ni: Qul agar Rasulullohga ittibo’ etsa (ergashsa), Alloh o‘sha qulini sevajagini mazkur oyati karima isbot etmoqda.
Demak, unda Ashraf o‘g‘li Rumiyning rejasi to‘g‘ri, sog‘lomdir. Muridini qayoqqa boshlaydi? «Keling, mening ortimdan, bir qancha marosimlar tuzaylik, qalpoqlar-kulohlar ijod qilaylik, sakkiz tilimli bo‘lsin, o‘n ikki tilimli bo‘lsin, sallaning rangi undoq bo‘lsin, jubbaning rangi bundoq bo‘lsin, eshikdan kirishda eshik uch daf’a o‘pilsin, to‘qqiz umbaloq oshilsin!..» deganga o‘xshash gaplar qiladimi?! Yo‘q! Nima deydi? «Rasulullohga ittibo’ et!» deydi.

Qayd etilgan