Mahmud As'ad Jo'shon. Haqiqiy sevgi  ( 76253 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:34:48

Yoqtirganingiz — yaxshi musulmonlar, avliyoulloh, atrofingizdagi solih kishilar... Boyagi noqis insonlardan bularning farqi nimada?.. Boyagi insonlardan bularning farqi, harakatlariga hokim bo‘lgan qalbning yal-yal tovlanmog‘ida, tozaligidan yarq-yurq etib turishidadir! Bu ne’matning ishlashidadir. Ayrimlarning qalbi zanglagan. Payg‘ambar janobimiz (s.a.v.) marhamat etadilarki, «Temir zanglagani kabi qalblar ham zanglagay». Gur-gur ishlamas. Ayrimlarning esa qalbi o‘likdir. Ba’zilarning qalbi toshdekdir!
Shuning uchun, eng muhim ishimiz, aziz birodarlarim, shu qalbning zangini ketkazmoqdir... Shu iymonni qalbimizda sog‘lom o‘rnashtirmoqdir.
Islomning ruhini anglaganimiz, egallaganimiz shudir. Buni fahmlay olmasak, tuta olmasak, bizning mujohidligimizdan biror foyda kelmagay! Bizga ham foydasi bo‘lmas, boshqaga ham foydasi tegmas. Buni ta’minlamoq kerak!.. Buning yo‘li esa tasavvufdir. Shuning uchun tasavvuf yo‘lidamiz. An’anaviy bir qaysarlik bilan bu yo‘lni tutayotganimiz yo‘q; komil yo‘l shu yo‘l bo‘lgani uchun shu yo‘ldamiz!
Taqvo egasi bo‘lmoq
Jumla jahon xalqi biladi, musulmonlar ro‘za tutadi. Ro‘zaning g‘oyasi qanday anglatiladi oyati karimada:
«Ey Iymon keltirganlar, toki taqvo qilsangizlar, (toki taqvoga erishsangizlar, toki taqvoni o‘rgansangizlar) deb, sizlardan oldingilarga farz qilinganidek, sizlarga ro‘za farz qilindi...»,
deb marhamat etadi Alloh. Maqsad — taqvo!.. Ya’ni tasavvuf!.. Ya’ni, botin tarbiyasi. Ya’ni, inson qalbining boya aytganim tarzda tozalanmog‘i, poklanmog‘i... Bu eski bir zamonning shunchaki bir modasi — na’masi emas, eskirmas bir vazifa bu... Islomning bosh vazifasi bu!.. Ibodatlarning maqsadi, omoli, g‘oyasi bu!..

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:34:59

SEVGINI O’RGANMOQ

Biz muhabbatni ham bir faoliyat mavzuyi sifatida bilamiz. Sevmoqni ham o‘rganmoqqa urinamiz. Masalan, bir inson gulni sevishi mumkin, dengizni sevishi mumkin, suzmoqni sevishi mumkin, tog‘ni sevishi mumkin, mevani, shirinlikni sevishi mumkin, qaymoqni, quymoqni va hokazolarni yaxshi ko‘rishi mumkin... Biz bu sevgilardan boshlab asl sevgini toptirmoqni, o‘rgatmoqni istaymiz.
Aytganimizdek, shoirlardan biri: «Sen hali qaylardasan? Borgil, avval sevmoqni o‘rgangil!» deb she’r bitgan. Sevmoqni ham o‘rganmoq lozim! U ham bir ta’lim masalasidir va chamasi, sevmoq bizning eng muhim ishimiz bo‘lgaydir. Hayotimizning eng muhim ishi bo‘lgaydir.
Sevgining mukammali haqiqatan sevmoqdir, do‘st bo‘lmoq, fidokorlik qilmoqdir, hadyalar bermoq, xizmat qilmoqdir... Qarshingizdagi insonni yaxshi ko‘rmoq, unga mehr-muhabbatni bildirmoqdir. Keyin esa, Haq sevgisi, haqiqat sevgisi, iymon sevgisi bilan, bu go‘zalliklarni vayron qilganlarga qarshi bir munosabat ko‘rsatmoqdir. Bu ham sevgi-muhabbat, bu ham sevgi-muhabbatning isbotidir.
Jihod ham sevgining dalil-isbotidir. Jihod bug‘zu adovatning natijasi emas zinhor. Haq sevgisi, haqiqat sevgisining natijasidir... Chunki biz insonga eng avval to‘g‘ri yo‘lga kelmoqni taklif etgaymiz. Safimizga kelmoqni, tartibga kelmoqni taklif etgaymiz, tartibga kelmasa, tartibga keltirmoqqa uringaymiz... Buzmoqqa urinmaymiz. Musulmonlarning yer yuzidagi, yangicha so‘z bilan aytganda, faolligining susayishi dunyoni ulkan baxtsizlikka giriftor etgay.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:35:08

Bu kunlarda gazetalarni kuzatayotgan bo‘lsangiz, har holda ichingiz qon yig‘lagandir. Yugoslaviyadagi vahshat, o‘ta vahshat, Bosnaning yoqilib vayron qilinishi, u yerdagi musulmon birodarlarimizning chorasiz qarshilik ko‘rsatishlari... Musulmonlarning birligi va birdamligini, hamdamligini, faoliyatini qaytadan qo‘lga kiritmoqqa naqadar zo‘r ehtiyoj borligini ko‘rsatadigan bir hodisadir bu... Dunyoning boshqa joylaridagi ochiq hodisalar shuni taqozo etadi...
Musulmonlarni qanday baxtli qilmoq mumkin? — deb o‘ylamoq lozim.
Har dardki bor, bor darmoni vale
Bedardlarning dardina darmon o‘lmas.

«Har qanday dard bo‘lsa, uning darmoni, davosi ham bor, lekin dardsizlik kasaliga davo yo‘q!» deydi Fuzuliy.
Rangiga, sifatiga aslo qaramay, jingalaksoch zanjini ham sevishimiz mumkin... Qirqta zo‘ravonning ostida qolgan bitta birodarimizni ko‘p qaynoq tuyg‘ular bilan bag‘rimizga bosishimiz mumkin. Boylik, kambag‘allik, rang, irq farqi, til farqi, millat farqi muhim bo‘lmas, bir inson mo‘‘min bo‘lsa, u jonimizdan yaxshi ko‘rgan bir kishiga aylanaveradi... Yunonlar bilan go‘yo raqibmiz, ammo musulmon bo‘lgan Yusuf Islom birodarimiz juda yaxshi ko‘rgan bir kishimiz bo‘lib qolaveradi... Armanilar bilan go‘yo hisob-kitobimiz bordek, ammo musulmon bo‘lgan Zohid Barsom bizning eng yaqin birodarimiz bo‘lib qolaveradi. Amerikalik bir Umar Abdulloh va yoki boshqa bir yapon, hindi va yoxud afrikalik va yo ingliz... Farqi yo‘q bizga, musulmon bo‘ldimi, qardosh-qarindosh bo‘laveramiz va ularga qanday xizmat qilsak ekan? — deb o‘ylaymiz. Yusuf Islom bu Bosna-Harsak musulmonlari uchragan achchiq keskinliklarni tinchitmoq uchun shaxsan qanchalik g‘ayrat ko‘rsatganini eslayman.
Barcha insonlarning ham yaxshiligini istaymiz. Hech kimga qarshi bir boshqacha niyatimiz yo‘q!.. Boshqalardek yo‘l tutmaymiz. Boshqalar bir g‘oyani o‘zlashtirib olgach, shu g‘oya, shu maqsadga erishmoq uchun jonga jabr qiladi, qonlar to‘kadi, xotin-qizni, bolalarni o‘ldiradi... Poezdni halokatga duch qiladi... Ammo biz bunday qilmaymiz. Biz qila olmaymiz... Terror har kimning qo‘lidan keladi, dunyoning har yerida... O’limdan qo‘rqmaymiz biz chunki... Ammo o‘shalarning ichiga kirib, o‘z umrimizni ham fido qilib, millionlarni mahv etishimiz mumkin, ammo bir jonning hisobini o‘ylaymiz, bir tomchi qonning hisobini o‘ylaymiz.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:45:50

Insonlarning tabiatida yaxshi insonlarga aylanish imkoniyati borligiin ham ko‘rganimiz uchun, keyinchalik musulmon bo‘lishi mumkin, degan umid bilan, hech kimni o‘ksitmoqni istamaymiz!.. Atrofni vayron qilmoqni istamaymiz, atrofga oddiy cho‘pni tashlashni ham xohlamaymiz... Bir daraxtning butog‘ini, novdasini ham sindirmoqni istamaymiz! Bir daraxtga zarar yetsa jonimiz og‘riydi.
Demakki, dinimiz tufayli bizga oshno bo‘lgan tuyg‘ular, aslida butun insoniyatga issiq mehr bilan qaramoq tarzida yuzaga chiqgay va har kimning yaxshiligini istagaymiz. Dushmanligimiz shakli:
«Fala udvana illa ‘alaz-zolimiyn».
«Faqat zolimlarga dushmanligimiz bor, zulm qilgani uchun...» Yo gunohlar qilib, o‘z-o‘ziga zulm etgani uchun va yo boshqalarning haqini bosib olib, talab, egallash tarzida unga zulm qilgani uchun... Faqat zulmga nisbatan dushmanlik saqlagaymiz. Mazlumning do‘stimiz, ammo zolimning omonsiz raqibi bo‘lgaymiz. Shunday bir g‘oyamiz bor. Aslida bu jahonni qutqaradigan bir fikrlash tarzidir.

Abdulloh ibni Amr (roziyallohu anhumo) otasi ham, o‘zi ham sahoba, Payg‘ambarmizdan rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambar janobimiz (s.a.v.) bundoq deb marhamat etdilar:
«Bir kishining birodariga shavq bilan boqmog‘i mening ushbu masjidimda bir yil e’tikof o‘tirmoqdan ko‘ra yaxshiroq, xayrliroqdir».

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:46:19

MUSULMON MUHABBATI

«Odamning birodariga boqmog‘i» — o‘z aka yoki ukasiga emas, musulmon birodariga qaramog‘i deganidir. Shu hol ayollarga ham tegishli. Xo‘sh, qanday boqish ekan? «‘ala shavqin»  — shavq tuyib, ishtiyoq tuyib, havas bilan, mehr-muhabbat bilan boqish demakdir. Shunday tuyg‘ular bilan bir marta boqmog‘i, deydilar hazrati Payg‘ambarimiz, «Mening shu masjidimda bir yil e’tikofda bo‘lmoqdan ko‘ra yaxshiroqdir». «Mening shu masjidimda» deyishlariga ko‘ra, Payg‘ambar janobimizning masjidlarida e’tikof o‘tirmoq mavzuyi o‘rtaga chiqadi.
E’tikofni ayrimlar bilmasligi mumkin... E’tikof — kishining uyga bormasdan, yotib qolib, ibodat qilmoq niyati bilan biror jome’da iqomat etmog‘idir. Buni Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida ado etgaymiz, Payg‘ambar janobimiz ham shunday qilganlar, deb.
E’tikof sunnati kifoyadir, ammo kuchli bir sunnatdir (sunnati mu’akkadadir).
Albatta, jum’a namozi o‘qiladigan biror masjidda e’tikof o‘tirmoq xiyla yaxshiroq. Chunki jum’a namozi vaqti kelganida bu masjidni tark etib, boshqa jomega namoz o‘qishga borishga to‘g‘ri keladi. Bundan ko‘ra, jum’a namozi o‘qiladigan biror masjidda e’tikof o‘tirmoq afzalroq. Masalan, Iskandarposho jomesida e’tikof qilishni o‘ylasak bo‘ladi. Savob. Chunki, odam uyiga bormaydi, kechayu kunduzi toat-ibodat bilan, Qur’on va zikr bilan kechadi. Ajoyib, ammo Payg‘ambar janobimizning masjidlarida e’tikof o‘tirsa yanada go‘zalroqdir. Qay darajada ajoyib? Buni shundan bilamizki, bir kishi oddiy bir masjidda namoz o‘qiganda bir mukofot — bir savob olsa, Payg‘ambar janobimizning masjidida namoz o‘qiganda ming barobar ko‘p savobga ega bo‘ladi. Faqat Masjidi Harom, ya’ni Ka’bada yuz ming barobar savob bor. Payg‘ambar janobimizning masjidida — 1000, Quddusdagi Masjidi Aqsoda 500 barobar savob bor. Shuning uchun qilingan e’tikoflarning boshqa oddiy masjidlarda qilingan e’tikoflardan ko‘ra savobliroq ekanini namozlar savobining farqlaridan anglab olamiz. Albatta, e’tikofni ramazon oyining oxirgi o‘n kunida sunnat deb ado etamiz. Bir oyga cho‘zsak, ziyoda bir muddat bo‘lgay, qirq kun cho‘zsak, xilvat bo‘lgay — chilla bo‘lgay. Yana ajoyibroq bo‘lgay!

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:46:30

Shu kunlarda yodimizga kelgan, jome’da ham, turli majlislarda ham aytganimiz sahih bir hadisi sharif bor:
«Nafsim (jonim, ruhim) qo‘lida bo‘lgan Allohga qasamyod qilurmanki, jannatga kira olmaysiz, toki mo‘‘min bo‘lmaguncha!»
Birinchi bosqich, birinchi jumla shu. Ikkinchi bosqich esa bu:
«Mo‘min bo‘la olmaysiz, toki bir-birlaringizni sevmaguncha (yaxshi ko‘rmaguncha)!» Demakki, chin musulmon bo‘lmoq uchun bir-birimizni sevmoqqa, yaxshi ko‘rmoqqa majburmiz. Jannatga kirmoq uchun esa chin musulmon bo‘lmoqqa majburmiz.
Demakki, bir-birimizni sevmaguncha, jannatga kirmoq imkonimiz oz bo‘lgay, qiyinlashgay. Shuning uchun bu hadisi sharifni har joyda aytamiz. Chunki atrofimizdagi voqea-hodisalar diqqatimizni tortadi. Dunyoda buyuk o‘zgarishlar bor. Ruslar istibdodi ostidagi o‘lkalarda bir ozodlik sodir bo‘ldi. Turk-musulmon diyorlari qisman ozodlikka erishdi. U yoqlarga borib kelish boshlandi. Sayohat imkonlarimiz ochildi. Bu imkonlar tufayli musulmonlarning qardoshlik-birodarligini, birligi va birdamligini ko‘proq o‘ylaydigan bo‘ldik. Bir-birimizni yanada yaxshiroq tushunmog‘imiz lozimligini so‘zlamoqqa zo‘r ehtiyoj bor, buni teranroq his eta boshladik. Shuning uchun biz gapirmoqdamiz. Bu hadisi sharif masalani boshqa bir tomondan mustahkamlaydi.
Bir musulmonning boshqa bir musulmon yuziga shavq bilan, ishtiyoq bilan nazar qilmog‘i, mehr-muhabbat bilan boqmog‘i Payg‘ambar janobimizning masjidlarida bir yil uyga bormasdan, kecha-kunduz o‘sha yerda yotib, toat-ibodat qilib, Qur’on o‘qib, zikr qilib yashamog‘idan savobliroq, xayrliroq ekan!

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:47:03

MUVAFFAQIYATLARNING MA’NAVIY OMILLARI

Muvaffaqiyatning eng muhim omillaridan biri: «Muhabbat, hurmat va go‘zal axloq...» Bu juda muhimdir. Bir-birlarimizni sevgaymiz, o‘zimizdan tashqaridagi insonlarda ham sevgulik bir narsalarni topmoqqa uringaymiz. 1975 yilda men Olmoniyada edim. Mashina olishim kerak edi. Odam bilan go‘zal bir narsalarni gaplashmoqchiman. Do‘kon xo‘jayini qo‘lini uzatdi, marhabo, dedik. Undan mashina olmoqchiman: sotuvchi — u, oluvchi — men... Fikrimga kelib, «Hazrati Odamdan tarqalgan birodarmiz», dedim. Butun insonlar hazrati Odam otaning zuryodlariku!.. Tabassum qilmoq uchun boshqa biron omil topa olmadim u yerda: Hazrati Odamdan tarqalgan aka-uka ekanligimizni gapirdim. Ya’ni:
«Bani Odam a’zoi yakdigarand...»
«Odam farzandlari bir-birlarining uzvidir, qismidir, parchasidir, a’zosidir, bir ota, bir onadandir». Shu jihatdan har bir kishidan sevgulik biror tomonini topmoqqa urinaylik va hurmatda qusur qoldirmaylik... Muhabbatda, hurmatda, go‘zal axloqda, muomalada, xatti-harakatlarda noqis bo‘lmaylik...
G’arbda muhabbat quruq namoyish — xo‘jako‘rsin holidadir, bizda undoq emas. Bizda mehr-muhabbat ichdandir... Bizda muhabbat fidoiylikni maydonga keltiradigan tarzdadir, samimiydir, samimiyatdir. Chunki «Din samimiyatdir» deydilar Payg‘ambar janobimiz. Din samimiyatdir: Allohga nisbatan samimiyat, Rasulullohga nisbatan samimiyat, Qur’oni karimga nisbatan samimiyat, yo‘lboshchiga nisbatan samimiyat, mo‘‘minlarning barchasiga nisbatan samimiyat, xolis niyat saqlamoqdir!.. Rahbar-yo‘lboshchiga nisbatan hurmat, samimiyat, quvlik, yaltoqilik emas. Samimiy bo‘lgan bir ota o‘g‘ilga achchiq ham gapiradi. Do‘st achitib gapirar, dushman kuldirib. Birovni tanqid qilganda sevib, yaxshi ko‘rib tanqid qilsang, u qabul qiladi. Qizishib, baqirib to‘g‘ri bir so‘zni aytsang, eshituvchi qarshilik qiladigan bir sababni topadi, qabul etmaslik uchun biror chora topadi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:48:05

Shuning uchun yolg‘on bo‘lmagan, soxta bo‘lmagan bir muhabbat bilan insonlarni sevmoq va hurmat qilmoq, go‘zal axloqni namoyon qilmoq muhimroqdir, zero go‘zal axloq musulmonning shioridir! Men ham shu masalani ta’kidlayman, takrorlayman. Butunlay go‘zal axloqli bo‘lmog‘imiz lozim, tamoman yaxshi taassurot qoldiradigan inson bo‘lmog‘imiz lozim!
Go‘zal axloq nimadir?.. Payg‘ambar janobimiz savollarni nazariy taraflardan tushuntirmas edilar, oddiy misollar bilan, har kim tushunadigan misollar bilan ifoda etmoqni muvofiq ko‘rar edilar. Masalan, «Yaxshi axloq nima?» degan savolga uch xil yaxshi axloq namunasini aytib beradilar. Yana ko‘proq turlari ham bor, lekin esda qolsin, deb so‘ragan kishining ko‘z oldida manzara paydo qiladilar. Faqat ta’rif bersalar, aqlan ma’naviy tushunchalarni, ma’no ismlarini qamramoq qiyin bo‘ladi. Ammo sahna paydo qilganingda qo‘l bilan ushlash mumkin bo‘lgan bir shaklda esda qoladi.
Aytadilarki:
1. «Tag‘firu amman zalamaka» — «Senga zulm qilganni afv etgaysan».
2. «Va tu’ti man haromaka» — «va senga bermagan, sendan qizg‘angan, seni mahrum qilgan insonga, senga fursat yetganida, bergaysan. Bermaganga bergaysan».
3. «Va tasilu man qoto’aka» — «va sen bilan aloqani uzgan kishiga sen borgaysan, aloqani uzmagaysan. Kelmaganga borgaysan».

Yana shu kabi fe’l-harakatlar yo‘qmi?.. Bor! Yunus Emro aytadi:
Urganga qo‘lsiz bo‘lgay,
So‘kkanga tilsiz bo‘lgay!
Darvish ko‘ngilsiz bo‘lgay!
Sen darvish bo‘lolmassan!..

U ham shundoq ifoda etgan.
Demakki, yaxshi axloq maqbul bir fe’l-harakatdir. Ya’ni, yaxshilikka yaxshilik bilan muomala qilish har kimning ishi. Yomonga yaxshi munosabat qilmoq, yomonlikka yaxshilik bilan muomala etmoq — yaxshi axloqdir. Islomiy axloq shu, tasavvufiy axloq shu! Yunusning axloqi shudir. Yunus shuning uchun sevilgay. Yunusning sirri shudir.
Senga yomonlik qilganga sen ham yomonlik qilaversang... Tamom, yomon bo‘laverasiz, orangiz yomonlashaveradi. Ammo yomonga yaxshi munosabat qilganingizda eshiklar ochiladi. Bir marta shunday qilsangiz, «Ajabo, buning bir nayrangi bormikan? Nega bunday qilyapti?» — deydi. Yana bir marta, tag‘in bir marta qo‘rgach, «Bu odam samimiy, bu odam yomonlikka yaxshilik bilan javob berayotir... Juda yaxshi bir odam. Alloh rozi bo‘lsin...» deydi. Shunday bo‘ladi. Shuning uchun, bunday qilolmasak, hech yo‘qsa, sukut qilsak koshkiydi!.. Sukutning ham bir ibodat ekanini, bilmadim, oramizda qancha kishi bilarkin?.. «Sukut ham bir ibodatdir», deydilar Payg‘ambar janobimiz... Sukut saqlamoq oson bir ish emas! Sukut saqlay olmoq, gap qaytarmaslik muhim bir narsa.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:49:41

Bu muhabbat va hurmat vositalarini ish-harakatlarimizda ta’sirchan bir tarzda qo‘llay olsak, faoliyatimiz juda ulkan muvaffaqiyatlarga erishgay. Unda yanada muassir — ko‘proq ta’sir qiluvchi bo‘lgaysiz. Ya’ni shunday harakat qilsangiz, yana ulkanroq zafarlarni qo‘lga kiritgaysiz. Masalan, bir korxona boshlig‘i shu korxona shartlarini o‘rganayotgan kishiga, «Buni bunday qilsangiz, muvaffaqiyat yanada yaxshiroq bo‘ladi», deb moddiy manfaat tarafidan tushuntiradi-ku. Ammo biz bu ishlarni Alloh rizosi uchun qilsak, savob ham olgaymiz! Ibodat bo‘ladi bu...
«Aksaru ma yudxilunnasa-l jannata taqvolloh va husnul xuluq» «Aksariyat insonlarning jannatga kirishi sababi taqvosi va go‘zal xulqidir». Ko‘p namoz o‘qishi emas, ibodatning ko‘pligi emas, axloqan go‘zalligidir!.. Biz kam ahamiyat beradigan bir narsadir bu. Biz axloqni go‘zallashtirishga ko‘p g‘ayrat qilmayotirmiz. Turkiyada ham, boshqa Islomiy o‘lkalarda ham axloqqa jiddiy intilish yo‘q!..
Jiddada bir gal bir birodarlarimizning uyida bo‘ldik. U yerdagi bir jomeda namozlarni o‘qidik. Pokistondan, balki boshqa bir mamlakatdan bir kishi bor edi, u bilan avval ham bir necha marta ko‘rishib, salomlashganmiz, gaplashganmiz. Shu odam men bilan gaplashmay qo‘ydi. Qoshlarini chimirib, xusumat ko‘rsata boshladi. Salom beraman, alik olmaydi... Chiday olmadim. Albatta, mening unda ehtiyojim yo‘q, uning ham menda ehtiyoji yo‘q. Ehtiyoji bo‘lsa, zero bunday qilmaydi. Ta’sirlandim, dedimki, «Sen menga bir oz qo‘rs muomala qilyapsan, yoqtirmagandek bo‘lyapsan. Nega?» dedim. Nima emish, «Sening kasb-koring nima?» deb so‘raganida, men «Diniy turk adabiyotini o‘rgataman», degan ekanman. Ilohiyot fakultetida bo‘lganim uchun mening o‘tadigan kursim shu: diniy Turk adabiyoti, Turk-Islom adabiyoti... Shundan dars beraman, deb aytgandim. U esa buni irqchilik, ma’nosida tushunib, mendan achchiqlanibdi... «Ayirmachilik qilyapti» debdi... Ayirmachilik emas, olti-etti asrlik Usmoniy adabiyoti, kitobiyati bor... Bu merosdan Ilohiyot fakulteti bitiruvchilari foydalansinlar, deb qo‘yilgan bir dars bu. Usmoniy yozuvini, o‘qishini o‘rganishga; yozishga, o‘qishga, matnlarni tanlash-saralashga, adabiyot tarixini, mualliflarni, asarlarni bilmoqqa mo‘ljallangan bir ilm sohasi bu... Bu birodarimiz esa meni irqchilik qilyapti, deb o‘ylabdi. Shundan ranjibdi, tushunmay-netmay... Ranjitmoq oson, sevmoq qiyin!..

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:49:55

INSONLARNI NECHUN SEVAMIZ?

Insonlar Hazrati Odam alayhissalomdan tarqalgan birodarlarimiz bo‘lgani uchun ularni sevamiz. Hammani yaxshi ko‘ramiz... «Bu ham mening Odam odamalayhissalom Otamdan tarqalgan bir avlod», deb sevamiz. Shu sababdan ularning to‘g‘ri yo‘lga kelishini xohlaymiz. Kufrda qolmasligini istaymiz. Nafsiga qul bo‘lmasligini istaymiz... Shuning uchun, kechiruvchan bo‘lib, muhabbat bilan, sabr bilan insonlarga xizmat qilamiz: hech bir insonni ayirmaymiz, hech bir millatni ayirmaymiz, hech bir suhbatdoshni past ko‘rmaymiz... Qarabsizki, bir g‘ayri muslim musulmon bo‘libdi! Avstraliyada, menga ixvon (do‘st, og‘ayni) bo‘lmoq niyatida bir rum oldimizga keldi. Zikr vazifasini olib, tariqatga kirdi, alhamdulilloh, ko‘pgina birodarlarimizdan ko‘ra yaxshiroq ishlar qildi... Braziliyalik birovi kelib, intisob etdi... Armani musulmon bo‘lishi mumkin, bulg‘or musulmon bo‘lishi mumkin. Tag‘in boshqa birovi musulmon bo‘lishi mumkin. Musulmon bo‘lishi uchun ham urinmog‘imiz shart. Chunki uning boshqa bir yo‘li yo‘q... Ingliz musulmon bo‘lgay, mutasavvif bo‘lgay. Olmon musulmon bo‘lgay. Bunga misollar ko‘p. Shuning uchun bizning usulimiz juda keng bir usul. Bir-birlarimizga birodar, qarindosh bo‘lishimiz kerak edi. Buni hatlab, buni chetlab o‘tyapmiz.

Qayd etilgan