Mahmud As'ad Jo'shon. Haqiqiy sevgi  ( 76242 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:50:04

Tariqat ahli, ahli dil bo‘lganimiz uchun, ahli qalb bo‘lganimiz uchun muhabbatli bo‘lmog‘imiz kerak edi, buni ham chetlab o‘tayapmiz, eplamayapmiz, o‘rniga qo‘ya olmayapmiz. Ketyapmiz xuddi Allohning sevmagan bandalaridek, turli yomon fe’l-harakatlarning rosa girdobiga tushyapmiz! Ular qiladigan chirkin ishlarni qilyapmiz. Qilmasligimiz kerak edi...
Bizdan muhabbatli bir jamoaning tashkil topishi, maydonga kelishi kerak edi. Bu shunday bir muhabbatli jamoa bo‘lgayki, unda Islomga xizmat qiladigan xodimlar bo‘lgay. Islomga xizmat qiladigan shaxslar orasida muhabbat bo‘lmasa, bular Islomning xizmatini qanday bajaradi? Oralarida mehr-muhabbat bo‘lmagan insonlar Islomga qanday xizmat qiladi? Qila olmaydilar, qila olmagaymiz! Ammo bu muhim, asos masaladir. Biz bu muhabbat poydevorining ustiga juda yuksak binolar qura olamiz. Buni chindan-haqiqatan ta’minlay olsak, bir-birimizni samimiy, haqiqatan sevsak, bir-birlarimizga chindan, haqiqatan fidoiylik qila olsak, muvaffaqiyat qozongaymiz.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:50:15

BIR-BIRIMIZGA MEHR-MUHABBATLI BO’LAYLIK

Biz mehr-muhabbatning o‘z hayotimizda, o‘z jamoamizda eng muhim, asos masala ekanini bilamiz. Albatta, oddiy bir inson uchun birinchi qadam bu emas. Oddiy bir kishining eng birinchi qadami mo‘‘min bo‘lmog‘idir. Biz esa mo‘‘minmiz, alhamdulilloh, Allohga ishonamiz. Shu dinga ko‘ngil berganmiz.
Endi bir-birimizga mehr-muhabbatli bo‘laylik. Birodar bo‘laylik. «Men o‘lsam, shu birodarlarim bola-chaqamga, oilamga qaraydi», deydigan darajada birodar bo‘laylik. Xonimlar ham bir-birlariga mehr-muhabbatli bo‘lmoqlari lozim. «Falonchi o‘tgan yig‘indi kiygan kiyimini kiyibdi. Qih-qih-qih. Fih-fih-fih!» Bunday bo‘lmaydi! Aksincha, har kuni kiyadigan libosingizni kiying. Bezanavermang! Bu g‘ovni buzish uchun, bu fosid doirani sindirish uchun shunday qiling!.. Agar ayollar har majlisda yangi kiyim kiyadigan bo‘lsa, erkaklarning holi ne kechadi? Bu musobaqaning oxiri qaerga boradi? Bu xil narsalarga ahamiyat bermaslik kerak.
Bir birodarimizda biror ayb, qusur ko‘rishimiz mumkin. Aybini ham dag‘al-dag‘al qilib aytmaylik. Ammo sevib, yaxshi ko‘rib aytaylik. Men senda shunday bir aybni ko‘ryapman. Bu menga qusur bo‘lib tuyulyapti. Balki men bilmagan biror tomoni borligi uchundir? Undagi qilmishni tuzataylik. Qusur bo‘lsa, tuzatish kerak, bo‘lmasa bu ish bitsin! Bir guruh birodarlarimiz keladi, «pisir-pisir» bir nimalarni gapiradi; boshqa bir guruh birodarlarimiz keladi, «pisir-pisir» bir nimalarni aytadi, biz ikkisini bir oraga keltirib, «Qani ko‘raylik-chi, bir-birlarining oldilarida gapirishsin», deymiz. Bir-birlarining huzurlarida gaplashishgach, tushunadilar, tushuna oladilar. Uzr so‘raydilar, yarashib ketadilar. Bir tomonning aybi bo‘lishi mumkin. Har kim aybini anglasa, dangal-dangal, ochiq-ravshan so‘zlaydigan bo‘ladi, orqavarotdan gapirmaydigan bo‘ladi. Dangal, ochiq so‘zlasa, u ham: «Birodarlarim mening shu aybimni ilg‘abdi», deb, inshaalloh, o‘zini tuzatadi.
Alloh taolo hazratlari bizni O’zi sevgan har xil fe’l-harakatlarga sohib aylasin! O’zi sevmagan har turli yomon fe’l-atvordan qutqarsin!

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:50:27

HAQNI SEVMOQNI O’RGANING

«Iyyaka na’budu va iyyaka nasta’iyn».
«Faqat Sengagina qilib ibodat, Faqat sendangina so‘raymiz madad».

Ya’ni, biz faqat Allohgagina ibodat qilamiz va faqat Allohdangina madad so‘raymiz... Hech kimsadan hech narsa istamaymiz, so‘ramaymiz!.. Na yordam, na tayanch, na pul, na kulgi, na tabassum, na u, na bu!.. Bizni Alloh sevsa, kifoya!.. Inson yoppa-yolg‘iz bo‘lishi mumkin.
Haqni sevmoqni o‘rganing!.. Haq bilan birga bo‘lmoqning zavqini toting, u bilan birga bo‘lmoqni o‘rganing... Shu darajada bo‘lmasa bir inson, uni ko‘p aldagaylar, ko‘p ishontirgaylar.
Albatta, Haq bilan birga bo‘lmoq uchun Haqning ne ekanini bilmoq lozim. Botil narsalar shu qadar ranginki, botil narsalarning ovozasi — reklamasi shu qadar ko‘pki, botil narsalarni qabul qildirmoq uchun tuzoqlar shu qadar ortiqki, bu tuzoqlarning hammasidan o‘tib, eng oldingi go‘zal haqiqatga, haqqoniyatga erishmoq juda qiyindir!..
Yer yuzida qancha bosh bo‘lsa, qancha inson bo‘lsa, shuncha hayot falsafasi bor. Har birining bitta yo‘li bor. Haqiqiysi qaysi?.. Eng birinchi haqiqiysini topmoq, sobit qilmoq kerak. Aniq-ravshan qilib aytayin, dorilfununning professori sifatida aytaman, bu yo‘lni Allohning suyukli quli bo‘lmaguncha, Alloh ko‘rsatmas! To‘g‘ri yo‘lni insonga Alloh ko‘rsatgay. Shuning uchun: «Ihdinassirotal mustaqiym», «Bizlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlagin!» deb Allohdan so‘raymiz. Boshqasi ko‘rsata olmagay. Alloh nasib etmasa, u yo‘l ochilmas! Payg‘ambar janobimizning amakilariga ochilmadi. Payg‘ambar janobimizni sevgan, boqib ulg‘aytirgan, mushriklar u zotga zulm qilmoqchi bo‘lganida, ko‘ksini qalqon qilgan insonga ochilmadi u yo‘l. Nima uchun?..

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:50:41

«Vallohu la yahdil qovmaz-zolimiyn» — Alloh zolimlarga hidoyat bermagay aslo, buni biling, aziz birodarlarim!.. Alloh fosiqlarga hidoyat bermagay, buni biling!.. Alloh kofirlarga hidoyat bermagay, buni biling!.. «Men kofirmanmi?» der balki u. Bir oshkora kufr bor, bir pinhona kufr bor... Tuklari tikandek tikka-tikka bo‘ladi insonning.
Payg‘ambar janobimiz (s.a.v.) aytadilarki: «Bir insonning jabru jafodan, zulmdan bo‘lgan bir narsani sevishi shirkdir!..» Nima uchun? Alloh buni jabru jafo deb aytayotir, u esa yana shuni sevadi. Allohning hukmi muqobilida boshqa bir hukmni, boshqa bir ahkomni teng tutayotir, bu shirkdir! Allohning hamma narsasi adolatdir, shariatning belgilagan jazolari adolatdir... Har narsa adolatdir, hamma narsasi foydadir, hamma narsasi go‘zaldir. Alloh adolat sifatida ko‘rsatgan biror narsaga bug‘z etmoq — g‘animlik qilmoq ham shirkdir!
Alloh sevgisidan boshqa sevgisi bo‘lmagay insonning... Allohning sevganini sevgay, Allohning sevmagan narsalarini sevmagay, shirkdan qutulmoq uchun, chinakam musulmon bo‘lmoq uchun shunday qilgay... Kofirlikdan, shirkdan qutulmaguncha, hidoyatga erishmagay inson... Shuning uchun milliardlarcha musulmonlarni ko‘rasan, oti musulmon, boshiga musulmon deb «yozib qo‘yilgan», ammo ko‘ngli musulmon emas!..
Shu sababdan tasavvuf ma’rifatullohni qo‘lga kiritmoq yo‘lidir, u insonning yemoq-ichmoqdan, suv-havodan, sihhatdan, hurriyatdan, hamma narsadan oldin keladigan ma’naviy ozuqasidir. Birinchi ish shudir: kishi Allohning sevgan quli hamda Allohni sevgan qul bo‘lgayki, Alloh unga hidoyat eshigini ochgay. Alloh unga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgay. Aks holda esa ko‘rsatmagay, ko‘rsatmagay!..

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:50:53

Bir vakillikda yuzlarcha odam to‘planib, qarorlar chiqarishibdi. Hozir, dunyoning xar yerida yuzlarcha majlislar qilinmoqda. Nima uchun? Haqiqatni topmoq uchun. Haqiqatlarni, to‘g‘rilikni topa olgaylarmi?.. Topa olmagaylar!.. Nasroniylarning katta ruhoniylik muassasasi bor... Yahudiylarning katta xoxomlik tashkilotlari bor, dunyoning har tomoniga hokim ular. Haqiqatlarni ko‘ra olgaylarmi? Ko‘ra olmagaylar! Alloh kofirni hidoyat qilmas!..
Qul odobli bo‘lgay... Qul Allohni sevgan qul bo‘lgay... Qul Allohga bog‘langan qul bo‘lgay. Qul Allohga taslim bo‘lgan qul bo‘lgay. Musulmon degani nima edi? O’zini Allohga taslim etgan qul deganidir. Bir oyati karimada aytiladi:
«Qolatil-arobu omanna, qul: lam tu’minuu valakin quluu aslamna, valam-ma yadxulil iymanu fiy qulubikum», «Badaviylar, biz iymon keltirdik, dedilar. (Ey Rasulim) ularga ayt: sizlar hali iymon keltirganlaringiz yo‘q, «Biz taslim bo‘ldik, Islomga kirdik, Islomni qabul etdik» — deb aytinglar!.. Hali hanuz iymon qalbingizga o‘rnashmadi». Oyati karimada aytilayotir bu!.. Ya’ni, taslim bo‘lmoq birinchi shartdir. Taslim bo‘lgan inson askarlik qiladigan yuzboshi, mingboshi degani emas!
Allohga taslim bo‘lgay, undan keyin Alloh taolo hazratlari unga haqiqiy iymon lazzatini bergay, fayz eshigini ochgay, hidoyatga boshlagay... Nima uchun Alloh har kimga hidoyat bermagay?.. Hidoyat bu butun saodatlarning kaliti bo‘lgani uchun, Allohning eng buyuk ikromi bo‘lgani uchun, Allohning qullariga beradigan eng buyuk ne’mati bo‘lgani uchun, uni kofirga loyiq ko‘rmagani uchun bermagay! Shuning uchun inson eng birinchi zulmdan, nifoqdan, shirkdan, sarkashlikdan, adabsizlikdan chin tavba qilmog‘i lozim!.. Qaytmog‘i lozim, bo‘ynini egmog‘i lozim; Haq yo‘lga kirmog‘i lozimki, Alloh o‘shal eshiklarni ochsin!.. Bu juda muhimdir.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:51:03

Shuning uchun asro-i olamda mulhid ko‘p, muvahhid mo‘‘min oz.
«Va ma aksarun-nasa valav hasrota bi mu’min» «(Ey Rasulim!) naqadar jon chekib, istasang ham, insonlarning qupi mo‘‘min bo‘lmagaydir!» deb Qur’oni karim bildirmoqda, Payg‘ambar janobimizga... Insonlarning aksariyati mo‘‘min bo‘lmagay, bu to‘siqlardan, bu imtihondan o‘ta olmagani uchun. Bu g‘ovdan sakrab o‘ta olmagani uchun, asl nuqtaga erisha olmas... Shuning uchun bilingki, eng birinchi iymon qalbga o‘rnashsagina inson haqiqiy mo‘‘min bo‘lgay. Haqiqiy mo‘‘min bo‘lmagan insondan hech bir narsa, hech bir xayrli ish chiqmas. Tasodifan chiqsa-da, undan keyingi qilmishlari bilan avvalgi xayrli tasodifni ham barbod etgay.
Shuning uchun irshod masalasi, ya’ni insonlarni sabili rushdga — Haq yo‘liga, to‘g‘ri yo‘lga yo‘nalmog‘i, kirmog‘i uchun qilingan ishlar eng ahamiyatli ishlardir, eng asosiy ishlardir, qulfni ochuvchi ishlardir, dastlabki ishlardir, to‘siqlarni ochuvchi ishlardir... Eng birinchi shu ishlar bo‘lgayki, bu g‘ovlar olingay, undan keyin boshqalari ochilgay... «Domla, men bu ishlarga qaramay, xizmat qilgayman!..» deyishlari mumkin. Qila olmagaysan xizmat, mahv etgaysan, barbod etgaysan, buzgaysan, musulmonlarni bir-birlariga to‘qnashtirib qo‘ygaysan.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:51:12

MUHABBATNI ZADA QILGUVCHI XATTI-HARAKATLAR

Muhabbatni zada qilguvchi xatti-harakatlardan qochmoq, chetlanmoq masalasi oldimizda turadi. Men seni sevib turibman, sen meni sevib turibsan-u, birdan oramiz sovuqlashadi. O’rtamizdan qora yellar esib, ola mushuklar o‘ta boshlaydi. Bir-birimizni sevmaslik boshlanadi. Bu nimadan? Albatta, senda ham bir ayb bor, menda ham bir qusur bor. Bunaqasi bo‘ladi. Yo g‘iybat qilganmiz, yo aytishib qolganmiz, yo samimiyatsiz biror hodisa oramizdan o‘tgan.
Ha, muhabbatni sovutadigan, muhabbatni zoil etadigan — yo‘q qiladigan, muhabbatni sidirib tashlaydigan, muhabbatni mahv etadigan narsalardan uzoqroq bo‘lmoqqa g‘ayrat qilmog‘imiz lozim.
Masalan, hech kim birovni g‘iybat qilmasligi kerak. G’iybat — harom. Har kim har kimdan husnu zan — yaxshi gumon etmog‘i lozim. Husnu zan etmoqlik Qur’oni karimdan bir vazifadir. Su’i zan, ya’ni, bad gumon etmaslik kerak. Su’i zan etmoq — harom. Harakatlar yaxshilikka yo‘nalishi lozim.
Biror kishi sening oldingda g‘iybat qilinsa, g‘iybat qilingan kishining yonini olmoq — sening vazifang, g‘iybat qilganlarni to‘xtatmoq sening vazifang, o‘sha majlisda qolmasdan, turib ketish sening vazifang. Payg‘ambar janobimiz uch harakatni amr etadilar: «G’iybat qilingan kishiga yordam bergaysan, uni mudofaa etgaysan: «U birodarlarimizning bunday yaxshi jihatlari bor», degaysan. Tabiiy, qusurini, aybini gapirishar ekan, to‘g‘ri aytayotgan bo‘lishlari mumkin. Ammo bir yo‘lini topib, g‘iybatdan himoya qilgaysan. Payg‘ambar janobimiz bunday amr etadilar: istasang, eshitma. Boshqalarni ham to‘xtat. «Gapirmang, g‘iybat qilmang», degaysan. Yoki bo‘lmasa turib ketgaysan «Menga ruxsat bering, Allohga topshirdik, tuningiz yoki kuningiz xayrli bo‘lsin», degaysan. Qo‘zg‘alasan, ketasan, tamom. Biz shundoq qilmayapmiz.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:51:22

G’iybatni xuddi har kim qaymoq, non yegandek, ertayu kech yeydi-ichadi. Holbuki, g‘iybat qilmoq o‘likning go‘shtini yegandek xunuk bir ishdir. «Ro‘za tutgan kishining ro‘zasining savobi qolmas», deb bildiriladi hadisi sharifda. To‘g‘ri, non yemayapsiz, suv ichmayapsiz, ammo o‘lgan birodaringizning go‘shtini yegandek bo‘lyapsiz. Bu yanada tubanroq bir ish. «Losh», «losha» degani o‘lik go‘shti deganidir. G’iybat — losh yegandek gapdir. Ammo bu kalimani domlalar shu kunga qadar qo‘llamagani uchun, «losh yemoq» so‘zidan biz jirkanamiz. «Losh yeyapsanmi?» Astag‘firulloh, me’damni bulg‘ading, bo‘g‘zimga keltirding. Me’damni shishirding, deydi inson. Ammo fe’lan (amalda) shu ishni qiladi.
Demakki, muhabbatni zada qiladigan shundoq ishlarni ham qilmaylik. Muhabbatni orttirmoq uchun choralar qidiraylik. Alloh muhabbatlilarni sevgay, shunday bir muhabbatli toifa bo‘laylik. Aslida shundoq bo‘lmog‘imiz kerak edi, ammo undoq emasmiz. Musulmon bo‘lganimiz uchun bir-birimizga bug‘z etmaylik, g‘animlik qilmaylik, birodar, qardosh-qarindosh bo‘laylik.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:51:32

MUHABBATNI O’RTADAN KO’TARGAN SABABLAR

«Bir-biringizga qarshi bug‘z etmangiz. O’zaro bug‘z va adovat bilan bir-birlaringizga dushmanlashmangiz».
Bug‘z etmoq — achchiqlanmoq, qizishmoq, kek saqlamoq degani. Bir-birlaringizga qizishmangiz, jahl qilmangiz. Kekni, adovatni cho‘zmangiz, nafratli, dushmanlarcha muomala qilmangiz bir-biringizga.
Inson qizishadi, bug‘z etadi, ammo tuyg‘ularini nazorat etmog‘i lozim. Inson ichidan chiqqan har bir tuyg‘uning darhol talabini bajarmog‘i kerak emas. Inson o‘zini tuta oladigan maxluqdir.
Hayvon tuta olmas o‘zini, qush, tovuq, mushuk tutolmaydi o‘zini. Mushukning oldida barmog‘ingizni o‘ynatsangiz, chiday olmaydi. Avval ko‘zlarini ochadi, keyin quloqlarini dikkaytiradi, so‘ng chiday olmay, tashlanadi. Ongsiz-ixtiyorsiz, savqitabiiy bilan shunday qiladi. Ammo odamzodning bir ustunligi bor: u o‘z tuyg‘ulariga hokim bo‘la oladi, o‘z-o‘zini nazorat eta oladi, tuta oladi.
«Bir-biringizga bug‘z etmangiz», deydilar Payg‘ambar janobimiz. Bug‘z etmoq holini cho‘zmang, davom ettirmang. «Bir-biringiz bilan aloqalarni uzmangiz». Aloqani uzishmangizlar. Ziyoratlar qilar edi, qilmay qo‘ydi, munosabati bor edi, kelib-ketishni to‘xtata boshladi. Bog‘lar uzildi. Yo‘q, bunday qilmang, deydilar Payg‘ambar janobimiz, bir-biringiz bilan bog‘larni — aloqalarni uzmangizlar.
«Bir-biringizga orqa o‘girib olmangiz». Orqa o‘girmoq — xafalashmoq, aloqa qilmaslik, yordam bermaslik, har kimning o‘zicha istiqomatda ketmog‘idan kinoyadir.
«Bir-biringiz bilan hasadlashmangiz». U sizga hasad qiladi, siz unga hasad qilasiz. Va yo uning moli bor, mulki bor, hasadlashuvni, qizg‘onchni qo‘zg‘aydi. Bularning hammasini taqiqlaydilar Payg‘ambar janobimiz. Musulmonning musulmonga bug‘z etmog‘i yo‘q, aloqa uzmog‘i yo‘q. Yuz o‘girmog‘i yo‘q, hasadlashmog‘i yo‘q. Bunday ishlar bo‘lmaydi. Ijobiy, maqbul ish sifatida nima qiladi? Shu salbiy ishlarni qilmaydi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:51:41

DUNYO SEVGISI

Dunyoni istamoq, sevmoq har bir xatoning manbaidir. Xato shundan boshlanadi. Insonni dindan uzoqlashtirgan, adolatdan uzoqlashtirgan, yomonlik, aldoqchilik qildirgan, birodarlikni buzdirgan, har qanday turli xatolarning manbai dunyo sevgisidir. Har turli rasamad dunyodadir. Ikki aka-ukani, birodarni urishtiradi u.
Ota o‘g‘li bilan urushadi hukmdorlik uchun. Usmoniylar tarixida ham bor shunaqasi: ota o‘g‘li bilan kurashadi. Ikki davlat bir-biri bilan urushadi dunyo uchun. Eronning Iroq bilan to‘qnashuvi oxirat uchunmidi? Yo‘q, dunyo uchun edi! Usmoniylarning dardi boshidan oshib turganda, Misrning Usmoniylar bilan harb qilmog‘i oxirat uchunmidi? Qutohyagacha keldi. Necha marta Usmoniy lashkarini yengdi. Misr hiylaga uchraganmidi, balki biror tashqi tayanchi bormidi, Usmoniyning boshida u ham bir balo bo‘ldi. Yovuz Salim o‘z otasini taxtdan ag‘dardi. Fotihning ikki o‘g‘li Boyazid bilan Jam bir-birlari bilan saltanat uchun janjallar qilishdi. Qonuniy Sulaymonning o‘g‘li otasiga osiy chiqdi. Urushib, yengildi. Boshi kesildi. Shahzoda jomening oldidagi bozorda yotibdi. Butun xatolarning boshi, aziz birodarlarim, dunyo sevgisidir.
Dunyoda insonlar zohid bo‘lsalar, dunyoga qadr-qimmat bermagan insonlar bo‘lsalar edi, bularning hech birisi bo‘lmas, manfaat kurashi bo‘lmas edi. Ammo manfaat ishga aralashdimi, dunyo ishining orasiga tushdimi, hamma xatolar shundan boshlanadi.
Dunyo sevgisi barcha xatolarning manbaidir. Dunyo la’natidir. La’natlangan bir narsadir dunyo, uning ichidagi narsalar ham la’natlangandir.

Qayd etilgan