Mahmud As'ad Jo'shon. Haqiqiy sevgi  ( 76244 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:51:51

NIMANI VA KIMNI SEVMOQ KERAK?

Sevmoq odamzodga baxsh etilgan tuyg‘ularning eng yaxshisidir. Ichki va tashqi dunyomiz mehr-muhabbat bilan ranglangay, jonlangay va ma’nolangay. Allohning bu go‘zal ne’matidan mahrum bo‘lganlarning esa yuzlari tund, qoshlari chimiriq, ko‘ngillari xiradir, qorong‘udir. Bundaylar atrofini yo‘qotib kun kechiradi, tillari bilan, fe’llari bilan hammani  ranjitadi. Sevgi tuyg‘usining o‘sib rivojlanmasligi, sevishni bilmaslik mahrumiyatlarning eng kattasidir.
Vujudning o‘sib rivojlanmog‘i, sog‘lom va buquvvat bo‘lmog‘i uchun yaxshi va kuchli ozuqalar olmoqqa tirishamiz, ishtaha dorilari ichamiz, darmondorilarni yutamiz. Badan sog‘lomligi uchun toza havo, quyosh nurlarini qidiramiz, ta’tillarga chiqamiz, turlicha sport bilan shug‘ullanamiz. Ana shunchalik natijalarga, hatto, bundan ham ko‘ra muhimroq natijalarga erishmoq uchun, bu ishlardan ham ziyoda ma’naviy jihatimizning yuksaluvi, rivojlanuvi, kuchayuvining choralarini izlamog‘imiz, davolarini topmog‘imiz lozim. Ruhning sihhati, huzur va sokinligi borasida esa eng birinchi navbatdagi davo sevmoqdir. Muhabbat tuyg‘umizni rivojlantirmoq, yuksaltirmoq uchun ko‘p urinmoq, g‘ayrat va mehnat qilmoq, kuch sarflamoqqa majburmiz. Zero, dunyo saodati va oxirat salomati ulkan miqdordagi bu tuyg‘uga ega bo‘lmoq bilan qo‘lga kirgay.
Bolani hali go‘daklik chog‘idan boshlab ona, birodar, o‘rtoq o‘yinchoq, qush, gul... muhabbati kabi tabiiy va ma’sum sevgilar bilan ulg‘aytirmoq, unda shu malakani uyg‘otib, parvarish va tarbiyat qilmoq, uni rivojlantirmoq shartdir. Bu muhabbat ta’limi bilimdan, ilmdan ham oldin kelgay va juda xayrli natijalar bergay. Chunki quruq bilim ba’zi insonni faqatgina g‘ururga yo‘liqtirgay va xudfurush qilib qo‘ygay.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:52:01

Maorif tizimining shu haqiqat asosida tuzilmagani uchun bugungi kunimizning yoshlari axloqsiz, qo‘pol, dilozor va buzg‘unchi bo‘lib ketishayotir. Chunki ularga maktablarda muhabbat emas, qaysarlik, isyon, kin, xudbinlik, manmanlik va g‘urur kabi ters va quruq tuyg‘ular ta’lim qilinmoqda. Kinolarda, radioda, televidenieda, gazeta va jurnallarda urush, ur-yiqit, buzish, qarshilik qilish va dushman bo‘lish talqin qilinadi.
Sevgi-muhabbatning barcha turi ham qabul qilishga loyiqmi? Shubhasizki, yo‘q! Hech kim ichkilik, qimor mubtaloligining, g‘ayriqonuniy axloqlarning, pora, mansab, kursi muhabbatining, xudbinlikning va shunga o‘xshash qator moyilliklarning yaxshi ekanini iddao eta olmaydi. Shunday ekan, muhabbat tuyg‘usining ham nazorat etilmog‘i, go‘zal va tabiiy (haqiqiy) bo‘lgan narsalarga qaratib yo‘naltirmog‘i kerak bo‘ladi. Shunda qarshimizga ushbu savol ko‘ndalang bo‘ladi.
Ajabo, nimani va kimni sevmoq kerak?
Eng yaxshi va eng go‘zali esa, butun go‘zalliklarning egasi, yaratuvchisi, ijodkori bo‘lmish oliy va muqaddas zot, ya’ni hazrati Allohdir! Bu dunyoda ko‘zlar ko‘radigan, qo‘ngillar sevadigan barcha go‘zal narsalar Uning ijodidir. U, ko‘zlar ko‘rmagan, quloqlar eshitmagan, kishining aqlu xayolidan kechmagan asl buyuk go‘zalliklarni esa oxirat olamida saqlagaydir! Odamzod asl go‘zallikning nima ekanini, ul zul-jalol val-kamol hazratlari Firdavsi A’loda, baxtiyor qullariga jamolidan niqobini ochgan lahzada anglagaydir, asl cheksiz lazzatni, ul akmal — mukammal jamolini mushohada etgan chog‘ida tanigaydir!

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:52:08

Yuksak ko‘ngillar ana shu damning xayolidan, Ul yuksak zotning beqiyos jamolidan mast va mustag‘raqdirlar! Asl sevgi shudir! Boshqa barcha sevgilar esa, yo sevgi-muhabbat tuyg‘usining o‘sib rivojlanmog‘i uchun bir sabab va yoki, asl ishq-muhabbatga eltadigan yo‘ldagi bir bosqichdir. Tasavvuf buyuklari asl muhabbatni «ishqi haqiqiy» deydilar, insoniy moyilliklarni esa «ishqi majoziy» deydilar. Yunus Emroni adabiyotning ulug‘ shoiri qilgan narsa ana shu ilohiy ishqdir. Mavlono (Jaloliddin Rumiy) jo‘shqinligi, Xoja Ahmad Yassaviy hikmatlari, ana shu asl ishq-muhabbbatdandir. Fuzuliy ana shu haqiqiy sevgi bilan martaba topdi, shu vajhdan «Ishq dardi ila xusham, qo‘l tort davoyimdan, tabib!» deb aytadi. Ashraf o‘g‘li xuddi shu sababdan:
«Seni sevmoq mani dinim, imonim,
Ilohiy dinu iymondan ayirma»,
deb kuylaydi.
Haqiqiy sevgiga erisha olgan, asl seviladigan Zotni topa olgan inson uchun ne baxt bu!

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:52:16

«MA’RIFATNOMA»DAN

Ne davlatdirki, dildorim Sen o‘lding,
Anisu mu’nisu yorim Sen o‘lding.

Dili purdariming darmoni Sensan,
Shifoyi joni bemorim Sen o‘lding.

Menga xasm o‘lsa olam xalqi, g‘am yo‘q...
Ne qo‘rquv! Chun nigohdorim Sen o‘lding!

Safolar, gar jafolar topsa jonim,
Rafiqi jumla atvorim Sen o‘lding.

Sanga dil bermisham, ey joni olam!
Azaldan chunki dildorim Sen o‘lding.

Desam ismi sharifing yo demasman,
Dilimda jumla guftorim Sen o‘lding.

Senga ta’zim etar dillarda Haqqiy,
Der: inkorim yo‘q, iqrorim Sen o‘lding!..

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:52:28

IBODAT

Ibodat ne? Yaratganga
      itoat ham ibodatdir,
Haqiqiy bandalik birlan
      sadoqat ham ibodatdir.
Ibodatdir, tiriklikni
      etolsang ma’rifat bog‘i,
Mashaqqatlik ilm, san’at,
      qiroat ham ibodatdir.
Onang birlan otang qalbi
      o‘tar Ka’ba tavofidan,
Alar ko‘nglini shod etsang,
      shu xizmat ham ibodatdir.
Xabar oldingmi bemordan,
      qarindosh, do‘st musofirdan?
Birovni yo‘qlasang dildan,
      ziyorat ham ibodatdir.
Umrni etmayin isrof,
      o‘zing ro‘za, vudjuding sof,
Agar pok holda uxlarsen,
      shu rohat ham ibodatdir.
Mudom Allohni zikr etsang,
      halol boriga shukr etsang,
Qiyomat kunni fikr etsang,
      tijorat ham ibodatdir.
Butun borliq, nabotot ham
      Yaratganga etar tasbih,
Bobo dehqon ekib yursa
      ziroat ham, ibodatdir.
Ibodatdir, biror zolim,
      jafokorga desang haq so‘z,
Va nodonga sukut qilsang,
      sukunat ham ibodatdir.
Agar jufti halol birla
      ko‘ngilxushlik etar bo‘lsang,
Falak shohid, malak hozir,
      bu suhbat ham ibodatdir.
Bu Islomdir, butun umring
      ibodat holiga kelgay,
Va ogohlik bilan o‘tgan
      shu fursat ham ibodatdir.
Tamal — iymonu ixlosdir,
      bu qullik bandaga xosdir,
Xudo deb qilganing har ish
      va niyat ham ibodatdir.
Sevib, Mirzo, faqat do‘stlik
      bilan dillarni obod et,
Agar Alloh uchun sevsang,
      Muhabbat ham ibodatdir!..


Mirzo KENJABEK
1997, mart

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:52:49

O’ZIGA XOS ISHQNOMA

Doktor, professor Shayx Mahmud As’ad Jo‘shon hazratlarining ushbu kitobi o‘ziga xos «ishqnoma», ham «pandnoma»dir. Kitobda bu ikki mavzu muxtasar, omuxta, asosli, dalilli yoritilgan. Har bir fikr, qarash, kuzatish, hayotiy tajriba o‘quvchini ruhiy va axloqiy kamol toptirishga, jamiyatda esa sog‘lom va pokiza muhitni barqarorlashtirishga qaratilgan. Asarlarda ko‘zlangan mohiyat maqsad va xulosadan o‘quvchi tezda voqif bo‘ladi.
Har bir ma’rifiy mavzuda qissadan «hissa» bor. Mavzular bir-birini to‘ldiradi va yaxlit bir g‘oya asosida birlashadi. Bu g‘oya «Allohning sevgan quli bo‘lish»dir...
Muallif kuyunchaklik va ulkan mas’uliyat bilan abadiy saodat yo‘lini ko‘rsatadi. Sevgi, muhabbatning bosh manbai bizni yo‘qdan bor qilgan Allohu taoloni sevishga va uning rizoligini topishga undaydi. Bu yo‘lda samimiy bo‘lish va shunga erishish vositalarini ko‘rsatadi. Rasululloh hazratlarini, komil insonni, musulmon birodarini sevishni, hatto kofir bo‘lsa-da, musulmon bo‘lish imkoniyati bor bo‘lgan kishiga munosib muhabbat bilan muomala qilishni uqdiradi...
Asar ilohiy va majoziy ishq orasidagi tafovutni oydinlashtirib, «Majoz haqiqatning ko‘prigidir» hadisiga binoan majoziy ishqda ham Haq va haqiqatning timsoli borligiga ishora qiladi. Shu jihatdan ushbu kitob mumtoz adabiyotimizdagi ishqi ilohiy bilan bog‘liq fikru tuyg‘ularni chuqurroq anglashimizga, his qilishimizga yordam beradi.
Komil inson haqida ko‘p gapiriladi. Lekin komillikka olib boradigan yo‘llar, vositalar, axloqlar, tuyg‘ular, tushunchalar haqida mazmunli va asosli gapirish, yomon fe’lu xo‘y va xulqdan qutulishni ko‘rsatib berish ham oson emas. Zero, bu sohalardan bahs etish uchun ma’naviy huquq kerak...
Shayx hazrat ana shu jihatlarni katta hayotiy tajriba va ilmiy kuzatishlardan kelib chiqib, ma’qul va maqbul tarzda tushuntirib berganlar. Tarjimon esa asarni mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girib, savobli ishga qo‘l urgan.
Kitobning nashr bo‘lishi omma uchun ham, ziyolilar uchun ham muhim. Zero, bunday kitoblar bugungi keng kitobxon ommasininggina emas, balki jamiyatning kelajagi bo‘lgan yoshlarni mukammal unib-o‘sishida ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘ladi.
Alloh taolo muallifni, tarjimonni va ushbu kitobdan bahramand bo‘lganlarni dunyo va oxiratda aziz va mukarram aylasin. Omin! Valhamdu lillohi rabbil olamin. Vallohu a’lam bis-savob!

Hoji Sayfiddin SAYFULLOH,
Filologiya fanlari nomzodi, Xalqaro Ahmad Yassaviy mukofoti sohibi.

Qayd etilgan



AbdulAziz  02 Dekabr 2007, 02:02:40

Haqiqiy sevgi



Muallif: Mahmud As'ad Jo'shon

Hajmi: 175 Kb
Fayl tipi: pdf, zip

Saqlab olish

Online o'qish

Qayd etilgan