Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 183065 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 55 B


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:09:10

BUVOT G’AZOTI

Oradan ko‘p o‘tmay Shomdan qurayshlarning katta karvoni kelayotgani, ikki ming besh yuz tuyani Umayya ibn Xalaf boshchiligidagi yuz kishi qo‘riqlayotgani aniqlandi. Payg‘ambar alayhis-salom ikki yuz muhojir bilan yo‘lga chiqdilar, bu gal Sa’d ibn Abu Vaqqos yalovbardorlik qildi. Lekin bu safar ham mushriklar bilan to‘qnashish nasib etmadi. Ehtiyotkor quraysh mushriklari allaqachon manzilini o‘zgartirib ulgurishgan edi.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:09:29

USHAYRA G’AZOTI

Muhojirlar qaytib kelar-kelmas qurayshlarning juda ko‘p mol-mulk ortilgan yangi karvoni yo‘lga chiqqani, uni Abu Sufyon boshchiligidagi yigirma chog‘li odam qo‘riqlab borayotgani haqida ma’lumot keldi, Payg‘ambar alayhissalom jum’adil avval oyida yuz ellik kishi bilan mushriklarning yo‘lini to‘sgani otlandilar. Lekin bu gal ham ikki tomon uchrashmadi; Mushriklar musulmonlar yetib kelgan joydan allaqachon o‘tib ketishgan ekan. Safar behuda ketgani yo‘q. Rasululloh bani Mudlij qabilasi hamda ularning ittifoqchilari bilan do‘stlik shartnomasi tuzdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:09:54

DASTLABKI BADR G’AZOTI

Musulmonlar safardan kelar-kelmas Kurz ibn Jobir Fihriy madinaliklarning yaylovdagi chorva mollarini talon-taroj qilib qochdi. Rasululloh o‘z qo‘shini bilan qaroqchining izidan tushdilar, biroq Kurz allaqachon olislab ketgani uchun tutolmay quruq qaytdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:10:14

HARBIY QISM

Shu yilning rajab oyida payg‘ambar alayhis-salom Abdulloh ibn Jahish boshchiligida sakkiz kishini safarga otlantirdilar. Abdullohning qo‘liga muhrlangan xat tutqazib, ikki kundan keyin ochib o‘qishni uqtirdilar. Rosa ikki kun yurganlaridan keyin Abdulloh xatni ochib o‘qidi. Unda: "Bu xatimni o‘qigach, Naxla degan joyga bor, quraysh arablarini kuzatib ular haqida ma’lumot olib kel", deyilgan edi. Rasululloh niyatlari yahudiy va munofiqlarning qulog‘iga yetib qolishidan xavfsirab, shunday usul qo‘llashga majbur bo‘ldilar. Safarga ketayotganlarning soni oz, dushmanga taqobil turishi mahol edi. Aksiga olib yo‘lda Sa’d ibn Abu Vaqqos bilan Utba ibn G’azvon mingashib ketayotgan tuya yo‘qolib, ular hamrohlardan ayrilib qolishdi. Oltovlon Naxlaga yetib kelganda qurayshlarning karvoniga duch kelishdi. Karvonda Amir ibn Hazramiy, Usmon ibn Abdulloh ibn Mug‘ira, uning birodari Navfal bilan Hakam ibn Kaysonlar bor edi. Musulmonlar karvonga hujum qilib, mollarni qo‘lga tushirmoqchi bo‘lishdi va Rajab oyining so‘nggi kuni karvonning yo‘lini to‘sib Amir ibn Hazramiyni o‘ldirishdi, Usmon bilan Hakam asir olindi, Navfal esa qochib qutildi.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:10:26

Musulmonlar karvonni o‘z manzilgohlariga olib ketishdi. Bu g‘animlar bilan bo‘lgan to‘qnashuvlarda musulmonlarning qo‘lga kiritgan birinchi o‘ljasi edi. G’oliblar Madinaga qaytib kelgach, yahudiylar bilan mushriklar ularni jang qilish ta’qiqlangan oyda qon to‘kishda ayblashdi, musulmonlar ham bu fikrga qo‘shilmay ilojlari yo‘q edi. Rasululloh ham jang qilish ta’qiqlangan oyda urushishni buyurmaganliklarini aytdilar. Karvonning yo‘lini to‘sganlar o‘z qilmishlari uchun pushaymon bo‘lishdi. Bu xususda Olloh Taolo Baqara surasining 217-oyatida shunday deydi: "Sendan ta’qiqlangan oyda urush qilish haqida so‘rashadi. Ularga bu oyda urushish katta gunoh, lekin Xudoning yo‘lidan qaytarish, parvardigorga osiy bo‘lish, Masjidi Haromda ibodat qilishga yo‘l qo‘ymaslik, bu dargohdan odamlarni haydab chiqarish yaratganning nazdida undan ko‘ra kattaroq gunohdir, deb ayt". Shundan keyingina urushganlarning ko‘ngli sal joyiga tushdi. Mushriklar asirlarni to‘lov evaziga qaytarib olmoqchi bo‘lishdi. Rasululloh bu taklifni ma’qulladilar. Ikki asir yurtiga qaytarildi, lekin Hakam ibn Kayson islom dinini qabul qilib, Madinada qoldi, Usmon esa musulmon bo‘lmay qaytib ketdi.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:10:46

QIBLANING O’ZGARTIRILISHI

Payg‘ambar alayhis-salom Madinada turgan o‘n olti oy mobaynida Ka’bani qibla qilishni istasalar-da, Baytulmuqaddasga qarab namoz o‘qidilar. Namozlarida musulmonlarning qiblasini o‘zgartirishni o‘tinib, duo qilardilar. Bir kuni namoz o‘qiyotganlarida parvardigordan hozirdan e’tiboran musulmonlar uchun qibla Ka’baga o‘zgartirilgani haqida vahiy keldi. Rasululloh ibodatlarini buzmagan holda xonai Ka’ba tomonga o‘girildilar, orqada namoz o‘qiyotganlar ham u kishiga ergashishdi. Amrim imoni sust kimsalar shu voqea tufayli dindan qaytib, murtad bo‘lib ketdi. Kutilmaganda qiblaning o‘zgartirilishi yahudiylarning islom diniga tosh otishlariga bahona bo‘ldi. Vaholanki, mag‘ribu mashriq Ollohning ixtiyoridagi mulk. Kimni qayoqqa yuzlantirish, kimni to‘g‘ri yo‘lga boshlash uning izmidadir.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:11:21

RAMAZON RO’ZASINING FARZ QILINISHI

Shu yili parvardigor musulmonlarga ramazon oyida o‘ttiz kun ro‘za tutishni farz qildi. Bungacha rasululloh har oyda uch kun ro‘za tutardilar. Ro‘za islom dinining asoslaridan biri bo‘lib u inson tabiati va shaxsiyatini kamolga yetkazadigan amaldir. Inson tabiati barobarida ijtimoiy tuzum ham o‘zgarishi tabiiy bir hol. Ma’lumki, inson avvalo o‘z huzur-halovatini, shaxsiy manfaatini ko‘zlaydi, ojizu notavonlar uchun saratonda qo‘lini sovuq suvga urmaydi. Olloh taolo ro‘zani farz qilishining hikmati shundaki, inson ochlik tufayli noz-ne’matlarning, suvning qadrini his etadi va shu asnoda qalbi yumshab, fa’l-atvorini o‘zgartiradi, yo‘qsil, bechoralarga muruvvat ko‘rsatib, sadaqa, ehsonlar berishga odatlanadi. Xudo yo‘lida ehson berish insonni juda ko‘p ofatu kulfatlardan asrab qoladi.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:11:40

FITR SADAQASI

Olloh taolo ramazon ro‘zasining pirovardida fitr sadaqasini vojib qildi. Bu mol-dunyosi o‘z ehtiyojiga bemalol yetib ortadigan kishi oilasidagi har bir jon uchun kambag‘allarga berishi lozim bo‘lgan sadaqadir. Odamlar fitr sadaqasini og‘rinmay chin ko‘ngildan berishlari kerak.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:12:03

MOL ZAKOTI

Shu yili ehtiyojidan ortiqcha pul, mol-dunyoga zakot berish farz qilindi. Bu o‘ziga to‘q kishilarning boyligiga tariqcha zarar yetkazmay kambag‘al, beva-bechoralarning ro‘zg‘orini ozmi-ko‘pmi butlab qo‘yadigan adolatli usuldir. Zakotning miqdori bir yil mobaynida ehtiyojdan tashqari (o‘sha davrdagi pul birligi bo‘yicha) dinor-tilla tanga yigirmaga, dirham-kumush tanga ikki yuzga yetsa va bir yil o‘tsa qirqdan bir qismini, ya’ni yuz so‘mdan ikki yarim so‘m beriladi. Bundan ortiqcha mol-dunyo mana shu tartibda hisoblanadi. Shariatning xukmi bo‘yicha qo‘y qirqqa, sigir o‘ttizga, tuya beshtaga yetsa va bir yil o‘tsa ma’lum miqdorini kambag‘allarga berish lozim. Savdo mollari, dehqonchilik mahsulotlaridan ham zakot beriladi. Zakotni imom (amir) yig‘ib olib, tavba surasining 60-oyatida bayon etilgan ko‘rsatmaga binoan taqsimlaydi:

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:12:21

"Zakotni (hech narsasi yo‘q) faqirlarga, (topgani uchi-uchiga yetmaydigan) miskinlarga, zakot nazoratchilariga, dillarini islomga moyil qilish ko‘zda tutilgan kimsalarga, qullarni ozod qilishga, (halol ishga mol-dunyo sarflab, qarzdor bo‘lib to‘layolmaydigan) chorasizlarga, xudo yo‘liga (g‘arib goziylarga, g‘arib hojilar, g‘arib musofirlarga), mol-mulkidan foydalanish imkoniyatidan vaqtincha mahrum musofirlarga berish farz. Olloh, hamma narsani bilguvchi va hikmat bilan ish yurituvchidir".
Ko‘rinadiki, zakot boylarning mol-dunyosiga zarar yetkazmagan holda ijtimoiy hayotda ma’lum mo‘tadillikni yuzaga keltirish, beva-bechoralarga ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan ko‘maklashish imkonini beradi. Yo‘qchilik juda ko‘p mamlakatlarda mazkur tuzumga qarshi norozilikka sabab bo‘ladi, ijtimoiy adolat, tenglik, ozodlik uchun kurash o‘tini yoqadi. Zakot esa mana shunday notinchliklarning oldini oladigan adolatli yo‘ldir.

Qayd etilgan