Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 183057 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 55 B


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:31:03

Ka’b bu gapga rozi bo‘lgach, kechqurun uchrashishga va’dalashib xayrlashishdi. Ibn Maslama hamrohlari bilan tayinlangan vaqtda yetib keldi. Ka’bning xotini erini yo‘ldan qaytarib: "Do‘stidan ko‘ra dushmani ko‘p odamsan, bemahalda chiqmaganing yaxshi bo‘larmidi", dedi. "Mard odam yarim kechasi jangga chaqirilsa ham yuragi po‘killamay chiqishi kerak. Ibn Maslama qarindoshimning o‘g‘li, yonidagi Abunoila emukdosh birodarim", dedi Ka’b va qilichini taqib tashqariga yo‘l oldi. "Ka’b chiqqanda sochini hidlagan bo‘lib, boshini mahkam ushlab turaman, sizlar bo‘yniga qilich urasizlar", dedi ibn Maslama. Tashqariga chiqqan Ka’bdan chindan ham muattar ifor hidi kelib turardi. "Sendan mushku anbar hidi kelyapti, sochingni bir hidlay", dedi ibn Maslama. Ka’b engashgan edi, sochiga chang solib, qattiq ushlab oldi, sheriklari shu zahoti g‘animning kallasini tanasidan judo qilishdi. Musulmonlar shum niyatli yovuz kimsadan qutilishdi. Rabbiul avval oyida yuz bergan bu quvonchli voqea shu zahoti payg‘ambar alayhis-salomga yetkazildi. Rasululloh biron qabila boshlig‘ining yovuz niyati yoxud qon to‘kadigan hatti-harakatini sezib qolsalar, katta talafot yoki qirg‘inning oldini olish uchun ularni o‘rtadan ko‘tarib tashlardilar. Yahudiy Abu Afk ham o‘tayovuz, zolim kimsa bo‘lgani uchun payg‘ambar alayhis-salomning amriga binoan qatl etildi.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:31:39

G’ATAFON G’AZOTI

G’atafon qabilasining bani Sa’laba va muhorib urug‘lari Du’sur boshchiligida Madinani talon-taroj qilishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Bundan xabar topgan payg‘ambar alayhis-salom bu tajovuzning oldini olish uchun rabbiul avval oyining 12-kuni to‘rt yuz ellik nafar odam bilan ularga qarshi yurish qildilar. U kishining o‘rniga Usmon ibn Affon yurtiga bosh bo‘lib Madinada qoldi. Musulmonlarning katta kuch bilan kelayotganini eshitgan dushman tog‘-toshlarga qochib ketdi. Musulmonlar Zoamar degan jilga bo‘yida qo‘r tashlab yotishdi. Rasululloh yomg‘irda ivigan kiyimlarini yechib, bir daraxtning panasiga o‘tib cho‘zildilar. Uzoq yo‘l bosib horigan musulmonlar chekka-chekkaga tarqalib uyquga ketishdi. Payt poylab turgan Du’sur tog‘dan tushib, asta-sekin payg‘ambar alayhis-salomning tepasiga qilichini yalang‘ochlab keldi va: "Ey Muhammad, endi seni mendan kim qutqara oladi" dedi. "Xudoning o‘zi qutqaradi", dedilar rasululloh o‘ta xotirjamlik bilan. U kishining xotirjamligi va ishonch bilan gapirishi Du’surni esankiratib qo‘ydi, rangi bo‘zdek oqargancha qo‘lidan qilich tushib ketdi.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:33:52

Payg‘ambar alayhis-salom uning qilichini olib: "Xo‘sh, endi kim sening joningga oro kiradi?" deb so‘radilar. "Hech kim", dedi Du’sur bo‘shashgancha. Sarvari olam muruvvat ko‘rsatib uni kechirdilar. Du’sur shu zahoti musulmon bo‘lib, qavmini islomga da’vat etdi. Payg‘ambar alayhis-salomii yomon ko‘rib, hammani u kishiga qarshi turishga undab yuradigan yovuz bir kimsa Ollohning iltifoti tufayli u kishini yaxshi ko‘radigan va odamlarni islom diniga da’vat etadigan zotga aylandi. Bu rasulullohning xushmuomalaligi, muloyimligi, rahmdilligining sharofatidir. Bu xususda Oli Imron surasining 169-oyatida bunday deyiladi: "Ollohning rahmati bilan sen ularga muloyim bo‘lding. Agar qo‘pollik, bag‘ritoshlik qilganingda yaqininga yo‘lamay tarqab ketishardi, ularni afu et, ular uchun magfirat tila, ular bilan kengashib ish qil".

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:34:50

BUHRON G’AZOTI

Bani Sulayimdan bir to‘p odam Madinani talon-taroj etmoqqa otlanganini eshitgan payg‘ambar alayhis-salom o‘rinlariga ibn Ummu Maktumni qo‘yib, jumodiul avvalning 6 kuni uch yuz askar bilan ularga qarshi yo‘lga chiqdilar. Ular Buhron degan joyga yetib kelishganda dushman allaqachon orqasiga qaytib ketgan ekan. Musulmonlar jangu jadalsiz Madinaga qaytdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:36:05

QO’SHIN YUBORISH

Shom bilan Madina orqali savdo-sotiq qiladigan qurayshlar asosiy tirikchilik manbaidan ayrilgach, Abu Sufyon ibn Harb, Sofvon ibn Umayya, Huvaytib ibn Abduluyazo boshchiligidagi yangi karvonni Iroq tomondan yo‘lga solishdi. Buvdan xabar topgan payg‘ambar alayhis-salom jumodnul oxir oyida Zayid ibn Horisa boshchiligida ularga qarshi yuz kishini jo‘natdilar.
Qo‘shin Arab yarim orolining Tahoma, Yaman, Iroq, Suriya bilan chegaradosh Najid degan joyida karvon bilan uchrashdi. Qisqa to‘qnashuvdan keyin mollar o‘lja olindi. Uni qo‘riqlab kelayotganlar qochib qutulishdi. Rasululloh mollarni beshga bo‘lib, hammaga teng taqsimladilar.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:38:56

UHUD G’AZOTI

Badrda mag‘lubiyatga uchrab, savdo yo‘llari to‘silib qolgach, quraysh zodagonlari bu mushkul ahvoldan qutilish chorasini izlay boshlashdi. Ular Abu Sufyonga uchrashib: "Muhammad bizni xo‘rlab, mo‘tabar odamlarimizni o‘ldirdi. Karvon bilan jo‘natgan mollarimizning foydasini Muhammad bilan urushishga sarflamoqchimiz. Bu ishga o‘zing bosh bo‘lgin", deyishdi. Karvondagi mollar Dorunnadvada saqlanar, uning foydasi ellik ming dinor edi. Bu gapdan ruhlangan Abu Sufyon darrov urush tadorikiga kirishdi, qurayshlarning o‘zidan uch ming odam to‘plandi. Ular orasida ittifoqdoshlari Mustaliq, Havn ibn Xuzayma urug‘lari ham bor edi. Bundan tashqari rasulullohni yomon ko‘rib bir to‘da odamlari bilan Madinadan chiqib ketgan Abu Omir Rohib, Avsiy Kinona va tihomalik arablar ham ularga qo‘shildi.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:39:31

Safvon ibn Umayya shoir Abu Azzaga: "Sen hech bo‘lmasa bizga tiling bilan yordam ber", dedi. Abu Azza Badr g‘azotida asirga tushganda rasululloh uni tovon olmay qo‘yib yuborgan va minnatdor shoir bundan keyin hech qachon Islomga til tegizmaslikka va’da bergan, ikkinchi qayta musulmonlar qo‘liga tushishga toqati yo‘q edi. Biroq Safvon ta’nayu malomat qilaverib uni holi-joniga qo‘ymadi. Abu Azza yana qo‘lga tushsa omon qolmasligini bila turib mushriklarning qutqusiga uchdi. Bor so‘zamollik san’atini ishga solib hammani musulmonlarga qarshi kurashga chorlay boshladi.
Jubayir ibn Mutim Vahshiy ismli quliga Hamzani o‘ldirib, amakim Tuayimning intiqomini olib bersang, ozod qilaman, deya va’da berdi. Qurayshlar meshlarga aroq-sharoblarni to‘ldirib, cho‘riyu kanizaklarini olib, childirmayu nog‘oralarini chalgancha yo‘lga tushdilar. Ayrim zodagonlar bu jangda chekinmaslik uchun xotinlarini ham hamroh qilib oldilar va juda katta dabdaba, as’asa bilan Madina yaqinidagi Zuhulayfa degan joyga kyolib tushishdi.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:40:07

Quraysh mushriklari jangga otlangani haqida payg‘ambar alayhis-salomning amakilari Abbos maktub yo‘llab xabar yetkazdi. Uning o‘zi Badrda juda ko‘p talafot ko‘rganini bahona qilib bu yurishdan chetda qoldi. Rasululloh sahobalar bilan kengashib, shahardan tashqariga chiqmaslikni, agar yov Madinaga bostirib kirsagina jang qilishni taklif etdilar. Bu fikr yoshi ulug‘ muhojir va ansorlarga ma’qul keldi, biroq Badr jangida zafar quchgan yoshlar, shu jumladan Hamza Ibn Abdulmuttalib ham g‘anim bilan shahar tashqarisida olishishni talab qilishdi. Ular son jihatdan ko‘pchilik hamda urushning asosiy yuki shularning zimmasiga tushadigan bo‘lgani uchun payg‘ambar alayhis-salom o‘z fikrlaridan qaytdilar.
Shavvol oyining o‘ninchi kunidagi Jum’a namozidagi xutbada rasululloh sahobalarni dovyurak va sabr-bardoshli bo‘lishga chaqirdilar: "Chidam va sabr egalariga g‘alaba yor bo‘lgay!" dedilar. Shundan keyin uylaridan ikki qavat sovut (simdan to‘qilgan kiyim) kiyib, qilich taqib, qalqonlarini orqalariga osib chiqdilar. Shakkokligi uchun yoshlarni ayblagan kattalar: "Ey rasululloh, sening fikring bo‘yicha ish qilganimiz durust emasmi?" deyishdi. "Payg‘ambar jangu jadal libosini kiygach, dushmanlari bilan urushib Olloh iroda etgan natijani ko‘rmaguncha kiyimini almashtirishi mumkin emas", dedilar rasulluloh va bayroqlarni tarqatdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:40:19

Muhojirlar bayroqdori Mus’ab ibn Umayir, Xazraj qabilasining yalovbardori Habbob ibn Munzir, Avs qabilasining a’lambardori Usayid ibn Huzayir bo‘ldi. Ming kishilik qo‘shin shahardan chiqib, toqqa yaqinlashib qolganda bir to‘p qurolli kishilarga duch kelishdi. Bular yahudiy Abdulloh ibn Ubayning ittifoqchilari ekanini bilgan rasululloh: "Mushriklarga qarshi kurashda kofirlardan yordam so‘ramaymiz", deb ularni qaytarib yubordilar, sababi ularning xiyonat qilmasligiga ishonch yo‘q edi. Payg'ambar alayhis-salom qo‘shinni ko‘zdan kechirib balog’atga yetmagan o‘spirinlarni orqaga qaytarib yubordilar. Ularning orasida Rofiy ibn Xadij bilan Sumra ibn Jundublar ham bor edi. Rofiyning usta kamonchiligi ma’lum bo‘lgach, qoldirildi. Buni eshitgan Sumra: "Nega endi kurash tushganda doim mendan yengilib yuradigan Rofiy qolib, men ketar ekanman", deb yig‘lab yubordi. Buni eshitgan payg'ambar alayhis-salom ikkalasini kurashga soldilar. Chindan ham Sumra g‘olib chiqqach, safda qoldirildi.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:41:50

Qo‘shin shu yerda tunadi. Muhammad ibn Maslama bilan Zakvon ibn Abdi Qays posbonlikka qo‘yildi. Ertalab qo‘zg‘alib, Uhud bilan Madina orasidagi Shavat degan boqqa yetganda Abdulloh ibn Ubay: "Mening maslahatimga quloq solmay (rasulullohni aytmoqchi) go‘daklarning gapiga kirib shahar tashqarisiga urushgani chiqdi. Biz nega bekordan bekorga o‘zimizni ajalning tig‘iga urushimiz kerak ekan?" deb uch yuz odami bilan qaytib ketdi. Jobirning otasi Abdulloh ibn Amr ularning orqasidan borib: "Hoy birodarlar, o‘z qavmingiz bilan payg‘ambaringizni tashlab ketgani Xudodan qo‘rqing", dedi. "Urush bo‘lishini bilganimizda sizlarga sira ham qo‘shilmasdik", dedi qochoqlar. "Olloh sizlarni bizdan yiroq qilsin. Xudo xohlasa, payg'ambarimiz sizlarga sira ham muhtoj bo‘lmaydi", dedi Abdulloh ibn Amr. Bu voqea musulmonlar safiga sarosima soldi, Xorisa bilan Salama aymog‘ining odamlari ham vaqtni g‘animat bilib juftakni rostlamoqchi bo‘lishdi-yu, lekin botinisholmadi. Qaytib ketganlarni nima qilish kerakligi haqida darrov bir qarorga kelisholmadi, fikrlar ikkiga bo‘linib bir guruh ular bilan urushish, ikkinchisi esa o‘z mayliga qo‘yib berish tarafdori edi. Bu xususda parvardigori olam Niso surasining 88-oyatida bunday deydi: "Sizlar nega munofiqlar haqida ikki guruhga bo‘linasizlar? Vaholanki, Olloh munofiqlarni qilmishlari tufayli kufurga qaytardi. Olloh ularni gumroh qilgan bo‘lsa-yu, sizlar hidoyatga erishtirmoqchimisizlar? Olloh gumroh qilgan kimsaga sen hech qachon hidoyat yo‘lini topib berolmaysan".

Qayd etilgan