Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 269327 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 55 B


Doniyor  20 Fevral 2007, 19:15:05

Mushriklar bu jangda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan vahshiyliklarni qilishdi. Ular jasadlarning quloq va burunlarini kesib olishdi, qornini yorib, ichak-chavog‘ini ag‘darib tashlashdi. Abu Sufyonning xotini Hind Hamzaning qornini yorib jigarini sug‘urib oldi-da, chaynadi, biroq yutib yuborolmay tuflab tashladi. Qo‘li baland kelganidan g‘ururlangan Abu Sufyon tog‘ tepasiga chiqib baland ovozda: "Yaxshi urush bo‘ldi, savash bor joyda yengish, yengilish bo‘lishi turgan gap. Omadimiz chopib Badrdagi o‘chimizni oldik. Xohlasanglar kelgusi yili Badrda yana uchrashamiz. O’liklarning quloq burni kesib tashlanibdi, men bunday qilishga buyruq bermaganman, lekin bu ishdan ko‘p xafa bo‘lganim ham yo‘q", deya jar soldi. Shundan keyin mushriklar Makkaga yo‘l olishdi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Fevral 2007, 19:15:12

Bu jangda musulmonlar ko‘p talafot ko‘rishgan bo‘lsa-da, yengilmagani oydinlashadi. Agar yengilishganida mushriklar ularni ta’qib etib, Madinaga bostirib kirar va shaharni talon-taroj qilishar edi.
Payg‘ambar alayhis-salom shahidlarni ko‘zdan kechirdilar, amakilari Hamzaning chavaqlanib yotganini ko‘rib qattiq iztirob chekdilar. Uhud jangida shahid bo‘lganlar engil-boshi bilan ikki-uchtasi bir qabrga dafn etildi. Og‘ir jangda horib-charchagan musulmonlarning har bir odam uchun alohida go‘r kovlashga majoli yo‘q edi. Ular ezilgan ahvolda Madinaga qaytib kelishganda yahudiy va munofiqlar masxaralab kulishdi, o‘zlarini shahidlarga achingandek ko‘rsatib: "Biz bilan qolishganda o‘lishmasdi", — deya dushmanliklarini oshkor etishdi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Fevral 2007, 19:15:20

Uhud jangida musulmonlar ikki sabab tufayli og‘ir talafotga uchradi:
Birinchisi, kamonchilar rasulullohning biz yengsak ham, yengilsak ham o‘rningizdan qimirlamang, degan topshiriqlariga amal qilmay joylarini tashlab ketganligi; ikkinchisi, har bir ishni Xudo yo‘lida xolis emas, balki juda ko‘p musibatlarga sabab bo‘ladigan dunyo manfaatini ko‘zlanganidir. Kamonchilar dunyo manfaatini o‘ylab o‘ljaning ketiga tushib ketishdi va oqibatda buning jazosini tortishdi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Fevral 2007, 19:15:27

Olloh taolo Oli Imron surasining 152-oyatida Uhud jangi tafsiloti haqida bunday deydi: "Olloh sizlarga bergan va’dasida turdi. Ollohning irodasi bilan ularni qirayotgan edinglar, Olloh sizlar yoqtiradigan g‘alabani ko‘rsatgandan keyin zaiflashib qoldinglar, payg‘ambarning amri haqida bahslashdinglar, (payg‘ambarning amriga) bo‘ysunmadinglar; ba’zilaringiz dunyoni ko‘zladingiz, ba’zilaringiz oxiratni ko‘zladingiz, keyin Olloh sinash uchun sizlarni dushmandan qaytardi va sizlarni afvu etdi. Olloh mo‘minlarga marhamat qilguvchidir".
Uhud fojiasining asosiy sababi birlikning yo‘qligi, boshliqqa itoat etmay bosh-boshdoqlik qilish, zarur paytda shijoatning yetishmasligidir. Har qanday ishda birlik, boshliqqa itoat va jasorat zarur. Olloh hammaga tavfiq bersin.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Fevral 2007, 19:15:44

HAMROUL ASAD G’AZOTI

Payg‘ambar alayhis-salom mushriklar uzil-kesil g‘alaba qozonish niyatida orqaga qaytib, shaharni talon-taroj qilish ehtimolining oldini olish niyatida sahobalarni dushmanni ta’qib etishga chaqirdilar va safarga faqat Uhud jangida qatnashganlar borishi mumkinligini uqtirdilar. Sahobalar jarohatlariga malham qo‘yib, Uhud g‘azoti uchun bog‘langan a’lamni yechmasdanoq jangga otlanishdi. Bu safar bayroq Ali ibn Abutolibga tutqazildi. Rasululloh o‘z o‘rinlariga Madinada Abdulloh ibn Ummu Maktumni qoldirdilar. Lashkar jadal yo‘lga chiqib, Madinadan sakkiz mil olisdagi Hamroul Asad degan joyga yetib keldi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Fevral 2007, 19:15:52

Payg‘ambar alayhis-salomning taxminlari to‘g‘ri chiqdi: mushriklar Madinani bosib olib to‘la zafar qozonmay ketayotganlari uchun qattiq bahslashayotgan, iziga qaytib, musulmonlarni bosh ko‘tarmaydigan qilib qo‘yishni ko‘zlab turishgan ekan. Rasulullohning lashkar tortib kelayotganlarini eshitgach, Uhud jangida qatnashmaganlar ham ular bilan birga otlangan bo‘lsa kerak, degan xayolga borishdi. Qo‘rquvdan o‘takalari yorilib orqa-oldiga qaramay Makkaga qochishdi. Rasululloh qo‘lga tushgan shoir Abu Azzani o‘limga buyurdilar. U Badrda asirga tushganda musulmonlarga qarshi tashviqot yurgizmaslik sharti bilan qo‘yib yuborilgan edi. "Ey Muhammad, qizlarim uchun qo‘yib yubor, bolalarimni yetim qilma. Bundan keyin senga qarshi bir og‘iz ham gapirmaslikka va’da beraman", deya yolbordi. "Yo‘q, sening Makkaga sog‘-salomat borib, Muhammadni ikki marta boplab laqillatdim, deyishinga yo‘l qo‘yilmaydi. Mo‘min odam chayon chaqqan to‘shakka ikkinchi marta qo‘lini tiqmaydi, — dedilar rasululloh qat’iyat bilan va Zayidga yuzlanib buyurdilar. — Uning kallasini tanidan judo qil!" Buyruq shu zahoti ijro etildi.
Rasulullohning yuqoridagi gaplaridan aldam-qaldamdan saqlan-magan odam aqlli hisoblanmasligi, hokimiyatning asosini mustahqamlash uchun, qat’iyatli bo‘lish zarurligi anglashiladi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Fevral 2007, 19:16:11

SHU YILI YUZ BERGAN BOSHQA VOQEALAR

Payg‘ambar alayhis-salomning Usmon ibn Affon nikohidagi qizlari Ruqiya vafot etgach, ikkinchi qizlari Ummu Gulsumni unga nikohlab berdilar. Shu bois u kishi Usmon Zunnurayn (Ikki nurli) deb ataladi.
Shu yili payg‘ambar alayhis-salom Umar ibn Xattobning qizi Hafsani nikohlariga oldilar. Hafsaning onasi Usmon ibn Maz’unning hamshirasi edi. Hafsa ilgari Badr g‘azotida yaralanib vafot etgan Hunays ibn Huzofaning nikohida edi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Fevral 2007, 19:16:19

Shu yili payg‘ambar alayhis-salom Hilol ibn Omir avlodidan bo‘lmish Huzaymaning qizi Zaynabni ham nikohlariga oldilar. Zaynab johiliyat davrida miskinlarga qilgan shafqati va xayr-saxovati tufayli Ummul Masokin (Miskinlarning onasi) degan nomga erishgan edi. U kishi ilgari Uhud jangida shahid ketgan Abdulloh ibn Jahshning xasmida edi. Zaynab Horisning qizi Maymuna bilan ona bir hamshira (egachi-singil) edi.
Shu yili Alining o‘gli Husayn tug‘ildi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Fevral 2007, 19:16:28

Shu yili aroq harom qilindi. Arablar ichkilikni haddan tashqari yaxshi ko‘rishar, agar birdaniga taqiqlansa juda ko‘p ko‘ngilsizlik yuz berishi ko‘zda tutilib, tadrijiy cheklana bordi. Aroq odamlarning dilini xufton qiladigan voqealarga sabab bo‘lishi, ham moddiy, ham ma’naviy, ham tibbiy zarari tufayli harom deb topildi. Har qanday ish ma’lum sabab tufayli taqiqlansa hech kim e’tiroz bildirmaydi, aksincha qattiq ta’sirlanib, qo‘llab-quvvatlaydi. Ichkilik haqida dastlab Baqara surasining 219-oyatida to‘xtalib o‘tilgan: "Sendan ichkilik va qimor haqida so‘rashadi. Sen ularga: "Bu ikki narsada katta gunoh va ba’zi bir foyda bor, lekin ularning gunohi foydasiga nisbatan anchagina katta, degin". Qimorning foydasi shuki, arablarning odatiga binoan cho‘tal kambag‘allarga sadaqa tarzida bo‘lib berilardi. Aroq inson a’zosini kuchaytiradi, deb hisoblanardi.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Fevral 2007, 19:16:37

Ba’zi musulmonlar kayf bilan namoz o‘qiy turib Qur’on tilovatidan yanglishib ketgani uchun Niso surasining 43-oyati nozil bo‘ldi: "Ey, mo‘minlar, agar mast bo‘lsangiz, to nima deyayotganingizni anglab yetmaguningizcha namozga yaqinlashmanglar". Musulmonlar mast holda bir-biriga ozor yetkazgani uchun Moida surasining 90-91-oyatlari nozil bo‘lib, ichkilik butunlay harom qilindi: "Ey mo‘minlar, aroq ichish, qimor o‘ynash, butlar (cho‘qinish uchun tiklangan toshlar), fol cho‘plari* chindan ham yaramas odat, shaytonning ishi. Najot topish uchun ulardan saqlaninglar. Shayton aroq, qimor orqali orangizda adovat, dushmanlik tug‘dirishga, Ollohning zikridan va namozdan qaytarishga urinadi. Bu ishlardan qaytmaysizlarmi?" O’sha paytdagi musulmonlar "qaytdik" deb javob berishgan. Bugungi musulmonlar ham shunday deyishlari kerak.

______________
*Fol cho‘plari — johiliyat davrida arablar   safarga chiqmoqchi, uylanmoqchi bo‘lsa yoki biron kishining nasl-nasabi ustida tortishib qolishsa, Uzro, Hubal nomli butlarning yoniga borib Azlom deb ataladigan maxsus cho‘plar bilan fol ochishardi.   Masalan, "Robbim buyurdi" yoki "robbim qaytardi" degan so‘zlar yozilgan cho‘plarni maxsus idishga solib aralashtirishar va qo‘liga qaysi cho‘p chiqsa, shunga qarab ish qilishardi.

Qayd etilgan