Birinchisi, Umar ibn Xattobning xizmatkori bilan Xazraj qabilasining ittifoqchilaridan bo‘lmish bir odam urushib qolishdi. Umarning xizmatkori uni urib, yarador qildi va ikkalovi o‘z qavmini yordamga chaqirdi. Agar rasululloh kelib qolmaganlarida ikki o‘rtada boshlangan dahanaki jang qon to‘kilishiga sabab bo‘lishi hech gap emasdi. "Yana johiliyat davridagi tarafkashliginglarni qilmoqchimisizlar? Yo‘qotinglar bunday yaramas odatni!" dedilar rasululloh va jabrdiydaning o‘chini olib berdilar. Shu bilan janjal barham topdi.
Bu voqeani eshitgan Abdulloh ibn Ubay xafa bo‘lib o‘z qabiladoshlariga: "Men hech qachon bugungidek xo‘rlikni ko‘rmagan edim. Ularni yurtimizga kiritib, uyimizning to‘ridan joy bersagu buning evaziga bizni savalashadimi? Itingni semirtirsang o‘zingni qopadi, deganlari shu ekan-da. Xudoga qasamki Madinaga qaytsak albatta aziz u yerdan xorni chiqarib tashlaydi. Aslida-ku bu xo‘rlikni o‘zinglar tilab oldinglar. Ularni uyingizga chaqirib mol-mulkingizni baham ko‘rdingiz. Agar quchoq ochib kutib olmaganingizda boshqa tomonlarga ravona bo‘lishardi. Bunisi ham yetmagandek Muhammad uchun urushib joninglarni qurbon qilyapsizlar, bolalaringiz yetim bo‘lib chirqirab qolishyapti, ular esa ko‘paygandan ko‘payyapti. Bundan keyin ularga yordam bermanglar, kambag‘allashib, Madinadan ketishga majbur bo‘lishsin", dedi. Shu yerda hozir bo‘lgan imoni butun Zayd ibn Irqam ismli yigit bu gaplardan payg‘ambar alayhis-salomni voqif etdi.