Yahudiylar: "Bizga Abu Lubobani yuborgin. U bilan kengashib bir qarorga kelaylik", deyishdi. Abu Luboba yahudiylarning ittifoqchisi Avs qabilasidan bo‘lib, bola-chaqasi, mol-mulki yahudiylarning qo‘lida edi. Ular Abu Lubobadan nima qilish kerakligi haqida maslahat so‘rashdi. "Agar payg‘ambar alayhis-salomning hukmiga rozi bo‘lsanglar, qix, — u kaftining qirrasi bilan tomog‘ini kesib ko‘rsatdi. — Kallanglar ketadi, hammangiz o‘limga hukm etilasiz". Abu Luboba bu gapni aytishga aytdi-yu, biroq shu zahoti Xudoga, payg‘ambarga xiyonat qilganini tushundi.
Yahudiylarning qarorgohidan qaytgach rasulullohga ro‘para kelishdan uyalib Madinaga yo‘l oldi, o‘zini ustunga bog‘latib, payg'ambar alayhis-salomga xabar yubordi va qilmishiga yarasha jazo kuta boshladi. Rasululloh: "Agar Abu Luboba to‘g‘ri kelib menga uchrashganda afv etardim, o‘z bilgicha ish tutgan ekan, Ollohdan hukm tushguncha qimir etmay tursin", dedilar. Chorasiz qolgan bani Qurayza yahudiylari rasulullohning amriga bo‘ysunishdi.