Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 270051 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 ... 55 B


Doniyor  22 Fevral 2007, 21:46:57

BANI LIHYON G’AZOTI

Bani Lihyon xalqi yuqorida bayon etilganidek, Osim ibn Sobit bilan uning hamrohlarini o‘ldirgan edi. Payg‘ambar alayhis-salom sahobalarga achinib, ko‘pdan beri dushmandan qasos olish uchun qulay fursat yetishini kutardilar. Shu yilning Rabiul avval oyida sahobalarga safar tadorikini ko‘rishini buyurdilar, jangga otlanganliklarini ganimdan sir tutish maqsadida xuddi avvalgi g‘azotlaridagidek qayoqqa ketayotganlarini hech kimga bildirmadilar. O’rnilariga ibn Ummu Maktumni qoldirib, ikki yuz nafar odam bilan yo‘lga chiqdilar. Osim ibn Sobit boshchiligidagi sahobalar o‘ldirilgan joyga yetganda ularni chuqur iztirob va sog‘inch bilan eslab, haqlariga duo qildilar. Musulmonlar bostarib kelayotganidan xabar topgan bani Lihyon xalqi tog‘-toshga bosh olib ketdi. Rasululloh ularning yurtida ikki kun turib, hech kimni uchratmadi, chor atrofga yuborgan odamlari ham biron kimsani topib kelisholmadi.
Payg‘ambar alayhis-salom Makka mushriklariga o‘zlarining shavkatlarini ko‘rsatib qo‘yish uchun sahobalarning bir qismini Usfon degan joyga yubordilar. Ular Quroulg‘amim degan joygacha borib kelishdi. Shundan keyingina rasululloh qo‘shinni Madinaga qaytarib keldilar. Yo‘l-yo‘lakay u kishi: "Biz qaytib kelguvchilarmiz, tavba qilguvchilarmiz, robbimizga hamdu sano aytguvchilarmiz. Yo‘l azobidan, manzil tashvishidan, oila va mol-mulkimizga shikast yetmasligi uchun Ollohdan omonlik tilaymiz", degan duoni o‘qidilar.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 21:48:24

G’OBA G’AZOTI

Madinadan o‘n ikki mil olisdagi G’oba degan joyda payg‘ambar alayhis-salomning yigirmata tuyasi boqilardi. Bani Asad qabilasidan Uyayna ibn Hisn qirq suvoriy bilan keldi-da, podachini o‘ldirib, tuyalarni olib ketdi. Ansorlardan Salama ibn Akva’ degan odam bu xabarni rasulullohga chalg‘itib turishini topshirdilar. Salama shu zahoti iziga qaytib, dushmanning orqasidan o‘q ota boshladi, quvlashsa tutqich bermay qochdi, ular daraga kirganda tepadan tosh dumalatdi. Musulmonlar kelib qolishidan xavotirlangan suvoriylar yukini yengillatish uchun nayza, kiyim-kechaklarini tashlab qocha boshladi. Salamaning yolg‘iz o‘zi g‘animlarni anchagina tahlikaga solib, ovorai sarson qildi.
Payg‘ambar alayhis-salom sahobalarni dushmanning orqasidan quvib borishga chaqir-ganlarida birinchi bo‘lib Miqtod ibn Asvad yo‘lga otlandi. Rasululloh unga a’lamni tutqazib, sen odamlarni boshlab ketaver, men orqangdan yetib boraman, dedilar. Miqtodi qancha tez yurmasin, baribir, dushmanning orqa safidagi odamlarnigini quvib yetishga muvaffaq bo‘ldi. Ikki o‘rtadagi otishma natijasida qaroqchilardan ikki kishi o‘ldi, musulmonlardan bir kishi shahid bo‘ldi. Musulmonlar tuyalarning ko‘p qismini tortib olishdi, qolganini oldingi safdagilar haydab ketishdi.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 21:49:28

QO’SHIN YUBORISH

Buni Asad qabilasi ko‘pdan beri musulmonlarga zarar yetkazib turardi. Payg‘ambar alayhis-salom ular bilan orani ochdi qilib qo‘yish uchun Ukkosha ibn Mihsan boshchiligida qirq kishilik qo‘shin jo‘natdilar. Mushriklar musulmonlar bostirib kelayotganini eshitib, uy-joy, mol-mulkini tashlab, qochib ketishdi. Musulmonlar ulardan bir odamni qo‘lga tushirib, bani Asadning chorvasi qayerda boqilishini so‘rashdi. Uning ma’lumoti bo‘yicha borib, g‘animning yuz tuyasini o‘lja olib qaytishdi.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 21:49:53

QO’SHIN YUBORISH

Shu yil rabbiul avval oyida Zilqassa degan joydagi arablar musulmonlarning Hayfo degan yerdagi mol-holini haydab ketmoqchiligi ma’lum bo‘lib qoldi. Payg‘ambar alayhis-salom Muhammad ibn Maslama boshchiligidagi o‘n kishini dushman tomonga yubordilar. Musulmonlar Zilqassaga kechasi yetib kelishdi va yo‘l yurib charchagani uchun uyquga ketishdi. Poylab turgan mushriklar ularni qilichdan o‘tkazishdi, faqat Muhammad ibn Maslamagina tasodifan omon qoldi. U iziga qaytib, bo‘lgan voqeani rasulullohga bayon etdi. Payg‘ambar alayhis-salom dushmandan qasos olish uchun Abu Ubayda Omir ibn Jarroh boshchiligida qirq kishilik qo‘shin yubordilar. Biroq ungacha mushriklar juftakni rostlab qolishgan edi. Musulmonlar ularning chorvasini o‘lja olib qaytishdi.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 21:50:16

QO’SHIN YUBORISH

Payg‘ambar alayhis-salom Robiul oxir oyida Xandaq jangida mushriklar bilan birga musulmonlarga qarshi kurashgan bani Sulayim qabilasi bilan ham orani ochdi qilib qo‘yish uchun Zayd ibn Horisa boshchiligida lashkar yubordilar. Islom lashkari ketayotganidan xabar topgan bani Sulayim qabilasining odamlari qochib ketgani uchun to‘qnashuv yuz bermadi. Bani Muzayna qabilasidan bo‘lgan bir ayolning yordami bilan musulmonlar bani Sulayim qabilasining mol-holini qo‘lga kiritishdi va bir talay odamni asir olib Madinaga qaytib kelishdi. Asirlar orasida yo‘l ko‘rsatuvchi ayolning eri ham bor edi. Rasululloh bu ayol bilan erini qo‘yib yuborishini buyurdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 21:50:39

QO’SHIN YUBORISH

Shu yili Qurayshning katta karvoni Shomdan qaytib kelayotganini eshitgan payg‘ambar alayhis-salom uning yo‘lini to‘sish uchun Zayd ibn Horisa boshchiligida bir yuz yetmish kishilik lashkar jo‘natdilar. Ular karvonni odamlari bilan birga qo‘lga tushirib kelishdi. Asirlar orasida rasulullohning kuyovi Abulos ibn Rabi ham bor edi. Abulos boyligi va nufuzi jihatidan Makkadagi hurmatli odamlardan biri edi. U xotini Zaynabdan himoyasiga olib, panoh bo‘lishini o‘tindi. Zaynab eriga panoh bo‘ljagini qurayshlarning oldida ochiq e’tirof etdi. Payg‘ambar alayhis-salom: "Musulmonlar ahil va mehribon bo‘lishadi, asirlarni musulmonlarning eng bechora holi ham himoyasiga olishi mumkin, Zaynab panoh bo‘lgan kishiga biz ham muruvvat ko‘rsatamiz", dedilar. Rasulullohning bu gaplari musulmonlar o‘rtasidagi tenglik va mehr-oqibatning ifodasidir. Payg‘ambar alayhis-salom Abulosga karvondagi hamma mol-mulkini qaytarib berdilar. Abulos Makkaga borib mollarini egalariga tarqatgach, musulmon bo‘lib, Madinaga qaytib keldi. Rasululloh ham muruvvat ko‘rsatib Zaynabni u bilan tanishtirib, imon-e’tiqod tufayli buzilgan oilani qayta tikladilar.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 21:51:03

QO’SHIN YUBORISH

Shu yili jumoidul oxir oyida payg‘ambar alayhis-salom Muhammad ibn Maslamaning hamrohlarini o‘ldirgan bani Sa’laba qabilasidan qasos olish uchun Zayd ibn Horisa boshchiligida o‘n besh kishini jo‘natdilar. Madinadan o‘ttiz olti mil yiroqda Iroq yo‘lidagi Tarif jilg‘asining bo‘yida yashovchi bu qabila sahobalarni ko‘rgach, ularni musulmon qo‘shinining bir qismi degan xayolda bor budini tashlab turli tomonga tirqirab ketishdi. Musulmonlar ularning mol-mulki bilan chorvasini o‘lja olib qaytishdi.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 21:51:28

QO’SHIN YUBORISH

Shu yili rajab oyida payg‘ambar alayhis-salom Madinaning shimolidagi Vodi Quro degan joyda yashovchi bani Fizor qabilasi bilan orani ochdi qilib qo‘yish uchun Zayd ibn Horisa boshchiligida qo‘shin jo‘natdilar. Bu qabila Zayd savdo qilib, Shomdan qaytayotganida karvonga hujum qilib uning mol-mulkini tortib olgan, o‘zini o‘ldirishlariga sal qolgan edi. Musulmonlar qo‘shini bani Fizor qabilasini qurshovga olib bir qism odamini qirib tashladi, oqsoqollaridan birining qizini asir olib qaytdi. Rasululloh uni Makka mushriklarining qo‘lidagi tutqin ayol bilan almashtirdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 21:52:06

QO’SHIN YUBORISH

Shu yili sha’bon oyida payg‘ambar alayhis-salom Dumatujandaldagi bir nechta kent va katta qal’asi bor bani Kalb qabilasiga qarshi Abdurahmon ibn Avf boshchiligida yetti yuz sahobani yubordilar. Rasululloh Madinadan o‘n besh kunlik yo‘ldagi bu joyga ketayotganlarga: "Olloh yo‘lida g‘azot qilib kofirlarga qarshi kurashinglar, lekin haddingizdan oshmanglar, o‘liklarning a’zolarini kesmanglar, yosh bolalarni o‘ldirmanglar. Bu haqda Ollohga va’da berishingiz hamda payg‘ambarning ko‘rsatmalariga amal qilishingiz kerak", deb tayinladilar.
Musulmonlar lashkari ko‘zlangan manzilga yetgach, mushriklarni uch kungacha Islom diniga da’vat etdi. To‘rtinchi kuni dushmanlarning boshlig‘i Asbog‘ ibn Amr bilan uch-to‘rt kishi musulmon bo‘ldi, qolganlar hiroj to‘lash sharti bilan omonlik so‘rashdi. Payg‘ambar alayhis-salomning topshirig‘iga binoan Abdurahmon ibn Avf qabila boshlig‘ining qizini nikohiga oldi. Shu bilan o‘rtada do‘stlik, birodarlik rishtalari ulandi.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 21:52:52

QO’SHIN YUBORISH

Shu yili payg‘ambar alayhis-salom Haybar tomondagi Fadak degan joyda yashovchi bani Sa’d qabilasiga qarshi Ali ibn Abu Tolib boshchiligida yuz kishilik qo‘shin jo‘natdilar. Bu qabila arzimagan xurmo uchun musulmonlarga qarshi otlangan yahudiylarga yordam bermoqchiligi oshkor bo‘lib qolgan edi. Qo‘shin yo‘lda ketaturib dushmanning yahudiylar bilan yashirincha bitim tuzish uchun ketayotgan maxsus odamini qo‘lga tushirdi va bani Sa’d qabilasi yashaydigan joyni ko‘rsatsa omonlik berilishi aytildi. Josus Islom lashkarini o‘z yurtiga boshlab bordi. Biroq musulmonlar kelayotganidan xabar topgan bani Sa’d odamlari mol-mulkini tashlab qochib ketishdi. Musulmonlar besh yuz tuya, ikki ming qo‘yni o‘lja olib qaytishdi. Shu bilan mushriklarning yahudiylarga yordam berish niyati barbod bo‘ldi.

Qayd etilgan