Sulh tuzilib bo‘lingach, payg‘ambar alayhis-salom sahobalarga sochlarini oldirib, qurbonlik qilib, ehromdan chiqishni buyurdilar. Motamsaro kayfiyatdagi musulmonlar rasulullohning amrini bajo keltirishga unchalik oshiqmadilar. Bundan ranjigan payg‘ambar alayhis-salom rafiqalari Ummu Salamaning huzuriga kirib, sahobalar gapini yerda qoldirishganiii aytdilar. Ummu Salama: "Shartlari juda ham og‘ir sulhga rozilik berdingiz, Makkaga kirmay, Baytullohni tavof qilmay qaytish musulmonlar uchun katta musibat, ularni to‘g‘ri tushunib, afv eting. Yaxshisi, oldin o‘zingiz ehromdan chiqing", dedi.
Payg‘ambar alayhis-salom qurbonlik qilib, sochlarini oldirdilar. Sahobalar ham u kishining amriga itoat etdilar. Shundan keyingina musulmonlar Madinaga qaytishdi. Ikki raqib tomon bir-biridan amin bo‘ldilar. Oradan ko‘p o‘tmay Uqba ibn Abu Muaytning qizi, Usmonning ona bir hamshirasi Ummu Gulsum Madinaga qochib keldi. Mushriklar uni qaytarib berishni talab qilishganda Ummu Gulsum: "Ey rasululloh, men ayol kishiman, agar ularga qaytarib bersang meni dindan chiqarishadi", dedi.