— Muhammadning nasabi oliy deding, payg‘ambarlar shunday oliy nasab bo‘lishadi. Undan ilgari hech kim payg‘ambarlik da’vosini qilmagan ekan, mabodo shunday kimsa bo‘lganda Muhammad unga taqlid qilyapti, deyish mumkin edi. U ilgari yolg‘onchilik bilan odamlarni laqillatib, yuzi qora bo‘lmagan ekan, demak bunday odam Xudoga ham kazzoblik qilmaydi. U ota-bobosining taxtini talashayotgan ekan desam, avlodidan podshoh chiqmagan ekan. Unga ergashuvchilar quyi tabaqa vakillari deding, payg‘ambarga hamisha past tabaqa kishilari ergashadi. Ularning soni ortib boryapti deding, ahli imon ko‘payishi turgan gap. Unga ergashganlar orasida dindan qaytganlar yo‘q ekan, imon odamlarning qalbiga singiganda shunday bo‘ladi. Jangu jadalda goh sizlar, goh musulmonlar g‘olib kelganini aytding, payg‘ambarlik shu tarzda sinaladi, alaloqibat ular g‘olib chiqishadi. Uning namozga, sadaqa berishga, iffatli bo‘lishga, va’daga xiyonat qilmaslikka, omonatga ko‘z olaytirmaslikka buyurganini aytding, bu payg‘ambarlarga xos fazilatdir. Muhammadning haqiqiy payg‘ambar ekaniga ishonch hosil qildim. Biz ko‘pdan beri kutgan odam dunyoga kelibdi, lekin uni sizlardan chiqadi deb sira o‘ylamagan edim. Agar aytgan gaplaring rost bo‘lsa, Muhammad mana shu ikki oyog‘im turgan joyni ham zabt etadi. Uning yoniga o‘zim borishga harakat qilaman.