Ertasidan boshlab rasululloh kichik bir guruhni olib dushmanning shahar tashqarisiga chiqqan askarlari bilan uncha-muncha to‘qnashib qaytaverdilar. Kechasi bir kishi soqchilikka turdi. Safarning yettinchi kuni soqchilikka turgan Umar ibn Xattob yarim kechasi shahar tashqarisiga chiqqan bir yahudiyni asir olib, payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga olib keldi. Qo‘rquvdan dag‘-dag‘ qaltirayotgan asir: "Agar meni o‘ldirmasanglar, sizlarga foydali bir sirni aytib beraman", deya omonlik so‘radi. Rasululloh omonlik berganlaridan keyin u: "Qamal qal’adagilarning tinkasini quritdi, odamlar muttasil tahlikadan qattiq charchashdi. Ular bola-chaqasini Shiq qal’asiga ko‘chirib bo‘lishdi, ertaga tashqariga chiqib sizlar bilan jang qilishmoqchi. Shahar darvozasi ochilganda manjaniq*, dabboba*, qilich va nayzalar saqlanadigan omborni ko‘rsatib qo‘yaman. Agar bu qurollarni qo‘lga kiritsanglar, boshqa qal’alarni osongina ishg‘ol etasizlar. Manjaniqdan o‘q otib dushmanni chalg‘itib, dabbobalar yordamida bemalol shahar devorini teshsa bo‘ladi", dedi.