Muhojirlar bilan ansorlarning bir qismi rasulullohning yonlaridan jilishmadi. Bular Abu Bakr, Umar, Ali, Abbos va uning o‘g‘li Fazl, Abu Sufyon ibn Horis bilan uning qarindoshi Robi’a ibn Horis, Mut’ab ibn Abilahab edi. Abbos xachirning tizginidan, Abu Sufyon egaridan ushlab payg‘ambar alayhis-salomni muhofaza etishardi. Rasululloh musulmonlarni qochmaslikka undasalar-da, hsch kim u kishining gaplariga quloq solmas, qochoqlar uchun keng olam tangu tor o‘raga aylangan edi. Haligacha butparastlikdan voz kechmay endigina musulmonchilik ko‘chasiga qadam qo‘ygan ba’zi bir makkaliklar quvonsa, ayrimlari qattiq iztirob chekishardi.
Abu Sufyon ibn Harb: "Ular endi to dengiz sohiliga yetmaguncha to‘xtashmaydi" dedi. Safvon ibn Umayyaning ukasi quvonib: "Mana, Muhammadning sehri barbod bo‘ldi", dedi. "Og‘zingni yum, ovozing o‘chgur! — deya o‘dag‘ayladi Safvon. — Xudo haqqi, menga Havozin qabilasidan birov boshliq bo‘lganidan ko‘ra qurayshlik hukmronlik qilgani yaxshi edi. Senlar ham odammisan?" Qurayshliklardan birovi o‘tib keta turib: "Xushxabar! Muhammad bilan sahobalari adoyi tamom bo‘lishdi! Endi ular mag‘lub bo‘lishi muqarrar!" — dedi. "Sen hali badaviylarning g‘alabasidan xushxabar yetkazguvchi xabarchimisan? — deya o‘dag‘ayladi Safvon battar zardasi qaynab. Bor yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma. Ikrima ibn Abu jahl qurayshlik mushrikning yo‘lini to‘sib: "Musulmonlar o‘la qolsa mag‘lubiyatdan qutulolmaydi, deyapsanmi? Bu narsa sening ilkingda tugul, jatto Muhammadning ham qo‘lida emas, balki Ollohning ixtiyorida. Musulmonlar bugun yengilsa, ertaga g‘alaba qozonishi muqarrar", dedi. Suhayl ibn Amr unga e’tiroz bildirib: "Ey Ikrima, hukm chiqarishga shoshilma, bu ishning oqibati nima bo‘lishini bilmaysan-ku", dedi. Ikrima uning fikriga qo‘shilmadi. "Biz ilgari noto‘g‘ri yo‘lda adashib-uloqib yurgan, aql-hushimizni ishlatmagan edik. Na foydasi, na zarari bor butlarga cho‘qinib o‘zimizni laqillatardik. Endi ham esimizni yig‘ib olmaymizmi?" dedi u qizishib.