Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 269328 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 55 B


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:03:39

Quraysh qabilasidan Said ibn Zayd bilan umr yo‘ldoshi (Xattobning qizi, Umarning singlisi) Fotima, Abbos ibn Abdulmuttalibning ayoli (Horis Hiloliyaning qizi) Ummulfazli Liboba, rasulullohning amakilarining o’g’li Ubayda ibn Xoris ibn Abdumuttalib, ibn Hoshim, ammalarining o‘g’li maxzum jamoasidan Abusalama, quraysh qabilasidan Umar ibn Maz’un Jumahi va uning ikki qarindoshi Qudoma, Abdulloh, shu qabiladan Arqam ibn Abu Arqam Maxzumi ham dastlab musulmon bo‘lganlardan. Birinchi musulmonlardan ummaviy avlodidan Xolid ibn Said (ibn Os ibn Umayya ibn Abdushams)ning otasi quraysh oqsoqoli edi. Agar Xolid salla o‘rasalar, u kishini hurmat qilganliklari uchun qabiladoshlaridan hech kim salla o‘ramas edi. Xolid tushida tubsiz bir chuqurga tushib ketadi. Rasululloh yordamga kelib uni qutqarib oladilar. Xolid ertasiga payg’ambar alayhis-salomning huzurlariga kelib: "Ey Muhammad, sen nimaga da’vat qilasan?" deb so‘radi. Sarvari olam: "Zoringni eshitmaydigan, hech narsani ko‘rmaydigan, foyda-ziyon yetkazolmaydigan butlarni tashlab, hech qanday sherigi yo‘q yolg’iz Ollohga ibodat qilishga, ota-onaning hurmatini bajo keltirishga, kambag’allikdan qo‘rqib bolasini o‘ldirmaslikka, xoh yashirin, xoh oshkora yomonliklarga qo‘l urmaslikka, nohaq odam o‘ldirmaglikka, yetimlarning molini yemaslikka, tosh-tarozini to‘gri tutishga, qarindosh-urug’ingga zarar yetkazmasa-da, odil hukm chiqarishga, va’daga vafodor bo‘lishga da’vat qilaman", dedilar. Xolid bu gaplardan qattiq ta’sirlanib, imon keltirdi. O’g’ilning musulmon bo‘lganidan xabar topgan otasi unga ko‘p ozor berdi, ta’minotini to‘xtatib, butunlay och qo‘ydi. Xolid rasulullohning huzurlaridan boshpana topdi. Xolidga ergashib qarindoshi Amr ibn Said ham islom diniga kirdi. Payg’ambar alayhis-salomda bu odamlarni zo‘rlab islomga olib kiradigan kuch-qudrat, ularni ota-ona, mol-mulklaridan voz kechishga majbur qiladigan favqulodda biron vosita ham yo‘q edi. Aksincha Abubakr, Umar, Usmon, Xolid ibn Saidga o‘xshaganlar boy-badavlat, qo‘lini qayoqqa uzatsa yetadigan obro‘-e’tiborli zotlar edi. Islomga kirgan qullar esa rasulullohga ergashib, o‘zlarini battar xor-zorlikka, adadsiz zulmga giriftor etishdi, agar o‘z hojalarining izmidan chiqishmasa, tinchgina tirikchiligini o‘tkazaverishardi. Ular Ollohning hidoyati tufayli noto‘g’ri yo‘ldan qaytdilar, adashib-uloqib yurishganlarini anglab rasululloh ko‘rsatgan yorug’likka talpindilar, garchand ko‘plari azob-uqubatlarga uchragan bo‘lsalar-da, qalblari islom nuri bilan munavvar bo‘lib, Ollohning roziligiga erishdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:03:53

RASULULLOHNING OSHKORA DA’VATGA O’TISHLARI

Mushriklarning tahdidi kuchayib ketganligi sababli rasululloh qurayshning katta yig’inlarida oshkora da’vat olib bormadilar. Musulmonlar pinhona ibodat qilishar, nomozlarini ko‘pincha Makkaning tog’lariga chiqib, pana-pastqamda o‘qishardi. Ularning soni o‘ttizdan oshganda rasululloh hammalarini bir joyga jamlab, din ahkomlarini o‘rgatishlari va yo‘q-yo‘riq ko‘rsatishlari zarur bo‘lib qoldi. Shu maqsadda birinchilar qatori islom diniga o‘tgan Arqam ibn Abu Arqamning hovlisiga yig’ildilar. Shu paytgacha Hijr surasining: "Senga buyurilganini oshkora o‘rtaga tashla, mushriklar bilan teng bo‘lma", degan 94-oyati nozil bo‘lguncha maxfiy ish tutilgan edi. Bu oyat kelgach, rasululloh Ollohning va’dasi va yordamiga ishonib, oshkora da’vatga o‘tdilar. Sarvari olam Safo tog’iga chiqib: "Hoy Fihr jamoasi, hoy Adi jamoasi!" — deya butun quraysh xalqini chaqirdilar, ba’zi urug’ va jamoalarga odam yubordilar, hamma jam bo‘lgach: "Agar hozir sizlarga tog’ning orqasida Makkaga hujum qilish uchun otlik; qo‘shin poylab turibdi, desam ishonasizlarmi?" — deb so‘radilar. Odamlar: "Ishonamiz, shu paytgacha sening yolg’on gapirganingni hech kim eshitmagan", deyishdi. Rasululloh: "Men sizlarni Ollohning qattiq azobidan ogohlantiradigan payg’ambarman", dedilar. Odamlarning orasida turgan Abulahab ibn Abdulmuttalib: "He, o‘l-a, bizni shu gapga chaqirdingmi?" — dedi g’azablanib. Parvardigor bu odam to‘g’risida Tabbat surasida: "Abulahabning ikki qo‘li shol bo‘lib qolsin! Shol bo‘lishi muqarrar! Mol-mulki va yig’ib-tergan narsalari asqotmaydi, u lovullab turgan do‘zaxga tushadi. Uning o‘tin tashiguvchi xotini ham lang’illagan do‘zaxga tushadi, uning bo‘yniga pishiq o‘ralgan arqon solinadi", deydi. O’tin tashish deyilishida bu ayolning so‘zamol, ig’vogarligi ko‘zda tutilgan, chunki u ayollar yig’ilgan joylarda Payg’ambar alayhis-salom haqida har xil uydirmalarni to‘qib-chatib, tarqatib yurardi. Shundan so‘ng Olloh Shuaro surasida: "Hesh-aqrabolaringni ogohlantir" degan oyatni nozil qildi. Bu oyat rasulullohning qarindosh-urug’lari Abdumonof avlodi bo‘lmish Hoshim, Navfal, Abdushams jamoasiga taalluqli edi. Shu suraning 215-216-oyatlarida Parvardigor: "Senga ergashgan mo‘minlarni qanoting ostiga ol. Hesh-aqrabolaring da’vatingdan bosh tortishsa, men sizlarning qilmishinglardan bezorman degin", deya ta’kidlaydi. Rasululloh darrov qarindosh-urug’larini yig’ib: "Elchi hech qachon o‘z odamlariga yolg’on gapirmaydi. Xudo haqqi mabodo men boshqalarga yolg’on so‘zlaganimda ham sizlarga yolg’on aytmayman, boshqalarni aldaganimda ham sizlarni hargiz aldamayman. Yakkayu yagona Ollohning nomi bilan qasam ichib aytamanki, men butun insoniyatga, xususan, sizlarga Xudo yuborgan elchiman. Ollohning nomi bilan qasam ichib aytamanki, xuddi uyquga ketgandek o‘lasizlar, uyg’ongandek tirilasizlar, qilmishinglar uchun hisob berasizlar, yaxshiliklar uchun mukofotlanasizlar, yomonliklar uchun jazolanasizlar. Qarorgohinglar abadiy jannat yoki do‘zax bo‘ladi", dedilar. Bu gaplardan yig’ilganlar qattiq ta’sirlandilar. Faqat birgina amakilari Abulahabning tosh diydasi yumshamadi. Muhammadga butun arab xalqi qarshi qo‘zg’almasidan oldin uni bu yo‘ldan qaytarish kerak. Agar uni odamlarga tutib bersanglar kamsitilgan bo‘lasizlar, tutib bermasanglar arablar birlashib, bizga urush ochadi", dedi u jazavasi tutib. "Xudo haqqi, toki tirik ekanmiz Muhammadni himoya qilamiz", dedi Abutolib. Yig’ilganlar shu qarorga kelib tarqalishdi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:04:01

Rasululloh oshkora da’vatga o‘tganlaridan keyin quraysh qabilasida to‘rt odam yig’ilsa, u kishining ustidan kuladigan, haqoratlaydigan bo‘lishdi. Mabodo ko‘cha-kuyda ko‘rib qolishsa: "Abu Kabshaning o‘g’li nuqul osmondan keladi-ya. Nimasiga ishonarkin", deya mashara qilishardi. Sarvari olam esa bunga javoban: "Xudo haqqi, sizlar bobokalonimiz Ibrohimning diniga xilof ish tutyapsizlar", deya inson o‘z qo‘li bilan yasagan jonsiz butlarga sig’inishni nodonlik, jaholat deb atardilar. G’azablangan olomon ota-bobolari sig’ingan butlarning qahriga uchrashdan qo‘rqib, payg’ambar alayhis-salomga nisbatan gina-adovat bilan qarashardi. U kishini zolimlardan asrash o‘rniga Hoshim jamoasining oqsoqoli amakilari Abutolibning huzuriga borib, jiyanini yo‘lidan qaytarishni, qanoti ostiga olib himoya qilmaslikni talab etdilar. Abutolib ularni otang yaxshi, onang yaxshi deya yaxshi gapirib, hovridan tushirdi. Rasululloh o‘z faoliyatlarini bemalol olib baraverdilar. Unga sari qabiladoshlarining jaholati junbushga minib, bir-birlarini rasulullohga qarshi turishga undashardi. Ular yana Abutolibning huzuriga kelib: "Sen bizning eng obro‘li, mo‘tabar oqsoqolimiz bo‘la turib, gapimizga quloq solmayapsan, jiyaningai qaytarish o‘rniga himoya qilyapsan, ota-bobolarimizning dinini haqoratlashiga, bizlarni nodon deb atashiga, ilohlarimizni behurmat qilishiga yo‘l qo‘yyapsan. Bu ishing yaxshilikka olib bormaydi", deyishdi. Mushriklar Islom diniga, uning targ’ibotchisiga qanchalik tish qayrashsa, payg’ambar alayhis-salom ularni Xudo bergan aqlni ishlatib, yaxshi bilan yomonni bir-biridan farqlamaslikda ayblardilar.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:04:10

Qur’oni Karimning "Baqara" surasidagi 170-oyatda: "Qachonki ularga, "Olloh nozil qilgan kitobga ergashinglar, deyilsa, ular: "Yo‘q, biz ota-bobolarimizni diniga e’tiqod qilamiz, deyishadi. Agar ota-bobolari hech narsani tushunib yetmagan va adashgan bo‘lsa ham, ularning diniga ergashdingmi?" deyiladi. "Moida" surasining 104-oyatida ham: "Mushriklarga Qur’on va payg’ambar tomonga yuzlaninglar", deyilsa, ular: "Bizga ota-bobolarimizning dini kifoya", deyishadi. Agar ota-bobolari adashgan va hech narsadan bexabar bo‘lishsa ham "ularning dini kifoya qilaveradimi?" deyiladi. "Luqmon" surasining 21-oyatida esa: "Ularga Olloh nozil qilgan kitoblarga ergashinglar", deyilsa, ular: "Biz ota-bobolarimizning diniga ergashamiz", deyishadi. "Agar ota-bobolarini shayton do‘zaxga chaqirib turgan bo‘lsa ham ergashaverishadimi?" deyiladi. Olloh "Zuxruf" surasining 22-oyatida mushriklarning bahonalarini bayon etib, bunday deydi: "Yo‘q, unday emas, biz ota-bobolarimizning bir xil dinga, ya’ni butparastlikka e’tiqod qilganini bilamiz, biz ularning izidan yuramiz". Olloh taolo mutaassiblikda va tarsolikda mushriklarning bu gaplari ota-bobolarining aynan takrori ekanini "Zuxruf" surasining 24-oyatida ta’kidlab o‘tadi: "U, ota-bobomizga e’tiqod qilgan dindan ko‘ra to‘g’ri bir dinni olib kelsam nima deysizlar", desa, ular: "Sen olib kelgan dinga ishonmaymiz", deyishadi. Ularning ota-bobolariga sobitlik bilan astoyidil taqlid qilishliklari ajdodlarining beaqllik, gumrohlikda ayblanishiga sabab bo‘lishi turgan gap. Lekin mushriklar es-hushini yig’ib olish o‘rniga battar jazavaga tushib, Abutolibga.
"Muhammadga ayt, yangi dinga da’vatini yig’ishtirsin. Gapimizga ko‘nmasang, Muhammad bilan sen bir tomon, biz bir tomon bo‘lib, to bir-birimizni o‘ldirguncha kurashamiz", deya tahdid solishdi. Abutolib uchun o‘z xalqidan ajralib qolish og’ir edi, biroq Xudoning payg’ambari va jiyanidan voz kechishi ham mumkin emasdi. Shu bois payg’ambar alayhis-salomni huzuriga chorlab: "Ey jiyan, odamlar kelib har xil talab va shartlarni qo‘yib ketishdi. Endi o‘zingni ehtiyotingni qil, bundan buyon seni asrash qo‘limdan kelmaydi", dedi. Payg’ambar alayhis-salom u kishining nochor ahvolini his etib: "Ey amaki, Ollohning nomi bilan qasam ichib aytamanki, agar o‘ng qo‘limga quyoshni, chap qo‘limga oyni tutqazishsa ham Xudoning o‘zi boshlagan ishimga ravnaq bermaguncha yoki shu yo‘lda halok bo‘lmagunimcha tanlagan yo‘limdan voz kechmayman", dedilar va o‘pkalari to‘lib teskari qarab oldilar. "Menga qara, ey jiyan, — dedi Abutolibning ham ko‘ngli buzilib. Rasululloh o‘girilib qaragan edilar: — Bor, nimani xohlasang, gapiraver, Xudoga qasamki, seni ularga topshirib qo‘ymayman. Bu gap payg’ambar alayhis-salomga qanot baxsh etdi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:04:24

RASULULLOHNING CHEKKAN AZIYATLARI

Muhammad payg’ambar dinga oshkora da’vat eta boshlaganlaridan keyin juda ko‘p qiyinchiliklarga, tazyiqlarga duch keldilar. Xususan, Baytullohga borib namoz o‘qish azobga aylandi. Rasulullohga ko‘p aziyat yetkazuvchi bir guruh. bo‘lib, ochiqdan-ochiq haqoratlab ozor bergani uchun ular mashara qilguvchilar, deyilardi. Bu kimsalarning boshlig’i Mag’zum jamoasidan bo‘lmish Abu Jahl Amr ibn Hishom ibn Mug’ira edi. Bir kuni u o‘z odamlariga: "Ey birodarlar, ko‘rib turibsizlar, Muhammad dinimizni kamsityapti, ilohlarimizni so‘kyapti, bizlarni aqlsizlikda, ota-bobolarimizni zalolatda qolganlikda ayblayapti. Ollohga qasam ichib aytamanki, ertaga katta bir toshni olib, Muhammadni poylab o‘tiraman. Namoz paytida sajdaga bosh qo‘yganida boshini yanchib tashlayman. Keyin meni Abdumonof jamoasiga topshirasizlarmi yoki himoya qilasizlarmi ixtiyor o‘zlaringizda. Abdumonof jamoasi qo‘lidan kelganini qilsin", dedi. Ertasiga u katta bir toshni olib, rasulullohni poylay boshladi. Hech narsadan xabari yo‘q Payg’ambar alayhis-salom odatdagidek namoz o‘qigani keldilar. Tamoshatalab qurayshlar Abu Jahlning nima karomat ko‘rsatishini kuzatib turishardi. Sarvari olam sajdaga bosh qo‘yganlarida Abu Jahl orqadan pusib keldi-da, toshni baland ko‘tardi va birdaniga rangi oppoq oqarib, qo‘llari qaltiragancha orqaga tisarildi, qo‘lidagi tosh tushib ketdi. Tekin tomosha ilinjida to‘planganlar uning oldiga kelib, nima bo‘lganini so‘rab-surishtirishdi. "Muhammadga yaqinlashib endigina uraman deganimda bahaybat bir bug’ro (erkak tuya) paydo bo‘lib, daf qildi. Xudo haqqi, umrimda bunaqa qo‘rqinchli tuyani sira ko‘rgan emasman", dedi Abu Jahl. Bu gap rasulullohning quloqlariga yetganda u kishi: "O’sha tuya qiyofasidagi Jabroil edi, agar Abu Jahl yana bir qadam tashlaganida oyog’i ostiga olib tepkilab tashlardi", dedilar. Abu Jahl, baribir, rasulullohning jig’iga tegishini, u kishining namoz o‘qishiga xalal berishini qo‘ymadi. Hatto bir kuni: "Agar yaxshlikcha namoz o‘qishni yig’ishtirmasang, holing voy bo‘ladi", dedi surbetlik bilan. Rasulullohning jahllari chiqib, uni koyib tashladilar. Olloh "Alaq" surasining 15-19- oyatlarida Abu Jahlga tahdid soladi: "Agar u niyatidan qaytmasa, albatta uning zulfidan, (barcha) yolg’onchi va gunohkorlarning sochidan tutib jahannamga sudraymiz, u o‘z sheriklarini chaqirsin! Biz zaboniyalarni chorlaymiz. Unga bo‘ysunma, Ollohga sajda qil va yaqin bo‘l".

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:04:37

Imom Buxoriy rivoyat qilishicha, payg’ambar alayhis-salom namoz o‘qiyotganlarida Abu Jahl: "Kim tuyaning qornini op kelib Muhammadning ustiga tashlaydi", deya odamlarni gij-gijlaydi. Aqaba ibn Abi Muayd tozalanmagan qorinni olib kelib rasululloh sajdaga bosh qo‘yganlarida ustilariga tashladi. Masjiddagi musulmonlarning birontasi u kishini himoya qilishga, hatto qorinni olib tashlashga botinolmadi, ular oz, mushriklar esa ko‘pchilik edi. To qizlari Fotima kelib qorinni olib tashlamaguncha rasululloh sajdadan bosh ko‘tarmadilar. Mushriklardan qattiq dili og’rigan payg’ambar alayhis-salom: "Ey Xudo, mana shu qurayshlarning jazosini o‘zing bergin!" — deya duoibad qildilar va bir qancha odamning nomini tilga oldilar. Abdulloh ibn Masudning guvohlik berishicha, o‘sha odamlar badr urushida bitta qolmay halok bo‘lishgan. Tarixchilar rivoyat qilishicha, payg’ambar alayhis-salom bilan Abu Jahl o‘rtasida yana bir g’aroyib voqea yuz bergan. Bu murtad kimsa Aroshiy degan odamning tuyalarini olib, pulini bermay yuraveradi. Bir kuni Aroshiy quraysh zodagonlari to‘planib turgan yerga kelib, dardini aytib yordam so‘raydi. Ular payg’ambar alayhis-salomni mayna qilib, ustidan kulish niyatida: "Hov anovi odamga uchrashsang, haqqingni undirib beradi", deyishadi. Tomoshatalablar rasululloh bilan Abu Jahlning munosabatini yaxshi bilishgani uchun ham tuyakashni atay ro‘para qilishadi. Aroshiy sarvari olamning yoniga kelib muddaosini aytadi. Rasululloh uni boshlab Abu Jahlnikiga boradilar. Darvozani taqillatishganida ichkaridan: "Kim?" — degan ovoz eshitiladi. Rasululloh: "Bu men, Muhammadman", deydilar. Abu Jahl rangi o‘chgan holda bo‘shashib chiqadi. Rasululloh: "Manavi odamning haqqini ber", deydilar. Abu Jahl churq etmay pulni sanab beradi. Ishi osongina bitganidan tuyakashning og’zi qulog’iga yetadi. Tomoshatalablar esa hayron bo‘lishib, Abu Jahlning oldiga kelishadi. "Muhammadning ovozini eshitganimdayoq tepamda bahaybat bir bug’ro tuya paydo bo‘ldi. Bunaqa qo‘rqinchli hayvonni sira ko‘rmaganman. O’takam yorilib ketishiga sal qoldi", deya shikoyat qildi u.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:04:47

O’z amakilari Abulahab ibn Abdulmuttolib ham rasulullohga ko‘p ozor berib, masxara qilguvchidardan biri edi. Devor-darmiyon qo‘shni bo‘lgan Abulahab jiyanining eshigi oldiga najosatlarni keltirib tashlardi, xotini Ummu Jamila ham eridan qolishmas, bekor turmay rasulullohni haqoratlar, tinmay g’iybat qilar, axlatu najosatlarni topib kelishda eriga ko‘maklashardi. Ular haqida Tabbat surasi nozil bo‘lgach, battar quturib ketishdi. Rasulullohning ikkinchi qo‘shnisi Uqba ibn Abumuayt ham har qadamda yomonlik qilib ig’vo tarqatib lazzatlanar, marazlikda Abdulahabdan qolishmas, qilmishi yovuzlik edi. Bir kuni u quraysh oqsoqollariga qo‘shib, rasulullohni mehmonga chaqirdi. Payg’ambar alayhis-salom: "Xudo haqqi, imonga kelib, kalima keltirmaguningcha ovqatingni yemayman", deya shart qo‘ydilar. Uqba naridan-beri kalimai shahodatni aytdi Bu xabar shu zahoti Uqbaning do‘sti Ubay ibn Xalafga yetib bordi. U Uqbadan: "Bir g’alati xabar eshitdim, shu gap rostmi?" — deb so‘radi. Uqba: "E, bo‘lmagan gap, uyimga bir mo‘tabar odam kelib, imonga kelmasang, ovqatingdan yemayman, deb turib oldi. U mening xonadonimdan tuz totmay chiqib ketishidan ko‘nglim g’ash bo‘lib, kalima keltirgan bo‘ldim. Aslida niyatim boshqaligini yaxshi bilansan-ku", dedi. "Muhammadni oyog’ing ostiga olib, yuziga tuflab, ko‘ziga qo‘lingni tiqib olmaguningcha sening yuzingga qarash menga harom", dedi Ubay. Uqba uning shartini bajo keltirdi. Olloh Furqon surasining 27-29-oyatlarida Uqba haqida shunday deydi: "U kuni zolim kishi (Uqba) ikki qo‘lini tishlab: payg’ambar bilan bir yo‘lni tanlagan, falonchini do‘st tutmagan bo‘lsam koshki edi. Qur’on kelgandan keyin u (shayton) meni yo‘ldan urdi, deydi. Shayton insonni (yo‘ldan urgach) tashlab ketadi".
Uqbaning rasulullohga qilgan eng yomon muomalasidan yana biri "Sahihul Buxoriy"da bayon etilgan. Kunlarning birida payg’ambar alayhis-salom namoz o‘qiyotganlarida Uqba orqadan kelib u kishining bo‘yniga choponini tashlab, bo‘g’a boshladi. Tasodifan kelib qolgan hazrat Abu Bakr rasulullohni ajratib oldi-da, Mo‘minlar surasining "Robbing Olloh" degan va "robbingiz tomonidan sizlarga mo‘jizalar olib kelgan kishini o‘ldirasizlarmi", degan oyatini aytib, mushrikni koyidi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:04:54

Rasulullohga o‘chakishib ozor yetkazadiganlardan yana biri Amr ibn Osning otasi Os ibn Voil edi. U doim: "Muhammad o‘lganidan keyin tirilasizlar deb (sahobalarni) aldayapti. Xudo haqqi, biz faqat vaqt o‘tishi bilangina o‘lamiz", derdi. Olloh Osning gapiga raddiya berib Josiya surasining 24-oyatini nozil qildi: "Ular hayot deganlari faqat bu dunyoda ko‘rgan-kechirganimiz, tug’ilamiz va umrguzaronlik qilamiz, faqat vaqt o‘tishi bilangina yo‘q bo‘lamiz, deyishadi. Bu haqda ular hech qanday ma’lumotga ega emas, qiyos bilangina shunday deyishadi". Xabbob ibn Aratt degan sahobaning Osda puli bor edi. U haqini talab qilganda Os: "Sen islom diniga kirgansan, Muhammad jannatda oltin-kumush, kiyim-kechak, xizmatkorlar muhayyo bo‘ladi, deydi. To‘g’rimi?" deb so‘raydi. Xabbob uning gapini tasdiqlaydi. "Sen jannatga kirguningcha mening mol-mulkim, bola-chaqam ko‘payadi, o‘shanda qarzingni qaytaraman", deydi Os surbetlik bilan. Olloh Maryam surasining 77-80-oyatlarida bunday deydi: "Bizning oyatlarimizni inkor etgan, menga mol-dunyo, bola-chaqa beriladi, degan odamni ko‘rdingmi? U g’aybni bilarmidi yoki Olloh bilan ahdu paymon qilishganmi? Sira unday emas, uning aytganlarini yozib qo‘yamiz, unga beriladigan azobni ko‘paytiramiz, uning mol-mulki, bola-chaqasi bizning izmimizda qoladi, oldimizga yolg’iz o‘zi keladi".
Zuhra jamoasidan Asvad ibn Abduyag’us rasulullohga qarindosh bo‘la turib, har qadamda u kishiga ozor yetkazardi. Agar u payg’ambar alayhis-salomning sahobalar bilan kelayotganlarini ko‘rsa: "Qaranglar, podsholar kelishyapti!" deb mazax qilardi. Sahobalar turli tomondan tazyiqqa uchragani uchun tirikchiligini zo‘rg’a o‘tkazishar, kiyim-boshlari yupun edi. "Ha, bugun osmondan gapirmaysanmi?" deya rasulullohni mayna qilardi Asvad. Xadichaning amakivachchasi Asvad ibn Muttolib Asadi ham masxaralovchilardan biri edi. U musulmonlarni ko‘rsa, sheriklariga ko‘z qisib, piching qilardi; ularni izzat-nafsiga tegib, janjal chiqarishga urinardi. Olloh Mutaffifiyn surasining 29-32-oyatlarida ular haqida shunday deydi: "Mushriklar imon keltirgan kishilarni doim masxara qilib, ustilaridan kulishadi. (Imon keltirganlar) yonidan o‘tganda ko‘z qisishadi, uylariga maqtanib qaytishadi, musulmonlarni adashganlar deb hisoblashadi".

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:05:05

Abu Jahlning amakisi Valid ibn Mug’ira quraysh oqsoqollaridan biri edi. O’ziga to‘q, obro‘-e’tiborli bu kimsa ham payg’ambarni masxara qiluvchilardan biri edi. Kunlarning birida u Qur’on oyatlarini eshitib qattiq ta’sirlandi. O’z qavmi bani mag’zum jamoasiga kelib: "Muhammadning og’zidan shunday so‘zlarni eshitdimki, xudo xaqqi, bu insu jinsning kalomiga o‘xshamaydi. Bu shu qadar shirin, chiroyli, boshdan-oxirigacha lutfdan iborat so‘zlarki, har qanday baytu g’azalni bosib tushadi. Dunyoda bundan o‘tadigan so‘z bo‘lmasa kerak". Quraysh mushriklarining yuragiga g’uluv tushdi: "Agar Validdek odam dinini o‘zgartirsa bas, qolganlarni to‘xtatib bo‘lmaydi". Abu Jahl ularni xotirjam qilib: "Amakim bilan o‘zim gaplashaman, u Muhammadning orqasidan ergashadigan jinni emas", dedi va Validning oldiga borib, ahvolni yotig’i bilan tushuntirdi, ota-boboning yo‘lidan qaytish gumrohlik ekanini, hamma e’tiqod qilayotgan din qolib, ko‘zga ko‘rinmaydigan Xudoga sig’inish aqldan emasligini aytdi. Valid jiyaniga o‘ychan ko‘z tashlab: "Sizlar Muhammadni jinni deysizlar, lekin uning poyintor-soyintor gapirganini eshitganmisizlar? Uni folbin deysizlar, biroq qachon fol ochib, karomatgo‘ylik qilgan? Uni shoir deysizlar, ammo uning she’r yozganini kim ko‘rgan. Uni yolg’onchi deysizlar, lekin shu paytgacha u biron kimsani aldaganmi?" deb so‘radi. Abu Jahl va unga ergashib kelganlar bu gaplarning hammasini rad etishdi, lekin uning qanday odamligini tushuntirib berishni o‘tinishdi. Valid bir oz sukutga cho‘mgach: "U sehrgar! — dedi. — Agar sehrgar bo‘lmasa erni ayoldan, otani bolasidan, xo‘jani qulidan ajrata olarmidi". Yig’ilganlar quvonganidan qiyqirib yuborishdi. Valid ayni ularning ko‘nglidagi gapni topib aytgan edi. Olloh Muddasir surasining 11-26-oyatlarida bu kimsa haqida shunday deydi: "Men tanho yaratgan kishini (yani Validni) o‘zimga qo‘yib ber. Unga juda ko‘p mol-dunyo, amriga tayyor turadigan o‘g’illar berdim, martabasini baland qildim. U yana ko‘proq berishimni tama qiladi. Aslo, aslo! U bizning oyatlarimizga qarshi chiqdi. Unga qattiq azob beraman, chunki u o‘ylab rejalar tuzdi. La’natlar bo‘lsinki, qanday rejalar tuzdi? Yana la’natlar bo‘lsinki, qanday rejalar tuzdi, a? Undan keyin qovog’ini uyib, aftini burishtirib, razm soldi. Takabburlik bilan orqasiga o‘girildi. Bu o‘rganilgan sehr va insonning so‘zi, dedi. Men uni do‘zaxga solaman". Valid haqida Qalam surasining 10-16-oyatlarida yana bunday deyiladi: "Qasamxo‘r, past, tuhmatchi, g’iybatchi, baxil, haddidan oshgan, gumroh, qo‘pol, ustiga-ustak otasi noma’lum odamga itoat etma. U boy-badavlat va serfarzand bo‘lgani uchun bizning oyatlarimiz o‘qib berilsa, qadimgilarning cho‘pchaklari deydi. Dimog’ini kuydiradi". Dimog’ kuyishi xorlikning nishonasi. Yuz-et qadrli a’zo bo‘lib, yuzga joylashgan burun g’urur nishonasidir. Xudo qadrli qilgan yuzdagi qimmatli a’zoning kuyishi takabbur insonning xor bo‘lajagiga ishoradir.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:05:18

Abduddor ibn Qusay jamoasidan Nazir ibn Horis ham rasulullohning g’animlaridan edi. Bir kun sarvari olam va’z-nasihat qilayotgan va o‘tgan ummatlarning tarixlarini so‘zlayotganlarida Nazir shartta o‘rnidan turib: "Ey odamlar, buyoqqa kelinglar, men sizlarga Muhammaddan ko‘ra qiziqroq narsalarni gapirib beraman", dedi va Eron shohlari haqida hikoya qila ketdi. Chindan ham u Eron podsholari tarixini yaxshi bilardi. Shu bois rasulullohning gaplarini xuddi shunday tarixiy voqea yoki odatdagi afsonalar deb hisoblardi. Olloh Luqmon surasining 6-7-oyatlarida Nazir haqida bunday deydi: "Odamlar orasida Ollohning yo‘lidan adashtirish va uni (ya’ni payg’ambarni) kulgiga qo‘yish uchun o‘zi omi bo‘la turib, quruq gap sotadiganlar ham bor. Bunday odamlar xorlik azobiga giriftor bo‘lishadi. Bundaylarga oyatlarimiz o‘qib berilsa, go‘yo eshitmayotgandek, xuddi ikki qulog’i og’irlashib qolgandek takabburlik bilan teskari qarashadi. Undaylarning qattiq azobga giriftor etilajagidan bashorat bering".
Hijr surasining 95-96-oyatlarida Olloh payg’ambar alayhis-salomni masxara qilguvchilardan o‘ch olajagini bayon etadi: "Mashara qilguvchilarga qarshi turishga shak-shubhasiz bizning o‘zimiz kifoyamiz, ular Ollohdan boshqa ilohga cho‘qinishadi, hademay (buning oqibatini) bilishadi". Olloh aytgan gapini albatta amalga oshirajagini avvaldan ma’lum qilgan, Makkada nozil bo‘lgan oyatlarda bu haqda xabar bergan edi. Rasululloh Madinaga ko‘chganlaridan keyin masxara qilguvchilar birin-ketin halok bo‘lishdi. Abu Jahl, Nazir ibn Horis, Uqba ibn Muayt o‘ldirildi. Abulahab, Os ibn Vohil, Valid ibn Mug’ira kabilar og’ir dardga chalinib, abgor bo‘lishdi.

Qayd etilgan