Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 270044 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 ... 55 B


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:04:00

HAMIR PODSHOHLARINING ELCHILARI

Hamir podshohlari Horis ibn Abdulkulol, Nuaym, Nu’mon, Muofir va Hamadonlar imon keltirishdi va payg‘ambar alayhis-salomga elchi yuborib, musulmon bo‘lganliklarini bildirishdi. Rasululloh ularga maktub yo‘lladilar. "Bismillahir rohmanir rohim. Ollohning elchisi Muhammadan Horis ibn Abdukulol, Na’aym, Nu’mon, Muofir va Hamadonlarga:
Men sizlar musulmon bo‘lganinglar uchun yolg‘iz Ollohga hamd aytaman, undan boshqa hech iloh yo‘qdir. Yuborgan elchinglar biz Rumdan qaytayotgan paytimizda kelgan ekan, ular bilan Madinada uchrashdik. Ular menga sizlarning hol-ahvolingizni, musulmon bo‘lganingizni va mushriklarni o‘ldirayotganingizni aytishdi. Sizlar tuzatuvchilardan bo‘lib, Ollohga, payg‘ambarga itoat etsanglar, farz namozini o‘qisanglar, zakot bersanglar, g‘animatning beshdan birini Olloh yo‘liga ajratsanglar, payg‘ambarning ulushini hamda mo‘minlarga vojib bo‘lgan sadaqani bersanglar, bu Ollohning sizlarni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilganidir. Men Zur’a Ziyyazin elchilarimni yubordim. Ularga yaxshi muomala qilishinglarni tavsiya etaman. Ular Muoz ibn Jabal, Abdulloh ibn Zayid, Molik ibn Uboda, Uqba ibn Namir, Molik ibn Murra bilan ularning hamrohlaridir. Sizlar beradigan zakotni va g‘ayridinlardan olinadigan xirojni shularga topshirishinglar mumkin. Elchilarning boshlig‘i Muoz ibn Jabal. Ular sizlardan rozi bo‘lib qaytishsin. Muhammad shunga guvohlik beradiki, yolg‘iz Ollohdan boshqa iloh yo‘q. Muhammad Ollohning bandasi va elchisidir. Molik ibn Murra sening hamirliklar orasida birinchi bo‘lib imon keltirganing va mushriklarni o‘ldirganing haqidagi xabarni yetkazdi. Senga xayrli bashorat beraman va Hamir xalqiga boshchilik qilishni topshiraman: bir-biringizga xiyonat qilmaslikni, aksincha yordam berishni buyuraman. Muhammad boyu kambag‘al hammangizning yo‘lboshchingizdir. Muhammad va uning oilasi sadaqa olishi durust emas. Sizlarning bergan zakotingiz kambag‘al musulmonlarga, muhtoj musofirlarga ulashiladi. Molik (u yerdagi) ahvol haqida batafsil ma’lumot berdi. Unga yaxshi muomala qilishinglarni buyuraman. Sizlarga salom. Olloh sizlarga rahmat yog‘dirsin va barokat bersin".

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:04:39

HAMADON ELCHILARI

Payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga Hamadondan elchilar tashrif buyurishdi. Ularning orasida mashhur shoir Molik ibn Namat ham bor edi. Egnilariga Yamanning yo‘l-yo‘l matosidan to‘n kiyib, boshlariga Adan sallasini o‘ragan elchilar bilan rasululloh Tabukdan qaytganlaridan keyin uchrashdilar. Molik payg‘ambar alayhis-salomni maqtab she’r o‘qidi:

Qasam tangriga, el etmish tuyalarni biyobonga,
 Mushkulini oson etar safar chog‘ida karvonga.
Rasulullohga ergashdik so‘zini tasdiq qilib,
Yubormish Olloh bizni da’vat etgani imonga.
Muhammaddan botir yo‘q dushmanga qarshi turmoqqa,
Topilmas bas kelar inson bu yanglig‘ mardu maydonga.


Payg‘ambar alayhis-salom Molik ibn Namatni o‘z qavmidan musulmon bo‘lganlarga boshliq etib tayinladilar. Rasululloh hamadonliklar haqida alohida mehr bilan gapirganlar: "Bu naqadar yaxshi qabila, hamadonliklar darrov jonimizga oro kirdi, ular azobga g‘oyat bardoshli odamlar, ularning orasida mard kishilar, qobiliyatli arboblar bor".

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:05:34

TUJIB ELCHILARI

Payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga Tujib qabilasining o‘n uch kishilik elchilari tashrif buyurishdi. Zakot mollari olib kelgan elchilarni rasululloh xursand bo‘lib, ehtirom bilan kutib oldilar. Elchilar: "Ey rasululloh, biz mollarimizdan Ollohning haqini (zakotni) olib keldik", deyishdi. Rasululloh: "Bu mollarni olib ketib, kambag‘allarga ulashib beringlar", dedilar. Elchilar: "Ey rasululloh, biz kambag‘allarimizdan ortganini olib keldik", deyishdi. Abu Bakr gapga aralashib: "Shu paytgacha bunday yaxshi elchilarni ko‘rmagan edim", dedi. Payg‘ambar alayhis-salom: "Hidoyat Ollohning ixtiyorida, u biron odamga yaxshilikni iroda qilsa, uning qalbini imon bilan munavvar etadi", dedilar. Elchilar rasulullohdan Qur’on ta’limini olishdi va shu jarayonda sarvari olamga bo‘lgan muhabbatlari yanada ortdi. Ular yurtiga qaytmoqchi bo‘lishganda rasululloh: "Nega buncha shoshayapsizlar?" deb so‘radilar. Elchilar: "Tezroq yurtimizga borib, xudoning elchisi bilan uchrashganimizni va o‘rgangan narsalarimizni aytib bergani shoshyapmiz", deyishdi. Payg‘ambar alayhis-salom ularni qimmatbaho sovg‘a-salomlar bilan taqdirladilar va: "Hamrohlaringizdan biron kishi qolib ketmadimi?" deb so‘radilar. "Narsalarimizga qarayotgan bir yosh bola qoldi", deyishdi elchilar. Rasululloh: "O’sha bolani mening oldimga yuboringlar", dedilar. U bola kela solib: "Ey rasululloh, men ham sening ziyoratinga kelgan elchilardanman, sen boshqalarning hojatini ravo qilding, mening ham talabimni bajo keltir", dedi. Payg‘ambar alayhis-salom: "Nima talabing bor?" deb so‘radilar. Elchi bola: "Ollohdan meni mag‘firat qilishini, menga rahmat qilishini va boyligimni qalbimga jo qilishini so‘ragin" dedi. Payg‘ambar alayhis-salom: "Ey Olloh, unga mag‘firat qilgin, shafqatli bo‘lgin, uning boyligini qalbiga jo qilgan", deya duoga qo‘l ochdilar. Shundan keyin sheriklariga buyurilgan narsalarni unga ham tayinladilar.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:06:50

SA’LABA ARABLARINING ELCHILARI

Sa’laba arablari musulmon bo‘lganining xabarini yetkazish uchun to‘rt nafar elchi keldi. Ular payg‘ambar alayhis-salomga uchrashib: "Ey rasululloh, biz xalqimiz musulmon bo‘lganini aytgani keldik. Eshitishimizcha, hijrat qilmaganlar musulmon hisoblanmaydi, degan emishsan. Shu gap rostmi?" deyishdi. Rasululloh: "Qaerda bo‘lsangiz ham taqvo qilsangiz musulmon hisoblanasiz", dedilar va el-yurtning ahvoli bilan qiziqdilar, Yurtimizda mo‘l-ko‘lchilik, odamlar farovon yashashyapti", deyishdi elchilar. "Xudoga shukr", — yengil tin oldilar rasululloh. Elchilar Madinada bir necha kun mehmon bo‘lishdi. Qaytayotganlarida payg‘ambar alayhis-salom ularning har biriga besh uqiyadan kumush sovg‘a qildilar.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:07:10

BANI SA’D IBN HUZAYIM ARABLARINING ELCHILARI

Payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga Huzoa qabilasidan bani Sa’d ibn Huzayim arablarining elchilari tashrif buyurishdi. Ulardan Nu’mon degan elchi bunday hikoya qiladi: "Biz rasulullohning huzuriga kelgan paytimizda arablardan tashqari ko‘pgina davlatlar u kishiga bo‘ysunib bo‘lgan edi. Ularning bir guruhi ixtiyoriy tarzda, ikkinchi guruhi esa qilichdan qo‘rqib bosh eggan edi. Biz Madinaga kelib, qo‘nalg‘a topib, joylashganimizdan keyin masjidga yo‘l oldik. Biz yetib borganimizda rasululloh bir mayitning: janoza namozini o‘qiyotgan ekanlar. Biz ko‘pchilikka qo‘shilib janoza namozini o‘qimay rasululloh bu ibodatni tugatishlarini kutib, bir chetga chiqib turdik. Rasululloh namozdan forig‘ bo‘lgach, bizni chaqirib, kimligimizni so‘radilar. Biz bani Sa’d ibn Huzayim arablaridan ekanligimizni aytdik. "Musulmonmisizlar?" deb so‘radilar rasullulloh. Biz musulmonligimizni, faqat payg‘ambarga bay’at qilmay turib namoz o‘qish durust bo‘lmasmikin, deb o‘ylaganimizni aytdik. Rasululloh: "Islom dinini qayerda qabul qilishingizdan qat’i nazar, baribir, musulmon hisoblanaverasizlar", dedilar. Biz rasulullohga qo‘l berib, bay’at qildik va qo‘nalg‘amizga qaytib ketdik. Oramizdagi eng kichigimizni narsalarimizga qarab o‘tirgani qoldirgan edik. Rasululloh bundan xabar topib, uni chaqirtirdilar. Biz uni masjidga boshlab bordik. U oldinga o‘tdi-da, musulmon bo‘lganini bildirib, payg‘ambar alayhis-salomga qo‘l berdi. Biz: "Ey rasululloh, u bizning eng kichkinamiz va xizmatchimiz", dedik. Payg‘ambar alayhis-salom: "Qavmning xizmatchisi qavmning xo‘jasi hisoblanadi. Olloh uni barokatli qilsin", dedilar. Payg‘ambar alayhis-salomning duolari sharofati bilan u Qur’onni yaxshi o‘qiydigan eng yaxshi odamlarning biriga aylandi. Biz rasulullohdan qimmatbaho sovg‘a-salomlar olib yurtimizga qaytdik.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:07:34

FUZOA QABILASINING ELCHILARI

Islom dinini qabul qilgan bani Fuzoa qabilasidan payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga elchilar kelishdi. Bu qabila qahatchilikka uchrab, tang ahvolda kun kechirardi. Rasululloh elchilardan xalqning ahvolini so‘radilar. Elchilardan biri o‘rnidan turib: "Ey rasululloh, yurtimizda qahatchilik bo‘lib, mol-holimiz qirilib ketdi, bola-chaqamiz och qoldi. Robbingga duo qilgin, yomg‘ir yog‘dirsin. Robbing huzurida bizga shafoat qilgin, robbing: shafoatingni qabul etib, muruvvat ko‘rsatsin", dedi. Payg‘ambar alayhis-salom, men robbimning huzurida shafoat qilamanmi? Robbimiz huzurida kim shafoat qila olardi? Olloh pokdir. Undan boshqa hech iloh yo‘qdir. U oliy ulug‘ zot, uning arshi osmonu zamindan ham katta: Ollohning ulug‘vorligi, azimligidan osmonu zamin xuddi tuyaning yangi to‘qimidek g‘ijirlaydi (Zalvirining og‘irligidan)", dedilar. Shundan keyin minbarga chiqib, Ollohga duo qildilar. Parvardigori olam beadad rahmat ko‘rsatib, Fuzoa qabilasining yurtiga mo‘l-ko‘l yomg‘ir yogdirdi.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:08:15

BANI ASAD QABILASINING ELCHILARI

Sarvari olamning huzurlariga kelgan bani Asad qabilasi elchilarining orasida Ziror ibn Azvar bilan keyinchalik payg‘ambarlik da’vosini qilgan Tulayha ibn Abdulloh bor edi. Ular imon keltirgach: "Ey rasululloh, biz qahatchilik yilidagi qiyinchiliklarni yengib, qorong‘i kechalarda yo‘l bosib, huzuringa keldik. Biz tomonlarga biron kishingni yubormading", deyishdi. Olloh taolo Qur’ondagi Hujurot surasining 17-oyatida bu haqda shunday deydi: "Ular musulmon bo‘lganini senga minnat qilishadi. Sen ularga: "Musulmon bo‘lganingizni menga minnat qilmanglar, aks holda Olloh imonga hidoyat etgani uchun sizlarga minnat qiladi, degin".
Elchilar johiliyat davridagi qushlarning parvoziga qarab fol ko‘rish, kohinlik qilish, mayda toshlar bilan qur’a tashlash kabi ishlarining hukmini so‘rashgan edi, rasululloh bundan buyon bunday ishlar bilan shug‘ullanishni man etdilar. Elchilar folbinlik hqqida so‘rashdi. Payg‘ambar alayhis-salom: "Bu narsani bir payg‘ambar bilardi, uni shu payg‘ambarning ilmichalik bilimi bor odamgina bilishi mumkin", dedilar. Elchilar bir necha kun turib, diniy ahkomlarni o‘rgandilar va sovg‘a-salomlar olib o‘z yurtlariga qaytdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:08:27

BANI UZRA ELCHILARI

Payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga bani Uzra, bani Yaliy, bani Murra va Yamandagi Xavlon qabilasining elchilari tashrif buyurishdi. Rasululloh ularga va’daga vafodor bo‘lishni, omonatga xiyonat qilmaslikni, qo‘ni-qo‘shnilar bilan muomala-munosabatni o‘rniga qo‘yishni tayinladilar hamda birovga zulm o‘tkazgan kishining qilmishi qiyomat kuni o‘ziga qorong‘i zulmat bo‘lajagini uqtirib, zulm qilishdan qaytardilar.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:08:39

BANI MUHORIB ELCHILARI

Bir paytlari payg‘ambar alayhis-salom Ukozda odamlarni Islom diniga da’vat etganlarida qattiq norozilik bildirib, musulmonchilikni rad etgan bani Muhorib arablarining elchilari tashrif buyurishdi. Musulmonlarning ashaddiy dushmani bo‘lgan Qaysar bani Muqorib xalqini Islom diniga bo‘ysundirib, rasulullohning huzurlariga keltirgan Ollohning marhamati va qudratiga tasanno.

Qayd etilgan


Doniyor  27 Fevral 2007, 18:08:56

G’ASSON ELCHILARI

Payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga G’asson, bani Abs, Nax’ arablarining elchilari tashrif buyurishdi. Rasululloh ularni parvardigor ato etgan odob va ochiq chehra bilan kutib oldilar, juda ko‘p sovg‘a-salom ulashdilar. Yurtiga qaytib borgach, qabiladoshlariga o‘rgatishlari uchun imon va shariat ahkomlaridan ta’lim berdilar. Keyinchalik ular qir-adirda yashovchi arablar orasida Islom dinini targ‘ib etishda katta xizmat ko‘rsatishdi.

Qayd etilgan