NAJRON ELCHILARINING TASHRIFI
Payg'ambar alayhis-salom qamaldan chiqqanlaridan keyin nasroniy diniga e’tiqod qiluvchi najronlardan vakillar tashrif buyurishdi. Ular panoh istab Habashistonga borgan musulmonlardan rasululloh haqida eshitgan, u zotning Injilda bayon etilgan sifatlarini qiyoslab ko‘rish uchun yuborilgan yigirma nafar elchi edi. Najronlar Qur’on oyatlarini eshitgach, hammalari barobariga imon keltirishdi. "Dunyoda sizlarga o‘xshagan ahmoq odamlarni ko‘rmaganman", — dedi Abu Jahl ularning ustidan kulib. — Xalqingiz sizlarni Muhammad nimalar qilib yurganini bilish uchun yuborgan bo‘lsa-yu, sizlar he yo‘q, be yo‘h dininglarni o‘zgartirib, el-yurtingizga xiyonat qilib o‘tiribsiz. Najronlar: "Bizning g‘amimizni yeb qayg‘urayotganingiz uchun rahmat. Bu yerga munosabatimizni buzish uchun emas, yaxshi niyat bilan kelganmiz. Sizlarning diningiz o‘zingizga tan, biz yangidan tanlaganimiz o‘zimizga tan. Bu masalada arazlashmaylik", deyishdi. Olloh taolo Qasos surasining 52-55-oyatlarida bu xususda shunday deydi: "Qur'ondan ilgari biz kitob nozil qilganlar (yahudiy va nasroniylarning mo‘minlari) Qur’onga ishonishadi. Ularga Qur’on tilovat hilinsa, biz unga ishondik, u parvardigorimiz tomonidan nozil etilgan haqiqatdir, biz bundan ilgari ham haqiqiy musulmon edik, deyishadi. Ularning sabr-qanoati uchun qo‘shaloq savob beriladi, ular yaxshilik orqali yomonlikni daf etishadi. Biz ularga rizq qilib bergan ne’matlarni yaxshilik yo‘liga sarflashadi. Behuda gaplarni eshitishganda teskari qarab: bizning amallarimiz o‘zimizga, sizlarniki ham o‘zinglarga tan, omon bo‘linglar, biz nodonlar bilan do‘stlashishni istamaymiz, deyishadi".
Makka mushriklari rasulullohni da’vatdan qaytarish chorasini topolmagach, u kishi keltirgan dalillarga javoban hujjat keltirolmagach, payg‘ambar alayhissa-lomni goh sehrgarga, goh yolg‘onchiga, goh jinniga, goh folbinga chiqarishdi. Shu bilan o‘zlarini kulgiga qo‘yib, sharmisor bo‘lishdi. Qur’oni Karimdagi Anfol surasining 32-oyatida aytilganidek: "Ey Xudo, Qur’on chindan ham sen tomondan nozil etilgan bo‘lsa, ustimizga osmondan tosh yog‘dir yoki bizga qattiq azob ber", deyishdan uyalishmadi.