Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 182612 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 55 B


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:59:31

Quraysh odamlari orasida biron janjal, kelishmovchilik yuz bersa, rasulullohning oldilariga kelishar, u kishi esa hech kimni yuzxotir qilmay, hech kimning dilini og’ritmay odil hukm chiqarar edilar. Hozirgi vaziyatda ham payg’ambar alayhis-salom g’oyat tadbirkorlik bilan ish tutdilar: choponlarini yerga yoyib, ustiga hajarul asvadni qo‘ydilar-da, har bir qabila oqsoqoliga choponning chekka-chekkasidan ushlab, barobar ko‘tarishni buyurdilar. Qancha bahsu munozaraga sabab bo‘lgan tosh o‘z o‘rniga qo‘yildi, bironta qabila boshlig’ining ko‘ngli qolmadi, sharafli ishda barobar ishtirok etganidan hammaning boshi osmonga yetdi. Bunday voqealar tufayli ko‘pincha arablarda qonli urushlar kelib chiqar, arzimas narsalar sabab bo‘lib, o‘nlab odamning yostig’i qurir edi. Quraysh ahlining o‘zaro muttasil qirpichoq bo‘lishining sababi, Baytulloh ularning qiblagohi, haj qiladigan ka’basi bo‘lib, bu muqaddas dargohga sarf etilgan mol-dunyo, mehnat tufayli katta imtiyoz va shon-sharafga erishish mumkin edi. Qur’oni Karimda uqtirilishicha, yer yuzida dastlab qurilgan ibodatxona Baytulloh edi. "Odamlarga (ibodat qilishlari uchun) dastavval barpo etilgan, olamlarni hidoyat qilguvchi uy chindan ham Makkadagi muborak Ka’badir. Ka’bada buning aniq nishonalari bor, maqomi Ibrohim* ana shulardan biri. Ka’baga kirgan kishi bunga ishonch hosil qiladi", deyiladi Oli Imron surasining 96-97 oyatlarida. Ka’baga Ismoil avlodidan keyin jurhum qabilasi egalik qildi. Ular Makkaga kelgan kishilarga zulm o‘tkazishganda huzoa qabilasidagilar birlashib zo‘ravonlarni muqaddas dargohdan quvib chiqarishdi va uzoq yillargacha Ka’baga ular ega bo‘ldilar. Qusay ibn Kilob zamoniga kelib ziyoratgoh qurayshlarning qo‘liga o‘tdi. Makkada osoyishtalik o‘rnatildi, qurayshlardan boshqa arab qabilalari hayiqishardi. G’animlar ta’qibga uchraganlar uchun Ka’ba ishonchli boshpanaga aylandi. Olloh Qur’onda ularga bergan ne’matini eslatib: "Ularning yon-beridagi kishilar talon-tarojga uchrashyapti, Makkani, Ka’bani tinch joy qilib qo‘yganimizni bilishmadimikin" deydi Ankabut surasining 67-oyatida.

_________
* Ibrohim alayhissalom Ka’bani qurganlarida turgan joylari.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:59:46

RASULULLOHNING PAYG’AMBAR BO’LISHDAN AVVALGI TIRIKCHILIKLARI

Muhammad alayhis-salomga otalaridan hech narsa meros qolmadi, u kishi kambag’al oilada, yetim bo‘lib dunyoga keldilar, banu sa’d qabilasida emizilib, emukdosh birodarlari bilan podachilik qildilar. Makkaga qaytib kelgach, arzimagan ish haqiga odamlarning qo‘yini boqdilar. Payg’ambar alayhis-salom dunyoga, dunyoviy mashg’ulotlarga ruju qo‘ymadilar. Agar u kishi dunyoviy ishlarga berilib, boylik ketidan quvsalar abadiy baxt-saodatdan bebaxra qolardilar. Shu bois Olloh taolo dunyoga berilmaslikka va undan yiroq turishga da’vat etadi. Oldin o‘tgan payg’ambarlar o‘z hayotlarida bu o‘gitga qat’iy amal qilganlari hammaga ayon. Iso payg’ambar dunyo haqida o‘ylab ham ko‘rmaganlar, Muso va Ibrohim payg’ambarlar ham shunday yo‘l tutishgan, ular ham bolaligida og’ir qiyinchiliklarga duch kelishgan, hayot mashaqqatlarini sabrlik bilan yengishgan. Olloh o‘z payg’ambarlarining xulq-atvori tufayli odamlarga hayot ne’matlariga o‘zini urmaslik, boylikka ortiqcha hirs qo‘ymaslikni ta’lim beradi. Ma’lumki, yer yuzida hamma baloi qazo boylikka o‘chlikdan, dunyoga keragidan ortiqcha berilishdan kelib chiqadi. Imom Buxoriyning "Sahihul Buxoriy" kitobidagi bir hadisda bayon etilishicha, payg’ambarlarning hammalari podachilik qilishgan. Bu narsada ham ajoyib hikmat bor. Jonivorlarning yuvoshi bo‘lmish qo‘yni boqqan insonning dilida muloyimlik, mehribonlik kurtak otadi. Payg’ambarlar odamlarni to‘gri yo‘lga da’vat etganlarida ularning tabiatidagi charslik, qalbidagi beqarorlik tuzalib, mo‘tadil holga keladi.
Muhammad alayhis-salom ulg’aygach, Soib ibn Abu Soib bilan birga tijorat qildilar. Hadichaga uylanganlaridan keyin ham u kishi o‘z mehnatlari bilan pul topib, kun kechirdilar. Olloh Qur’oni Karimdagi Zuho surasining 6-8-oyatlarida rasulullohdan darig’ tutmagan ne’matlarini shunday zikr etadi: (Robbing) yetim deb senga panoh bermay qo‘ydimi, adashgan deb to‘gri yo‘lga solmadimi, faqir deb boy qilmadimi?" Shuningdek, Sho‘ro surasining 52-oyatida: "Boshqa payg’ambarlarga vahiy qilgandek, senga ham amrimizga binoan Jabroilni yubordik. Sen aslida Qur’on va imon nimaligini bilmasding. Qur’onni shunday nur qildimki, shu orqali istagan bandamni hidoyatga muyassar etaman", deydi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 07:59:58

RASULULLOHNING PAYG’AMBAR BO’LISHDAN AVVALGI AXLOQLARI

Muhammad alayhis-salom muloyim fe’l-atvorli, ahdiga sodiq, inson sha’niga dog’ tushiradigan yomon xulqlardan holi, odamgarchiligi ustun, xushmuomala, qo‘shnichilikni o‘rniga qo‘yadigan, tabiati yumshoq, eng muhimi rostgo‘y zot edilar. Olloh u kishining vujudida muloyimlik, sabrlik, shukronalik, odillik, kamtarlik, iffat, qo‘li ochiqlik, qahramonlik, uyatchanlik kabi go‘zal xislatlarni, to‘gri sa’y-harakatlarni jam etgani uchun el-yurt Amin deb atardi. Hatto Abduddor jamoasidan bo‘lmish rasulullohning ashaddiy dushmani Nazru ibn Xoris ham u kishidagi fazilatlarga tan berib, Ukoz bozorida o‘tgan bir yig’inda: "Sizlar (qurayshlarni aytmoqchi) Muhammaddan bolalik chog’idayoq xursand edinglar, u orangizdagi eng rostgo‘y, eng ishonchli kishi edi. Voyaga yetib, payg’ambar bo‘lganda uni sehrgarga chiqardinglar. Ollohning nomi bilan qasamyod qilamanki, u aslo sehrgar emas", degan, Rum podshosi Xiraql (Qaysar) Abu Sufyondan: "Muhammad payg’ambarlik da’vosini qilishdan oldin yolg’onchiligi uchun hech malomatga uchraganmidi?" deb so‘raganda u: "Yo‘q", deb javob qaytargan. "Muhammad odamlarga yolg’on so‘zlamagan ekan, demak Xudoga yolg’onchilik qilishi mumkin emas", deydi Xiraql.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:00:06

Olloh taolo payg’ambar alayhis-salomni bolaligidanoq johiliyat davrining qusurlaridan asragan, odamlar ko‘r-ko‘rona sig’inaditan but va sanamlarni yomon ko‘rsatgan, u kishi butparastlarning o‘z sanamlari sharafiga o‘tkazadigan bayramlarida qatnashmas edilar. "O’smirlik paytimdanoq butlarni, bema’ni she’rlarni yomon ko‘rardim. Johiliyat davrining ishlarini faqat ikki marta ko‘nglim tusadi, lekin har ikki gal ham Olloh o‘ylaganimni ro‘yobga chiqarmadi. Shundan keyin Tangri taolo meni payg’ambarlikka musharraf etgunga qadar bunday narsalar xayolimga ham kelgani yo’q. Bir kuni kechasi birga qo‘y boqadigan cho‘pon bolaga qo‘ylarimga qarab turishni iltimos qilib, Makkadagi yoshlarning tungi saylida qatnashmoqchi bo‘ldim. Shaharga kirib to‘y bo‘layotgan bir xonadonning oldida to‘xtab qoldim. Nay, childirma, qo‘shiq ovoziga quloq tutib o‘tirdim. Biroq hali quloqlarim kuy-qo‘shiqdan rohatlanib ulgurmay ko‘zim ilinibdi. Ertasiga quyoshning issiq taftidan uyg’onib ketdim. Ko‘zlagan maqsadimga yetolmay izimga qaytdim. Ikkinchi safar ham shu hol takrorlandi", deya hikoya qiladilar payg’ambar alayhis-salom.
Rasululloh qurbonlik molning qonini oqizib, ibodat qilinadigan tosh — Nusubga atab so‘yilgan molning go‘shtini yemasdilar. Aroq-sharob ichish arablarda keng tarqalgan bo‘lsa-da, u kishi bu illatdan hamisha o‘zlarini tiyganlar. Olloh payg’ambarlar vahiyni qabul qilishga layoqatli bo‘lishlari uchun ularning jismini ana shunday fazilatlar bilan ziynatlagan. Ular payg’ambar bo‘lishdan oldin ham, keyin ham har qanday gunohlardan holi edilar. Bu zoti muborak bolaligida erta-indin zimmalariga yuklanadigan ulkan vazifalarga munosib bo‘lish uchun, payg’ambarlikka erishgach esa, o‘z ummatlariga ibrat ko‘rsatish uchun ham jisman, ham ruhan poklandilar.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:00:17

RASULULLOHNING PAYGAMBAR BO’LISHDAN OLDIN OLLOHDAN KO’RGAN MARHAMATLARI

Muhammad alayhis-salomni emizayotganida Halimaning oilasiga Olloh tomonidan yuborilgan qutu barakotlar payg’ambarimizga berilgan dastlabki in’om edi. U kishi olib kelinishidan avval Halimaning oilasi qo‘l uchida zo‘rg’a tirikchilik o‘tkazardi. Yangi chaqaloqning xosiyati tufayli qo‘ylari yaylovdan yelinidan chakillab sut tomib qaytadigan bo‘ldi. Olloh rahmat qilgur Imom Busayrining "Hamziya" qasidasidagi quyidagi misralarda bu narsa o‘z ifodasini topgan:
Bir elga baxtiyor insonni muyassar aylasa, Olloh, Uning xosiyati-la el saodatmand bo‘lg’usi mutloq.
So‘ngra rasulullohning ko‘kraklari yorilib, shayton vasvasasi-nafsi ammora olib tashlandi. Kimki bu narsaga ajablansa, u Ollohning qudratiga shubha bildirgan, quvvai hofizasi cheklangan, dunyoning g’aroyib ishlarini faqat o‘z tasavvuridan kelib chiqqan holda baholaydigan odam bo‘ladi. Payg’ambarlar hayotida favqulodda hodisalar yuz berishi aql bovar qilmas g’ayritabiiy hol emas. Muhammad alayhis-salom Shomga safarga chiqqanlarida Olloh u kishining hurmatlari uchun bir parcha bulutni boshlariga soyabon qilib qo‘ydi, oftob olov purkab turgan jazirama yoz kunida bu soyadan karvondagi biror kimsa bahra olgani yo’q. Rasulullohga hamsafar bo‘lgan Maysara bu g’aroyib hodisani Xadichaga xayratlanib so‘zlab bergan. Xadicha Muhammad alayhis-salomning bo‘lakcha odam ekanliklarini qalban his etib, kelgusida ulug’ ishlarni ro‘yobga chiqarishlariga ishonib, o‘z taqdirini bog’lashni ixtiyor etgan. Shu bois rasulullohga dastlabki vahiylar kela boshlagan saodatli kunlardayoq Xadicha u kishining tabiatidagi go‘zal xulq-atvordan tashqari biron bir mo‘jiza talab qilmasdanoq Islom diniga kirgan.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:00:26

Tosh va dov-daraxtlarning salom berishi, payg’ambar alayhis-salomga Olloh bergan ne’matlardan biri edi. Rasululloh hojat uchun tashqariga chiqqanlarida odam yo’q unguru jarliklar tomonga ketadilar, yo‘llarda uchragan har bir tosh, dov-daraxtdan: "Ey rasululloh, senga rahmat va omonlik bo‘lsin!" degan ovoz chiqar, u kishi yon-beriga alanglab, biron jonzotni ko‘rmay ajablanardilar. Bunday ishlar bandasining qo‘lidan kelmaydi, albatta, biroq Ollohga oson, u ilgarigi payg’ambarlarga ham yer yuzidagi barcha jonli va jonsiz narsalarni bo‘ysundirib bergan. Muso alayhis-salomning hassalari ajdarhoga aylanib, Fir’avnning sehrgarlari ko‘rsatgan hiyla-nayranglarni yutib yuborgan. Muso alayhis-salom asolarini toshga urganlarida o‘n ikkita buloq otilib chiqqan va bani Isroilning har bir qavmi o‘z bulog’idan suv ichadigan bo‘lgan. Olloh boshqa payg’ambarlarning ham ulug’ligini namoyon etib, el-yurt orasida qadr-qimmatini baland qilish uchun turli jonsad narsalarni amriga bo‘ysundirib, mo‘jizalar ko‘rsatgan.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:00:51

TAVROTDAGI BASHORAT

Alloh taolo Muso payg’ambarga shu zamondagi xalqning ahvol ruhiyasiga mos qonun-qoidalar bayon etilgan Tavrotni nozil qildi. Bu muqaddas kitobda parvardigori olam yuborajak payg’ambarlari haqida xabar bergan. Tavrotning 5-pora, 8-bobida oxir zamon payg’ambari haqida ham bashorat qilinib, Muso alayhis-salomga: "Bu payg’ambarlar orasidan senga o‘xshagan bir payg’ambarni yuboraman, og’ziga kalomimni solaman, u o‘z ummatiga men buyurgan hamma narsani aytib beradi. Mening nomimdan aytgan so‘zlariga quloq solmagan odamdan intiqom olaman. Menga takabburlik qilishga jur’at etgan, men buyurmagan narsalarni mening yoki boshqa ilohlarning nomidan gapiradigan payg’ambarlar o‘limga mahkum. Chin payg’ambarlar bilan yolg’on payg’ambarlarni bir-biridan ajratish oson: payg’ambarlik da’vosini qilgan odam mening nomimdan aytganlari amalga oshmasa, u o‘zini ulug’lashni ko‘zlagan yolg’onchidir", deyiladi. Yahudiylar bu bashorat Muso alayhis-salomning o‘rinbosari Yusha ibn Nun haqida aytilgan deyishadi. Vaholanki, ular Iso alayhis-salom davrida u kishidan boshqa payg’ambar kelishini kutishar, shu bois yuvingan* Yuhanno (Yahyo)ga odam yuborib: "Sen Ilyomi?" — deb so‘rashganda, u kishi: "Yo‘q", deganlar. "Sen Isomi?" — deb qiziqsinishganda ham yo’q deganlar. "Sen payg’ambarmi?" deb qisti-bastiga olishganda ham rad javobini berganlar. Ular ajablanib: "Ilyo bo‘lmasang, Iso bo‘lmasang, payg’ambar ham bo‘lmasang, nega yuvinding?" deb so‘rashgan. Bundan shu narsa oydinlashadiki, Tavrotda Ilyo, Muso va Iso davrigacha hali dunyoga kelmagan payg’ambar haqida bashorat berilgan. Bu muqaddas kitobda Muhammad alayhis-salomning Muso payg’ambarga o‘xshashligi aytiladi. Tavrotning 5-porasida: "Bani Isroilda Musoga o‘xshash payg’ambar dunyoga kelgani yo’q", deyiladi hamda Ollohga tuhmat qiluvchi payg’ambar o‘ldirilajagi ta’kidlanadi. Bu kalom Qur’onning Al-haqqa surasidagi: "Agar u bizning nomimizni sotib uydirmachilik kilsa, uni albatta qahrimizga olardik, keyin shaksiz katta qizil tomirini uzib tashlardik", degan 44-46-oyatlariga uyg’un.

_________
* Nasroniy dinida yangi tug’ilgan va nasroniy dinini qabul qilganlarning Xudo, Iso va Ruhulquddus nomi bilan yuvinish nazarda tutilmoqda.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:00:59

Muhammad alayhis-salom yigirma uch yil mobaynida mushrik va yahudiylardan iborat ashaddiy dushmanlari orasida yashab, ularni islom diniga da’vat qildilar, shunday qaltis vaziyatda Olloh u kishini dushmanlarning suiqasdlaridan omon saqladi. Hamma narsaga qodir Olloh payg’ambarga bo‘xton yog’dirgan odamning ta’zirini berib qo‘yolmaydimi? Haq taolo Qur’ondagi Sho‘ro surasining 24-oyatida: "Ular: u (ya’ni payg’ambar) Xudoning nomidan yolg’onni do‘ndirdi, deyishadi. Olloh istasa, qalbingni muhrlab qo‘yardi. U botilni yo’qqa chiqaradi, o‘z kalomi orqali haqni yuzaga chiqaradi. Olloh ko‘ngildagi narsalarni ham bilguvchidir", deydi. Bu bashorat payg’ambarimizning kelajakda yuz beradigan ishlar haqidagi aytgan fikrlari rostligini tasdiqlaydi. Sarvari olam ko‘p narsalar haqida oldindan bashorat qilganlar. U kishining aytganlari aynan yuz bergan, hatto boshqalar tasavvur ham qilolmaydigan voqea-hodisalarni ham oldindan ko‘ra bilganlar. Masalan, rumliklar forslar tomonidan halokatga uchrab poytaxti Konstantinopol qo‘ldan ketay deb turgan bir paytda, rasululloh rumliklarning kelajakda dushmandan g’olib kelib, o‘z yerlarini qaytarib olajagini bashorat qilganlar. Bu xabar sarvari olamga Olloh tomonidan vahiy qilingan. Payg’ambarning aytganlariga shubhalangan quraysh mushriklari Abu Bakr Siddiq bilan o‘rtaga mol tikib bahs boylashgan (Keyinchalik bahs boylashish qimorning bir turi sifatida man etilgan). Rasulullohning aytganlari ro‘yobga chiqib, rumliklarning qo‘li baland kelgach, Abu Bakr Siddiq garovda ancha-muncha narsa yutib olgan. Xudo xohlasa bunday bashoratlar haqida o‘rni kelganda yana to‘xtalib o‘tamiz.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:01:07

Qozi Iyozning "Shifo" nomli asarida aytilishicha, Ato ibn Yasar Abdulloh ibn Amr ibn Osdan Rasulullohning sifatlari haqida so‘raganda Abdulloh: "Ollohning nomi bilan qasamyod qilamanki, payg’ambarimizning Qur’onda aytilgan ba’zi sifatlari Tavrotda ham zikr etilgan: Ey payg’ambar, Seni guvoh, bashoratchi, ogohlantiruvchi va ummilar (ya’ni omilarga) qo‘rgon qilib yubordim. Sen mening bandam va rasulim (ya’ni elchim)san, men seni mutavakkil (xudoga suyanguvchi) deb atadim. Sen qo‘pol va to‘ng’ emassan, bozorlarda shovqin-suron solmaysan; yomonlik qilganlardan qasd olmay kenglik bilan afu etasan; adashgan xalq la iloha illalloh (ya’ni Ollohdan boshqa iloh yo’q) deya imon keltirish bilan haqiqatni ko‘rmas ko‘zlari, tinglamas quloqlari, anglamas dillari ochilgandan keyingina yaratgan egang seni qabzi ruh qiladi (ya’ni joningni oladi).
Tavrotda payg’ambar alayhis-salom yana shunday ta’riflanadilar: "U bozorlarda baqirib-chaqirmaydi, xunuk so‘zlarni og’ziga olmaydi, uni yaxshi ishlarga muvaffaq qilaman, go‘zal axloqqa erishtiraman. Libosi tamkinlik, sifati yaxshilik, vijdoni taqvodorlik, so‘zlari hikmat bo‘ladi. Rostgo‘ylik va vafo qon-qoniga singadi. Keng fe’llik, mehribonlik odatiga aylanadi. Har qanday holatda haqqoniy, shariati haq, imoni hidoyat, dini islom bo‘ladi. Uning ismini Ahmad deb atayman, gumrohlikdan hidoyatga olib chiqaman. Ahmad orqali qarama-qarshi dillarni, tizginsiz xavaslarni, turli millatlarni "œbirlashtiraman". Rostgo‘y va ishonchli payg’ambar alayhissalomning aytishlaricha, Olloh u zotni Tavrotda bunday ta’riflaydi: "Mening tanlagan — bandam Ahmad Makkada tavallud topib, Madinaga hijrat qiladi, uning ummati har qanday vaziyatda menga — Ollohga shukr qilguvchilardan bo‘ladi".

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:01:29

INJILDAGI BASHORAT

Iso alayhis-salom o‘z qavmiga Injilda Forqilit degan ism zikr etilishi haqida xabar beradilar. Forqilitning ma’nosi Muhammad bilan Ahmadga yaqin. Buni Ollohning Saf surasidagi 6-oyati tasdiqlaydi: "Shunda Maryamning o’g’li Iso: "œEy Isroil avlodi, men sizlarga chindan ham Xudo tomonidan yuborilgan, mendan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlaguvchi, mendan keyin keladigan Ahmad ismli payg’ambar bilan bashorat berguvchi Xudoning elchisiman", dedi. Isoyi Masih Forqilitni bizning payg’ambarimizga mos keladigan sifatlar bilan ta’riflagan: "Forqilit insonlarni qilgan xatolari uchun ayblaydi, ularga bor haqiqatni o‘rgatadi, chunki u o‘z maylicha emas, Ollohdan eshitganlarini bayon etadi". Qur’onda Va-n-najm surasining, 4-oyatida: "Muhammad o‘z maylicha emas, Ollohdan kelgan vahiylarni aytadi", deyiladi. Injilning uzoq vaqt jaholat to‘zoniga ko‘milib, yaqindagina topilgan Barnobo* nusxasida rasulullohning ismi ochiq zikr etilgan.

_________
* Injilning arabchaga tarjima qilingan nashri..

Qayd etilgan