Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 183155 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 55 B


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:01:48

RASULULLOH PAYG’AMBAR BO’LISHLARIDAN AVVAL ODAMLARNING BU HAQIDAGI FIKR-MULOHAZALARI

Muhammad alayhis-salom payg’ambar bo‘lishlari arafasida po‘p va rohiblarning olib borgan faoliyatlari tarixdan ma’lum. Yahudiylar dunyoga kelishi mumkin bo‘lgan payg’ambardan o‘z g’animlari madinalik arablarga qarshi kurashda yordam kutishardi. Osim ibn Amr ibn Qatodaga o‘z qavmining odamlari bunday deyishgan: "Ollohning rahmati bilan yahudiy dushmanlarimizdan eshitganlarimiz musulmon bo‘lishimizga sabab bo‘ldi. Biz Ollohga shirk keltiradigan butparast edik, yahudiylar esa ahli kitob, biz bilmaydigan narsalardan xabardor edi. Ular bilan o‘rtamizda muttasil ko‘ngilsizliklar bo’lib turardi. Yahudiylarni ranjitgan paytlarmizda ular shu kunlarda dunyoga payg’ambar keladigan vaqt yetganini, u bilan birlashib, bizlarni xuddi Od va Eram xalqidek o‘ldirajaklarini aytishardi. Biz bunday tahdidni ko‘p eshitganimiz uchun Olloh o‘z payg’ambari Muhammadni yuborganda uning da’vatlariga quloq solib, dinini qabul qildik. Yahudiylar aytgan gapning magzini chakib, ulardan oldinrok musulmon bo‘lishga shoshildik. Yahudiylar esa imon keltirishdan bosh tortishdi". Yahudiylarning biz payg’ambar bilan birlashib, sizlarni Od va Eram xalqidek qirib tashlaymiz, deyishining boisi, ularning kitobida Xudoning elchisi butparastlarni kuch bilan yo’qotadi, deyilgan. Ularning dili hasad va adolatsizlikka to‘lib-toshgani uchun bu dunyo va oxirat azoblariga mubtalo bo‘lishlarini o‘ylamay imon keltirishmadi. Nasroniy dinini qabul qilgan arab Umayya ibn Abissolt yurtimizda dunyoga keladigan payg’ambarlarning sifatini kitoblarda ko‘p o‘qiganman, der edi. Eronlik Salmon Roziyallohu anhu bir kohin bilan suhbatlashganida u: "Ey Salmon, Olloh Ahmad ismli bir payg’ambar yuboradi, bu zot Tixoma toglaridan chiqadi. Uning sifatlaridan biri sovg’ani olish, sadaqani rad etish bo‘ladi", deganini hikoya qiladi. Kohinning bu gapi Salmonni imon keltirishga undadi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:01:56

Payg’ambar alayhis-salom ko‘pgina podsholarni islom diniga da’vat etib, maktub yo‘llaganlar. Faqat nasroniy va yahudiy dinlaridan xabarsiz Kisrogina u kishining nomasiga nopisandlik bilan qaragan. Habash podshosi Najoshiy, Misr podshosi Muqavqis, Rum podshosi Qaysar kabi nasroniy dinidagi hukmdorlar payg’ambarning elchilarini izzat-ikrom bilan kutishgan. Ularning orasida Najoshiydek iymon keltirganlari ham, Qaysardek chiroyli javob qaytargan, qalban imonga kelishiga oz qolgan, dunyoga podsholikka mukkasidan ketmagan insoflilari ham, Muqavqisdek ikkilanganlari ham bor. Rasulullohning podsholar qo‘rqqudek kuch-qudratlari yo’q edi. Ular Isoyi masihning o‘zidan keyin keladigan payg’ambar haqidagi bashoratlarini, Muhammad alayhis-salomning ta’riflari o‘z kitoblarida bayon etilgan sifatlarga aynan mos kelishini bilganlari uchun Rasulullohning elchilarini izzat-ikrom bilan kutishgan. Sarvari olam dunyoga kelishlari arafasida g’oyibdan u kishi haqida xabar beruvchi ovozlar eshitilib turgan. Kohinlar o‘z kitoblaridagi vahiylarni odamlarga muttasil yetkazishgan. Ollohning rasulullohga muyassar etgan ishlari u zotning odamlarga yetkazgan so‘zlari, da’vatlari to‘griligini, o‘zlarining chin payg’ambar ekanliklarini isbotlaydigan dalildir. Chuqur mulohaza qilgan kishi hidoyat topadi, Olloh hammamizni to‘gri yo‘lga boshlasin.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:02:11

VAHIYNING BOSHLANISHI

Rasululloh kamolot cho‘qqisi bo‘lmish qirq yoshga yetganlarida Olloh insoniyatni jaholat zulmatidan ma’rifat oydinligiga chiqarish uchun u kishini bashoratchi va ogohlantiruvchi payg’ambar qilib tanladi. Munajjim Mahmud Poshoning aniqlashicha, bu voqea melodiy 610 yil 2-oyining boshida yuz bergan. Vahiy dastlab o‘ngidan keladigan tushlardan boshlangan. Bu tushlar haddan tashqari aniq, xuddi o‘ngida sodir bo‘lgandek ravshan edi. Olloh, o‘z bandasini har bir ishga bosqichma-bosqich tayyorlab, kamolotga yetkazadi. Farishtadan ilk vahiyni qabul qilish odam bolasi uchun g’oyat mushkul edi. Shu bois rasululloh Ollohga yuzlanish uchun dunyoning ishlariga qo‘l siltab, xalqdan uzilib, yolg’izlikni ixtiyor etdilar. Tanholik kishining ruhini poklaydi. Payg’ambar alayhis-salom Makka yaqinidagi Hiro g’orida talay kunlarni tanholikda o‘tkazdilar. Bunday holat ba’zan o‘n kun, ba’zan biror oyga cho‘zilar, sarvari olam bobokaloni Ibrohim alayhis-salom diniga binoan istiqomat qilardilar. Istiqomatdan qaytgach, Xadichaning yonida bir necha kun bo‘lib, navbatdagi uzlatga hozirlik ko‘rardilar. Bunday istiqomat to ilk daf’a payg’ambarlik vahiysi kelguncha davom etdi. Kunlarning birida rasululloh tog’ tepasida turganlarida to‘satdan ro‘paralarida bir odam paydo bo‘lib: "Ey Muhammad, suyunchi ber, men Jabroilman, sen esang Ollohning bandalariga yuborgan elchisisan!" dedi va shundan keyin: "O’qi!" deya amr etdi. Rasululloh: "Men o‘qishni bilmayman", dedilar. Chindan ham u kishi o‘qishni, yozishni bilmas edilar. Jabroil payg’ambar alayhis-salomni quchoqlab qattiq qisdi, rasulullohning oyoq-qo‘llaridan mador ketib, bo‘shashib qoldilar. Jabroil qo‘yib yuborib yana: "O’qi!" dedi. Payg’ambar alayhis-salom tag’in: "O’qishni bilmayman", deya javob qaytardilar. Jabroil yana u kishini qattiq qisib, qo‘yib yubordi-da, "O’qing" deb buyurdi. Rasululloh tag’in: "O’qishni bilmayman", deya javob qaytardilar. Jabroil u kishini uchinchi marta qattiq quchoqlab qo‘yib yuborgach: "Insonni quyuq qondan yaratgan robbingning nomi bilan o‘qi. Robbing benihoya hurmatga sazovordir. U qalam bilan yozishni o‘rgatdi, insonga bilmagan narsalarini bildirdi", dedi. (Alaq surasining 1-5-oyatlari)

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:02:21

Payg’ambar alayhis-salom farishta bilan ilk bor uchrashuvdan qattiq vahimaga tushib, uyga shoshildilar. Qo‘rquvdan paydo bo‘lgan titroqni bosolmay Xadichaga: "Meni o‘rab qo‘yinglar, yaxshilab o‘rab qo‘yinglar!" deb buyurdilar. Xadicha u kishini o‘rab-chirmab, titroqlari bosilguncha tepalarida o‘tirdi. Rasululloh yuz bergan voqeani bayon etib: "O’zimdan xavfsirab qoldim!", dedilar, chunki u kishi Jabroil haqida hech qanday tasavvurga ega emasdilar. Shu bois farishta quchog’iga olib, qattiq qisganda qo‘rquv va og’riqdan jonlari halqumlariga kelib qoldi. Xadicha umr yo‘ldoshlariga tasalli berib: "Olloh qarindosh-urug’lariga rahm qiladigan, ojizu notavonlardan marhamatini ayamaydigan, yo‘qsillarning holidan xabar oladigan, mazlumlarga yordam qo‘lini cho‘zadigan, mehmonlarni ochiq chehra bilan kutadigan sizdek odamni hargiz yomon ahvolga solib qo‘ymaydi. Yaratgan egam sizga shaytonni ro‘baro‘ qilib, vasvasaga solmaydi. Imonim komilki, Olloh xalqingizni hidoyat qilish uchun sizni tanlabdi", dedi. Xadicha o‘z fikrini isbotlash uchun ilohiy kitoblarni o‘qigan, avvalgi payg’ambarlarning tarjimai holidan xabardor olimlarga uchrashishni ko‘ngliga tugib, rasulullohni amakisining o‘g’li Varaqa ibn Navfalning huzuriga olib bordi. Varaqa johiliyat davrida nasroniy diniga kirgan, ibroniy yozuvini puxta egallab, bu yozuvda Injilga juda ko‘p sharhlar yozgan, yoshi o‘tib, ko‘zi o‘tmaslashib qolgan mo‘tabar olim edi. Muhammad alayhis-salom u kishiga ko‘rgan-kechirganlarini bir boshdan gapirib berdilar. Varaqa: "Olloh Muso payg’ambarga yuborgan shariati mana shu", dedi. Bu zot Jabroilning Xudo tomonidan o‘z payg’ambarlariga yuboriladigan elchisi ekanidan xabardor edi. "Koshki yosh yigit bo‘lsam, — dedi Varaqa afsus-nadomat bilan. — Qavming ota-bobosi e’tiqod qilib kelgan dinini o‘zgartirishni targ’ib etganing uchun seni yomon ko‘rib, dushmanlik qilishadi, tug’ilib o‘sgan yurtingdan haydab chiqarishadi". Rasululloh bu gapdan hayratga tushdilar, chunki u zot husni xulq, rostgo‘y bo‘lganliklari uchun qabiladoshlari yaxshi ko‘rib, Muhammad amin, ya’ni ishonchli Muhammad, deyishardi. Varaqa "Payg’ambarlik sharafiga erishgan odamning dushmani bo‘ladi", dedi. Qur’oni karimdagi Ibrohim surasining 13-oyatida bu haqda to‘xtalib: "Kofirlar payg’ambarlarga "Sizlarni yo tuprog’imizdan haydab chiqaramiz, yo dinimizga qaytishinglar kerak, deydi", deb Xudo o‘z elchilarining boshiga tushadigan ishlardan ogoh etadi. Umri poyoniga yetib qolganini sezgan Varaqa Muhammad alayhis-salomning payg’ambarligiga astoydil ishonib: "Sen odamlarni dinga da’vat etganingda tirik bo‘lsam qo‘limdan kelganicha yordam berardim", dedi. Chindan ham oradan ko‘p o‘tmay rasulullohga suyanchiq bo‘lishi mumkin bo‘lgan bu odam olamdan o‘tdi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:02:38

VAHIYNING UZILIB QOLISHI

Rasululloh uchun kutilmaganda boshlangan vahiy to‘satdan to‘xtab qoldi. Vahiy qancha vaqt to‘xtagani haqida tarixchilarning fikrlari turlicha, har qalay bu muddat qirq kun bo‘lganligi haqiqatga yaqin. Bundan maqsad payg’ambar alayhis-salomni vahiyga ruhan va jisman moslashtirish edi. Biroq qirq kunga cho‘zilgan tanaffus sarvari olamga qattiq ta’sir qildi. Olloh ulug’ ne’matini bir ko‘rsatib, endi meni undan benasib etdimikin, degan o‘y yuraklarini ezar, biron baland cho‘qqiga chiqib o‘zlarini tashlab yuborgilari kelardi. Ollohning u kishini o‘zi bilan bandalari o‘rtasida vositachilikka tanlanganligi ulug’ ne’matdir. Rasulullohga farishta ko‘rinib: "Sen Ollohning haq payg’ambari", deb aytar va shu bilan vasvasaga solayotgan yomon xayollarni aritib, ko‘ngillariga farog’at bag’ishlardi. Nihoyat parvardigori olam dunyoni islom nuri bilan munavvar etishni ixtiyor etib, Muhammad alayhis-salomga yana vahiy yo‘llay boshladi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:02:52

VAHIYNING QAYTA BOSHLANISHI

Muhammad alayhis-salom yo‘lda ketayotganlarida g’oyibdan surnay navosidek yoqimli ovoz eshitildi, bosh ko‘tarib yer bilan ko‘k o‘rtasida muallaq o‘tirgan tanish farishtani ko‘rdilar. Rasululloh farishtaning birinchi marta kelib, Hiro g’orida qanday azob berganini eslab, qo‘rqqanlaridan uyga qarab qochdilar. Uyga kira solib: "Meni o‘rab qo‘yinglar! Tezroq o‘rab qo‘yinglar!" dedilar. Olloh shu zahoti u kishiga quyidagi oyatlarni nozil qildi: "Ey o‘ranib olguvchi zot, tur, ogohlantir!" - ya’ni odamlar noto‘g’ri yo‘ldan, ota-bobolari topingan butlarga sig’inishdan qaytmasa, Olloh azob berajagini aytib qo‘rqit. "Robbingni ulug’la!"-ya’ni faqat Ollohni ulug’la, unga boshqa narsalarni sherik keltirib, ibodat qilishdan saqlan. "Kiyimingni pok tut!" - ya’ni Ollohning huzuriga toza libos bilan kelib, ibodat qil, isqirt bosib, nopok yurish mo‘min odamga munosib emas. "Azobga giriftor etadigan ishlardan yiroq bo‘l!" - ya’ni Ollohga itoat etib, buyruqlarini so‘zsiz bajar. "Ko‘p olish niyatida berma!" - ya’ni birovga biron narsa hadya etsang undan ko‘proq olishni ta’ma qilma. Bu mard odamlarning ishi emas. "Robbing uchun sabrli bo‘l!" - ya’ni qavmingni islom diniga da’vat etgan paytingda ulardan yetgan aziyatlarga sabr bilan bardosh ber.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:03:04

RASULULLOHNING YASHIRIN DA’VATGA O’TISHLARI

Muhammad alayhis-salom asta-sekin dinga da’vat etishni boshladilar. Odamlarni birovga na foyda, na ziyon keltirish qo‘lidan kelmaydigan butlarga cho‘qinishni yig’ishtirib, Ollohga ibodat qilishga chaqirdilar. Odamlarning: "Biz ota-bobolarimiz tutgan yo‘ldan yurib, ular tanlagan dinga sig’inyapmiz", deyishdan boshqa vaj-korsoni yo‘q edi. Bu odamlar o‘ta takabbur, dimog’idan eshak qurti siqiladigan mag’rur, go‘zal odob-axloqning yaqiniga ham yo‘lashmagan edi. Mana shu fe’llari tufayli ularning o‘rtasida qon to‘kish, bot-bot talon-taroj, urush-janjal chiqib turardi. Rasululloh mana shu johil kimsalarga mehr-oqibat, qon-qondoshlikni ulug’lovchi islom dinini olib keldilar. Aqli raso insonlar u kishining gaplariga ishonib, butlarga sig’inishni bas qilishdi, biroq yuqori martabali amaldorlar o‘z obro‘-e’tiboridan ajrab qolishdan qo‘rqib, islomni rad etishdi. Kibru havosi bunga yo‘l qo‘ymadi. Islom dinini birinchi bo‘lib Huvaylidning qizi va rasulullohning umr yo‘ldoshi Xadicha bilan amakilarining o‘g’li Ali qabul qildi.
Alini payg’ambar alayhis-salom o‘z tarbiyalariga oldilar, chunki yurtda qahatchilik yuz berib, serfarzand Abutolibning tirikchiligi goyat og’irlashib qolgan edi. Rasululloh amakilari Abbos ibn Abdumuttalibga: "Birodaring Abutolib jo‘ja-birday jon, qahatchilik bechoraning iligani chaqib qo‘ydi. Yur, uning og’irini yengillatib, bittadan bolasini olaylik", dedilar. Bu taklifdan Abutolibning boshi ko‘kka yetdi. Abbos Ja’far ibn Abutolibni, payg’ambar alayhis-salom esa Ali ibn Abutolibni oldilar. U to balog’at yoshiga yetguncha xuddi o‘z farzandlaridsk suyub tarbiyaladilar. Ali balog’at yoshiga yetgach, hamma narsada rasulullohdan ibrat olib ish tutdi, jaholat davrining hoyu-havaslariga ko‘ngil bermadi, yomon xulq-atvorlardan saqlandi, butga cho‘qinishdan o‘zini tiydi. Ulardan ibrat olib Zayid ibn Horisa ibn Shurahbil ham musulmon bo‘ldi. U rasulullohning ozodgardasi (ozod qilgan quli) bo‘lib, odamlar Muhammadning o‘g’li deyishardi. Payg’ambar alayhis-salom uni sotib olib, ozod qilganlaridan keyin xuddi o‘z farzandlaridek tarbiyalagan edilar. Arablarda asranda bola ham o‘z farzandi qatori hisoblanib, meros olar, o‘z navbatida u ham meros berardi. Rasululloh enagalari Ummu Aymanni Zayidga olib berdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:03:13

Bu oiladan tashqaridagi dastlab islomga kirgan odam taym jamoasidan Abubakr ibn Abu Quhofa (ibn Omir ibn Ka’b ibn Sa’d ibn Taym ibn Murra) edi. Rasulullohning bolalik do‘stlari bo‘lgan bu odamning guvohlik berishicha, payg’ambar alayhis-salom umrlarida biron marta axloqsizlik qilmaganlar, biron marta yolgon gapirmaganlar. Muhammad payg’ambar Abubakrga Ollohdan vahiy kela boshlaganini aytganlarida u: "Sen menga ota-onamdek qadrdonsan, doim rost gapirgansan, Ashhadu al-la ilaha illallohu va ashhadu annaka rasululloh (guvohlik beramanki, bir Ollohdan boshqa hech iloh yo‘q, sen Ollohning barhaq elchisisan)", dedi. Abubakr quraysh qabilasining nufuzli, xushaxloq, saxovatli, suhbati shirin boylaridan biri edi. U rasulullohning yaqin yordamchisiga aylandi, har bir ishni ikkovlon bamaslahat qiladigan bo‘lishdi. "Men islom diniga da’vat etganlar orasida faqat Abubakrgina hech ikkilanmay imonga kelgan", degan edilar payg’ambar alayhis-salom. Arablar islom dinini o‘tkinchi bir narsa, payg’ambarimizning da’vatlarini shuhratparastlik vasvasasi deb qarashlarini bilganlari uchun imonga chaqirishni o‘ta maxfiy olib bordilar. Rasululloh ham, Abubakr ham faqat o‘zlari ishonadigan, sirdosh odamlarini da’vat qila boshladilar. Abubakr tufayli ko’pchilik dinga kirdi. Shulardan biri Umaviy jamoasidai Usmon ibn Affon (ibn Abul-Os ibn Umayya ibn Abdushams ibn Abdumonof) bo‘ldi. Uning islom dinini qabul qilganidan xabar topgan amakisi Hakam Usmonni bog’lab qo‘yib: "Ota-bobongning dinidan qaytib, yangi dinni topdingmi? Xudo haqqi,bu niyatingdan qaytmasang, shu holda yotaverasan", dedi. Usmon Xudoning nomini o‘rtaga qo‘yib, dindan qaytmasligini aytdi. Uning qatiyatini ko‘rgan amakisi oyoq-qo‘lini yechib yuborishga majbur bo‘ldi. Islom diniga kirgan paytda Usmon o‘ttizlarga kirgan navqiron yigit edi. Endigina balog’at yoshiga yetgan Zubayir ibn Avvom (ibn Huvaylid ibn Asad ibn Abduluzzo ibn Qusay)ni amakisi chandib tashlab, og’zi-burniga tutun haydadi. Onasi, Abdulmuttalibning qizi Safiya ham o‘rtaga tusholmadi. Zubayir bu qiynoqqa katta matonat bilan chidadi.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:03:22

Zuhra jamoasidan bo‘lmish Abdurahmon ibn Avfning islomga kirishdan oldingi ismi Abduamr edi. Rasululloh unga Abdurahmon deb ot qo‘ydilar. Shu jamoadan Sa’d ibn Abuvaqqos Molikning onasi, Abu Sufyon ibn Umayyaning qizi Hamna o‘g’lining musulmon bo‘lganini bilgach: "Bu diningdan qaytib, Muhammadning payg’ambarligini rad qilmaguningcha uyga kirmayman, tuz totmayman", deya shart qo‘ydi va uch kungacha gapiga amal qildi. Bu holdan dovdirab qolgan Sa’d maslahat so‘ragani rasulullohning huzurlariga keldi. Olloh Ankabut surasining 8-oyatida bu haqdagi hukmni nozil qildi: "Insonni ota-onasiga yaxshi muomala qilishga buyurdim. Agar ota-onang noma’lum bir narsani menga sherik keltirishga (buyurib) zo‘rlasa, itoat etma. Sizlar mening dargohimga qaytib borasizlar, sizlarga o‘z qilmishinglarni ayon qilaman". Ko‘rinib turibdiki, Olloh taolo ota-ona musulmon yoki kofir bo‘lishidan qat’i nazar, izzat-ikrom qilishni, bordi-yu, kufrona yo‘lga boshlab, Ollohga boshqa narsalarni sherik keltirishga undasa, amriga itoat etmaslikni buyuradi. Garchi ota-onaning haqqi har qancha ulug’ bo‘lmasin bunday vaziyatda u narsa farzandning zimmasidan soqit etiladi. Ota-ona roziligini istab, Ollohga osiylik qilgan holda biron maxluq yoki butga sig’inish durust emas. Yuqoridagi oyatda jazo berish Ollohning ilkida ekanligi, bola ota-onasining xudoga shirk keltirasan deb o‘tkazgan zulmidan aslo ranjimasligi kerakligi, oxiratda jazoga giriftor bo‘lmasligi uchun e’tiqodda sobit turish uqtiriladi.
Taym jamoasidan Talha ibn Ubaydulloh ham dastlab musulmon bo‘lganlardan. Bu odamlar rasulullohning ismi va sifatlarini rohiblardan eshitgan, u kishining so‘zlari benihrya foydali ekanligini, nuqsonu qusur to‘lib-toshgan arab jamiyatini faqat islom dinigina isloh qilishi mumkinligini, faqat shu yo‘l bilangina Ollohning roziligiga erishish imkoni borligini anglab darrov imon keltirganlar, Ozod etilgan rumlik qul Suhayb bilan Ammor ibn Yosir, uning onasi Sumayya birinchilar qatori islomni qabul qilganlardan.

Qayd etilgan


Doniyor  04 Avgust 2006, 08:03:30

Qurayshlik bir mushrikning qo‘ychivoni Abdulloh ibn Ma’sud payg’ambar alayhis-salomning go‘zal xulq-atvorlarini ko‘rib, yaxshi gaplarini eshitgach, darrov butga cho‘qinishni tashlab, imon keltirdi. Abdulloh hamisha Rasululloh bilan birga bo‘lishga urinar, biron joyga otlansalar oldilarida yo‘l boshlab yurar, yuvinsalar pana qilib turar, uxlasalar posbonlik qilar, uyg’onganlarida oyoq kiyimlarini kiydirib qo‘yardi. Dastlab musulmon bo‘lganlardan Abuzar sahroda yashovchi, shirin so‘zi bilan tosh yuraklarni eritib yuboradigan notiq a’robiylardan edi. U Payg’ambar alayhis-salomning ovozalarni eshitgach, bir birodarini otga mindirib, o‘zini osmondan vahiy keladigan zot deb hisoblaydigan odamni ko‘rib, gaplarini eshitib kel, deb Makkaga jo‘natdi. Birodari topshiriqni ado etib, iziga qaytgach: "Uning gaplari hech ham she’rga o‘xshamaydi", dedi. Abuzar bu gapdan qanoat hosil qilmay shartta otlanib, Makkaga yetib keldi. Masjidga kirib, Payg’ambar alayhis-salomni izladi, lekin birovdan so‘rab-surishtiryshga botinmadi, u kishi bilan gaplashganlarni quraysh mushriklari yomon ko‘rishini yaxshi bilardi. Kun kech bo‘lgach, Ali uning musofirligini bilib, uyiga olib ketdi. Ikkovlon gap-so‘zsiz ovqatlanishdi (Arablar uch kungacha mehmondan kelish sababini so‘rashmaydi). Tong otgach, Abuzar suv to‘la meshi bilan narsalarini olib masjidga bordi, biroq rasululloh uni ko‘rmadilar. Kech kirgach, Ali yana uni uyiga olib ketdi va churq etmay ovqatlanib yotishdi. Uchinchi kun ham shu tahlid o‘tgach, Ali uning bu yerga nima maqsadda kelgani bilan qiziqsindi. Abuzar: "Menga yo‘l ko‘rsatishga va’da bersang aytaman", dedi. Ali rozilik bergach, muddaosini bayon etdi. "Muhammad alayhis-salom rostdan ham xudoning payg’ambari, — dedi Ali. — Ertaga ertalab men bilan birga masjidga borasan. Mabodo biron xavf-xatar sezsam to‘xtayman, bo‘lmasa orqamdan ergashib ketaverasan". Ertasiga Abuzar Aliga ergashib rasululloh huzurlariga kirdi, u kishinung gaplarini eshitgan zahoti imon keltirib, musulmon bo‘ldi. Payg’ambar alayhis-salom: "Joyingga qaytib, to mendan biron topshiriq borguncha ko‘rgan-bilganlaringni odamlaringga so‘zlab ber", dedilar. Abuzar tashqariga chiqib, baland ovozda: "Ashhadu al-la ilaha illollohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluh", deb yubordi. Mushriklar kela solib uni do‘pposlay ketishdi. Abbos uni himoya qilib: "Abuzar shom yo‘lida joylashgan G’ifor qabilasidan. Savdo-sotiqqa ketayotganinglarda holingiz nima kechishini o‘ylab ko‘rmaysizlarmi?" degan tahdid bilan qutqarib qoldi. Lekin Abuzar bu ishini ertasiga ham takrorladi va yana mushriklarning g’azabiga uchradi; bu gal ham Abbos joniga oro kirdi. Abuzar rostgo‘y va har qanday tamadan yiroq odam edi.

Qayd etilgan