Qur’oni Karimning "Baqara" surasidagi 170-oyatda: "Qachonki ularga, "Olloh nozil qilgan kitobga ergashinglar, deyilsa, ular: "Yo‘q, biz ota-bobolarimizni diniga e’tiqod qilamiz, deyishadi. Agar ota-bobolari hech narsani tushunib yetmagan va adashgan bo‘lsa ham, ularning diniga ergashdingmi?" deyiladi. "Moida" surasining 104-oyatida ham: "Mushriklarga Qur’on va payg’ambar tomonga yuzlaninglar", deyilsa, ular: "Bizga ota-bobolarimizning dini kifoya", deyishadi. Agar ota-bobolari adashgan va hech narsadan bexabar bo‘lishsa ham "ularning dini kifoya qilaveradimi?" deyiladi. "Luqmon" surasining 21-oyatida esa: "Ularga Olloh nozil qilgan kitoblarga ergashinglar", deyilsa, ular: "Biz ota-bobolarimizning diniga ergashamiz", deyishadi. "Agar ota-bobolarini shayton do‘zaxga chaqirib turgan bo‘lsa ham ergashaverishadimi?" deyiladi. Olloh "Zuxruf" surasining 22-oyatida mushriklarning bahonalarini bayon etib, bunday deydi: "Yo‘q, unday emas, biz ota-bobolarimizning bir xil dinga, ya’ni butparastlikka e’tiqod qilganini bilamiz, biz ularning izidan yuramiz". Olloh taolo mutaassiblikda va tarsolikda mushriklarning bu gaplari ota-bobolarining aynan takrori ekanini "Zuxruf" surasining 24-oyatida ta’kidlab o‘tadi: "U, ota-bobomizga e’tiqod qilgan dindan ko‘ra to‘g’ri bir dinni olib kelsam nima deysizlar", desa, ular: "Sen olib kelgan dinga ishonmaymiz", deyishadi. Ularning ota-bobolariga sobitlik bilan astoyidil taqlid qilishliklari ajdodlarining beaqllik, gumrohlikda ayblanishiga sabab bo‘lishi turgan gap. Lekin mushriklar es-hushini yig’ib olish o‘rniga battar jazavaga tushib, Abutolibga.
"Muhammadga ayt, yangi dinga da’vatini yig’ishtirsin. Gapimizga ko‘nmasang, Muhammad bilan sen bir tomon, biz bir tomon bo‘lib, to bir-birimizni o‘ldirguncha kurashamiz", deya tahdid solishdi. Abutolib uchun o‘z xalqidan ajralib qolish og’ir edi, biroq Xudoning payg’ambari va jiyanidan voz kechishi ham mumkin emasdi. Shu bois payg’ambar alayhis-salomni huzuriga chorlab: "Ey jiyan, odamlar kelib har xil talab va shartlarni qo‘yib ketishdi. Endi o‘zingni ehtiyotingni qil, bundan buyon seni asrash qo‘limdan kelmaydi", dedi. Payg’ambar alayhis-salom u kishining nochor ahvolini his etib: "Ey amaki, Ollohning nomi bilan qasam ichib aytamanki, agar o‘ng qo‘limga quyoshni, chap qo‘limga oyni tutqazishsa ham Xudoning o‘zi boshlagan ishimga ravnaq bermaguncha yoki shu yo‘lda halok bo‘lmagunimcha tanlagan yo‘limdan voz kechmayman", dedilar va o‘pkalari to‘lib teskari qarab oldilar. "Menga qara, ey jiyan, — dedi Abutolibning ham ko‘ngli buzilib. Rasululloh o‘girilib qaragan edilar: — Bor, nimani xohlasang, gapiraver, Xudoga qasamki, seni ularga topshirib qo‘ymayman. Bu gap payg’ambar alayhis-salomga qanot baxsh etdi.