Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 183161 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 ... 55 B


Doniyor  14 Fevral 2007, 22:07:33

RASULULLOHNING MADINAGA KIRISHLARI

Payg‘ambar alayhis-salom qilich taqqan ansorlar qurshovida Madinaga kirib keldilar. Quvonchi ichiga sig‘magan madinaliklar ko‘chalarga chopib chiqdilar, bu ularning hayotidagi eng baxtiyor kun edi. Ko‘chalarni to‘ldirgan ayollar, bolalar, kanizaklar zavq-shavqqa to‘lib qo‘shiq aytishardi:

Rasululloh to‘lin oydek nur sochib,
Chiqib keldi Saniyyatul-Vado’dan.*
Shukr aytmoq lozim bizga har lahza,
Biron kimsa qo‘l uzmasin duodan.
Musulmonning shamchirog‘i bu dinni
Olib keldi Rasul bizga Xudodan.


Poyu piyoda, ot-ulovdagi kishilar rasulullohning atrofida girdi-kapalak bo‘lishar, o‘z uyiga olib kirish uchun tuyaning jilovini talashishardi.

_____________
*Saniyyatul-Vado’ — Madinaga yaqin joydagi adir.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Fevral 2007, 22:07:52

ILK DAF’A O’QILGAN JUM’A NAMOZI

Payg‘ambar alayhis-salom bani Salimi ibn Avf mahallasiga yetib kelganlarida jum’a vaqti bo‘ldi, u kishi tuyadan tushib namoz o‘qidilar. Bu rasulullohning birinchi marta o‘qigan jum’a namozlari edi. Xutbada Ollohga hamdu sano aytganlaridan keyin yig‘ilganlarga murojaat qilib bunday dedilar: "Ey jamoat! Oxirat uchun tayyorgarlik ko‘ringlar! Yaxshi amallarni qilib, in’om va ehson beringlar. Bir kuni mol-dunyolaringizdan ayrilib, Xudoning dargohiga borasizlar. Yaratgan egam: "Tarjimon va vositachiga hojatsiz payg‘ambar yubormaganmidim? Mol-dunyo bermaganmidim? Qilgan yaxshi amallaring qani? Keltirgan imoning, bergan ehsonlaring qani? deb so‘raydi. O’shanda qilgan yaxshi amallaringizdan boshqa joningizga oro kiradigan hech narsa bo‘lmaydi. Yon-veringizga boqib do‘zaxdan boshqa narsani ko‘rmaysiz. Shuning uchun qo‘ldan kelgancha yaxshi amallarni qilib, do‘zax azobidan qutilishga urininglar. Yarimta xurmochalik narsani bo‘lsa-da, sadaqa qilinglar. Hech narsasi yo‘q odamlar loaqal yaxshi gapirib miskinlarning ko‘nglini olsin. Parvardigori olam bitta yaxshilikni bir necha barobar qilib qaytaradi. Sizlarga omonlik, Ollohning rahmati va barokatlarini tilayman".

Qayd etilgan


Doniyor  14 Fevral 2007, 22:08:18

ABU AYYUBNIKIGA TUSHISH

Jum’adan keyin rasululloh yo‘lda davom etdilar. Har bir hovlidan o‘tayotganlarida odamlar tuyaning jiloviga osilishib, u kishini uyiga taklif etishardi. Payg‘ambar alayhis-salom jilovni qo‘yib yuborishlarini o‘tinib, tuya qayerga cho‘ksa, o‘sha uyga tushajaklarini aytdilar. Tuya esa rasulullohning qarindoshlaridan Adiy ibn Najjor mahallasiga yetganda Abu Ayyub Xolid ibn Zayid Ansoriyning eshigi oldida to‘xtab cho‘kkaladi.
Xolid Muoviyaning xalifalik davrida Istambul muhosarasida halok bo‘lib, shahar tashqarisiga dafn etilgan. Rasululloh tuyadan tusha turib: "Inshoolloh turar joyimiz shu yer bo‘lg‘usi. Rabbim, meni muborak yerga tushirgin, sen hamisha qutlug‘ joyni ato etguvchisan", dedilar. Abu Ayyub payg‘ambar alayhis-salomning narsalarini ichkariga olib kirdi, As’ad ibn Zurora esa tuyani boqish uchun o‘z uyiga olib ketdi. Bani Najjor mahallasining qizaloqlari rasulullohni qo‘shiq aytib kutib olishdi. "Meni yaxshi ko‘rasizlarmi?" deb so‘radilar sarvari olam. Qizlar "ha" deb javob qaytarishdi. "Xudo haqqi, men ham sizlarni jon-dilimdan yaxshi ko‘raman", dedilar u zoti muborak.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Fevral 2007, 22:16:38

Abu Ayyubning uyi ikki qavat bo‘lib, rasulullohga ikkinchi qavatni munosib ko‘rdi, biroq u kishi ziyoratchilar bilan ko‘rishib, suhbatlashishning qulayligi uchun pastda turishni ixtiyor etdilar. Mezbon kelim-ketim ko‘payib chang-to‘zon, dam-badam sepilgan suvlardan hovur ko‘tarilib rasululloh ozor chekishlaridan tashvishlangan edi. Chindan ham kunlarning birida suv solingan xum sinib ketdi. Er-xotin rasulullohning ustlaridan chakka o‘tmasin deb suvni ko‘rpaga shimdirib olishdi. Shundan keyin qo‘yarda-qo‘ymay rasulullohni yuqorigi qavatga ko‘chirib chiqishdi. Ansorlarning kattalaridan Said ibn Iboda, As’ad ibn Zurora, Zayd ibn Sobitning onasi turli-tuman lazzatli taomlar pishirib u kishini har kuni yo‘qlab turishdi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Fevral 2007, 22:16:56

MUHOJIRLARNING TUSHISHLARI

Muhojirlarning ko‘pchiligi rasululloh bilan birga Madinaga kelishdi. Ularni o‘z uylariga joylashtirish ansorlar o‘rtasida talashib-tortishishga sabab bo‘ldi. Shunda chek tashlanib, kimga qaysi muhojirning nomi yozilgan qog‘oz chiqsa, shuni o‘z uyiga olib ketishdi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Fevral 2007, 22:17:18

ISLOMIY BIRODARLIK

Ollohning fazlu karami tufayli ansorlar bilan muhojirlar o‘rtasida chinakam qarindoshlik rishtalari ulandi, harbiy jihatdan ojiz, kam sonli musulmonlar mushrik va ahli kitoblar ustidan g‘alaba qozondilar. Ansorlar diniy birodarlarini qarindosh-urug‘laridan a’loroq bilib e’zozlashardi. Parvardigor Hashr surasining 9-oyatida ansorlar haqida bunday deydi: "Ular (muhojirlar) dan ilgari Madinada o‘troqlashgan imoni butunlar yoniga hijrat qilganlarni do‘st tutishadi, ularga berilgan narsalar uchun aslo baxillik qilishmaydi". Qarindoshlikning chinakam namunasi mana shu. Ansorlar dindosh birodarlari uchun ko‘rsatgan marhamatlarini juda kam hisoblashardi. Rasululloh tufayli ular qiyomatli do‘st, chinakam birodarga aylandilar. Garchand ularning vujudlari boshqa-boshqa bo‘lsa-da, qalblari birlashib ketgan edi. Mana shu birlik tufayli musulmonlar g‘alabaga erishganlaridek, Olloh taolo bugungi musulmonlarni ham bir jonu bir tanga aylantirib, g‘olibu muzaffar etgay. Ansorlar bilan muhojirlarning qarindoshligi tenglik va adolatga asoslangan edi. Do‘st tutingan ikki kishining biri o‘lsa, tug‘ishgani emas, tutingan dindoshi merosxo‘r hisoblanardi. Rasululloh: "Oxirat uchun ikkitadan juft bo‘lib do‘st tutininglar", derdilar. Bu odat Ahzob surasining. "Kitobullohda qarindosh-urug‘lar  (merosxo‘rlikda) bir-birlariga juda yaqindir", degan 6-oyat nozil bo‘lgach, bekor etildi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Fevral 2007, 22:17:50

OILASINING HIJRATI

Payg‘ambar alayhis-salom bola-chaqalarini olib kelishga Zayid ibn Horisa bilan Aborofiyni Makkaga yubordilar. Abdulloh ibn Urayqid ularga yo‘l boshlovchi bo‘ldi. Ular rasulullohning qizlari Fotima, Ummu Gulsum va jufti halollari Savda, Zayid ibn Horisaning xotini Ummu Ayman bilan o‘g‘li Usomani olib kelishdi. Payg‘ambar alayhis-salomning qizi Zaynab eri Abul Os ibn Rabiy ruxsat bermagani uchun Makkada qoldi. Abu Bakrning umr yo‘ldoshi Ummu Rumon, o‘g‘li Abdulloh, qizi Oisha va Asmoni olib qaytdi. Asmo homilador bo‘lib, Madinada ko‘zi yoridi. Abdulloh muhojirlar orasida tug‘ilgan birinchi chaqaloq edi.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Fevral 2007, 22:18:41

MADINA BEZGAGI

Makkadan kelgan muhojirlarga dastlabki paytlarda Madinaning havosi yohmadi, ko‘pchilik qorin shishish kasaliga giriftor bo‘ldi. Ularning holidan xabar olib, arz-dodlarini eshitgan rasululloh parvardigorga yolborib: "Ey Olloh, bizga Madinani ham sevimli maskan hilib ber. Madinaning tosh-tarozi va o‘lchovlari bizlarga barokatli bo‘lsin. Madinaning vabosini Juhfa*ga ko‘chir", deya duo qildilar. U kishining duosi ijobat bo‘ldi. Kasallik arib, muhojirlar Madinada xotirjam yashay boshlashdi.

_____________
*Juhfa — Makkadan 82 mil yiroqdagi qishloq. Suriyaliklar hajga kelayotganlarida shu yerdan ehrom boglashadi. Bir mil 1600 metr.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Fevral 2007, 22:19:07

NOCHORLARNI HIJRATDAN QAYTARISH

Biroq safarga chiqishga qurbi yetmay Makkada qolgan musulmonlarning ahvoli zabun edi. Ularning ba’zilari qamoqqa olindi, ba’zilari barcha haq-huquqlardan mahrum etildi. Bular Valid ibn Valid, Iyosh ibn Rabia, Hishom ibn Os edi. Payg‘ambar alayhis-salom ularning haqiga duo qilib, Xudodan mushkullarini oson qilishni o‘tinardilar. "Duoi qunut" o‘shanda paydo bo‘lgan. "Duoi qunut" turli vaqtlarda, ya’ni xuftonning vitrida, bomdod namozining rukusidan oldin hamda keyin o‘qilgan. Har bir sahoba o‘z ko‘rgan-bilganini bayon etgan "Duoi qunut" qaysi namozda o‘qilgani haqida mazhab imomlari orasida ixtilof borligining sababi shunda.

Qayd etilgan


Doniyor  14 Fevral 2007, 22:20:02

HIJRATNING BIRINCHI YILI. MASJID QURISH

Payg‘ambar alayhis-salom bani Najjor mahallasidagi tuyasi cho‘kkan joyga masjid solishni ixtiyor etdilar. Bu yer As’ad ibn Zurora tarbiyasidagi ikki yetim bolaning xurmo xirmoni edi. Rasululloh ularni chaqirib, xirmon o‘rnini va uning atrofidagi xurmozorlarni sotishni iltimos qilganlarida bolalar masjid uchun bu yerni tekinga berajaklarini aytishdi, biroq sarvari olam haqini to‘lab, yerni sotib oldilar. Bu joyning bir qismi daraxtzor, bir qismi mushriklarning eski qabristoni va yana bir kismi katta-kichik jarlik edi. Qabristondagi jasadlar boshqa joyga ko‘chirildi, jarliklar tekislanib, daraxtlar kesildi. Kaftdek tekis maydonga masjidning birinchi g‘ishti qo‘yildi. Binoning poydevoriga tosh terilib, devorlari xom g‘ishtdan ko‘tarildi, xurmo daraxtlaridan ustun qilinib, shox-shabbasi tomga bosildi.

Qayd etilgan