Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 269334 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 55 B


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:12:47

KATTA BADR G’AZOTI

Payg‘ambar alayhis-salom qurayshlarning katta karvoni Shomga ketganini bilardilar. Karvon orqaga qaytayotganidan xabar topib, sahobalarni safarga otlantirdilar: "Karvonning yo‘lini to‘sib chiqinglar. Olloh bu karvonni sizlarga marhamat qilishi mumkin". Ba’zilar darrov yo‘l hozirligini ko‘rdi, ba’zi birovlar rasululloh bari bir ular bilan urushmaydilar, degan o‘yda o‘z yumushlari bilan mashg‘ul bo‘laverdilar. Sarvari olam ot-ulovini shaylaganlarni yonlariga olib, boqi-beg‘amlarni kutmasdan yo‘lga tushdilar. U kishining o‘rniga Madinada Abdulloh ibn Ummu Maktum qoldi. Ramazon oyining uchinchi kuni uch yuz o‘n uch kishi quraysh mushriklari yetkazgan ozoru kulfatlar uchun o‘ch olgani yurish qildi. Ularning ikki yuz qirqdan ko‘prog‘i ansorlardan, qolgani muhojirlar bo‘lib, ixtiyorlaridagi ikkita ot bilan yetmish tuyani galma-galdan minishardi. Bayroqni Mus’ab ibn Umayr Al-Abdari ko‘tarib olgan edi. Abu Sufyon payg‘ambar alayhis-salom karvonning yo‘lini to‘sib chiqqanlarini eshitib, darrov Makkaga odam jo‘natdi. Bu gapdan xabar topgan qiziqqon qurayshlar o‘z karvonini asrash uchun (Abulahab ibn Abdul Muttalibdan boshqa hamma) yo‘lga otlandi. Abulahab o‘z o‘rniga Os ibn Hishom ibn Mug‘irani jo‘natdi.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:13:02

Imom Buxoriyying rivoyat qilishicha, Sa’d ibn Muoz hijratdan keyin Ka’ba ziyoratiga borgan paytida Umayya ibn Xalafga: "Musulmonlar seni qanday bo‘lmasin o‘ldirmoqchiligini rasulullohdan eshitdim", dedi. "Ular meni qayerda o‘ldirisharkan?" deb so‘rabdi Umayya. Sa’d: "Bunisini bilmadim", debdi. Bu gapdan qattiq vahimaga tushgan Umayya Makkadan bir qadam ham tashqariga chiqmaslikka qasam ichdi. Biroq Abu Jahlning tanayu-dashnomlariga chidolmay ko‘pchilik bilan karvonni qo‘riqlagani borishga majbur bo‘ldi. U shahar tashqarisiga chiqsa ham hech narsaga aralashmay, biron kimsa bilan to‘qnashmay qaytishga qaror qildi. Biroq Olloh taoloning irodasi uning istagidan ustun keldi. Umayyaning xohish-irodasiga zid holda ajal uni Badrga sudrab keldi.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:13:18

Quraysh oqsoqollaridan ko‘plari bitta karvon uchun musulmonlar bilan urushishni istamas, biroq ko‘pdan ajrab qolishning ham iloji yo‘q edi. Cho‘riyu-qullar oldinda musulmonlarni hajv qiluvchi qo‘shiqlarni aytib borishar, orqada ot, tuyalarga mingan mushriklar dabdabayu-as’asa solib kelishardi. Ularning bu holati Anfol surasining 48-oyatida aniq bayon etilgan: "Vaqtiki kelib shayton ularga o‘z amallarini yaxshi ko‘rsatib, sizlarni hech kim yengolmaydi, men sizlarning madadkoringizman, dedi. Ikki qo‘shin to‘qnashgan paytda esa shayton orqasiga qochdi va qo‘limdan hech narsa kelmaydi, sizlarga yashirin narsalarni ko‘rib turibman, men chindan ham Ollohdan qo‘rqayapman, uning ovozi (juda ham) vahimalidir", dedi. Esli-hushli odamlar ibrat olishlari uchun parvardigor Hashr surasining 16-oyatida shaytonning qilmishlarini misol keltiradi: Munofiqlar shaytonga o‘xshaydi. Payti kelganda shayton insonga kofir bo‘l, dedi. Inson kofirlik ko‘chasiga kirgach, men rostdan ham hech narsaga arzimayman. Men barcha olamlarning parvardigori Ollohdan juda ham qo‘rqaman, dedi".

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:13:37

Abu Sufyonga yordamga otlanganlarning soni to‘qqiz yuz ellik kishi bo‘lib, yetti yuzi tuyada, ikki yuz ellik kishi otliq edi. Mushriklarning bu hatti-harakatlaridan bexabar payg‘ambar alayhis-salom o‘z qo‘shinini ko‘zdan kechirib, jangga yaroqsiz, nimjon, kasalvandlarini Madinaga qaytarib yubordilar. Ikki kishini karvondan xabar olib kelishga jo‘natdilar. Ular Madinadan o‘ttiz-qirq mil olisdagi Rakho degan joyga yetib kelishganda mushriklarning katta qo‘shini jangga otlangani, ularning erta-indin Badr degan joyga yetib kelajagi ma’lum bo‘ldi.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:13:50

 Rasululloh o‘z sarkardalarini yig‘ib: "Parvardigor menga yo karvon, yo quraysh askari bilan uchrashishni havola etdi. Bu ikki ishdan qay birini tanlashni xohlaysizlar", dedilar. Maslahat chog‘ida ba’zi birovlarning o‘ljaga ega bo‘lish uchun karvonni qo‘lga kiritishdan boshqa niyati yo‘qligi ma’lum bo‘ldi, ba’zilar esa g‘azotga otlanganidan bexabar qolib puxtaroq tayyorgarlik ko‘rib kelishmaganidan afsuslanishdi. Ularning gapi Anfol surasining 7-oyatida bayon etilgan fikrga mos keladi: "Payti kelganda Olloh sizlarni ikki guruhdan biri bilan uchrashishingizga ruxsat bergan edi. Sizlar kuchsizlar bilan uchrashishni ixtiyor etdinglar". Miqdod ibn Asvod o‘rnidan turib: "Ey rasululloh, Olloh nimani buyursa, shuni qil. Xudo haqqi biz Muso alayhis-salomga: "Sen parvardigoring bilan birga borib urushaver, biz bu yerda kutib turamiz", (Moida surasining 24-oyatida) degan bani Isroilga o‘xshab muomala qilmaymiz. Biz sen bilan birga g‘azotga boramiz. Agar bizni Barko‘lg‘amodga boshlasang ham hech ikkilanmay boraveramiz", dedi. Rasululloh unga minnatdorchilik bildirib, ansorlarining fikrini so‘radilar. Aqoba bay’atida ular payg‘ambar alayhis-salomni himoya qilishga so‘z berishgan bo‘lsa-da, u kishi bilan birga jangga kirishlari aytilmagan edi. Avs qabilasining oqsoqoli Sa’d ibn Muoz "Ey rasululloh biz sening payg‘ambarligingga ishonib imon keltirdik. Xudo nimani buyursa shuni qil, biz gap-so‘zsiz senga ergashamiz. Agar manavi Qizil dengizga kirishni buyursang, so‘zsiz bajo keltiramiz. Agar ertaga sen g‘anim bilan yuzma-yuz kelsang, biz yoningda bo‘lamiz, bizning qanchalik sabr-qanoatli, bardoshli ekanimizni ana o‘shanda ko‘rasan. Xudo xohlasa, bizlardan rozi bo‘lsang ajab emas, Xudoga tavakkal qilib yo‘lingda davom etaver", dedi. Bu gapdan rasulullohning yuzlari nurlanib ketdi. "Sizlarga xushxabar aytib qo‘yay, men mushriklarning jasadlarini ko‘rgandek bo‘lyapman", dedilar. Bu gapdan musulmonlar qonli to‘qnashuv bo‘lishi muqararligini his etishdi.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:14:10

Abu Sufyon poyu piyoda musulmonlarning qat’iyat bilan bostirib kelayotganini eshitgach, shartta yo‘lini o‘zgartirib, dengiz sohili bilan qochib qoldi hamda qurayshlarga xat yozib vaziyatni batafsil tushuntirgach, orqaga qaytishlarini tavsiya etdi. Lekin Abu Jahl uning gapiga quloq solmay Badrga borib uch kun turib, tuyalarni so‘yib, rosa mayxo‘rlik qilib va arablarga o‘zimizni tanitib o‘la-o‘lguncha bizlardan hayiqadigan qilmagunimizcha bu yerdan ketmaymiz, deya qasam ichdi. Axnas ibn Shariyq ittifoqdoshi Zuhro aymog‘iga Xudo mol, joninglarni asraganiga shukrona aytib, tezroq ketinglar, deya maslahat berdi. Uning gapi bilan bani Zuhro, bani Adiy aymoqlari Badr urushida qatnashishmadi. Abu-jahlning odamlari Badr vodiysining Madinadan olisdagi tuprog‘i o‘ynab yotgan joyiga kelib tushdi. Payg‘ambar alayhis-salom boshchiligidagi musulmonlar ham Badrga yetib kelgach, Ali ibn Abu Tolib bilan Zubayr ibn Avvom vaziyatni o‘rganib kelgani jo‘natildi. Ular mushriklarning suv tashiydiganlaridan ikki kyshini tutib kelishdi. Bu chog‘da rasululloh, namoz o‘qiyotgan edilar. Ali bilan Zubayr asirlarni o‘rtaga olib so‘roq qila boshlashdi. "Biz bor-yo‘g‘i suv tashuvchilarmiz, ko‘p narsalardan xabarimiz yo‘q, deyishdi ular. So‘roq qiluvchilar asirlarning gapiga ishonmay ura ketishdi. Ular biz suv tashuvchi emas, Abu Sufyonning xizmatkorlarimiz, deyishganidan keyingina qo‘yib yuborishdi.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:14:21

Bu orada ibodatini tugatgan rasululloh: "Ajab, ular rostini aytganda tutib olib urdinglar, yolg‘on gapirganda qo‘yib yubordinglar. Bular qurayshning xizmatkorlaridan ekanligi shundoqqina ko‘rinib turibdi-ku", dedilar va mushriklar qo‘shini qayerga tushganini so‘radilar. Asirlar mushrik askarlari joylashgan yerni aniq aytib berishdi. Rasululloh ular kuniga nechta tuya yeyishayotgani bilan qiziqdilar. "Ba’zi kunlari, to‘qqizta, ba’zan o‘nta", deya javob berishdi asirlar. "Demak, ularning soni to‘qqiz yuz bilan ming o‘rtasida ekan", deya xulosa chiqardilar payg‘ambar alayhis-salom hamda oqsoqollardan kimlar kelganini surishtirdilar. Asirlardan ularning nomlarini eshitgach, sahobalarga: "Makka sizlarga qarshi o‘z jigarporalarini tashlabdi", dedilar. Musulmonlar joyidan qo‘zg‘alib, Madina yaqinidagi suvsiz, sho‘rxok yerga ko‘chishdi. Ularni tashnalik qiynay boshladi, ko‘plari junub, tahoratsiz bo‘lib qoldi, payt poylab turgan shayton darrov vasvasa qilishga tushdi: "Mushriklar suvsizlikdan tinka-madoringiz qurib, yo‘lingizni eplab yurolmaydigan ahvolga tushishingizni kutib turishibdi. Keyin sho‘ringizni quritib, boshingizga it kunini solishadi".

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:14:38

Agar Haq Taolo o‘z fazlu marhamatini namoyon etmasa, chindan ham ba’zi odamlarning irodasi bo‘shashib ketishi hech gap emasdi. Kutilmaganda havoga bulut chiqib, shu qadar qattiq yomg‘ir yog‘diki, jilg‘alar to‘lib-toshib ketdi. Odamlar idishlarini, chuqurlarni suvga to‘lg‘izib olishdi, chang-to‘zon bosilib, yurish osonlashdi. Mushriklar uchun esa yomg‘ir katta tashvish keltirdi, ular turgan yer botqoqqa aylanib, na ulovda. na yayov yurish mumkin bo‘lmay qoldi. Olloh Anfol surasining 11-oyatida musulmonlarga ko‘rsatgan marhamati haqida bunday deydi: "Sizlarni poklash, shayton vasvasasini daf etish, qalbinglarni sokin, qadaminglarni baquvvat qilish uchun Olloh bulutdan yomg‘ir yog‘dirib berdi". Parvardigor musulmonlarga dalda berish uchun jang maydonida ularga mushriklarning sonini kamaytirib ko‘rsatdi. Olloh taoloning hukmi bajo keltirilishi bu voqealarning davomida ayon bo‘ldi. Anfol surasining 43-44-oyatlarida bu xususda shunday deyiladi: "Vaqtiki kelib Olloh tushingda ularni senga kamaytirib ko‘rsatdi, agar ko‘paytirib ko‘rsatsa, qo‘rqib ketardinglar va shubhasiz o‘rtangizda nizo chiqardi, lekin Xudoning o‘zi asradi, u ko‘ngildagi (sir-asrorlarni) yaxshi bilguvchidir. Olloh bo‘ladigan ishni bo‘ldirish uchun ularni sizlarga ozgina qilib ko‘rsatdi. Sizlarni ham ularga kamaytirib ko‘rsatdi. Hamma narsa Ollohning dargohiga qaytajak".

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:14:55

Musulmonlar qarorgohini o‘zgartirib, katta suv bo‘yiga kelib joylashishdi. Ansorlardan Xubob ibn Munzir benihoya tadbirli, harbiy salohiyati o‘tkir kishi edi. U payg‘ambar alayhis-salomdan: "Ey, rasululloh, bu yerga Ollohning amriga binoan keldikmi yo sening xohishing bilanmi?" deb so‘radi. Payg‘ambar alayhis-salom qo‘shinni o‘z xohish-irodalari bilan ko‘chirganlarini aytdilar. "Unday bo‘lsa, mushriklarga yaqin joyga ko‘chib o‘taylik, bu yer jang qilishga noqulay. Mushriklarning shundoqqina biqinida katta ko‘l bor, biz shu yerga joylashib, meshlarni suvga to‘ldirib olganimizdan keyin yon-verimizdagi hamma quduqlarni ko‘mib tashlaylik. Hali jangga kirib ulgurmay suvsizlikdan mushriklar adoyi-tamom bo‘lishadi". Hubobning fikri ma’qullanib, uning ko‘rsatmasi bo‘yicha ish qilindi. Jangovar tayyorgarlik tugagach, Avs qabilasining oqsoqoli Sa’d ibn Muoz "Ey rasululloh, biz sen uchun alohida chodir tikib, ulovingni shay qilib qo‘yaylik. Agar Olloh bizga nusrat ato etib, g‘alaba qozonsak nur ustiga a’lo nur, bordi-yu, dushman ustun kelsa, sen darrov orqaga qaytib ketishing kerak. Seni bizdan ortiq suyib, itoat etadigan qancha odam Madinada qoldi. Ularning ham g‘azotda qatnashish istagi bor edi. Biroq bu safar sening g‘azavot niyatida otlanganingdan bexabar qolishdi, bor-yo‘g‘i karvonni qo‘lga kiritish uchun ketdi, deb o‘ylashdi. Bu odamlar har qanday sharongda sen uchun ko‘ksini qalqon qilishga tayyor, ular saodatga erishishi uchun ham sen omon bo‘lishing kerak", dedi. Bu fikr ko‘pchilikka ma’qul kelib, katta tepalik ustiga chodir tikildi. Musulmonlar saf chekib, jangovar holga kelgach, rasululloh zarur ko‘rsatmalarni berdilar va xudoga murojaat qilib, duoga qo‘l ochdilar: '"Yaratgan egam, quraysh xalqi senga takabburlik va bo‘yni yo‘gonlik qilib yuborgan payg‘ambaringni yolg‘onchiga chiqarmoqda. Menga va’da qilgan yordamingni darig‘ tutma, bizlarga nusrat ato et!" Bu duoga qo‘shilgan musulmonlar qalblarida bir munavvarlik tuydilar, dushman har qancha qudratli, soni har qancha ko‘p bo‘lmasin, baribir g‘olib kelishlariga ishonch uyg‘ondi. Bu har qanday jangning hal qiluvchi omili edi.

Qayd etilgan


Doniyor  16 Fevral 2007, 15:15:08

Bu orada mushriklar orasida ixtilof chiqib, jangga kirish-kirmaslik haqida tortisha boshlashdi. Utba ibn Robia urushishdan qaytarib, musulmonlar tomonidan o‘ldirilgan Amir ibn Hazramiyning tovonini va musodara qilingan mollarni o‘z yonidan to‘lashini aytdi. Abujahl uni qo‘rqoqlikda ayblab, malomatlar yog‘dirdi. "Xudo haqi, Muhammad bilan urushib, taqdirda nima borligini ko‘rmaguncha qaytib ketmayman", dedi u takabburlik bilan. Jang oldidan Asvad ibn Abdulasad: "Qasam ichib aytamanki, musulmonlarning qo‘lidan suv ichaman. Bu yo‘lda o‘lsam ham roziman", dedi. Biroq niyatiga yetolmadi. Jang boshlanishi bilanoq Hamza uni yaralab, oyog‘ini chopib tashladi. Johil Asvad qasamini bajarish uchun emaklab borib, o‘zini hovuzga tashladi, Hamza uning boshini tanasidan judo qildi. Rasululloh musulmonlarga sabr-matonat, dovyuraklik tiladilar. "Jangda chidamli bo‘lgan odamni Olloh g‘am-qayg‘udan xalos etadi", dedilar u kishi.

Qayd etilgan