Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 269346 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 ... 55 B


Doniyor  20 Fevral 2007, 19:18:52

ZOTUR-RIQO’ G’AZOTI

Shu yilning rabbiul oxir oyida Najd tomonda yashovchi arablardan bani Muhorib, bani Sa’la qabilalari musulmonlarga qarshi urushga taryorgarlik ko‘rishayotgani ma’lum bo‘ldi. Payg‘ambar alayhis-salom yetti yuz sahobani ularga qarshi otlantirdilar. Rasulullohning o‘rnilarida Usmon ibn Affon qoldi. Musulmonlar dushman yurtiga yetib kelganda, shahar, qishloqlarda ayollaru bola-baqradan boshqa hech kim ko‘rinmadi, erkaklar qo‘rqqanidan tog‘-toshga juftakni rostlab qolishgan ekan.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Fevral 2007, 19:19:03

Musulmonlarning unchalik ko‘p emasligini ko‘rgach, mushriklarning bir qismi yurak yutib pastga tushdi, lekin baribir jang qilishga botinisholmadi. Bu orada namozdigar (asr namozi) vaqti bo‘lib qoldi. Rasulluloh dushman qo‘qqisidan hujum qilib qolishdan xavfsirab salotuxavf* dedilar. Mushriklar musulmonlarga yaqinlashishga jur’at etolmay tarqab ketishdi. Imom Buxoriy bu g‘azotni hijratning yettinchi yili, boshqa islom tarixchilari esa to‘rtinchi yili bo‘lgan deb hisoblashadi.

______________
*Salotuxavf — musulmonlar urush holatida turganlarida namozni ikkiga bo‘linib galma-gal o‘qish.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 21:21:26

IKKINCHI BADR G’AZOTI

Shu yili sha’bon oyida Abu Sufyon dag‘dag‘a qilib aytgan vaqt keldi. Uhud g‘azotidan keta turib u kelgusi yili sizlar bilan savdo mavsumida Badrda yana urushamiz, degan edi. Payg‘ambar alayhis-salom bu gapga rozilik bergan edilar. Har yili sha’bon oyida Badrda sakkiz kun bozor bo‘lar edi. Va’dalashgan vaqt yetib kelganda qurayshda qahatchilik yuz berib, mushriklar urushishga botinisholmadi. Abu Sufyon lafzida turmaydigan qo‘rqoq degan nom olmaslik uchun qo‘shinining soni ko‘pligini pisanda qilib, musulmonlarni qo‘rqitmoqchi va shu bahonada ularni urushish fikridan aynitmoqchi bo‘ldi. Naim ibn Mas’ud Abu Sufyonning topshirig‘iga binoan musulmonlarning huzuriga elchi bo‘lib bordi.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 21:21:45

Olloh taolo Naimning musulmonlar ko‘ngliga g‘uluv solish uchun aytgan gaplarini Oli Imron surasining 173-oyatida bunday naql etadi: "Kishilar ularga: haligi odamlar sizlarga hujum qilish uchun qo‘shin to‘pladi, ulardan qo‘rqinglar", deyishdi. Bu gap ularning imonini mustahkamlaydi. Ular: "Bizga Olloh kifoya, u naqadar yaxshi xomiy, deyishdi". Payg‘ambar alayhis-salom Naimning tahdidini pisand qilmay bir yarim ming sahoba bilan yo‘lga chiqdilar. Va’dalashilgan joyda biron kimsa ko‘rinmaydi. Naimning tahdididan keyin musulmonlar Badrga kelishga jur’at etolmay beburd bo‘lishadi, deb o‘ylagan Abu Sufyon Majinna degan joydagi mashhur bozorga yetib kelganda qavmiga: "Bu yil qahatchilik yili, ma’murchilikda kelganimiz yaxshi", deb odamlarini qaytarib yuborgan edi.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 21:21:56

Musulmonlar esa Badrda bemalol savdo-sotiq qildilar. Bu xususda Oli Imron surasining 174-oyatida: "Ular Ollohning ne’mati va fazli bilan qaytib kelishdi, hech qanday ziyon-zahmatga uchramadi, ular yaratganning roziligini izlashdi. Olloh ulug’ fazl egasidir". Safvon ibn Umayya bu gapdan xabar topib Abu Sufyonga: "Boshda seni musulmonlarga bergan va’dangdan qaytargan edim. Ular va’daga xilof ish qilganimizni ko‘rib bizga qarshi otlanishga jur’at etishdi", dedi.
Shu yili payg‘ambar alayhis-salomning nevarasi Husayn ibn Ali tug‘ildi. Rasullohning ayoli, Xuzaymaning qizi Zaynab onamiz vafot etdi, shuningdek ammalarining o‘gli va Habashistonga birinchi bo‘lib hijrat qilgan emakdosh birodari Abu Salama olamdan o‘tdi; eri vafot etib, tul qolgan Ummu Salamani rasululloh nikohlariga oldilar.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 21:22:12

HIJRATNING BESHINCHI YILI DUMATUL JANDAL G’AZOTI

Shu yilning rabiul avval oyida Madinadan o‘n besh kunlik masofadagi Dumatul Jandaldagi bir guruh arobiy yo‘lto‘sarlik qilib, odamlarni qon-qaqshatayotgan Madinaga bostirib kirib musulmonlarni qilichdan o‘tkazmoqchiligi ma’lum bo‘ldi. Payg'ambar alayhis-salom o‘rinlariga Sibo’ Urfutani qoldirib, bu ofatning oldini olish maqsadida ming nafar sahoba bilan yo‘lga chiqdilar. Kechasi yo‘l bosib, kunduzlari yashirinib yaqinlashib kelganlarida arobiylar bilib qolib, tum-taraqay qochib ketishdi. Musulmonlar ularning chorvasini qo‘lga kiritishdi. Bir-ikkita podachidan boshqa hech kimni uchratolmay orqalariga qaytishdi. Yo‘l-yo‘lakay Bazora qabilasining boshlig‘i Uyayna ibn Hisni bilan hamkorlik bitimi tuzildi. Bu qabilaning yeri giyoh ko‘karmaydigan yaydoq dashtga aylanib ketgani uchun rasululloh ularga mollarini boqishga Madinadan 36 mil uzoqdan yer ajratib berdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 21:22:25

BANI MUSTALAQ G’AZOTI

Shu yilning sha’bon oyida payg‘ambar alayhis-salom Uhud urushida qurayshga yordam bergan Mustalaq qabilasining boshlig‘i Horiz ibn Ziror musulmonlarga qarshi yurishga tayyorgarlik ko‘rayotganidan xabar topdilar. Rasululloh o‘rinlariga Zayid ibn Horisani qoldirib, katta qo‘shin bilan yo‘lga chiqdilar. Ayollaridan Oisha bilan Ummu Salama ularga hamroh bo‘ldilar. Ilgari biron jangovor yurishda qatnashmagan munofiqlar o‘lja olish umidida safga qo‘shilishdi. Yo‘lda bani Mustalaqning bir josusi qo‘lga tushdi, biroq so‘ralgan savollarga javob berishdan bosh tortgani uchun qatl etildi.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 21:22:32

Musulmonlarning katta qo‘shin bilan kelayotganidan xabar topgan bani Mustalaqning lashkarboshisi Horis vahimaga tushdi, qo‘rqqanidan bir qism askarlari qochib ketdi. Musulmonlar Muraysi’ yetib kelgach, bani Mustalaq odamlarini Islom diniga da’vat etishdi, biroq ular bosh tortishgach, ikki tomon safga tizilib kamondan bir soat o‘q uzishishdi. Keyin musulmonlar yoppasiga hujumga o‘tib, g‘alaba qildilar. Ikki ming tuya, besh ming qo‘y qo‘lga kiritildi. Payg‘ambar alayhis-salom mol-hollarni boshqarishni Shaqronga, asirlarga qarashni Buraydaga topshirdilar. Asirlar ikki yuz qiz bo‘lib, ular orasida qabila boshlig‘ining qizi Barra ham bor edi. Asirlar musulmonlarga taqsimlab berildi.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 21:22:40

Bani Mustalaq qabilasi arablar orasida eng kuchli va jangovor qabila hisoblanardi. Ayollarining asir olinib, quldek taqsimlanishi ularga g‘oyat og‘ir botardi. Bu narsani yaxshi bilgan payg‘ambar alayhis-salom juda katta oliyjanoblik va mardlik namunaeini namoyon etdilar, ayollarni ozod etishning musulmonlar rozi bo‘ladigan yo‘lini o‘ylab topdilar. Sarvari olam, Horisning qizi Barrani nikohlariga olib, Juvayriya deb atadilar. Shu bilan musulmonlar asirlarni rasulullohning qudalari hisoblab, ozod qilib yuborishdi. Oisha raziyallohu anhoning ta’biricha, Juvayriya o‘z qavmi uchun g‘oyat sharofatli ayol bo‘ldi. Payg‘ambar alayhis-salomning marhamatlaridan qattiq ta’sirlangan bani Mustalaq qabilasi yoppasiga imon keltirdi, ilgari musulmonlarning ashaddiy dushmani hisoblangan odamlar endi ularning yaqin do‘stlariga aylanishdi. Agar rasululloh tadbikorlik qilmaganlarida ikki o‘rtadagi adovat battar kuchayib, ancha-muncha qon to‘kilishi mumkin edi. Bu g‘azot jarayonida ibratli ikki voqea yuz berdi.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 21:23:13

Birinchisi, Umar ibn Xattobning xizmatkori bilan Xazraj qabilasining ittifoqchilaridan bo‘lmish bir odam urushib qolishdi. Umarning xizmatkori uni urib, yarador qildi va ikkalovi o‘z qavmini yordamga chaqirdi. Agar rasululloh kelib qolmaganlarida ikki o‘rtada boshlangan dahanaki jang qon to‘kilishiga sabab bo‘lishi hech gap emasdi. "Yana johiliyat davridagi tarafkashliginglarni qilmoqchimisizlar? Yo‘qotinglar bunday yaramas odatni!" dedilar rasululloh va jabrdiydaning o‘chini olib berdilar. Shu bilan janjal barham topdi.
Bu voqeani eshitgan Abdulloh ibn Ubay xafa bo‘lib o‘z qabiladoshlariga: "Men hech qachon bugungidek xo‘rlikni ko‘rmagan edim. Ularni yurtimizga kiritib, uyimizning to‘ridan joy bersagu buning evaziga bizni savalashadimi? Itingni semirtirsang o‘zingni qopadi, deganlari shu ekan-da. Xudoga qasamki Madinaga qaytsak albatta aziz u yerdan xorni chiqarib tashlaydi. Aslida-ku bu xo‘rlikni o‘zinglar tilab oldinglar. Ularni uyingizga chaqirib mol-mulkingizni baham ko‘rdingiz. Agar quchoq ochib kutib olmaganingizda boshqa tomonlarga ravona bo‘lishardi. Bunisi ham yetmagandek Muhammad uchun urushib joninglarni qurbon qilyapsizlar, bolalaringiz yetim bo‘lib chirqirab qolishyapti, ular esa ko‘paygandan ko‘payyapti. Bundan keyin ularga yordam bermanglar, kambag‘allashib, Madinadan ketishga majbur bo‘lishsin", dedi. Shu yerda hozir bo‘lgan imoni butun Zayd ibn Irqam ismli yigit bu gaplardan payg‘ambar alayhis-salomni voqif etdi.

Qayd etilgan