Urva rasulullohning soqolidan tutamlaydigan vajohatda qo‘lini paxsa qilib gap boshlagan edi, Mug‘ira ibn Shu’ba uning qo‘lini siltab tashladi. Urva har qancha johil bo‘lmasin, musulmonlar payg‘ambar alayhis-salom tahorat olgan suvni talashishlarini, u kishining huzurida baland ovozda gaplashishmasliklarini, hatto u kishining yuziga tikilib qaramasliklarini ko‘rib ta’sirlandi. U Makkaga qaytgach, qurayshlarga ko‘rgan-bilganlarini ro‘y-rost aytdi: "Men Eron podshosi Kisro, rum podshosi Qaysar, Habashiston podshosi Najoshiy huzurida bo‘lganman, lekin ularning birontasi Muhammad erishgan izzat-ikromga, sahobalar ko‘rsatgan sadoqatga erisholmagan. Muhammadga ergashganlar uni hech qachon yolg‘izlatib qo‘ymasligiga amin bo‘ldim. Muhammadning talabiga rozilik berish kerak, tag‘in o‘zinglar bilasizlar. Muhammad haq, taklifini qabul qilinglar. Men butunlay sizlar tomondaman, lekin Muhammadning ustidan g‘alaba qozonishlaringga ko‘zim yetmaydi", dedi.