Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 269969 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 ... 55 B


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:29:19

Bu gaplardan ta’sirlangan odamlar musulmon bo‘lib, payg‘ambar alayhis-salomga bay’at qila boshlashdi. Muoviya ibn Abu Sufyon bilan Abu Bakr Siddiqning otasi Abu Qahofa ham shu kuni imon keltirishdi. Payg‘ambar alayhis-salom ularning islom diniga kirganidan benihoya xursand bo‘ldilar.
Bay’at qilish uchun bir odamning dag‘-dag‘ titrayotganini ko‘rgan rasululloh: "Qo‘rqma, men podshoh emasman. Quritilgan go‘sht yeydigan quraysh xotinning bolasiman", dedilar.
Payg‘ambar alayhis-salom o‘limga hukm etgan kimsalarga bu olam tangu tor bo‘ldi, lekin u zoti muborakning hukmlari odil va haqli edi. Bundaylarning bir qismi Ollohning iltifoti tufayli imon keltirib, jonini saqlab qoldi. Abdulloh ibn Sa’d ibn Abiy Sarh emikdosh qarindoshi Usmon ibn Affonga yolborib rasululohdan omonlik olib berishini o‘tindi. To Makkada osoyishtalik o‘rnatilguncha Usmon ibn Affon Abdullohni o‘z uyiga yashirib qo‘ydi. Keyin uni payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga olib bordi-da: "Ey rasululloh, men qarindoshimga omonlik berdim, sen uning bay’atini qabul qilgin", dedi. Payg‘ambar alayhis-salom xuddi uning gapini eshitmagandek teskari qarab oldilar. Usmon iltimosini bir necha marta takrorladi, rasululloh har gal yuzlarini ters buraverdilar. Lekin Usmon juda ham hokiturob bo‘lib yolboravergach, oxiri uning yuz xotiri uchun Abdullohning gunohidan kechdilar. Usmon bilan Abdulloh chiqib ketgach, sarvari olam sahobalarga: "Birontangiz Abdullohning kallasini olarmikinsiz deb teskari qarab olsam, nega jim turaverdinglar?" dedilar. "Nega bizga ishora qilib qo‘ymadingiz?" deyishdi sahobalar. "Payg‘ambar ko‘zi xiyonat qilishi mumkin emas", deya ularga tanbeh berdilar rasululloh.

Qayd etilgan


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:29:40

Ikrima ibn Abu Jahl Makka fath etilgandan keyin qochib ketdi. Uning xotini Ummu Hakim Makka fath etilishidan avval musulmon bo‘lgan edi. Ummu Hakim sarvari olamdan eri uchun omonlik olgach, izlab yo‘lga tushdi. Izlay-izlay nihoyat uni dengiz sohilida kemaga chiqmoqchi bo‘lib turganda topdi. "Men senga dunyodagi eng yaxshi, yangi odil odamdan omonlik olib keldim. O’zingni o‘zing juvonmarg qilmay men bilan birga yur", dedi Ummu Hakim. Ikrima xotinining gapiga ishonib Makkaga qaytib bordi. Payg‘ambar alayhis-salom uni ko‘rib: "Musulmon bo‘lib, bizga hijrat qilib kelgan odamni quchoq ochib kutib olamiz", deya o‘rinlaridan turib ketdilar. Ikrima imon keltirib, ilgarigi gunohlari uchun payg‘ambar alayhis-salomdan o‘ziga istigfor aytishlarini o‘tindi. Rasululloh uning iltimosini bajo keltirdilar. Shu kundan e’tiboran Ikrima islom uchun astoydil jon koyitadigan musulmonlardan biriga aylandi.
Hubar ibn Asvad qochib gadoy topmas bir pastqamlikka yashirindi. U payg‘ambar alayhis-salom Makka bilan Toif oralig‘idagi Ji’ronada turgan paytlarida kelib: "Ey rasululloh, men Eronga qochib ketmoqchi edim, lekin sening silai-rahmingni, dilingni ranjitganlarning ham gunohidan o‘tishingni eshitib qaytib keldim. Bizlar butparst edik. Olloh sen orqali hidoyatga erishtirdi, halokatdan qutqardi. Meni ham kenglik qilib kechirgin", dedi, "Mayli, kechirdim", dedilar payg‘ambar alayhis-salom.

Qayd etilgan


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:29:47

Horis ibn Hishom bilan Zuhayr ibn Aru Umayya Maxzumiyni Abu Tolibning qizi Ummu Honi himoyasiga olgan edi. Horis payg‘ambar alayhis-salomga uchrashgan paytida rasululloh seni hidoyat qilgan xudoga shukr, senday odam islomning nimaligini tushunmay qolishi mumkin emasdi", dedilar. Sarvari olamning bu gaplari Hishomning ko‘nglini tog‘dek o‘stirib yubordi. U to umrining oxirigacha islom uchun astoydil jon koyitadigan sahobalardan biriga aylandi.
Yashirinib olgan Safvon ibn Umayya musulmonlarning qasosidan qo‘rqib o‘zini dengizga g‘arq etmoqchi bo‘ldi. Amakisining o‘g‘li Umayr ibn Vahib payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga kelib: "Ey ollohning payg‘ambari, Safvon o‘z qavmining boshlig‘i. Oldin qilgan gunohlaridan qo‘rqib o‘zini suvga g‘arq etmoqchi. Sen saxovat bilan hamma odamning gunohidan kechyapsan, unga ham omonlik bergin", deb o‘tindi. "Mayli, amakivachchanga borib ayt, gunohidan kechdim", dedilar rasululloh. "Bu gapingni isbotlaydigan biron nishona bergin", dedi Umayr. Payg‘ambar alayhis-salom sallalarini olib, uning qo‘liga tutqazdilar. Umayr sallani olib, Savfonga uchrashdi. "Ota-onam sadagang ketsin, men eng yaxshi, eng mehribon, eng muloyim, eng oqil odam — payg‘ambar alayhis-salomning yonidan keldim. U amakingning o‘g‘li, uning hurmati — sening hurmating, uning sharafi — sening sharafing, uning hokimiyati — sening hokimiyating. Yur, borib tavba qil", dedi. Safvon: "Unga ro‘para kelishdan qo‘rqaman", dedi. "Payg‘ambar alayhis-salom haddan tashqari muloyim, bag‘ri keng odam", deya uni ishontirishga urindi Umayr va omonlik berilganining nishonasi bo‘lmish sallani ko‘rsatdi. Safvon shundan keyingina payg‘ambar alayhis-salomga uchrashib: "Umayr rasululloh senga omonlik berdi, deyapti, shu gap rostmi?" deb so‘radi. "Ha rost" dedilar payg‘ambar alayhis-salom. "Unday bo‘lsa, menga o‘ylab ko‘rishga ikki oy muhlat bergin" deya iltimos qildi Safvon. Payg‘ambar alayhis-salom unga to‘rt oy muhlat berdilar. Safvon to‘rt oydan keyin kelib imon keltirdi va islom uchun astoydil xizmat qiladigan fidoyi musulmonlardan biriga aylandi.

Qayd etilgan


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:29:56

Utbaning qizi Hind ham yashirinib olgan edi, bu urinishidan biron natija chiqmasligiga ko‘zi yetgach, kelib islom dinini qabul qildi. Payg‘ambar alayhis-salom uning hurmatini o‘rniga qo‘yib, o‘rinlaridan turib kutib oldilar. "Ey rasululloh, — dedi Hind, — men ilgari sening xalqing mag‘lub bo‘lishini istagan edim, endi sening xalqingga zafar yor bo‘lishiga tilakdoshman".

Qayd etilgan


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:30:15

KA’B IBN ZUHAYRNING IMONGA KELISHI

Taniqli shoir Ka’b ibn Zuhayr biron himoyachi va dalda beruvchi odam topolmay qattiq azobda qoldi. Payg‘ambar alayhis-salom Makkadan qaytganlaridan keyin Madinaga kelib islom diniga kirdi va rasulullohning huzurlarida mashhur "Qasidai burda"ni o‘qidi. Quyidagi misralar ushbu qasidadan olingan.

Umid bog‘lab kelgan do‘stlarim aytu'
Qilolmaymiz senga yordam-shafoat.
O’z holimga qo‘ying dedim ne bo‘lsa,
Peshonamga bitganini ko‘ray nihoyat.
Oxir bir kun qazo topar odamzot,
Uzoq yillar yashasa-da salomat.
Rasululloh hukm etibdi o‘limga,
Lek afv etar qilib menga inoyat.
Olloh senga berdi nurli Qur’onni,
Haq diniga qilib seni hidoyat.
Rasululloh dushman uchun Ollohning
O’tkir tig‘li qilichidir benihoyat.

Qasida shu yerga yetganda rasululloh ustilaridagi to‘nlarini yechib, shoirning yelkasiga tashladilar.

Qayd etilgan


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:30:32

Rasulullohning amakilari Hamzani o‘ldirgan Vahshiy ham imon keltirib, yaxshi musulmonlar safidan joy oldi. Payg‘ambar alayhis-salom uni qabul qilib, musulmon bo‘lgani bilan qutladilar. Abu Lahabning o‘g‘illari Utba bilan Mu’tab ham islom diniga o‘tdilar, rasululloh bu xabardan benihoya xushnud bo‘ldilar.
Suhayl ibn Amr yashirinib olgan edi, o‘g‘li Abdulloh payg‘ambar alayhis-salomdan omonlik olib berdi. "Suhayl aqlli va yaxshi odam. Bunday odam islom dininning haqiqatini anglab yetmasligi mumkin emas", deya marhamat qildilar sarvari olam. Bu gapdan qattiq hayajonlangan Suhayl: "Hudo haqqi, payg‘ambar menga juda ko‘p yaxshiliklar qildi", dedi minnatdorchilik bilan va umrining oxirigacha islom dini uchun kamarbasta bo‘ldi.

Qayd etilgan


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:30:44

AYOLLARNING BAY’AT QILISHI

Payg‘ambar alayhis-salomga erkaklar bay’at qilib bo‘lgach, navbat ayollarga keldi. Ular Ollohga hech narsani sherik keltirmaslikka, o‘g‘rilik va zino qilmaslikka, bolalarini o‘ldirmaslikka, birovlardan topgan bolasini erlaridan deb turib olmaslikka, yaxshi ishlarda payg‘ambar alayhis-salomga ergashishga bay’at qilishdi. Shundan keyin rasululloh Bilolga Ka’baning ustiga chiqib azon aytishni buyurdilar. Bu Baytullohda islom dinining birinchi marta oshkora e’tirof etilishi edi. Bu kunni Olloh bergan katta ne’mati va ulug‘ g‘alabasi uchun musulmonlar hayit bayramidek ulug‘lab nishonlasalar arziydi. Makka fath etilgach, rasululloh bu yerda o‘n to‘qqiz kun turdilar, bu vaqt ichida namoz qasr* qilib o‘qildi. Payg‘ambar alayhis-salom Makkaga Attob ibn Usaydni hokim qilib, kuniga bir dirham maosh tayinladilar. "Kuniga bir dirhamga to‘ymagan qorinni Olloh sira ham to‘yg‘azmasin", derdi Attob.

_______________
*Qasr — uch kunlik safarga chiqqan kishi to‘rt rakaat farz namozini ikki rakaat qilib o‘qilishi. Hozirgi zamon ulamolari 80 kilometr masofaga safar qilgan odamni musofir hisoblashadi.

Qayd etilgan


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:31:16

UZZO, SUVO’, MANOT BUTLARINING YO’QOTILISHI

Payg‘ambar alayhis-salom Makkaga kelganlarining beshinchi kuni Xolid ibn Valid boshchiligidagi o‘ttiz nafar suvoriyni Uzzo degan butni sindirib kelishga yubordilar. Uzzo qurayshlar cho‘qinadigan eng katta but bo‘lib, Nahla degan joyga o‘rnatilgan edi. Musulmonlar uni qulatib, maydalab tashlashdi.
Rasululloh Amr ibn Osni Suvo’ butini yo‘q qilishga yubordilar. Huzayl qabilasining bu eng katta buti Makkadan uch mil olisdagi bir joyga o‘rnatilgan edi. Amr ibn Os uni yer bilan yakson qilib qaytdi.
Sarvari olam Sa’d ibn Zayd Ashhaliy boshchiligida yigirma nafar odamni Manot degan butni yo‘qotib kelishga jo‘natdilar. Bu Kalb va Xuzoa qabilasining buti bo‘lib dengiz yoqasidagi Mushallal degan toqqa o‘rnatilgan edi. Musulmonlar borib uni qulatib tashlashdi.

Qayd etilgan


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:31:29

HUNAYN G’AZOTI

Makka fath etilib butparastlik tugatilgach, arablar guruh-guruh bo‘lib islom diniga kira boshladilar. Lekin buning aksicha jaholati avj olib, musulmonlarga qasdlashgan odamlar ham talaygina edi. Havozin bilan saqif qabilasining kattazang oqsoqollarining johiliyat davridagi ko‘hna takabburligi tutib, musulmonlarga qay yo‘sin o‘zlarini tanitib qo‘yish xususida maslahat kengashiga yig‘ilishdi. Qolaversa, ularda Muhammad o‘z qavmi bilan urushishdan forig‘ bo‘ldi, endi bizga hujum qiladi, degan xavotir ham yo‘q emasdi. U urush ochishini kutmasdan biz qo‘qqisdan bostirib brraylik, degan to‘xtamga kelishib, Molik ibn Avf Nasriyni o‘zlariga bosh etib saylashdi. Molikning atrofiga turli qabilalardan juda ko‘p odam to‘plandi. Ularning orasida rasulullohning sut onasi mansub qavm banu Sa’d aymog‘i ham bor edi. Jasurligi va fahm-farosati o‘tkirligi bilan shuhrat qozongan Durayd ibn Simma ularga qo‘shilib kelgan edi. Biroq u yoshi o‘tib qolganligi sababli faqat maslahatgo‘ylikdan boshqa ishga yaramasdi.

Qayd etilgan


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:31:39

Molik ibn Avf to‘planganlarga bola-chaqasi bilan mol-mulkini birga olib yurishni buyurdi. Durayd ajablanib, buning sababini so‘radi. "Agar bola-chaqasi bilan mol-mulki yonida bo‘lsa odamlar, ularni himoya qilish uchun astoydil urushadi", deya izoh berdi Molik. Keksa jangchi afsus bilan bosh chayqab: "Mag‘lub bo‘lganlarni orqaga qochishdan hech narsa to‘solmaydi. Agar jangda g‘alaba senga yuzlansa, faqat qurol tutishga qodir erkaklargina kuninga yaraydi. Mag‘lub bo‘lsang, bola-chaqalarning uvoliga qolasan", dedi. Molik uning maslahatiga quloq solmay, jangchilarning orqasiga ayollarini saf-saf qilib tizdi, ulardan keyin tuyalarni, sigirlarni va eng orqaga qo‘ylar podasini qo‘ydi.
Lashkarboshining mo‘ljalicha bu usul jangchilarning orqaga chekinib jang maydonidan qochib ketishiga imkon bermasdi. Havozin bilan Saqif qabilalari urushga tayyorgarlik ko‘rayotganidan xabar topgan payg‘ambar alayhis-salom ularga qarshi otlanishga qaror qildilar va o‘n ikki ming g‘oziy bilan yo‘lga chiqdilar; ularning ikki minggi Makkalik, qolganlari Madinalik sahobalar edi. Makkaliklar o‘lja — g‘animat ilinjida g‘ayratga minib, topgan ot ulovda, topmagan poyu piyoda safarga otlandi. Ularning orasida ayollar, hatto Safvon ibn Umayya Suhayl ibn Amr kabi saksonta mushriklar ham bor edi.

Qayd etilgan