Abu Bakr qo‘shinga imom qilib tayinlandi. Ibod ibn Bishr esa soqchilikka qo‘yildi. Ular Tabukka yetib kelganda bu joylar butunlay vayron bo‘lgan, odam yashaganining nishonasi yo‘q edi. Payg‘ambar alayhis-salom tikon bosib yotgan fayzsiz joylarga o‘ychan tikilganlaricha Muoz ibn Jabalga: "Umring yetsa, sen bu yerlarning yana obod bo‘lib, bog‘-bo‘stonga aylanganini ko‘rasan", dedilar. Chindan ham u kishining bashoratlari ro‘yobga chiqib, Tabuk eng xushmanzara maskanlardan biriga aylandi. Qo‘shin Tabukda dam olayotganda Abu Xaysama yetib keldi. Uning issiq kunda aziyat chekib bu yerga yetib kelishining sababi bor edi. Abu Xaysama uyiga kelsa, ikki xotini orom olishi uchun bog‘da salqin joy hozirlab, muzdek suv, lazzatli taomlarni tayyorlab qo‘yishgan ekan. Kun haddan tashqari issiq, har bir tirik jon soya-salqinga o‘zini urib, orom olishni ko‘zlaydigan payt edi. Abu Xaysama: "Mana shu issiq kunda rasululloh jonlarini qiynab yo‘l yursalaru men daraxt soyasida, chiroyli xotinlarimning bag‘rida muzdek suv ichib, rohatlanib yotamanmi, deya xayoldan kechirdi va vijdoni qiynalib, huzur-halovatdan voz kechdi. "Ollohning nomi bilan qasam ichamaiki, hech qaysingizning pashshaxonangizga kirmay, rasulullohniig orqalaridan quvib yetaman. Yo‘lga yegulik tayyorlab beringlar" dedi. To xotinlari yo‘l tadorikini ko‘rguncha qilichu nayzasini olib, tuyasini mindi va issiq zabtiga olib turganiga qaramay qo‘shinning orqasidan yo‘lga tushdi.