268
Abu Hanifa (r.a.) Abdulazizdan, u Mujohiddan, u Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qiladi. Ibn Abbos (r.a.) aytdilar: «Bir xotinning eri o‘lgan edi. Bolasining amakisi (ya’ni, qaynakasi. - Tarj.) keldi va unga turmushga chiqishni taklif qildi. Qizning otasi qizini unga berishdan bosh tortdi. Ayol hazrati Payg‘ambar (s.a.v.) yonlariga keldi. Voqeani aytdi. Rasululloh (s.a.v.) uning otasiga xabar yubordilar. Qizning otasi keldi.
- Bu ayol (qizing. - Tarj.) nima deyapti? - deya so‘radilar Rasululloh (s.a.v.).
- To‘g‘ri gapiryapti, biroq men uni u odamdan ham xayrli birisiga berdim, - dedi ota.
Shunda Alloh rasuli (s.a.v.) bu turmushni (nikohni. - Tarj.) bekor qildilar. U ayolni bolasining amakisiga (nikohlab) berdilar".
Ibn Abbosdan (r.a.) bo‘lgan boshqa bir rivoyatda aytiladi: "Asmoning o‘ziga bolasining amakisi va boshqa bir odam otasiga sovchi bo‘lishdi. Asmoning otasi Asmoni u odamga nikohlab berdi. Qiz hazrati Payg‘ambarga (s.a.v.) kelib bu holatdan shikoyat qildi. Rasuli akram (s.a.v.) uning boshqa odam bilan bo‘lgan nikohini bekor qildilar, bolasining amakisiga turmushga berdilar".
Yana bir rivoyatda quyidagicha keladi: "Bir ayolning eri vafot etdi. Bolasining amakisi ayolga sovchi bo‘lib keldi. Biroq qizning otasi qizining roziligisiz uni boshqa bir odamga turmushga berdi. Qiz hazrati Payg‘ambar (s.a.v.) huzurlariga bordi va bu voqeani tushuntirdi. Hazrati Payg‘ambar qizning otasini chaqirtirdilar va:
- Uni (qizingni. - Tarj.) yanada xayrli birisiga uzatdingmi? - deya so‘radilar.
U:
- Yanada xayrli birisiga uzatdim, - deya javob berdi. Rasululloh (s.a.v.) ayol bilan haligi odamni ajratdilar, u ayolni bolasining amakisiga nikohladilar".
Bir rivoyatda esa quyidagicha keltiriladi: "Bir ayolning eri vafot etdi. Uning bir o‘g‘il farzandi bor edi. Bolaning amakisi u ayolga sovchi bo‘lib otasi oldiga bordi. Ayol otasiga: "Meni u odamga turmushga bering", dedi. Qizning otasi bundan bosh tortdi. Ayolning roziligini olmay, uni boshqa bir odamga berdi. Ayol esa hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.) huzurlariga bordi. Bo‘lib o‘tganlarni hazrati Payg‘ambar (s.a.v.) qizning otasidan so‘radilar. U:
- Men qizimni bolasining amakisidan-da xayrli bir kishiga uzatdim, - deya javob berdi.
Hazrati Payg‘ambar (s.a.v.) ayol bilan u turmushga chiqqan odamning orasini ajratdi. U ayolni bolasining amakisiga nikohlab berdilar".