314
Abu Hanifa (r.a.) Yahyodan, u Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qiladi. "Bir odam shirakayf, aql-hushini yo‘qotgan ukasining o‘g‘lini Ibn Mas’udga olib keldi. U Ibn Mas’udning buyrug‘i bilan qamab qo‘yildi. Uning kayfi tarqab o‘ziga kelgach, Ibn Mas’ud tayoq (darra) so‘radi. Tayoq ustidagi meva va yaproqlarni olib tashladi. Keyin bir jallod chaqirib, u odamni urishni aytdi.
- Qo‘ltig‘ining osti ko‘rinmaydigan darajada qo‘lingni ko‘tar, - dedi.
Abdulloh sanay boshladi. 8 tayoqdan so‘ng to‘xtadi. Bir qari kishi:
- Ey Abu Abdurahmon! Allohga qasamki, u mening ukamning o‘g‘lidir. Mening bundan boshqa bolam yo‘q, - degach, Abu Abdurahmon u qari kishiga qarab:
- Hayf sendek amakiga. Kichikligida unga yaxshi tarbiya bermabsan, katta bo‘lgach, uning ayblarini berkitmabsan (uni yomon yo‘ldan qaytarmabsan. - Tarj.), - dedi.
Keyin Abu Abdurahmon bizga quyidagi so‘zlarni aytdi:
- Islomda ilk had jazosi o‘g‘irlik qilib, hazrati Payg‘ambarning (s.a.v.) huzurlariga olib kelingan bir odamga qo‘llandi. O’g‘riga qarshi dalil mavjud bo‘lgach, hazrati Payg‘ambar (s.a.v.): "Uni olib boring va qo‘lini kesing!" dedilar. O’shanda Nabiyning (s.a.v.) muborak yuziga qaraldi. Go‘yoki yuzlariga kul sepilgandek edi. Rasululloh (s.a.v.) yonlarida o‘tirganlardan biri bunday dedi:
- Yo Rasululloh! Bu holat sizga og‘ir keldi.
- Birodaringizga qarshi shaytonga yordamchi bo‘lganingiz, albattaki, menga og‘ir bo‘ldi.
- Uni qo‘yib yuborsangiz edi, - deyishdi.
- Koshki bu holat aybdorni mening huzurimga keltirmasdan oldin bo‘lsa edi, chunki aybdor hukmdorga olib kelingach, hech kim unga jazo berishdan to‘xtatolmaydi, - dedilar Rasuli akram (s.a.v.) va ushbu oyatni o‘qidilar: "Ularni avf etsinlar va ularni kechirsinlar (gunohlaridan o‘tsinlar)".
Ibn Mas’uddan kelgan boshqa bir rivoyatda aytiladiki: "Bir odam sarxush holatidagi ukasining o‘g‘lini Ibn Mas’ud (r.a.) huzuriga olib keldi.
- Uni tebrating, silkiting, hidlang, - dedi Ibn Mas’ud.
Undan sharob hidi kelayotganini sezishdi. Bu odam o‘ziga kelgach, Ibn Mas’ud bir tayoq so‘radi. Tayoqning butoqlari tozalandi." Ibn Mas’ud (r.a.) voqeani o‘tgan hadisdagidek davom etdi.
Ibn Mas’uddan (r.a.) kelgan yana bir rivoyatga ko‘ra, Islomda ilk had jazosi bunday bo‘lgan: "Hazrati Payg‘ambar (s.a.v.) huzurlariga bir o‘g‘ri olib kelindi. Hazrati Payg‘ambar (s.a.v.) uning qo‘llarini kesishni buyurdilar. O’g‘rilik qilgan odam ketgach, Rasulullohning (s.a.v.) yuzlariga boqildi. Yuzlari kul sepilganday edi.
- Yo Rasululloh, bu (jazo. - Tarj.) sizga og‘ir keldi.
- O’z birodaringizga qarshi shaytonga yordamchi bo‘lganingiz og‘ir kelmasinmi?! - dedilar Sarvari olam (s.a.v.).
- Uni qo‘yib yuborolmasmidik? - deya so‘rashdi.
Hazrati Payg‘ambar (s.a.v.):
- Uni bu yerga olib kelinmasidan oldin mumkin bo‘lardi, - deya marhamat qildilar. Imomga (davlat rahbariga) bir jinoyatchi hukm uchun olib kelinsa, o‘sha hukmni tadbiq etish lozim bo‘ladi. Keyin ushbu oyatni o‘qidilar: "Ular avf etsinlar va ularni kechirsinlar".