Imomlik bahsi va imomga ergashgan kishining qiroat qilmasdan,
sukut saqlashi
103-hadis
Abu Musodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) bizga bunday o‘rgatdilar: "Namozga turganingizda sizdan birlaringiz imom bo‘lsin. Imom qiroat qilganida siz jim turing". Bu hadisni Ahmad ibn Hanbal va Muslim rivoyat qilishgan. Hadis sahihdir.
"Sunan" sohiblari bu hadisning sahihligi borasida ixtilof qilishgan. Bu mavzudagi tadqiqotlarning xulosasi quyidagicha: Abu Zahra bunday deydi: "Bu hadisning roviyi to‘g‘ri va ishonchli odamdir. Men aytdimki: "Abu Muso Ash’ariyning hadisi sahihligi sobit bo‘lgan. Ibn Abdul Barr "Tamhid" nomli asarida Ahmad ibn Hanbaldan bu hadisni sanadi bilan sahih, deb aytgan".
Hofiz ibn Hajar: "U sahih hadisdir", deb aytgan. Muslim bu hadisni Abu Muso Ash’ariyning hadisidan rivoyat qilgan ("Osorus-sunan", 1-86).
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat etilgan hadisda Rasululloh (s.a.v.) marhamat qiladilar: "Imom, unga ergashilishi uchun imom bo‘lgan. Imom takbir aytsa, takbir ayting. U qiroat qilsa, jim turing". Mazkur hadisni Termiziydan boshqa "Kutubi sitta" sohiblari rivoyat qilishgan. Hadis sahih, barcha roviylari ishonchli.
Bu mavzu "Fathul qodir"ning 1-jild, 238-sahifasida kengroq zikr etilgan. Unda shunday kelgan: «Rasululloh (s.a.v.) bunday deb marhamat qildilar: "Kimning imomi bo‘lsa, imomning qiroati uning qiroati o‘rniga o‘tadi". Bu hadisni Abu Hanifa (r.al.) "Musnad"ida Muso, Abdulloh ibn Shoddod, Jobir ibn Abdullohlar orqali rivoyat qilgan.
Ushbu hadis: "Namoz faqat qiroat bilan bo‘ladi" hadisiga muoriz (zid) emas.
Peshvo sahobalarining sakson nafaridan imomga ergashgan kishining qiroat qilmasligi rivoyat etilgan. Sha’biy aytadi: «Badrda qatnashgan yetmish sahobani ko‘rdim. Hammasi imomning ortida turib, qiroat qilishdan qaytarar edi».
Abdulloh ibn Zayd ibn Aslam otasidan rivoyat qiladi: «Rasululloh (s.a.v.) ashobidan peshqadam o‘n kishi imomning ortida qiroat qilishdan qat’iy man’ etar edi. Bular: Hazrati Abu Bakr (r.a.), Hazrati Umar (r.a.), Hazrati Usmon (r.a.), Hazrati Ali (r.a.), Abdurrahmon ibn Avf (r.a.), Sa’d ibn Abu Vaqqos, Abdulloh ibn Mas’ud, Zayd ibn Sobit (ra.), Abdulloh ibn Umar (r.a.), Abdulloh ibn Abboslardir (r.a.). Bu sahobalarning man’ etishini hech bir sahoba inkor etmagani uchun, sahobalarning bu sukuti ijmo hisoblanadi («Uqud’ul-javohir», 1-54).