Imomi A'zam Abu Hanifa. Musnad  ( 260245 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 75 B


Laylo  04 Avgust 2006, 17:08:54

MUSNAD

Ushbu kitobda diyorimiz musulmonlari amal qilayotgan Hanafiya mazhabining asoschisi, ulamolar peshqadami, muttaqiylar imomi - Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh tomonlaridan tasnif etilgan hadislar jamlangan.
Har bir hadisning aniq manbalari ko‘rsatilgani va zarur izohlar berilgani kitobning ilmiy, ma’rifiy qimmatini belgilovchi omillardandir.
«Musnad» manaviy qadriyatlarimizning bebaho durdonalaridan bo‘lib, keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.
Mutarjim kitob tarjimasida ko‘rsatgan yordamlari va ushbu ishga dalolatlari uchun zahmatkash, nuktadan olim Muhammad Sharif Jumanga, ustoz Umar Foruq Saydo al-Jazariy xazratlariga samimiy shukronalarini izhor etadi.

Mutarjim: Abdulloh Murod Xolmurod o‘g‘li

Musnadi Abu Hanifa



Muallif: Imomi A'zam Abu Hanifa
Hajmi: 490 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

MUNDARIJA

“Musnad” haqida
Imomi A’zam hayotlari
Iymon va Islom, qadar va shafoat kitobi
Ilm kitobi
Tahorat kitobi
Namoz kitobi
Zakot kitobi
Ro’za kitobi
Haj kitobi
Nikoh kitobi
Istibro bahsi
Razo(sut) bahsi
Taloq bo’limi
Nafaqa
Mudabbar qul va valo
Qasamlar
Jazolar bo’limi
Jihod va siyar
Oldi-sotdi haqida
Garov bo’limi
Shuf’a bo’limi
Muzoar’a bo’limi
Fazilat va shamoil bo’limi
Hazrati Muhammad s.a.v. ummatining fazilati kitobi
Yeyish-ichish, qurbonlik. Ovchilik va hayvon so’yish kitobi
Kiyim va bezanish bo’limi
Tib, xastalikning savobi, dam solish va duolar bo’limi
Adab bo’limi
Nazokat bo’limi
Jinoyatlar bo’limi
Hukmlar bo’limi
Fitna
Tafsir kitobi
Vasiyat
Qiyomat va jannatning vasflari
Izohlar va tahrij
Hadis va istilohlar
Qaydlar

Qayd etilgan


Laylo  04 Avgust 2006, 17:09:22

Bismillahir rohmanir rohiym!

Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin! Ul zot zul jalol haq din asoslarida ummatga tayanch va musulmonlarga qiyomatgacha namuna bo‘lgan himmatli va idrokli imomlarni bizlarga yetkazdi. Uning Rasuliga salotu salomlar bo‘lsin!
Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohu alayh rivoyat etgan ahkomlarga oid hadislarni tarjima qilishga bizlarni muvaffaq aylagan Alloh taologa sanoqsiz hamdlar aytamiz.
Imomi A’zamning «Musnad»lari o‘n to‘rt farqli yo‘l bilan kelgan. Xorazmiy «Jomi ul-Masanid» nomli asarida bu har xil yo‘l bilan kelgan musnadlarni to‘plagan. Qo‘lingizdagi tarjima 1327 hijriy yilda Misrda chop etilgan musnad nusxasi asosida tayyorlandi.
Bu nusxada mazkur «Musnad»dagi hadislarni rivoyat etgan muhaddislar nomlari keltirilgan, ibodat va muomalaga oid ba’zi hadislarga izoh berilgan. Imomi A’zamning «Musnad»lari u zotning hadis sohasidagi mukammal ilmi, zakosi va salohiyatini ochiq-oydin ko‘rsatuvchi xujjatdir. Fazilatni faqat fazilat ahli qadrlaydi.
Allohning tavfiqi bilan ilm toliblariga bu hadislarni taqdim etarkanmiz, Zoti zuljaloldan ularni o‘qib, amal qilishga bizlarni muvaffaq etishini iltijo ila tilaymiz. Omin.

Qayd etilgan


Laylo  04 Avgust 2006, 17:09:40

IMOMI A’ZAM HAYOTI

Imom Abu Hanifaning ismi No‘‘mon ibn Sobitdir. Hijriy 80-yilda (699 m.y) Kufada tug‘ildilar. Hijriy 150-yilda (767 m.y)Bag‘dodda vafot etdilar. Islom olamida keng tarqalgan Hanafiy mazhabining asoschisidirlar. Imom A’zam shunday derdilar: «Biz bu masalada faqat zarurat bo‘lgandagina qiyosga o‘tamiz. Bu shunday: Kitob va Sunnatda, sahobalarning hukmlarida dalil topolmasak, sahobalar ittifoq bo‘lgan masalaga amal qilamiz. Agar sahobalar ixtilof qilishgan bo‘lsa, illati mushtarak bo‘lgan ikki hukmni bir-biriga qiyoslaymiz. Sahobalardan boshqalar esa bizlar kabidir».
«Sen dinda ko‘p qiyos qilmoqdasan. Ilk qiyos etgan iblisdir», degan kishilarga Imomi A’zam juma kuni Kufa masjidida mazhabining mohiyatini tushuntirib bunday dedilar: «Men Allohning kitobi bilan, so‘ng Rasulullohning (s.a.v.) sunnatlari bilan, undan keyin esa sahobalarning qarashlari bilan amal qilaman, agar ular ixtilof qilishgan bo‘lsagina qiyosga o‘taman».
Shunda jamoat Imomning qo‘lini o‘pib: «Siz olimlar sarvarisiz, siz haqingizdagi oldingi yomon gumon gap-so‘zlarimiz uchun bizni afv eting», dedilar. Imomi A’zam: «Alloh taolo bizni va sizni kechirsin!» deyishdi. («Uqudul javohirul-munifa», 1-5-betlar).

Qayd etilgan


Laylo  04 Avgust 2006, 17:10:01

IMOMNING ZUHDI

Imom A’zam juda ko‘p ibodat qilar edilar. Tahajjud namozini qoldirmasdilar, Qur’oni karimni ko‘p tilovat etar edilar. Halol ishlab, halol pul topardilar. Kufa va Bag‘dod ulamolariga dars berganlar. 55 marta hajga borganlar.

IMOM A’ZAMNING ENG MAShHUR TALABALARI

Muhammad ibn al-Hasan, Imom Abu Yusuf, Zufar, Rabia, Vake’ ibn Jarrohlar.

Qayd etilgan


Laylo  04 Avgust 2006, 17:11:23

ASARLARI

Imom A’zamdan talabalari rivoyat qilgan quyidagi: «Fiqhi akbar», «Al-olim va mutaallim», «Qadariyyaga ra’ddiya», hadis borasida «Musnad» nomli asarlari mavjud.
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilingan bir hadisda: «Ilm Surayyo yulduzida bo‘lsa, uni fors kishilari olajak», deya marhamat qilingan.
Imom Suyutiy aytadiki: «Bu hadisning asli sahihdir. Unda Abu Hanifaga ishora bor. Hadisning sahihligi muttafaqun alayhdir» («Zujojatul masobih», 1- jild, 62-bet)

VAFOTI

Imomi A’zam qamoqxonada vafot etdilar. Qozilikni qabul qilmaganlari uchun qamalgan edilar. Imom A’zam vafot qilgan kuni Imom Shofe’iy tug‘ildilar.
Imom A’zamning jasadlarini Bag‘dod qozisi Hasan ibn Ammora yuvdi. Islom diniga, uning usuliga va fiqhda katta xizmatlar qilgan Imom A’zamdan Alloh taolo rozi bo‘lsin.

Qayd etilgan


Laylo  04 Avgust 2006, 17:11:30

Imomi A’zamning: «Ular ham, biz ham odam», degan so‘zlarining mohiyatini anglamay mujtahidlikni da’vo qiluvchilar uchun barcha ulamolar yakdillik ila e’tirof etgan mujtahid darajasining shartlarini keltiramiz. Ular quyidagilar:
1. Mujtahid arab tilini barcha lahjalari bilan bilishi.
2. O’zidan oldin o‘tgan ulamo va fuqaholar ixtilof qilgan masalalarni juda yaxshi bilishi.
3. Qur’oni karimni to‘la yod olib uni yaxshi tushunishi. Uning turli qiroatlarini bilishi, tafsir ilmini o‘rganib, muhkam, mutashobih, nosih va mansuh oyatlarni ajrata olishi, Qur’on qissalarini batafsil bilishi.
4. Hadis ilmini egallab, sahih, sahihbo‘lmagan,muttasil, munqote’, mursal, musnad, mashhur va mutavotir hadislarni bilishi.
5.Taqvodor bo‘lib o‘z ravshini Qur’oni Karim va sunnati nabaviyaga asoslagan bo‘lishi lozim.
Bu fazilatlarga ega kishining ijtihod qilishi va unga kishilarning ergashishi durustdir.
Ibn Qayim Javziya aytadilar: Ijtihod shartlari bo‘lmagan kishiga Qur’oni Kariim va hadislardan to‘g‘ridan to‘g‘ri masala chiqarishi mumkin emas
Imomi A’zam hazratlari musnadlarida rivoyat qilgan hadislar keltirilgan manbalar tarjimaga ilova qilindi. Unda hadis istilohlari haqida qisqa ma’lumot berdik. Mazhabimiz masalalari manbaasini bilishga muvaffaq etgan Alloh taologa beadad shukrlar aytamiz. Imomi A’zamning joylari jannat bo‘lsin. Omiyn.

Qayd etilgan


Laylo  04 Avgust 2006, 17:13:36

BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM

Abu Hanifa (r.a.), Yahyodan, u Muhammad ibn Ibrohim at-Taymiydan u Alqama ibn Vaqqos al-Laysiydan u Umar ibn Xattobdan (r.a.) rivoyat qiladi: Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytdilar: «Amallar faqat niyatlarga bog‘liqdir. Har kimga niyat qilgani bo‘ladi. Alloh va Rasuli (s.a.v.) uchun hijrat qilgan kishining hijrati Alloh va Rasuligadir. Dunyo uchun hijrat qilgan kishi dunyoga erishadi, ayol uchun hidrat qilgan kishi unga uylanadi, demak, kishining hijrati hijrat qilgan narsasi uchun bo‘ladi».


IMON VA ISLOM, QADAR VA ShAFOAT KITOBI

1

Abu Hanifa (r.a.) Alqama Ibn Marsaddan, u Yahyo ibn Ya’mardan rivoyat qiladi. Yahyo ibn Ya’mor aytadi: «Bir birodarim bilan birga Rasulullohning (s.a.v.) shaharlarida Abdulloh ibn Umarni ko‘rib qoldik. Birodarimga:
1 Abdulloh ibn Umarning oldiga borib qadar haqida so‘raylikmi? - degandim, u:
2 Ha, - dedi.
3 Men so‘ray qolay, chunki uni sendan yaxshiroq taniyman,- dedim.
Abdulloh ibn Umarning yoniga kelib salom berdik va o‘tirdik. Unga aytdim:
4 Ey Abu Abdurahmon, biz yer yuzida ko‘p kezamiz, qadarni inkor qiladiganlar uchraydigan shaharlarga borib qolishimiz mumkin. Ularga qanday javob beramiz?
Ibni Umar (r.a.):
5 Ularga men ulardan emasligimni yetkazing. Agar madadkorlar topganimda ularga qarshi urushgan bo‘lardim, - dedilar. Keyin quyidagilarni so‘zlab berdilar:
«Biz Rasululloh (s.a.v.) bilan birga edik. Oldilarida bir to‘p sahobalar bor edi. Nogahon u zotning huzurlariga o‘zidan muattar hid taratayotgan, chiroyli sochli, oq kiyimli bir yigit kelib Rasuli Akramga (s.a.v.): «Assalomu alayka yo Rasululloh, Assalomu alaykum», dedi.
Rasululloh (s.a.v.) va biz uning salomiga javob berdik.
Yigit: «Yo Rasululloh (s.a.v.), sizning yaqiningizga borsam», dedi. Rasululloh (s.a.v.): «Yaqinlash», dedilar. Yigit bir yohud ikki odim yaqinlashdida, so‘ng Rasulullohga hurmat ko‘rsatib tik turdi va yana «sizning yaqiningizga borsam», dedi. Rasululloh: «Yaxshi, mayli», dedilar va yigit tizzalarini Rasulullohning (s.a.v.) tizzalariga tekkizib o‘tirib, «Menga imonni o‘rgating», dedi. Rasululloh (s.a.v.): «Imon Allohga, Allohning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, yaxshilik va yomonlik Alloh taoloning taqdiri ila bo‘lishiga va o‘lgandan so‘ng qayta tirilishga ishonmoqdir», deya javob berdilar. «To‘g‘ri aytdingiz», dedi yigit.
Abdulloh ibn Umar (r.a.): «Biz yigitning Rasulullohning javoblarini tasdiqlashidan va bilgandek to‘g‘ri aytdingiz» deyishidan ajablandik», dedilar. Yigit yana:
«Menga Islom shariatining farzlarini o‘rgating», dedi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.): «Namoz o‘qish, zakot berish, Baytullohni haj qilish, ramazon oyida ro‘za tutish, junub bo‘lsa g‘usl qilish», dedilar.
Yigit: «To‘g‘ri aytdingiz», dedi. Biz uning «To‘g‘ri aytdingiz», deyishidan hayratlandik.
«Menga ehsonni o‘rgating, u nima?» dedi yigit.
«Ehson - Alloh uchun Allohni ko‘rib turganday amal etmog‘ingdir. Agar sen Uni ko‘rmasang ham, U seni ko‘radi», dedilar Payg‘ambarimiz (s.a.v.). Yigit:
«Men shunday qilsam muhsin bo‘lamanmi?» dedi. Rasuli Akram (s.a.v.): «Ha, dedilar. «To‘g‘ri aytdingiz», dedi va: «Menga qiyomat qachon bo‘lishini bildiring», dedi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.): «Qiyomat haqida savol so‘ralgan kishi so‘raguvchidan yaxshiroq bilmaydi, lekin qiyomatning alomatlari bor», dedilar va quyidagi oyati karimalarni o‘qidilar: «Qiyomat qachon bo‘lishini faqat yolg‘iz Alloh biladi. U O’zi belgilagan vaqtda, yomg‘ir yog‘diradi va onalarning bachadonlaridagi homilalarning o‘g‘il-qizligini, yetilgan-etilmaganini biladi. Biron tirik jon ertaga nima qilishini bilmaydi. Biror tirik jon qaerda o‘lishini bilmaydi. Faqat Alloh har narsani bilguvchi va har narsadan ogohdir» (Luqmon surasi, 34-oyat mazmuni)».
Yigit: «To‘g‘ri aytdingiz», dedi va chiqib ketdi. Rasululloh (s.a.v.): «Uni huzurimga qaytaring!» dedilar. Biz uning orqasidan chiqdik. Biroq qaerga ketganini bilolmadik, hech narsa ko‘rmadik.
Bu holni janobi Payg‘ambarimizga (s.a.v.) aytganimizda Ul zot: «Bu Jabroildir (a.s.), sizga diningiz asoslarini o‘rgatish uchun keldi. Faqat men uni taniydigan qiyofada menga keldi», dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  04 Avgust 2006, 17:14:08

2

Abu Hanifa (r.a.) Hammoddan, u Ibrohimdan, u Alqamadan, u esa Ibni Mas’uddan (r.a.) rivoyat etadi. Ibn Mas’ud aytdilar: «Jabroil (a.s) Payg‘ambarimizga oq libosli yosh yigit suratida keldi va: «Assalomu alayka yo Rasululloh!» dedi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) salomga alik oldilar. So‘ng u: «Yaqinlashsam, yo Rasululloh», dedi. Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.): «Yaqinlash (yaqinroq kel)», dedilar. U: «Yo Rasululloh! Imon nima?» dedi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.): «Imon - Allohga, farishtalariga, kitoblariga, rasullariga, yaxshilik va yomonlikning Allohning taqdiri ila bo‘lishiga ishonishdir», dedilar. U: «To‘g‘ri aytdingiz», dedi. Biz uning bilgandek «to‘g‘ri aytdingiz» deganidan ajablandik. So‘ng u: «Yo Rasululloh! Islom ahkomlari nima?» dedi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.): «Namoz o‘qish, zakot berish, ro‘za tutish, junub bo‘lsa, g‘usl qilish», dedilar. U: «To‘g‘ri», dedi. Biz uning bilgandek «To‘g‘ri aytdingiz» deganidan ajablandik. So‘ng u: «Ehson nima?» dedi. Payg‘ambarimiz: «Alloh uchun Allohni ko‘rib turganingdek amal qilmog‘ingdir. Agar sen Uni ko‘rmasangda, U seni ko‘radi», dedilar. U: «To‘g‘ri aytdingiz», dedi.U: «Qiyomat qachon bo‘ladi?» dedi. Rasululloh (s.a.v.): «Qiyomat haqida savol so‘ralgan so‘raguvchidan yaxshiroq bilmaydi», dedilar. So‘ng u iziga qaytdi. Rasululloh (s.a.v.): «Uni xuzurimga qaytaring!» dedilar. Biz uni izladik, biroq undan asar ham ko‘rmadik. Buni Rasululloh (s.a.v.)ga aytdik. Payg‘ambar (s.a.v.) bizga: «U, Jabroil (a.s.) edi. Sizga diningizni o‘rgatish uchun keldi», dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  04 Avgust 2006, 17:14:22

3

Abu Hanifa (r.a.) Atodan rivoyat qiladilar. Sahobai kiromlardan bir necha kishi unga quyidagilarni so‘zlaganini aytdi.
Abdulloh ibn Ravohaning qo‘ylarini boquvchi bir cho‘pon ayol bor edi. Abdulloh cho‘pon ayolga suruv ichidagi bir qo‘yga alohida qarashini tayinladi. Cho‘pon ayol qo‘yni semirguncha boqdi. Cho‘pon ayol boshqa qo‘ylar bilan ovora bo‘lib qolganda, bo‘ri kelib u qo‘yni olib qochdi va o‘ldirdi. Abdulloh kelib u qo‘yni ko‘rmadi. Cho‘pon ayol voqeani Abdullohga aytgach, u cho‘pon ayolga tarsaki tushirdi. Keyin bu ishiga pushaymon bo‘lib, uni Rasulullohga (s.a.v.) aytdi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu voqeani jiddiy hisoblab: «Mo‘mina ayolning yuziga urdingmi?» dedilar.
Ravoha: «U zanjiya ilmi yo‘q ayol», dedi.
Payg‘ambarimiz ( s.a.v ) ayolga odam yuborib uni chaqirtirdilar. Undan:
- Alloh qaerda? - deb so‘radilar.
- Osmonda, - deb javob berdi ayol.
- Men kimman?
- Siz Allohning rasulisiz, - javob berdi ayol.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.): «U mo‘minadir, uni ozod et», dedilar.

Qayd etilgan


Laylo  05 Avgust 2006, 08:52:23

4

Abu Hanifa (r.a.) Alqamadan, u Ibni Buraydadan, u otasidan rivoyat qiladi. Ibni Buraydaning otasi aytdi: «Biz bir kuni Payg‘ambarimizning (s.a.v.) yonlarida o‘tirar edik. U zot ashoblariga: «Turinglar, bemor yahudiy qo‘shnimizni ko‘rib chiqamiz», dedilar. So‘ng yahudiyning uyiga kirdilar va uni o‘lim to‘shagida ko‘rdilar. Va unga: «Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga, men Allohning rasuli ekanimga iqrormisan?» dedilar.
Yahudiy otasiga qaradi, otasi gapirmadi. Rasululloh (s.a.v.) yana unga: «Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga, men Allohning rasuli ekanimga iqrormisan?» dedilar. Bemor yahudiy yigit yana otasiga qaradi. Otasi: «Iqror bo‘l», dedi. Yigit: «Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga, Muhammad (s.a.v.) Allohning rasuli ekaniga iqrorman», dedi. Payg‘ambar (s.a.v.): «Men sababli bir jonni olovdan qutqargan Allohga hamd bo‘lsin», dedilar.
Boshqa rivoyatda shunday: Bir kun Payg‘ambarimiz (s.a.v.) sahobalarga: «Turinglar, yahudiy qo‘shnimizni ko‘rib chiqamiz», dedilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uni o‘lim to‘shagida ko‘rdilar. Undan: «Alloh taolodan o‘zga iloh yo‘qligiga iqrormisan?» deb so‘radilar. U «Ha», dedi. So‘ng undan: «Mening Rasululloh ekanligimga iqrormisan?» dedilar. Yigit otasiga qaradi. Ul zot (s.a.v.) bu so‘zlarini uch marta takrorladilar. «Siz Allohning rasuli ekanligingizga iqrorman», dedi nihoyat yahudiy yigit.
Rasuli Akram (s.a.v.): «Men sababli bir jonni olovdan qutqargan Allohga hamd bo‘lsin», dedilar.

Qayd etilgan