Eng qizig’i shundaki, biz undan qochib ketolmaymiz, garchi, chin dildan xohlagan taqdirimizda ham. Negaki, ba’zida u bizni ohanraboga, ba’zida esa temirni tortayotgan ulkan magnitga o’xshaydi. Yana bir jihati, biz uni yaxshi ko’ramizmi yoki yo’qmi buni o’zimiz ham bilmaymiz, go’yoki, bu haqida bosh qotirishga vaqtimiz yo’q. Albatta-da, axir mehru muhabbat mavhum tushunchalar-da. O’zimizga ma’lum bo’lmagan narsalar haqida uzoq va tiniq fikr yuritish esa, insonga xos emas. Ammo, shunisi aniqki, biz uni sevamiz"¦ aniqrog’i, men uni sevaman"¦ Lekin, buni faqat undan, Vatandan uzoqlashgandagina anglab yetamiz.
Ko’pincha uzoq safarga otlanishimga to’g’ri keladi. Boradigan joyim uncha uzoq bo’lmasa ham, uzoq muddat qolib ketmasam ham, hattoki, xushmanzara va bahuzur go’shada bo’lsamda, o’zimning yeri sho’r ochgan, qovjiragan tuproqli, chang va to’zonga boy, ha deganda ichimlik suvini topish anchayin mushkul bo’lgan, ammo eng asosiysi o’zim dunyoga kelgan, birinchi bor olgan nafasim shu yerga tegishli bo’lgan joyni qo’msayveradi qalbim.
Men undan qarzdorman. Chunki, u men dunyo yuzini ko’rganimda, tug’ilishim uchun joy berdi.
Men undan umidvorman. Qachon, umrim nihoyalab, o’z safarim tugasa, aynan shu maskandan, bir qarich yerni egallashga intilib yashayman. Ha, hatto zamin qa’rida bo’lsa ham-Vatanimda, men tug’ilgan o’lkada, o’zim taniganlarim, ko’nglimga yaqin olganlarim yonida tuproqqa qo’yishlaridan ta’magirman.
Shu ilinj bilan yashayman. Dunyo kezishni, jahongashtalar singari butun dunyoni ko’rishni istasamda, ammo bir kuni albatta, omonatimni o’z tuprog’imgagina topshirishni ko’nglimga tugganman.
Bu men uchun- asl Vatanni sevish tuyg’usi.
Axir bu-BAXT! Cheksiz-BAXT!