SAMARQANDIM
(qo‘shiq)
Samarqandim, xalqning qadim tabarruk tumorisan,
Tarixining iftixori, istiqboli — borisan,
Shaharlarning eng azali, zargari, me’morisan,
Taraqqiyot poydevori, pok ko‘ngillar yorisan.
Moviy gumbaz, moviy osmon — quyoshli kunlaring go‘zal!
Ulug‘bekning yulduzlari tiniq tunlaringni bezar.
Mehmonnavoz, bulbulovoz shahrim uzra jonim sezar,
Yuksaklikka chorlab ro‘y-rost, bobolarim ruhi kezar.
Minoralar, tinglasang gar, izhor etsa yuragini,
Jahon anglar, oy, naqadar, Yerga tinchlik keragini.
Noning totli, suving totli, Alp-er To‘nga qurgan shahar,
Farzandlaring nomdor, zotli, ro‘yo bo‘ldi afsonalar.
Samarqandim, xalqning qadim tabarruk tumorisan,
Tarixining iftixori, istiqboli — borisan,
Shaharlarning eng azali, zargari, me’morisan,
Taraqqiyot poydevori, pok ko‘ngillar yorisan.
Baxtiyor Doniyorov