Biz – bir guruh malakali yuristlar hamkorlikda
Adolat.Net huquqiy portalini ochishga qaror qildik. Maqsadimiz O'zbekistonda adolat va qonun ustuvorligini ta'minlashga o'z hissamizni qo'shish, huquqiy maslahatga muhtoj insonlarga bepul yuridik xizmat ko'rsatish hamda O'zbekiston Respublikasi qonunlari, huquqiy-normativ hujjatlari jamlanmasini yaratishdan iborat.
Biz qonun ustuvorligini asosiy mezon deb bilamiz. Qonun bor joyda adolat qaror topishiga ishonamiz. O'zbekiston bir guruh amaldorlar qo'lidagi boshboshdoqlik hukm surayotgan jamiyat emas, balki o'z qonunlariga ega mamlakat ekanini ko'rsatishni istaymiz.
Buni amalda ta'minlashda fuqarolarimizning yuridik savodxonligini oshirishni eng muhim vazifa deb bilamiz.
Adolat.Net O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini adolat uchun o'z haq-huquqlarini talab qilishga va buning uchun qonuniy yo'l bilan kurashishga da'vat etadi.
Qonun ustuvorligi ta'minlangan kuchli fuqarolik jamiyatini bardo etish uchun huquqiy bilimlarni oshiribgina qolmasdan, amalda ularning ijrosiga erishish, tegishli qonuniy tartibda haq-huquqlarni talab qilib chiqish, bu yo'lda hatto jonfidolik qilish kerak bo'ladi.
Chunki ertangi kun uchun, kelajak avlod uchun qonun ustuvorligi ta'minlangan jamiyatni meros qoldirishni istasak bu biz uchun bugun suv bilan havodek zarur vazifa bo'lishi lozim.
Adolat.Net portali bu yo'lda sizlarni birinchilardan bo'lishga chaqiradi.