BUZILAYOTGAN UYLARIMIZGA QANDAY ADOLATLI HAQ OLISHIMIZ MUMKIN?
Ismingiz: Abu Abdulloh
Savolingiz: Biz taraflarda mahallalar buzilib, o'rniga davlat tomonidan bozor qurilyapti. Odamlar uy-joylaridan ayrilmoqda. Uy-joylarining o'rniga arzimagan pul yoki kvartira (hovlining o'rniga!) berilmoqda. Bu kvartiralar ham shaharning eng chetki, chegara, odam yashamas joylaridan. Xullas, odamlar shahar hokimiyati tomonidan militsiya yordamida majburan, kuch ishlatib ko'chirilmoqda. Insonlar boshpanasiz qolmoqda, kimga murojaat etishga hayron. Ko'proq pul beringlar, boshqa uy-joy sotib olaylik yoki qurib olaylik deyilsa, uy hujjatlarida bir paytlar qayd etilgan oldi-sotti shartnomasidagi uyning bir necha o'n yillar oldingi narxini shu vaqt davomida oshganligini davlat narxida hisoblashib yoki uy planida ko'rsatilgan uyning nimadan qurilganligiga qarab, ularning qiymatini davlat narxida hisoblashib, uning eskirganligi hisobiga qiymatini yanada pasaytirib, arzimagan choy-chaqa berishmoqda. Lekin bu pulga hovli tugul tovuq katagi ham sotib olib bo'lmaydi. "Davlat bahosida" kabi afsonaviy super arzon narxlarda sotiladigan qurilish materilallari yoki uylar qayerda bor? Susambildami? Shirin qovunlar mamlakatidami? O'zi umuman davlat tomonidan aholining uylari buzilishi mumkinmi? Agar buzilsa, o'rniga xuddi shunday uy olib yoki qurib berishi kerak emasmi? Biz kimga shikoyat qilsak bo'ladi?
Javob: O’zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 27-moddasiga binoan yer uchastkalari davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda mazkur fuqarolarga, ularning oila a’zolariga, shuningdek, ushbu uylarda (kvartiralarda) doimiy yashayotgan fuqarolarga ularning xohishiga binoan va taraflar kelishuviga ko‘ra barcha qulayliklari bo‘lgan avvalgisiga teng qiymatli uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo‘lmagan sahndagi boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning qiymati to‘lanadi yoxud buzilayotgan uy, boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning qiymati to‘lanadi. Buzilayotgan uyning (kvartiraning) qiymati berilayotgan turar joyning qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda bu farq mulkdorga kompensatsiya qilinishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 206-moddasiga muvofiq, mulkdorning mol-mulkka bo’lgan huquqi yuqoridagi shartlarga amal qilingan tarzda bekor qilinishi mumkin:
“Davlat organining mulkdorning mol-mulkini olib qo‘yishga bevosita qaratilmagan qarori munosabati bilan, shu jumladan mulkdorga qarashli uy, boshqa imoratlar, inshootlar yoki ekinlar joylashgan er uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishiga qonunlarda belgilangan hollar va tartibdagina yo‘l qo‘yiladi, bunda mulkdorga olib qo‘yilgan mol-mulkka teng mol-mulk beriladi va uning ko‘rgan boshqa zararlari to‘lanadi yoki mulk huquqi bekor qilinishi bilan yetkazilgan zarar to‘la hajmda to‘lanadi.
Mulk huquqining bekor qilinishiga olib keladigan qarorga mulkdor rozi bo‘lmagan taqdirda, bu qaror nizo sud tomonidan hal qilingunicha amalga oshirilishi mumkin emas. Nizoni ko‘rib chiqish vaqtida mulkdorga yetkazilgan zararni to‘lash bilan bog‘liq barcha masalalar ham hal qilinadiâ€.
Uy-joy kodeksining 28-moddasiga ko’ra, yer uchastkalari davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarning mulkida bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilganda, mazkur fuqarolarga, ularning oila a’zolariga, shuningdek, ushbu uylarda (kvartiralarda) doimiy yashayotgan fuqarolarga ularning xohishiga ko‘ra yakka tartibda uy-joy qurish uchun belgilangan norma doirasida yer uchastkasi beriladi. Bunda yer uchastkasini o‘zlashtirish davrida ikki yilgacha muddat bilan ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berilib, buzilayotgan uylar (kvartiralar), imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning qiymati to‘liq qoplanadi.
Yer kodeksining 27-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun er uchastkalari berish yoki realizatsiya qilish to’g’risida norma belgilangan bo’lib, unda shunday deyiladi:
“Shaharlar va posyolkalarda, shuningdek qishloq xo‘jaligi hamda o‘rmon xo‘jaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining egaligidagi yerlar tarkibiga kirmagan qishloq aholi punktlarida doimiy yashab turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har bir oilaga 0,06 gektargacha er uchastkalari beriladi.
Yakka tartibda uy-joy qurish uchun 0,04 gektargacha doirada er uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi belgilangan tartibda kim oshdi savdosi asosida realizatsiya qilinadiâ€.
Buzilayotgan uylar o‘rniga turar joyni mulk qilib berish va uylar, boshqa imoratlar, inshootlar hamda dov-daraxtlar qiymatini to‘lash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 29-maydagi 97-son qaroriga ilova tarzida qabul qilingan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun er uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga etkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida†nizomda quyidagi qoidalar o’rnatilgan:
“4. Tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yer uchastkasini olib qo‘yish, yer uchastkasida joylashgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlarni, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni ko‘chirib tashlash to‘g‘risidagi tegishli qarorlari nusxalarini bildirishnomaga ilova qilgan holda, buzish boshlangungacha 6 oydan kechikmay, imzo qo‘ydirib uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar mulkdorlarini qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilishi shart.
Davomi...