QASHQADARYOSAN...
(Bitikdan parcha)
...Bir chekkasi cho’ldir harsillab yotgan,
Bir chekkasi qorlar tizzaga botgan.
Bir chekkasi tog’lar, ko’kni ko’tarib,
Buloqlari borib, tongni uyg’otgan,
Bag’rida jannatlar bitgan sahrosan —
Qashqadaryosan...
Hisor tizmalari — Nuhning kemasi,
Nuh to’fonin ham u to’sgan chamasi,
Bir ulkan dengizning xarsanglarida
Ulkan dinozavr izi, panjasi...
Odam Ato ko’rgan ko’hna danyosan —
Qashqadaryosan...
Mug’ullar bosqini o’tganda jondan,
Ozodlik shamshiri tushdi osmondan.
Nimani yo’qotdi Boyazid, bilmam,
Dunyo dunyo topdi Sohibqirondan.
Temur yerga sanchib ketgan tug’rosan —
Qashqadaryosan...
Bir qutlug’ maskandir Hazrat Bashirim,
Pirlar nafasiday havosi shirin,
Ulug’bek ilmining xazinasini
Shu tog’lar bag’rida saqlar yashirin.
Ali Qushchi izlab kelgan samosan —
Qashqadaryosan...
Dunyoda besh sirli nuqta bor, biroq,
Kitob kengliklari yana sirliroq.
Osmon darvozasin ochib, yulduzlar
Kelajak kitobin o’qiydi porloq.
Oliy ruhlar yurib tushgan havosan —
Qashqadaryosan...
Temur avlodidan chiqarib bir zot,
O‘zga ellarni ham qilsin deb obod,
Hind sori sargardon etganda taqdir,
Ortidan ergashib ketgan umrbod,
Boburga suyanchiq bo’lgan oshnosan —
Qashqadaryosan...
Samarqand azmida tik dovon osha,
Navoiy ishq dardin etganda pesha,
Shahri Keshning moviy gumbazlaridan,
Ruhlar olamini qilsa tomosha,
Bir kosa suv tutgan malaksiymosan —
Qashqadaryosan...
Kuyching bor — so’z aytsa Vatan dardidan,
Shahidlar tirilib kelar qabridan,
Ne ajab, agar yuz shoir yaralsa
Abdulla Orifning har bir satridan!
Navoiy baytidek o’tli navosan —
Qashqadaryosan...
Arslon bosadi arslon izini,
Bu el hech kimsaga bermas izmini,
Temur tuprog’ida taxtga mingan zot
Qo’lida bir buyuk KARVON tizgini...
Yurtning egasini bergan ma’vosan —
Qashqadaryosan...
Haq yaqinroq kelsa qulin qoshiga,
Yaxshi inson bitar elning boshiga.
Ey, ishning ko’zini bilgan dehqonim,
Duo qil shu yurtning tog’u toshiga!
NURing borki, nurli yo’lga peshvosan —
Qashqadaryosan...
Senkim, bir kaft tuproq bobom hokidan,
Bir qatim shu’lasan yurak chokidan.
Shu qadim zaminni Quyoshga tutsam,
Yer deb tushib kelgan falak toqidan.
Bir sodda, bir tanti, mehridaryosan —
Qashqadaryosan...
Sen yalpizgulimsan, bolalik sirim,
Hali yozilmagan eng go’zal she’rim.
Toshkent tuzoq qo’ysa ko’chalarida,
Meni qo’llab turgin, ey ona yerim!
Qayda bo’lmay sen ham bitta Zebosan,
Qashqadaryosan...
Zebo MIRZAYEVA